1-MAVZU. “AGROBIZNESDA INNOVATSION FAOLIYAT” FANINING PREDMETI, O‘RGANISH USULLARI VA VAZIFALARI
1.“Agrobiznesda innovatsion faoliyat” fanining predmeti, usullari va vazifalari.
2. Agrobiznesda innovatsion faoliyatni tashkil etish zaruriyati.
3.Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida innovatsion faoliyatini tashkil etish.
4.Agrar sektorni rivojlantirishda innovatsion faoliyatni o‘rni.
Tayanch so‘zlar: agrobiznes, innovatsiya, innovatsion faoliyat, innovatsion texnologiyalar, resurs, hosildorlik, yalpi hosil, xarajatlar, dehqonchilik, chorvachilik.
Respublika iqtisodiyotini erkinlashtirish va modernizatsiyalash sharoitida agrar sektorni tizimli va uzluksiz taraqqiyotini ta'minlash uchun uning tarmoqlarida innovatsion faollikni jadallashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni izchillik bilan joriy etish asosida samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Respublikamiz Prezidenti Sh.Mirziyoev “Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi. Innovatsiya – bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni bugundan boshlaydigan bo‘lsak, uni aynan innovatsion g‘oyalar, innovatsion yondashuv asosida boshlashimiz kerak”, deb ta'kidlaganlar.1
Darhaqiqat, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasida “... tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini muttasil rivojlantirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, ekologik toza mahsulotni ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar sektorning eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish” lozimligi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish borasida ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan. Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash ko‘p jihatdan respublikamiz qishloq xo‘jaligida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda innovatsion faoliyatni tashkil etishning tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirishni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» gi 5853-sonli farmonida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning birqator ustuvor strategiyalari belgilab berilgan. Soha boshqaruvida davlat ishtirokini kamaytirish, qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlar aynan agrobiznesda innovatsion faoliyatga e'tibor qaratish zaruratini keltirib chiqaradi.
Agrobiznesni rivojlanishi ko‘p jihatdan fan va texnika yutuqlarini kengroq joriy qilish bilan bog‘liq. Chunki innovatsion taraqqiyotga asoslangan iqtisodiyotga yanada chuqurroq kirib borar ekanmiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligining ahamiyati yanada oshib boraveradi.
Raqobatbardoshlik– bu sifatning yuqoriligi va tannarxning pastligidir. Bunga faqat fan yutuqlari, yuqori hosilli va sifatli nav, zamonaviy texnologiyani joriy qilish bilangina erishiladi. Shuni ta'kidlash lozimki, so‘nggi yillarda xo‘jalik yuritish va mulkchilik shakllarining o‘zgarishi va xo‘jaliklar yer maydonlari xajmlarini kichiklashishi fan-texnika yutuqlarini joriy qilishda o‘ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqargan edi. Bularga mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan ilmiy izlanishlarga mablag‘ ajratish mexanizmi ham ishlab chiqilmaganligi sababli, ular tomonidan ilmiy izlanishlarga mablag‘ ajratilmaganligi, davlatning yetarlicha mablag‘ ajratmaganligi sababli,tayyor ilmiy yechimlarni sotib olish va ularni joriy qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yilmaganligi, avval mavjud bo‘lgan vazirlik va tashkilotlardagi fan-texnika yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha tarqatilgan tarkibining o‘rniga tuzilgan tarkiblarning qishloq xo‘jaligi sohasiga kam e'tibor qaratayotganligi va shu kabilar misol bo‘ladi. Shuning uchun ham bugungi kunda agrobiznesda innovatsion faoliyatni iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish kerak bo‘ladi.
Innovatsiya faoliyati – yangi ishlab chiqarish bazasida raqobatbardosh mahsulotlarni chiqarish jarayoni bo‘lganligi sababli, fikr tug‘ilishidan boshlab uni qo‘llash va tashkil etish – ishlab chiqarishni o‘zlashtirishgacha, mahsulot ishlab chiqarish-sotish va shuningdek iqtisodiy unumdorlikka erishishni ham o‘z ichiga oladi. Innovatsiyalash iqtisodiyotni rivojlantirishda investitsiyaviy kapital qo‘yilmalarning natija berishi bilan xarakterlanib, texnikalarning yangilanishiga va ishlab chiqarish texnologiyasining yanada samaraliroq bo‘lishiga, ularning ekologik jihatdan toza va resurslarni tejaydigan ishlab chiqarish vositalari bilan ta'minlanishi darajasining oshishida ko‘rinadi. Sohada fan-texnika yutuqlaridan foydalanish bir mujassamlashgan tizimga solinmaganligi har yili qishloq xo‘jaligi sohasidagi yakunlangan ilmiy yechimlarning 80 foizi foydalanilmasdan qolishiga olib kelmoqda. Shuni hisobga olib qishloq xo‘jaligida innovatsion faoliyatni boshqarishning alohida tizimini yaratishga ehtiyoj sezilib qolmoqda
Agrobiznesda innovatsion faoliyatini ilmiy asosga qo‘yishning iqtisodiy mexanizmini ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Bunday iqtisodiy mexanizm agrar sohadagi ilmiy yechimlarni samaradorligini oshirish va umuman agrosanoat majmuini, buning asosi bo‘lgan qishloq xo‘jaligini samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Bozor iqtisodiyotini rivojlanib borishi sharoitida qishloq xo‘jalik tarmog‘ini rivojlantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirish, ishlab chiqarish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlashni zamonaviy talablar asosida, ya'ni, xo‘jaliklarda ishni tashkil etishni ilmiy asoslarini yaratish lozimligini taqozo etmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida qishloq xo‘jalik korxonalarining iqtisodiy jihatdan yanada baquvvat bo‘lishini ta'minlashi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda qishloq xo‘jalik tarmog‘ini o‘rnini oshirishga zamin yaratadi.
“Agrobiznesda innovatsion faoliyat” fani innovatsion rivojlanish sharoitida agrobiznesning barqaror rivojlanishini ta'minlovchi innovatsion faoliyatni tashkil etishni, uning turlarini rivojlantirish yo‘llarini, innovatsion texnologiyalar asosida sohani daromadni oshirishni o‘rgatadi. Ma'lumki, bozor iqtisodiyoti sharoitida innovatsion faoliyatning mazmuni moddiy asosga ega bo‘lgan ishlab chiqarish sohasida biron-bir yangilikni yaratish va uni amaliyotga joriy etishda ifodalanadi. Bu o‘z navbatida shu vaqtga qadar bir-biridan alohida ravishda ya'ni mustaqil faoliyat yuritayotgan ilm fan, innovatsiyalar va ishlab chiqarish sub'ektlari faoliyatini umumiy maqsad yo‘lida birlashtirish, mavjud resurslardan yanada samarali foydalanishga sabab bo‘ladi.
“Agrobiznesda innovatsion faoliyat” fanining predmeti, qishloq xo‘jalik sohasida agrobiznes muhitini yaratish bilan birga agrobiznesda zamonaviy, innovatsion faoliyat turlarini tashkil etish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda resurstejamkor texnika-texnologiyalardan foydalanish usullarini aniqlash, mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash va sotish jarayonlarida innovatsion usullarni qo‘llash, agrobiznes sub'etlarining faoliyatini ilmiy nuqtai-nazardan tashkil etishdagi iqtisodiy munosabatlar hisoblanadi.
Fanning predmetidan kelib chiqqan holda “Agrobiznesda innovatsion faoliyat” fanini o‘qitishning maqsadi talabalarga agrobiznes, ya'ni bozor iqtisodiyotining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va uning mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, sotish, saqlash, taqsimlash bilan bog‘liq sohasidagi sub'ektlar faoliyatida innovatsiyalarni o‘zlashtirish natijasida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish bazasi texnologik, texnik va tashkiliy-iqtisodiy jihatdan yangilanishi, mamlakat investitsion va innovatsion siyosatining rivojlanishi hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirish bosqichlari, innovatsion faoliyatni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini tahlil qilib to‘g‘ri xulosalar chiqarishni o‘rgatishdir.
Maqsaddan kelib chiqib, fanni o‘qitishda;
innovatsion faoliyat davlat tomonidan boshqarish, innovatsion faoliyatni huquqiy tartibga solish;
innovatsion siyosat va agrobiznesda innovatsion jarayonlar;
agrobiznesda innovatsion faoliyat tashkil etishda xorij tajribalari;
agrobiznesda innovatsion faoliyatning xususiyatlari va ustuvor yo‘nalishlari;
qishloq xo‘jlik korxonalari faoliyatini diversifikatsiyalash va texnoparklar;
agrobiznesda innovatsion faoliyat sub'ektlari, agrosanoat majmuida innovatsiyalar transferti;
agrobiznesda innovatsin faoliyatning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari;
qishloq xo‘jalik dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda innovatsion faoliyat;
qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlashdava realizatsiya qilishda innovatsion faoliyat
ishlab chiqarishga xizmat ko‘rsatuvchi agrobiznesni tashkil etish innovatsion faoliyat;
agrobiznesda inovatsion faoliyatni rejalashtirish, agrobiznesda inovatsion faoliyatni moliyalashtirish yo‘llari;
agrobiznesda inovatsion faoliyatni rag‘batlantirish omillari;
agrobiznesda innovatsion faoliyat tavakkalchiligini boshqarish;
agrobiznesda innovatsion faoliyat samaradorligini baholashning asosiy yo‘nalishlari haqidagi ma'lumotlarni tahlil qila olish kabi masalalarni o‘rganish vazifalari qo‘yilgan.
Hozirgi kunga kelib qishloq xo‘jaligida innovatsion g‘oyalarni, loyihalarni amalga oshirishga bosqichiga kirib bormoqda. Shu bois qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari va qonuniyati asosida amalga oshirilishi, innovatsion texnologiyalarni qo‘llashni boshqarish jarayonlarini ma'lum qoidalarga amal qilgan holda olib borilishini talab qiladi.
Mamalakatimiz qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar, amaliyotchilarning maqsad-vazifalari qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni qo‘llashni amalga oshirish yo‘llarini aniqlab, ularni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha qishloq xo‘jalik sohasidagi tadbirkorlarga ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘lishi lozimdir2.
Yuqorida qayd etilganlar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligida talabga javob beradigan quyidagi huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar tizimi yaratilishi ham muhim ahamiyatni kasb etadi:
●mulkchilikning turli shakllari barpo etilishi, natijasida erkin mulkiy munosabatlar vujudga kelishi qishloq xo‘jaligida tadbirkorlikning har-xil turlarini yaratish, ularni rivojlantirish yo‘llarini takomillashtirish, yer-suv islohotlarini tejamkor texnologiyalarni keng ko‘lamda foydalanish yo‘llarini aniqlab, amaliyotga tadbiq etish tajribasini oshirishga qaratish;
●tarmoqning cheklangan ishlab chiqarish resurslari (yer-suv, kapital, mehnat, intellektual qobiliyati)dan innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash, sotish, daromad, foyda va ularning taqsimlanishi, investitsiyalarni jalb etish, ulardan samarali foydalanish, ishlab chiqarishni maqsadga muvofiq joylashtirish, ixtisoslashtirish hamda agrosanoat integratsiyasini xalqaro munosabatlar asosida tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy munosabatlar tizimini mukammallashtirish.
Yuqorida ta'kidlangan iqtisodiy munosabatlar tizimini yaratishda respublikamiz qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos xususiyatlarini e'tiborga olgan holda tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy qonunlar, iqtisodiy kategoriyalar talablaridan oqilona foydalanish ta'qozo etiladi.
Qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlantirishda takror ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirishni ta'minlaydigan innovatsion texnologiyalar yaratish tizimini shakllantirish, ularni hayotga joriy etish masalalarini, yo‘llarini o‘rganish, ishlab chiqarishni ilmiy me'yorlar doirasida boshqarishni olib borishni tashkil etadi.
Barcha fanlar o‘z o‘rganish predmetiga ega. Ular o‘z predmetlarini o‘rganishda turli tuman usullardan foydalanadilar. Jumladan, iqtisodiy fanlar ham o‘z predmetini o‘rganishda o‘ziga mos usullar tizimidan foydalanadi. Iqtisodiy fanlar o‘z predmetlarini o‘rganish maqsadida qanday usullardan foydalansa, “Fermer xo‘jaligida yangi va tejamkor texnologiyasi” fani ham shu usullaridan foydalanadi. Faqatgina o‘z xususiyatlaridan kelib chiqib ayrim usullardan ko‘proq, ayrimlaridan kamroq foydalanishi mumkin.
Uslubiyat bu ilmiy bilishning tamoyillari, shakl va uslublari to‘g‘risidagi qarashlardir. Uslubiyat qator usullar yig‘indisini o‘z ichiga oladi. Har bir o‘z uslubiyatidan kelib chiqib usullar guruhini tanlaydi. Usul deganda biror qonuniyatni, hodisa yoki jarayonni nazariy tekshirish va amaliy yechishning vositasi yo‘li tushuniladi.
“Agrobiznesda innovatsion faoliyat” fani qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan o‘zgarishlarni o‘z vaqtida nazariy va amaliy jihatdan asoslaydi, qishloq xo‘jaligiga kirgan fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini samarali boshqarish, agrobiznesda innovatsion faoliyat tashkil etish uchun zarur ma'lumotlar, bilimlar beradi. “Agrobiznesda innovatsion faoliyat” fani qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotida yuz berayotgan voqyealarni, jarayonlarni tasvirlaydi. Ushbu jarayonlar chuqur tahlil qilinadi va ob'ektiv, ilmiy asoslangan xulosalar olinadi. Tahlil oqibatida olingan natijalarning xususiyatlari aniqlanib ularni takomillashtirish, rivojlantirish uchun tavsiyalar ishlab chiqadi.
Fan o‘z predmetini o‘rganishda foydalanadigan usullarni ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruhga o‘rganishning umumfan usullari kiradi. Bu usullarga: ilmiy abstraksiya, induksiya, deduksiya, qiyosiy tahlil, tajriba, faraz kabilar kirsa, ikkinchi guruhga maxsus usullarni kiritish mumkin. Bularga: monografik tadqiqotlar, iqtisodiy–matematik modellashtirish, iqtisodiy tahlil va sintez, iqtisodiy taqqoslash, iqtisodiy-statistik balansni aniqlash hisob konstruktorlik kabi usullar kiradi.
Innovatsion faoliyatni dunyo mamlakatlari eng asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida tan olgan. Ya'ni, jamiyat taraqqiyotini jadallashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri – bu samarali innovatsion siyosatni amalga oshirish, ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlariga asoslangan yangi, ilg‘or texnologiyalar, mehnatni tashkil etish va boshqarish yangi shakllari hamda yirik ixtirolar natijalarini joriy qilish ekanligi ayni haqiqat. Shunday qilib, innovatsiya va innovatsion faoliyat tushunchalariga quyidagicha izoh beraylik. “Innovatsiya” “yangilikning joriy etilishi” bilan sinonim emas, balki yangi bilimlar, yondashuvlar ko‘rinishidagi yangiliklarning joriy etilishi jarayoni bilan bog‘liq hodisadir. Mazkur izohdan kelib chiqadiki, “innovatsiya faoliyati” – bu faoliyat turi ham, sohasi ham bo‘lmay, balki uning tasnifidir. Innovatsiya sohasi mavjud bo‘lmaydi, chunki har qanday faoliyat va har qanday soha, agar unga yuqori talabliligi bilan ajralib turuvchi natijaga (masalan, ijtimoiy, bozor, mudofaa kabi) erishish uchun yangiliklar (masalan, bilimlar, texnologiyalar, qo‘llanmalar, yondashuvlar kabilar) joriy etilsa, innovatsiyali bo‘lishi mumkin. Demak, innovatsiya – yangi g‘oyalar (texnologiyalar, buyumlar, turmush tarzining yangi shakllari, ta'lim, boshqarish, mehnat, xizmat ko‘rsatish, fan, axborot) demakdir.
Innovatsiya (innovatsion faoliyat) – pirovard natijasi mahsulot, xizmat, ishlab chiqarishni tashkil etish, boshqarish shakli, texnologiyalarning yangi turlarini yaratish yoki mavjudlarini takomillashtirishdan iborat bo‘lgan faoliyat. U innovatsiyalarni yaratish, o‘zlashtirish va keng joriy etish jarayonlarini o‘z ichiga oladi.
Innovatsion muhitni shakllantirish doimiy ravishda mahsulotni yangilash, ishlab chiqarish fondlarini yangi texnika asosida yangilash, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish imkoniyatini yaratadi va muhim omil hisoblanadi.
Innovatsion jarayonni kichik biznes sohasidagi muhitga muvofiqlashtirish, uning samarasini oshirish mavjud ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlardan to‘liq foydalanishni taqozo etadi. Asosiy e'tibor bozor raqobati sharoitida eng oqilona variantlarni tanlash, foydaliylik darajasini ta'minlash va tadbirkorlik faoliyatini jadallashtirishga qaratish lozim bo‘ladi.
Tadbirkorlik va innovatsiya faoliyatiga katta hissa qo‘shgan avstraliyalik iqtisodchi olim I.Shumpeter “tadbirkorlik- ishlab chiqarish omillaridan foydalanishning yangi kombinatsiyalarini amalga oshiradigan va shu bilan iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlaydigan kishi”,- deb ta'riflaydi.
R.Xizrich tadbirkorlikni innovatsiya tushunchasi bilan bog‘lagan holda “tadbirkorlik - qiymatga ega bo‘lgan yangi narsani yaratish jarayoni bo‘lib, tadbirkor esa bunda tavakkalchilikni o‘z zimmasiga oluvchi kishidir” , - deb talqin qilgan.
P.Druker “ tadbirkorlik innovatsiyani boshqarish jarayoni bo‘lib, tadbirkor esa har bir imkoniyatdan maksimal foydalanuvchi shaxs”, - deb tushuntiradi. U innovatsiyalarning aynan iqtisodiy asosini ta'kidlab, “ tadbirkorlar innovatsiya yordamida yangi xizmatlar yoki biznes turini amalga oshiradi”,- degan g‘oyani ilgari suradi.
Qishloq xo‘jalik sohasida aynan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub'ektlar – agrobiznes sub'ektlari hisoblanadi. Hozirgi kunda respublikamizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining 99,8 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlar zimmasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohatlar bu sohadagi tadbirkorlarga keng yo‘l ochib bermoqda. Ma'lumki agrobiznes-bozor iqtisodiyotining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va uning mahsulotlarini chuqurqayta ishlash, sotish, saqlash, taqsimlash bilan bog‘liq sohadir. Agrosanoat majmui tizimida barcha xo‘jalik yurituvchi subektlarning tadbirkorlik faoliyatiga asoslangan boshqaruvi agrobiznesning xususiy shakllari rivojlanishini ta'minlaydi. Agrobiznes qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish va yakuniy iste'molchiga yetkazib berishni rivojlantirishni oldindan belgilaydi. Agrobiznes agrosanoat majmuasining asosiy tuzuvchi omili bo‘lib, bozorda iqtisodiy munosabatlarning yuqori darajadagi raqobatbardoshligini saqlaydi. Agrobiznesning rivojlanishi mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi va fuqarolarining ijtimoiy farovonligini ta'minlash manfaatlariga ta'sir qiladi. Agrobiznesdagi innovatsion faoliyat – novatsiya ya'ni yangilik yaratilishini va ular asosida amaliy natija, agrar sohadagi tadbirkorlarning innovatsiyalarni qo‘lga kiritishni ta'minlaydigan faoliyat hisoblanadi.
Agrobiznes sub'ektlarining innovatsion faoliyati eng avvalo amaliyotga yangi, takomillashgan ishlab chiqarishni joriy etish, ikkinchidan, mahsulot ishlab chiqarish xarajatlarini barcha turlarini qisqartirish, uchunchidan, ishlab chiqarilgan mahslotlar narxlarini pasaytirishda ularning iste'mol va sifat ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda oshirib borishni nazarda tutadi.
Agrobiznes sub'ektlarining innovatsion faoliyatini rivojlantirish ko‘p jihatdan uning boshqaruv tizimi samaradorligiga bog‘liq. Agrobiznesda innovatsion faoliyatni rivojlantirishdan maqsad butun ishlab chiqarish tizimini yangilash hisobiga ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ilmiy-texnik, intelektual va iqtisodiy salohiyatdan samaraliroq foydalanish asosida qishloq xo‘jalik soha raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, qayd etishimiz joizki, agrobiznes sub'ektlarining innovatsion faoliyatini rivojlantirish va ular faoliyatiga boshqaruvning innovatsion texnologiyalarini joriy etish qo‘yidagi omillar hisobiga muhim zaruriyat hisoblanadi:
Birinchidan, agrobiznes sub'ektlarining kichik va ixchamligi, bozor kon'yukturasi o‘zgarishlari va iste'molchilar ehtiyojlariga nisbatan tez moslasha olish xususiyatiga ega ekanligi innovatsion texnologiyalarni joriy etishda yirik korxonalarga nisbatan tavakkalchilik darajasining pastligi jihatidan yaxshi samara beradi;
Ikkinchidan, agrobiznes sub'ektlari faoliyatiga innovatsion texnologiyalarni joriy etilishi ularni yuqori transaksion xarajatlarini kamaytirib, rentabellik ko‘rsatkichlarini oshiradi;
Uchinchidan, bunday sub'ektlarning yangiliklarni tezkorlik bilan o‘zlashtira olish salohiyati ularga innovatsiyalarni tijoratlashtirishdan yuqori daromad olish imkoniyatini beradi;
To‘rtinchidan, agrobiznes faoliyatiga boshqaruvning innovatsion texnologiyalarini joriy etilishi ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlar tannarxini kamaytirish, tovar va xizmatlar nomenklaturasini oshirish, yangi mahsulot turlarini sotish istiqbolli bozorlarini o‘zlashtirish hisobiga ularning eksport salohiyati va raqobatbardoshltgtnt oshiradi.
Har qanday tadbirkorlik faoliyati yuqori sifatli va kam xarajat talab etadigan yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini beradigan yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilmasa, u holda qanchalik muvofaqiyatli rivojlanmasin, ma'lum vaqtdan keyin raqobatbardoshligi susayishi, bozordagi mavqyeining kuchsizlanishi va oladigan foydasining xajmi kamayishi muqarrardir.
Zamonaviy bozor munosabatlari sharoitida qishloq xo‘jaligida mo‘l va sifatli mahsulotlarni yetishtirish, fermer va dehqon xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish, jumladan, mineral va mahalliy o‘g‘itlardan, suv va yer rusurlaridan samarali, oqilona foydalanishda innovatsion texnika-texnologiyalarni keng ko‘lamda qo‘llash alohida ahamiyatni kasb etib kelmoqda. Qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni keng ko‘lamda qo‘llash xo‘jalikning innovatsion faoliyatini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish sur'atini tezlashtirishga, jamg‘arma miqdori va kapital sarflar samaradorligini oshirishga, ishlab chiqarishni ratsional tashkil etish va mehnat unumdorligini oshirishga bevosita bog‘liqdir.
Bu masalalarni hal qilishda qishloq xo‘jaligida innovatsion faoliyatni tadbiq etishning ahamiyati quyidagi omillarni ijobiy tomonga o‘zgartirishga ko‘rsatadigan ta'sirida namoyon bo‘ladi:
●qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida cheklangan yer-suv, mehnat resurslari, moddiy-texnik ta'minot hamda investitsiyalarni tadbirkorlik faoliyati bilan uyg‘unlashtirishda;
●qishloq xo‘jaligining respublika iqtisodiyotidagi o‘rni va ahamiyatini oshirishda;
●qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, ularni rivojlantirish yo‘llarini aniqlashda;
●qishloq xo‘jalik korxonalarining ishlab chiqarish samaradorligi va ular faoliyatini takomillashtirishda;
●fermer va dehqon xo‘jaligi ishlab chiqarishida ishlab chiqarish xarajatlari tarkibini kamaytirishda;
●yetishtirilgan mahsulotning hajmini, sifatini, raqobatbardoshligini oshirishda;
●qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishda foydalanilayotgan baholar tizimini optimallashtirishda;
●qishloq xo‘jalik korxonalari ishlab chiqarishida daromad va foydani aniqlash, ularni oqilona taqsimlashda;
●agrobiznes sub'ektining ishlab chiqarishining qay darajada ixtisoslashganligini, joylashganligini hamda ichki va tashqi integratsiyalashuv jarayonlarini faollashtirishda;
●innovatsion va tejamkor texnologiyalarini qaerdan, qanday qilib sotib olish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni qachon, kimga, qanday tartibda sotish strategiyalarini ishlab chiqishda;
●xorij hamda respublikamizdagi agrobiznes sub'ektlarining erishgan yutuqlarini chuqur o‘rganish va ularni xo‘jaliklarga joriy qilish;
●qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilishda innovatsion usullarni qo‘llash;
●agrobiznesda innovatsion faoliyatni tashkil etish yo‘llarini muntazam tadqiq etish;
●ekin maydonlari birligi hisobiga ko‘proq va arzonroq mahsulot yetishtirish uchun kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni joriy qilish va ularni turli ko‘rinishda iste'molchilarga yetkazib berish imkoniyatini yaratish uchun iqtisodiy tadbirlar ishlab chiqish.
Agrar soha tadbirkorlari, ya'ni fermer va dehqon xo‘jaliklarining daromadini oshirish eng avvalo hosildorlikka bog‘liq. Qishloq xo‘jaligida yuqori hosildarlikka erishish esa ko‘p jihatdan innovatsion, zamonaviy faoliyat olib borish, innovatsion tenika-texnologiyalarni yaratish, ularni oqilona ravishda faoliyatga tadbiq etishga uzviy bog‘liqdir. Innovatsion tenika-texnologiyalardan keng ko‘lamda foydalanishning yana bir ahamiyati fan va texnikani rivojlanib borishiga ham bog‘liqdir. Negaki fan va texnikani rivojlanib borishi tabiat hamda inson uyg‘unligida global muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa insoniyatni tabiatdan oqilona foydalanishga, suv, tuproq va havo kabi unsurlarga nisbatan odil bo‘lishga chorlanishga, tabiiy mutanosiblikni saqlashga da'vat etib kelmoqda3.
Iqtisodiyotning turli darajalari va har bir sohasidagi asosiy qonuniyat, ishlab chiqarish munosabatlarining xarakteri va ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi ularning o‘zaro shartlanishi va o‘zaro ta'siridan iboratdir. Ishlab chiqarish kuchlarining o‘sishi ishlab chiqarish munosabatlarining takomillashuviga yangicha talablar qo‘yadi. Ishlab chiqarish munosabatlarining yangi shakllari, ishlab chiqarish kuchlarining oldingi darajasida qolib ketishi natijasida rivojlanmay qolishlari mumkin. Qishloq xo‘jaligida mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonining rivojlanishi, hozirgi kunda, faqatgina ilmiy izlanishlar olib borish, xo‘jalik faoliyatiga zamonaviy boshqaruv elementlarini joriy etish hamda ishlab chiqarishni yangi tejamkor texnika-texnologiyalar asosida tashkil etishgagina bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Yer yuzida aholi soni tobora ortib borayotgan bugungi kunda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab ham tobora oshib bormoqda. Bu talab nafaqat oziq-ovqat mahsulotlarining miqdori, balki uning sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Ta'kidlash joizki, bugungi kunda iste'molchilarning toboro o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sur'atlarini o‘stirish yo‘lida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan sun'iy, tez va arzon xom-ashyolar (emulgator, stabilizator, glyutamat natriya, sun'iy ta'm beruvchi moddalar, konservatorlar) yordamida tayyor mahsulot yetishtirish an'anaga aylanib bormoqda.
Ishlab chiqarish sifatini oshirishda har qanday qishloq xo‘jaligi korxonasi oldida turgan asosiy vazifalardan biri,-bu hozirgi kun talablariga javob bera oladigan ilmiy izlanishlarni tashkil etish hamda innovatsion faoliyatni jadallashtirishdir4.
Bu o‘rinda, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi birinchidan ilmiy boshqaruv natijasida ishlab chiqarish sifati iste'molning qay darajada qondirilganini o‘lchovchi mezon sifatida yuzaga chiqadi. Bu yerda sifat ijtimoiy iste'mol qiymatining miqdoriy xarakteristikasini, mehnat mahsulining foydaliligi darajasini aks ettiradi. Ta'kidlash joizki, fan-texnika taraqqiyoti natijasida mahsulotlar sifatiga qo‘yilayotgan talab darajasi keskin oshmoqda. Yuqori sifatli mahsulotni iste'mol qilish iste'moldan qoniqish darajasini va uning foydaliligini ortishi bilan tavsiflanadi.
Innovatsiya faoliyati esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yaroqliligi, resurs sarfi darajasi, ekologik xavfsizligi, tashish va saqlashga qulayligi, tayyor mahsulot chiqish darajasi, tolaning pishiqligi, mustahkamligi kabi bir qator sifat ko‘rsatkichlarini oshirishga o‘z ijobiy ta'sirini ko‘rsatishi muqarrar.
Ikkinchidan, ichki va tashqi bozorlarda vujudga kelayotgan keskin raqobat muhiti sharoitida ko‘pgina tadbirkorlar tomonidan “yashab qolish” uchun mahsulot ishlab chiqarish prinsiplari ko‘lamida faoliyat olib borilishi, mahsulot sifatini ko‘tarish eng zarur shartlardan biriga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bozorida o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan birga tashqaridan import qilingan mahsulotlar ham sotiladi. Bu esa, o‘z navbatida raqobatbardoshlik darajasiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Shu bois ham milliy fermer xo‘jaliklarida tadbirkorlik faoliyatini ilmiy izlanishlar asosida olib borish innovatsion faoliyatni tashkillashtirish muhim masalalar jumlasidan o‘rin olib turibdi.
Ta'kidlash joizki agrobiznesda innovatsion faoliyatni to‘la va unumli amalga oshirishni ta'minlaydigan omillardan biri-mazkur sohani yaxshi biladigan, tushuna oladigan, zamonaviy texnika-texnologiyalarni samarali ishlata oladigan, turli voqyealar, vaziyatlarni o‘rganib tahlil qila oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir.
Uchinchidan, keyingi paytlarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy faoliyati faollashib bormoqda va mahsulotni tashqi bozorlarga eksport qilish odatiy holga aylanmoqda. Bu o‘rinda aytib o‘tish lozimki ilmiy izlanishlar, avvalambor, ichki bozorni mahsulotga to‘ldirgandan so‘ng tashqi bozorlarga chiqish rejalarini tuzib chiqishiga qaratilishi maqsadga muvofiqligini ko‘rsatmoqda. Chunki h ukumatimizning ham asosiy iqtisodiy siyosati aynan, respublikamiz aholisining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan bo‘lib, ichki bozor iste'mol mahsulotlari bilan to‘yintirilgandagina tashqi bozorlarga chiqishni rejalashtirishni taqozo etadi.
To‘rtinchidan innovatsion faoliyat asosida mahsulot sifatini oshirish korxonalarning mahsulot birligini ishlab chiqarishga sarflaydigan resurslar sarfi samaradorligini oshirishga imkon yaratadi.
Ta'kidlash joizki respublikamizdagi qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, yangi texnika-texnologiyalar, ixtirolarni ishlab chiqarishga joriy etish, fan va amaliyot o‘rtasidagi uyg‘unligini ta'minlash, olim va tadqiqotchilarini moddiy-ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor berilishiga, bu boradagi ishlarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan har yili salmoqli miqdorda mablag‘ ajratilishiga qaramasdan, hozirgi kunda agrar sohada zamonaviy texnika-texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha malakali mutaxassislar yetishmasligi bo‘lib turibdi.
Bu masalalani yechimini topilishida hozirgi kunda ham Respublika Prezidentining 2008-yil, 15 iyulda qabul qilgan “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur qarorga muvofiq keyingi yillar mobaynida keng ko‘lamda qishloq xo‘jaligiga oid yarmarkalarni o‘tkazilishi zamonaviy texnika-texnologiyalarni yaratish bo‘yicha 2000 mingdan ziyod innovatsion g‘oyalarini yaratilishiga sabab bo‘lmoqda. Buning asosida 20 dan ortiq turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, 20 nomdagi sanoat va 49 turdagi tajriba-sinov mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.
Agrar industrial jamiyatida innovatsiya jarayonlari rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining tarmoq tarkibida tub o‘zgarishlar ro‘y berishi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligini innovatsiyalash faoliyatida, fan-texnika ko‘z o‘ngimizda kundan- kunga rivojlanib taraqqiy etib borayotgan, iqtisodiy va barcha ijtimoiy munosabatlar tizimida chuqur sifat o‘zgarishlari kechayotgan hozirgi murakkab o‘tish davrida iqtisodiyotda salmoqli tarkibiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Barcha qishloq xo‘jaligidagi korxonalarida tarkibiy o‘zgarishlarni o‘rganish,innovatsiya faoliyatida amalga oshirishning ustivor yo‘llari va usullarini ishlab chiqish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanib innovatsion faollikni oshirishga e'tiborni qaratadi.Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlarning maqsadi ishlab chiqarish jarayonida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini, fan va texnikaning so‘nggi yutuqlaridan foydalangan holda ishlab chiqarish innovatsion faoliyatni takomillashtirish, aholi ijtimoiy himoyasini va farovonligini oshirishda innovatsion faollikni tutgan o‘rni yuqori hosildorlikka va mahsuldorlikka erishishdan iborat bo‘lishlikdan iborat bo‘ladi. Mazkur siyosat asosini mamlakatning yirik tabiiy resurslari, ichki salohiyatidan samarali foydalanish, agrar sohada va sanoatda ilmiy asoslangan holda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini taraqqiy ettirish va ularning mamlakatdagi ichki iqtisodiy muammolarni hal etishda investitsiyani yo‘naltirish, aholi bandligini ta'minlash va boshqalarni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |