Hozirgi zamon turk adabiyotining vakillari. 60-70 yillar turk poeziyasi taraqqiyotiga Fozil Doglaradja, Behget Netjatgil, Rifat Ilgiz, Ziyo Osmon Sabo, Badri Rahmi Ayb o‘g‘li kabilar katta hissa qo‘shdi. Talantli yozuvchi Ilhon Berk Turkiyada modern adabiyotning yirik vakili edi. Ayniqsa bu davrda O‘rxon Veli,Melix Shavkat Onday kabi shoirlar turk adabiyotida yangi bir oqimga asos soldi. Yangi davr adabiyoti yangi poetik shakllarni taqoza etardi. Shuning uchun bu ijodkorlar zamonaviy G‘arb adabiyotining an’analariga murojaat qilib, modern she’riyat shakllarini o‘z ijodlarida qo‘lladi. Bu turk she’riyatida yangilik edi. Qisqa va ixchamgina she’rlarda katta ijtimoiy voqealar haqida fikr yuritiladi. O‘rxon Veli «Adabiyot xalq ommasining fikri, orzu-umidi bo‘lmog‘ini istardim. Yangi adabiyot keng xalq ommasiga murojaat qilmog‘i darkor. Chunki, dunyoda hali ko‘pchilik och, yalang‘och, qashshoq. Shunday ekan, yangi adabiyot xalq adabiyoti bo‘lib, xalqning hayotini, ular oldidagi muhim masalalarni ifoda qilsin», degan edi.O‘rxon Veli, Melix Onday va O‘qtoy Rifatlar birgalikda 1941 yilda adabiy manifest va uch shoirning she’rlaridan tashkil topgan «G‘aroyib» nomli kitobni nashr ettirdi. Bu poetik hamkorlik keyinchalik «Uch ayoq» nomi bilan shuhrat qazondi. Ular turk she’riyatining an’anaviy uslublarini rad qilib, kundalik hayot muammolariga, oddiy kishilarning ruxiyati tasviriga ko‘proq e’tiborni qaratmoqdilar. Bu shoirlar turk xalq og‘zaki ijodidan, oddiy xalqning so‘zlashuv tilidan unumli foydalandilar. Haqiqatan ham, bu davr turk she’riyatining taniqli vakillari Fozil Hyusnyu Dog‘larja, O‘qtoy Rifat, Nevzat Ustyun, Rifat Ilgaz kabi shoirlar ijodida ijtimoiy voqealik falsafiy mushohada qilingan holatlar ko‘p uchraydi. Bu asarlarda oddiy turk mehnatkashining og‘ir hayoti, ochlik, qoshshoqlik, ishsizlik kabilarning ular xayotiga doimo xavf solib turgani haqida fikr yuritiladi. Kichik-kichik hajmli she’rlarda ironiya orqali siyosiy tuzumdagi illatlar qoralanadi. Masalan, Shavkat Onday she’rlarida hajviy ohang, piching, kesatiq kuchli sezilib turadi. Uning «Serdaromad uy» nomli she’rida turli tovlamachiliklar orqali oddiy odamlarning hisobiga boyib ketayotgan kimsalarning kirdikorlari qattiq fosh qilingan.
Kecha ikki qavat edi
Bugun uch qavat
Ertaga to‘rt qavat
Indin besh qavat
Sanoqsiz daromad
Sanoqsiz qavat
O‘smoqda janoblar o‘smoqda
Yuksalmoqda bizning mamlakat
SHe’rdagi so‘zlarning takrorlanib kelishi, undagi yashiringan fikrni yana-da bo‘rttirib ko‘rsatish uchun xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari ham, mamlakatdagi ijtimoiy tuzumni tanqid qilgan turli modernistik yozuvchilar paydo bo‘ldi. Vedat Tyuralining «O‘z o‘zim bilan yolg‘iz», Erdal Uzning «Sen yaradorsan», Xo‘ja G‘iyosning «Bahs» romanlari o‘z davridagi mavjud ijtimoiy tuzumga qarshi e’tiroz sifatida yozildi. Kamol Bilbashar Akmacha, Aziz Nesin asarlarida jamiyatdagi ishsizlik, diniy ekstremizm singari illatlar qattiq tanqid qilindi.
Keyingi yillar turk adabiyotining xususiyatlari Ma’lumki, Aziz Nesin faqat Sharq adabiyotida emas, balki butun dunyo adabiyotidagi noyob iste’dod egalaridan biridir. Uning asarlari juda ko‘p chet tillariga tarjima qilingan. O‘zbek tiliga ham yozuvchining «Musht ketdi», «Hushtak afandi», «Futbol qiroli», «G‘aroyib bolalar» kabi kitoblari va bir qancha hikoyalari tarjima qilingan. Yozuvchining asli ismi Mahmud Nusrat bo‘lib, Aziz Nesin uning taxallusidir. U turk adabiyotiga, ayniqsa, uning hajviyasining yuksalishiga katta hissa qo‘shdi.
Aziz Nesin 1915 yil Istambul yaqinidagi qishloqda tug‘ilgan. Otasi kambag‘al dehqon bo‘lgani uchun, unga yaxshi bilim beradigan maktablarda o‘qitolmadi. U harbiy maktabga kirib, ofitser bo‘lib yetishadi. Lekin bu soha uni qiziqtirmas edi. U adabiyotga havas qo‘ydi, dastlab she’rlar yoza boshladi, keyinroq felyeton va turli mavzularda hikoyalar bilan gazetalarga chiqib turdi. Yozuvchi «Tong», «Vatan», «Oqshom» kabi gazetalarida ishladi. Mashhur yozuvchi Sabaxittin Ali bilan «Marko Posho» haftaligini chiqardi. Lekin bu nashrda amaldorlar tanqid qilingani uchun hukumat tomonidan katta jarima solinib, yopib qo‘yildi. Aziz Nesin, ayniqsa, hajviy hikoyalari bilan katta shuhrat qozondi. Bolalar dunyoqarashiga xos samimiy ruhda yozilgan «Futbol qiroli», «G‘aroyib bolalar» kabi asarlari butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Yozuvchining «Demokratiya shunqori» hajviy hikoyasida bevosita turk davlat tuzumi, uning senzurasi qattiq tanqid qilingan. Asarda bir yosh muxbir turli yolg‘onlarni yozdi. Eshak qo‘zi tug‘di, ayollar qurbaqa tug‘di, osmondan baliq yog‘di kabi xabarlar bilan dong taratdi. Lekin bir kuni u xalq dardini, ya’ni rost gapni yozgani uchun, politsiya uni qamab qo‘ydi.
«Dahshatli tush» hikoyasida yozuvchi tushida xorijdagi bir anjumanga tushib qoladi. Undan mamlakat haqida so‘raydi. U haqiqatni aytgisi keladi, ammo qo‘rqadi. Keyin u qip-qizil yolg‘onni gapiradi. Soxta, sun’iy gaplar bilan yurtini to‘q, obod, erkin qilib ko‘rsatadi. Chunki bu jamiyatda haqiqatni aytsangiz, sizni jinoyatchi sifatida qamaydi. Yaxshisi yolg‘onchi bo‘lish kerak, yolg‘on uchun jazo yo‘q. Yaxshi yolg‘on gapirsang, mukofat ham beradi. «Xotin kishi bo‘lganimda», «Keyin xursand bo‘lasiz», «Ming marta shukur» kabi xajviyalari ham katta mahorat bilan yozilgan.
Hozirgi turk adabiyotining dong‘ini dunyoga taratayotgan Mustafo Sepitchi, Emine Ishansu,Sevinch Chokum, Mustafo Qutlu, Xakim ug‘li Ismoil, Urxon Pamuk, Kurshat Bashar kabilarni ko‘rsatish mumkin.
Atigi 36 yil umr ko‘rgan Umar Sayfiddin ham XX asr turk adabiyotining faxri bo‘lib xisoblanadi. Uning 136 xikoyadan tashkil topgan to‘plami xozir ham turk o‘quvchilarining eng sevimli kitobi bo‘lib qolgan. Umar Sayfiddin adabiyotning ijtimoiy vazifasi haqida shunday degan edi: “Adabiyotga faqat san’at deb qarashlariga men mutlaqo qarshiman. Yozuvchining burchi inson qalbida yovuzlikka qarshi nafrat tuyg‘usini o‘yg‘otish, uni xar hil pastkashliklardan asrashdir”.
Xullas, hozirgi turk adabiyoti ezgulik uchun xizmat qilmoqda. Bu adabiyot turli badiiy janrlarda va rang-barang mavzularda yuksalib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |