Darsning tuzilishi: -Tashkiliy daqiqa,
-Yangi mavzu bo‘yicha guruhda ishlash,
-Guruh taqdimoti,
-Guruh ishining yakuni,
Soliqlar deganda Soliq kodeksida belgilangan, muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg‘araz xususiyatga ega bo‘lgan, byudjetga yo‘naltiriladigan majburiy pul to‘lovlari tushuniladi.
Soliq tushunchasi iqtisodiy kategoriya sifatida davlatning paydo bo‘lishi va uning faoliyati davomiyligi bilan bevosita bog‘liqdir. Shu o‘rinda soliq kategoriyasi davlat iqtisodiy siyosati orqali iqtisodiy voqelik sifatida yuzaga chiqishini ta’kidlash lozim. Soliq tushunchasi tor ma’noda davlat ixtiyoriga soliq to‘lovchilardan majburiy tartibda undiriladigan pul tushumlarini ifodalaydi.
Soliqqa tortish tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan soliq elementlari soliq solishda ifodalanadigan tushunchalar bo‘lib, ular soliq to‘lovchilar va davlat byudjeti o‘rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo‘ladi.
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar:
mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash masalalari bo‘yicha maslahat berishni;
soliq hisobotini tuzishda mijozga (ishonch bildiruvchiga) yordam ko‘rsatishni;
soliq solish ob’yektlari va soliq solish bilan bog‘liq bo‘lgan ob’yektlarni aniqlashni hamda ularning hisobini yuritishni;
sudda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda soliq solish masalalari bo‘yicha mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan va uning topshirig‘iga binoan vakillik qilishni o‘z ichiga oladi.
Soliq maslahatiga doir faoliyat soliq maslahatchilari tashkiloti va mijoz (ishonch bildiruvchi) o‘rtasida tuzilgan soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaning muhim shartlari quyidagilardan iborat:
soliq maslahatining predmeti;
soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish muddatlari;
soliq maslahati bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lanadigan haqning miqdori, shartlari va muddatlari;
soliq maslahatchilari tashkilotining hamda mijozning (ishonch bildiruvchining) huquq va majburiyatlari;
soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik javobgarligi sug‘urta polisining mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shuningdek uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun taraflarning javobgarligi.
Soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Soliq maslahatchilari tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
mijozdan (ishonch bildiruvchidan) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni olish;
soliq maslahati berish jarayonida yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha mijozdan (ishonch bildiruvchidan) og‘zaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborot, ma’lumotnomalar, hujjatlar va boshqa materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muassasalar hamda tashkilotlardan so‘rab olish;
soliq solish masalalari bo‘yicha davlat organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat qilish (iltimos qilish, takliflar kiritish, so‘rovlar, arizalar, shikoyatlar berish va boshqa shu kabilar) hamda ulardan javoblar olish;
soliq maslahatida ishtirok etishga boshqa mutaxassislarni mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan shartnoma asosida jalb qilish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va boshqa ma’lumotlarni taqdim etmagan taqdirda, soliq maslahati berishni rad qilish.
soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining vakili sifatida davlat soliq xizmati organlarida, shuningdek soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida va sudda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ish olib borish;
soliq tekshiruvlari o‘tkazish vaqtida soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.