3. Doimiy omborlar. Meva va sabzavotlarni saqlash texnologiyasini rivojlantirishda mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan omborxonalar qurish muhim ahamiyatga ega.
Doimiy omborxonalar sigʻimi jihatidan kichik, oʻrtacha va katta boʻladi. Kichik omborxonalarning sigʻimi 100-200 tonna, oʻrtacha omborxonalarnini 10 ming tonnagacha, katta omborxonaniki 30 ming tonnagacha boʻladi. Katta sigʻimli omborxonalar kichigiga qaraganda qurilish va iqtisodiy jihatdan tejamli boʻladi. Shu bilan birga mahsulotni saqlashga sarf boʻlgan xarajat ham kam boʻladi.
Omborxonalarni rejalashtirishda ularga transportning kirib chiqishi va chuqurligini hisobga olish lozim. Hozirgi qurilayotgan barcha omborxonalar avtotransport bir tomonidan kirib ikkinchi tomonidan chiqib ketadigan qilib qurilgani maʼqul.
Doimiy (statsionar) omborlar meva va sabzavotlarning turiga, rejalashtirilishiga, hajmiga, saqlash sistemasiga, mahsulotlarni joylashtirish va boshqa bir qator xususiyatlariga qarab bir-biridan farq qiladi. Doimiy omborxonalar meva va sabzavotlarning turiga qarab kartoshka, ildizmeva, piyoz, karam va meva saqlashga moslashtirilgan boʻladi. Bu mahsulotlarni saqlash sharoiti bir-biridan tafovut qiladi va ularni bir omborda saqlash tavsiya etilmaydi
Meva omborxonasi mahsulotni saralashda yorugʻ boʻlishi uchun yer ustiga quriladi. Eng oddiy meva omborlari qatoriga oddiy yertoʻla kiradi.
Oddiy yertoʻla quruq yerdan chuqurligi 1 metr qilib qaziladi. Usti yopilib, yon tomonlariga taxta qoqiladi yoki gʻisht teriladi. Ichiga devorlari boʻylab soʻkchaklar oʻrnatiladi. Yertoʻlaning uzunligiga qarab har 3,5 metr joyga bittadan yoʻgʻonligi 10x10 sm li ventilyatsiya naylari oʻrnatiladi. Saralangan mevalar yashiklarga solingan yoki soʻkchaklarga toʻkilgan holda saqlanadi.
Baʼzan yertoʻlaning chuqurligi 1,5 metr, eni 4 metr, uzunligi saqlanadigan mevaning turiga qarab har xil boʻlishi mumkin. Uning usti yopilib, devorlari gʻishtdan terib chiqiladi va ventilyatsiya naylari oʻrnatiladi. Bu yerda ham mahsulotni yashikda va soʻkchakda saqlash mumkin.
Yer ustida qurilgan omborlar bir qavatli gʻishtli imorat boʻlib, ularning devor va shiplari poʻkak, qipiq, qamish va boshqa materiallardan tayyorlangan plitalar bilan qoplanadi. Omborlar shamollatib turish uchun maxsus quvurlar bilan jihozlanadi. Polni taxtadan qilib, ular orasida tirqishlar qoldiriladi. Boʻlmani pol orqali tashqi havo bilan shamollatib turish uchun qopqoqli tuynukchalar qilinadi.
Omborxonalar ikki qavatli qilib ham quriladi. Bunda uning birinchi qavati yertoʻla, ikkinchisi yer usti qavatidan iborat boʻladi. Ularda yertoʻla va yer usti omborxonalarining afzalliklari uygʻunlashtirilgan.
Omborxonalarda mahsulot saqlash uchun zarur muhitni ulardagi ventilyatsiya sistemasi orqali vujudga keltiriladi. Omborxonalarning ventilyatsiya sistemasi tabiiy va sunʼiy boʻladi. Sunʼiy ventilyatsiya sistemasiga faol ventilyatsiya ham kiradi.
Sunʼiy ventilyatsiyada asosan turli xil ventilyatorlardan foydalaniladi. Bunda mahsulotni saqlash rejimini maʼlum darajada boshqarish imkoniyati tugʻiladi. Omborxonalarga havoni haydash ventilyatorlarga ulangan havo haydash va havo soʻrish naylari orqali amalga oshiriladi. Sunʼiy ventilyatsiya bilan jihozlangan omborxonalar koʻpincha katta hajmli boʻladi.
Omborxonalarga havo yer osti kanallari orqali bab-baravar tarqatiladi. Bu yerda mahsulotlar yashiklarda, konteynerlarda hamda boshqa idishlarga solingan holda saqlanadi. Bunda mahsulotni shunday joylashtirish kerakki ventilyatorlarning havo soʻrish quvvati joylangan barcha mahsulotlarni sovitish imkonini bersin. Shu bilan birga mahsulotlarni yuklash va tushirishni mexanizatsiyalashtirish imkoni boʻlishi lozim.
Faol ventilyatsiyada havo oqimi kuchli boʻlib, mahsulotning har bir donasini oralab oʻtadi. Natijada saqlanadigan mahsulotning barcha nuqtalarida bir xil harorat, namlik va havo tarkibi boʻlishiga erishiladi. Bunda mahsulotni sovitish, isitish va quritish samaradorligi bir necha marta ortadi. Mahsulotning oʻz-oʻzidan qizib ketish va terlash jarayonlariga chek qoʻyiladi.
Faol ventilyatsiya sharoitida barcha sabzavotlar, kartoshka va mevalar saqlanishi mumkin. Bizning sharoitimizda faol ventilyatsiyada sovuq havo berib turishni koʻzda tutish lozim. Sovuq havo olish uchun koʻpincha kompressorli sovutgich qurilmalaridan foydalaniladi.
Faol ventilyatsiyali omborxona qurilganda albatta havoni sovitish qurilmasi boʻlishi lozim. Faqat shundagina omborxonalarda meva va sabzavotlarni saqlash uchun moʻtadil sharoit yaratish mumkin. Natijada mahsulotlarni saqlash samaradorligi oshadi, ularning sifatli saqlanishi taʼminlanadi.