Markaziy Osiyoda adabiyotshunoslik ilmi
O’rta asr madaniyati shu darajada yuksaklikka ko‘tarilganki, dunyoviy ilmlar, turli aniq fanlarning yutuqlari, natijalari uning mazmunini belgilashda muhim ahamiyat kasb etgan, turli sohalarda ijod etilib, katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan. O’rta Osiyoda dinshunoslikning o‘ta rivoj topgan asri IX asr bo‘lsa, XII asr ilm-fan taraqqiyotining cho‘qqisi bo‘ldi. O’sha davrdagi ilmning hajmi, miqyosi, kengligi ayrim mualliflar asarida uchrovchi ilmlar tasnifida yaqqol namoyon bo‘ldi. O’z davrining qator qomusiy aqllari – Forobiy, Ibn Sino kabilar bu masalaga katta e’tibor berdilar, ayrim mualliflar esa unga maxsus asarlar bag‘ishladilar. X asrda Somoniylar davrida yashab ijod etgan Abu Abdullah al-Xorazmiy bu masalaga bag‘ishlangan katta maxsus asar “Mafotih al-ulum”da ilmlar tasnifini batafsil yoritdi. Undan oldin Forobiyning “Ixso al-ulum” risolasida ham ilmlar tasnifi xususida maxsus to‘xtab o‘tilgan edi. U barcha ilmlarni 5 katta bo‘limga ajratadi, til haqidagi ilm o‘z ichiga etti qismni oladi, so‘ng tabiiy va ilohiy fanlar yoki riyoziyot va shaharni boshqarish haqidagi ilmlar. X asrda yaratilgan “Sof birodarlar”ning “Ilmiy san’atlar haqida”gi risolasida umumiy ilmlar 4 katta guruhga bo‘linadi. Har bir guruh o‘z navbatida qator sohalarni o‘z ichiga qamrab oladi, hammasi bo‘lib 36 ta ilm tarmog‘i sanab o‘tiladi. Al-Xorazmiyning “Mafotix al-ulum” risolasida barcha ilmlar an’anaviy ilmlar yoki gumanitar ilmlarga hamda noan’anaviy, noarab ilmlariga bo‘linadi. Birinchisi fiqh, kalom, grammatika, ish yuritish, she’riyat hamda tarix ilmini; ikkinchisi noarab ilmlar – falsafa, mantiq, tibbiyot, arifmetika, geometriya, falakiyot, musiqa, mexanika, kimyo singari fanlarni o‘z ichiga oladi. Umuman barcha ilmlarni arablarda avvaldan ma’lum bo‘lgan yoki shariat o‘z ichiga oluvchi ilmlar hamda arablarda ma’lum bo‘lmagan, shariatga aloqasiz, boshqa xalqlardan kirib kelgan ilmlarga ajratish deyarli barcha mualliflarda uchraydi.
Arablarda bo‘lmagan ilmlar asosan qadimgi yunonlarda keng o‘rganilgan ilmlardan tashkil topgandir. “Shariat” ilmlarining asoslari haqida yuqorida qisqacha to‘xtab o‘tgan edik.
Noarab yoki tabiiy ilmlarni va falsafani o‘sha davrdagi mashhur oliy-faylasuflarning faoliyati bilan bog‘liq holda ko‘rib o‘tamiz.
IX–XII asrlar davomida O’rta Osiyo xalqlari dunyo madaniyatiga ilm-fanning turli sohalari bo‘yicha, xususan, arab yoki traditsion an’anaviy ilmlar, ya’ni asosan gumanitar ilmlar sohasida ham, noarab, noan’anaviy ilmlar, ya’ni falsafiy ilmlar, tabiatshunoslik ilmlari sohasida ham juda ulkan hissa qo‘shdilar. Bu davrda yashab ijod etgan o‘rtaosiyolik buyuk olimlarning ijodi, faoliyati, asarlari O’rta asr ilm-fani rivojida nihoyatda muhim o‘rin tutadi. O’rta Osiyodan chiqqan Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy singari olimlarning nomi butun Sharq va Ovrupo O’rta asrida nihoyatda hurmat bilan tilga olinadi.
Muhammad ibn Muso al Xorazmiy (780–850) – Sharqning buyuk olimi, dunyo riyoziyot ilmi rivojiga behisob hissa qo‘shgan o‘rtaosiyolik olim, Marvda Ma’mun saroiyga jalb etilib, so‘ng xalifalik markazi Bag‘dodda xizmat qilgan va “Baytul-Hikma” – birinchi arab ilmiy markazida rahnamolik qilgan. “Algebra” va “algoritm” tushunchalarining paydo bo‘lishi Xorazmiy faoliyati bilan bog‘liqdir. “Algoritm” Xorazmiy nomining lotin tilidagi ifodasidan, “algebra” so‘zi esa uning matematikaga oid “aljabr va al-muqobala” asarining birinchi so‘zi lotincha talaffuzidan olingandir.
Xorazmiy musulmon dunyosida birinchi bo‘lib riyoziyot, jug‘rofiya, tarix fanlarining rivojini boshlab berdi, uning asosiy asarlari shu sohalarga oiddir.
Xorazmiy qalamiga 12 ga yaqin turli sohalarga oid risolalar mansubdir. Bu asarlar XII asrda lotin tiliga tarjima etilgan. “Arifmetikaga oid risola”ning arabcha nusxasi saqlanmagan. Lotincha nusxasi “Al-Xorazmiy hind hisobi haqida” deb nomlanib, bu asarining birinchi so‘zidan so‘ng “algoritm” atamasi vujudga kelgan.
Uning riyoziyot ilmiga oid ikkinchi risolasi “Algebra haqidagi risola” ham XI asrda lotin tiliga tarjima etilgan. Bu har ikki risola matematika rivojida yangi bir davr ochgan asarlardir.
Yana Xorazmiyning “Ziji” – yulduzlar jadvali ham lotinchaga o‘girilgan. Uning mashhur asari “Kitob suratil ard” (“Er yuzining kartasi”) musulmon Sharqida jo‘g‘rofiya ilmini boshlab bergan.
Xorazmiy O’rta asr Sharqida birinchi bo‘lib tarix yozganlardan biridir. Uning “Kitob at-tarix” asaridan ayrim parchalar saqlanib qolgan. Bulardan bashqari yana u astrologiyaga oid, kalendar tuzish, vaqtni o‘lchash, soat haqida ham risolalar yozgan, lekin ularning ko‘pchiligi bizga qadar etib kelmagan.
Hindistonda vujudga kelgan o‘nlik sistemasi Xorazmiy asari tufayli musulmon Sharqi va Ovrupoga ma’lum bo‘ldi. Uning “Ziji” asari qadimgi yunon va hind astronomiyasi erishgan yutuqlar asosida yaratilib, u O’rta asrda bu sohadagi tadqiqotlarni boshlab berdi.
Xorazmiyning zamondoshlaridan biri mashhur astronom Abul Abbos Ahmad Farg‘oniydir (860 yillar o‘rtasida vafot etgan). U ham O’rta Osiyodan bo‘lbi, xalifalik markazi Bag‘dodda xizmat qildi, musulmon Sharqida falakiyot ilmiga asos soldi. Uning jo‘g‘rofiya, falakiyotga oid asarlari ma’lum bo‘lib, uni dunyoga mashhur qilgan “Javomi ilm an-nujum val harakat as-samoviya” kitobidir.
Bu asarXII asrdayoq lotin tiliga tarjima etilib, tezda butun Ovrupoda mashhur bo‘lib ketdi. Algorezm kabi uning lotincha nomi “alfraganus” ham o‘sha davrdagi juda ko‘p manbalarda uchraydi.
Farg‘oniyning bu asarida juda ko‘p va muhim jo‘g‘rofiy ma’lumotlar ham keltiriladi. Shuning uchun ham uning nomi juda ko‘p manbalarda o‘rtaosiyolik mashhur astronom va geograf sifatida tilga olinadi.
Xorazmiy va Farg‘oniy bilan birga Bag‘dodda boshqa o‘rtaosiyolik olimlar ham ilm rivoji yo‘lida jasorat ko‘rsatdilar. Bular orasida Abu Mashar Balxiy, ota-o‘g‘il Marvoziy, ota-o‘g‘il Marvaruddiy, as-Sarahsiy kabilarni ko‘rsatish mumkin.
IX–X asrning boshlarida O’rta Osiyoda mustaqil feodal davlatlari shakllanishi bilan Buxoro, Samarqand, Marv, Kot (Xorazm), Termiz kabi shaharlar ilm-fanning markaziga aylandi. Bu davrda Hakim Termiziy, Ahmad ibn Nasr Jayhoniy (870–914) kabi olimlar ijod etdilar. Jayhoniy jo‘g‘rofiyaga oid 7 jildlik “Kitob ul-masolik val mamolik” (“Masofalar va mamlakatlar kitobi”) asarini yaratdi va unda juda ko‘p mamlakatlar haqida noyob ma’lumotlar keltirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |