Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romani. Adibning ikkinchi romani “Qiyomat” (“Kunda”) deb nomlanadi. Bu asarning ham shuhrati keng yoyildi. Asarda butun insoniyatni bezovta qilib turgan katta global masalalar ko‘tarib chiqilgan. Bu asarda ham talaygina syujet liniyalari mavjud. Insonlardagi mehr-oqibatning tugab borayotganligi haqidagi tashvishli fikrlar Bo‘ston va Bozorboy obrazlari o‘rtasidagi konfliktda ko‘rsatiladi.
Avdiy Kallistratov bilan Kandalov o‘rtasidagi kurashlar tasvirida esa hozirgi davrda juda muhim masalalardan biri bo‘lgan giyohvandlik haqida fikr yuritiladi. Avdiy xuddi Iso payg‘ambar singari odamlarni yomon yo‘ldan qaytarmoqchi, insofga chaqirmoqchi bo‘ladi va shu yo‘lda o‘zi ham halok bo‘ladi. Asarda “Bibliya” kitobidan olingan syujetlar ham bugungi dunyomiz uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Bu mashhur yozuvchi M.Bulgakovning “Master va Margarita” kitobida ham berilgan edi. Ch.Aytmatov ham shu an’anani o‘ziga xos ravishda davom ettirdi.
Akbara va Toshchaynar nomli bo‘rilar obrazi orqali esa ekologiya masalalari ko‘tarib chiqiladi. Tabiat va inson o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi davrimizda o‘ta qaltis holga kelib qolganligi hikoya qilinadi.
Bo‘ston va Bozorboy o‘rtasidagi ziddiyatlar ayniqsa asarda juda qiziqarli berilgan. Bo‘ston halol inson, u cho‘ponlik qilib shuhrat topadi, obro‘ orttiradi. Oliy Sovet deputati bo‘ladi. U shu shon-shuhratlar orqasidan farovon hayot kechirishi mumkin edi. Lekin u boshqa yo‘lni tanlaydi. Bo‘ston majburiyatbozlik, shiorbozlik, xo‘jako‘rsinlikka qarshi boradi, bu yo‘ldagi soxtaliklarni qoralaydi. Qog‘ozdagi, matbuotdagi “yolg‘on to‘kin-sochinlik va farovonlik”lardan iztirob chekadi. U tabiatning o‘zgarib borayotganidan qattiq tashvishga tushadi. Bozorboy obrazi esa Bo‘ston obrazining aksi, u o‘z manfaati yo‘lida har qanday qabihlikdan qaytmaydi. Uning uchun kayfu safo bo‘lsa bas. U tabiatni, insoniy mehr-muhabbatni ham mensimaydi. U o‘ta baxil shaxs. Bo‘stonning yutuqlarini ko‘ra olmaydi. Shuninig uchun bo‘ri bolalarini ataylab Bo‘stonning uyi orqali olib keladi. Chunki bolalarining hidini bilgan bo‘rilar kelib Bo‘stonning qo‘ylarini qiradi. Oxirida uning uch yashar o‘g‘lini olib qochadi. Bo‘rini otaman degan Bo‘ston o‘z o‘g‘lini otib qo‘yadi. Keyin u Bozorboyni ham otadi. Asarda tabiatga teginsang, bir kuni u seni jazolaydi, degan fikr bor. Vertolyot orqali Muyunqumda ovga chiqqanlar, kiyiklarni ayovsiz qiradi. Bunda bo‘rilar ham, kiyiklar ham qo‘shilib birga halokatdan qochishadi. Tabiat o‘z qonun-qoidalari bilan yashaydi. Unga odamning aralashuvi, uni zo‘rlab o‘zgartirishlar fojia bilan tugashi asarda misollar bilan isbotlangan.
Asarning “Kunda”(“Qiyomat”) deb nomlanishi ham shundan olingan. O‘zbekchaga asarni I.G‘afurov mahorat bilan tarjima qilgan. Ch.Aytmatov bu asarida ham qadimiy mif va afsonalardan ko‘p foydalandi. Ayniqsa, diniy rivoyatlarning ko‘plab keltirilishi, asar syujetining juda qiziqarli bo‘lishiga xizmat qilgan.
Qirg‘iz xalqining faqat qirg‘iz xalqiningina emas, balki hozirgi duyomizning mutafakkir yozuvchisi Ch. Aytmatov keyingi yillarda ham ajoyib asarlar yaratmoqda. Uning «Oxir zamon nishonalari», «Chingizxonning oq buluti» nomli asarlari yuksak darajadagi katta mahoratning mevasi sifatida vujudga kelgan. Yozuvchining har bir asari hozirgi dunyo adabiy jarayonida katta voqia sifatida tan olinadi. Ch. Aytmatov «Oxir zamon nishonalari» nomli asarida insoniyat hozirgi davrda muhim muammolar oldida chorasiz qolayotganligi, kelajakda uni nimalar kutayotganligi haqida yozilgan. Adib dahshatli fojialardan ogohlantiradi. Har bir ayol dunyoga kelajak farzandlarining baxtli bo‘lishini xohlaydi. Lekin insoniyat kelajagiga nimalar taxdid solayotganini ular aniq bilishmaydi. Kitobda tasvirlanishicha esa Ona qornidagi embrion buni sezib, dunyoga kelmaslik uchun harakat qiladi. Ikki-uch oylik homila onaning peshonasiga dog‘ bo‘lib chiqib, o‘z noroziligini bildiradi. Buni kosmosdan yuborilgan zondaj nurlar orqali aniqlash mumkin. Rus olimi Nikolay Krilsov ana shunday olamshumul kashfiyot qiladi.
Kitobning bosh qahramonlaridan biri bu olim insoniyatni qanday dahshatlar kutayotganligini oldindan ogohlantirmoqchi bo‘ladi. Lekin bu ko‘r olomon, uning kashfiyotlarini tan olmay, o‘zini-o‘zini halok qilishga majbur etadi. Asardan olingan mana bu parchaga e’tibor beraylik:
«Bo‘lajak ona quyidagi musibatlar haqida o‘ylamasligi mumkin emas:
- ocharchilik;
xaroba kulbalar;
kasalliklar, jumladan SPID;
urushlar;
iqtisodiy buxronlar;
ijtimoiy qasirg‘alar;
jinoyatchilik;
fohishabozlik;
giyoxvandlik va narkomafiya;
elatlararo qirg‘inlar;
irqchilik;
ekologik, energetik halokatlar;
yadro sinovlari;
qora tuynuklar va hakazo va hakazo».
Bularning hammasi qo‘lbola hodisa- voqialar oqibati, bularning hammasi odamlar dastidan. Odamzodning boshiga tushayotgan musibatlar avloddan-avlodga ortib bormoqda. Va bularning hammasida barchamiz ishtirokchimiz. Mana, nihoyat, Iloh bizni jahannam labida to‘xtatib, Kasandra tamg‘asi orqali o‘zi haqida nishon bermoqda.»
Xaqiqatdan ham, dunyoda bo‘layotgan ko‘pgina falokatlarga insoniyatning o‘zi sababchi bo‘lmoqda. Uning nafs balosi tufayli yer yuzida katta-katta fojialar sodir bo‘lmoqda: Iqlim o‘zgarmoqda, ekologik katastrofalar, qirg‘in-barot urushlari avj olmoqda. Kitobda ana shunday umuminsoniy masalalar haqida fikr yuritiladi. Haqiqatdan ham, Ch. Aytmatov mutafakkir yozuvchi sifatida butun insoniyat manfaatlari nuqtai nazaridan masalaga yondashadi. Uning asarlarining qahramonlari yer yuzidagi turli millat kishilaridir. Bu kitobda ham ruslar, inglizlar, nemislar, ispanlar kabi turli millat vakillari ishtirok etadi.
Amerikalik olim Robert Bork, yosh siyosatchi Entoni Yunger va Amerika prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ygan shuxratparast, o‘z manfaati yo‘lida hech narsadan toymaydigan Oliver Ordoklar bu asarning asosiy ishtirokchilaridan sanaladi. Yozuvchi ana shu qahramonlar tilidan juda ko‘plab global masalalarga e’tiborni tortadi. Masalan, e’tiqod qiladigan dinlar turlicha. Har bir din o‘zini haqiqiy mukammal din deb hisoblaydi va boshqalardan ustun ekanligini ro‘kach qiladi. Kitobda ana shu masalaga quyidagicha munosabat bildiriladi:
«Dinlar uyushmalarga birlashishsa mavjud dinlarning birontasida ham Xudo g‘oyasi zaiflashmagan bo‘lur edi. Aksincha, dinlar ko‘pqirrali, oshkor va ustivor xususiyatga ega bo‘lar, eng muhimi- ajoyib nazariyalardagina emas, balki hatti-harakatlarda ham dinlarning tub mohiyati insonparvarlik negizida qurilgan bo‘lur edi.
Aslida Tangri bitta, unga e’tiqod qilish turli yo‘llar bilan amalga oshiriladi, deydi asar qahramoni Bork. O‘tmish avlodlardan farqli o‘laroq yigirmanchi asr oxirlarida yashayotgan odam- barcha dinlar meniki va men barcha dinlarning muxlisiman, men barcha dinlarning barcha ibodatxonalariga kirib turaman va barcha ibodatxonalarda aziz ziyoratchiman deya olsin».
Kitobda ana shunday dinlarni birlashtirish g‘oyasi haqida ham ba’zi fikrlar keltiriladi. Albattda bunday fiklarga tarafdorlardan ko‘ra, qarshilar ko‘proq bo‘lsa kerak. Lekin bag‘rikenglik barcha dinlarga xos bo‘lish kerak degan g‘oya keyingi vaqtlarda butun dunyo bo‘ylab asta-sekin kengayib bormoqda.
Xullas, Ch.Aytmatov davrimizning zabardast yozuvchisi sifatida o‘zbek kitobxonlarining ham sevimli adibiga aylangan. Keyingi yillarda ham adibning bir qancha asarlari e’lon qilindi. Bu asarlari ham g‘oyaviy-badiiy jihatdan yetuk asarlar deb baholanmoqda. Bundan tashqari yozuvchining hozirgi dunyomizning aktual problemalariga bag‘ishlangan ko‘plab publitsistik maqolalari ham e’lon qilinmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |