3.6-rasm. Kichik biznes innovatsion faoliyatida risklarni samarali boshqarish mexanizmlarining tashkiliy-iqtisodiy asoslari. Respublikada innovatsion faoliyatini rivojlantirish hamda boshqaruv mexanizmini takomillashtirishda:
1. Hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy siyosat natijasida bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi ortib bormoqda. U mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yetakchi kuchga aylanib, bozorlarimizni zaruriy tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi daromadi va farovonligini oshirishning asosiy manbai, ish bilan ta'minlash bilan bog‘liq muammolarni hal etishning muhim omiliga aylanmoqda. Biroq, kichik biznesning sanoat va eksportdagi ulushi pastligi, kichik biznes innovatsion faoliyatining yetarli darajada rivojlanmaganligi mazkur soha va tarmoqlarda kichik biznesni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berishni talab etmoqda.
2. Kichik biznes sub'ektlari innovatsion faoliyatining muvaffaqiyatini ta'minlash maqsadida boshqaruv tizimi – menejmentni innovatsion marketing bilan bog‘lash muhim. Kichik biznes faoliyatiga innovatsion marketingni keng tatbiq etilishi yangi mahsulotni ishlab chiqarish to‘g‘risidagi g‘oyani yetarli darajada asoslanishidan tortib, mazkur tovarni bozorda kuchli o‘rin egallashigacha bo‘lgan siklni o‘z ichiga oluvchi innovatsiyalarni hayotiylik davrini davomiyligini ta'minlaydi. Shuningdek, kichik biznes sub'ektlarining innovatsion faoliyatini boshqarish bu toifadagi sub'ektlar tez rivojlanayotgan bozor jarayonlarida raqobatlasha olish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar majmuasini o‘zida mujassam etishi lozim. Innovatsiyalarni boshqarishning yangi texnologiyalarini joriy etish kelgusida innovatsion jarayonlarni tijoratlashtirish muammosini hal etadi15.
3. Kichik biznes sub'ektlari innovatsion faoliyati samaradorligi malakali bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan innovator menejerlar ishining natijaviyligiga bog‘liq bo‘lib, innovatsiya faoliyatini boshqarish jarayonida quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish tavsiya etiladi:
innovatsiyalar bilan bog‘liq axborotlar yig‘ish va tahlil etish tizimini yaratish;
kichik biznes sub'ekti innovatsion faoliyatining samaradorligini oshirish yo‘llarini ishlab chiqish va uni amalga oshirishni boshqarish.
4. Respublikamizda innovatsiya muhitining bugungi ahvoli qisqa muddatlarda kichik biznes innovatsion faoliyatini rivojlantirishning yuqori darajasiga erishish imkonini bermaydi. Shu bois, uni rivojlantirish davlat tomonidan mazkur yo‘nalishdagi aniq chora-tadbirlarni belgilashni taqozo etadi. Bu borada asosiy e'tibor avvalambor, quyidagilarga qaratilishi lozim:
kichik biznesning ilmiy-texnikaviy axborotdan foydalanish, innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etishdagi yuqori transaksion harajatlarini kamaytirish;
kichik korxonalar uchun yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va ularni jalb etishdagi yuqori tavakkalchiliklarni bartaraf etish;
innovatsion ishlanmalar va ularni joriy qilish uchun o‘z resurslarini taklif qiluvchi moliyaviy va investitsiya institutlari bozori tashkil etilishini rag‘batlantirish;
yirik korxonalarni kichik biznes sub'ektlarining innovatsion loyihalarini hissador tashkilot sifatida ulushli moliyalashtirishdan oladigan manfaatdorligini oshirish;
fan–ta'lim–ishlab chiqarish integratsiyasi samaradorligini oshirish va ularni o‘zaro bog‘laydigan innovatsion vositachilar tarmog‘ini rivojlantirish.
5. Kichik biznes sub'ektlarining moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirish hamda ularning innovatsion loyihalarini tijoratlashtirishda mazkur loyihalarni venchur moliyalashtirish fondlarini tashkil etish yuqori samara beradi. Innovatsion loyihalarni venchur moliyalashtirish fondi xususiy mablag‘larni jamlab, ularni ushbu loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiradi. Venchur investitsiyalari uzoq muddatli kreditlarning kafilliksiz shakli hisoblanib, mazkur mablag‘lar bevosita korxonani o‘ziga emas, uning aksionerlik kapitaliga yo‘naltiriladi. Venchur moliyalashtirishni amalga oshiruvchi tomonlar innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etish natijalari yuzasidan olinadigan daromaddan moliyalashtirishga qo‘shgan xissalari miqdorida ulush oladilar.
6. Kichik biznes sub'ektlari mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish va xalqaro bozorlar standartlariga moslashtirish orqali ularni tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlariga keng jalb etish, zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlaridan foydalanilgan holda kichik biznesni ma'lumotlar bilan ta'minlash sifatini oshirish hamda innovatsion marketing tadqiqotlarini olib borish kabi uslubiy yordamlar ko‘rsatishda kichik biznes innovatsion faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi infratuzilmalar faoliyatini tubdan isloh qilish lozim. Xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmalar kichik biznes sub'ektlarining o‘sib borayotgan talab va extiyojlari to‘liq qondirish orqali ularning innovatsion faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirishda yetakchi kuchga aylanishi zarur.