Ham mohi mangu osoyishi, izzu sharafi man,
Ham Kaʼbai man, qiblai man, chamani man.
(U – mening osmondagi osoyishta oyim, izzatim, sharafim,
U – mening Kaʼbam, sajdagohim, jonu tanimdir).
Fitratning “Uchqun” degan toʻplamining chiqqanligi toʻgʻrisida xabar bosilgan (1923 yil), lekin u topilmagan. Respublika matbuotida va “Oʻzbek yosh shoirlari” toʻplamida (1922 yil), boshqa manbalarda uning talaygina sheʼrlari bosilgan. Garchand Fitrat fors, arab tillarini yaxshi bilsa-da, oʻz sheʼrlarida iloji boricha oʻsha tillarga mansub soʻzlarni ishlatmaslikka va sodda oʻzbek tilida yozishga intildi. Uning ustiga Fitrat oʻz badiiy ijodi va ilmiy maqolalari orqali barmoq vaznining qulayligi va keng imkoniyatlarini targʻib qildi. “Bir oz kul!”, “Ishqimning tarixi”, “Yana yondim…”, “Qor” kabi sheʼrlari soddaligi va tuygʻu, kechinmalarni haqqoniy ifodalab berishi bilan jozibalidir. “Oʻqituvchilar yurtiga” sheʼrida elni maʼrifat, haqiqat yoʻliga yoʻnaltirish va jaholatga qarshi kurashga daʼvat etadi:
Orqadoshlar, toʻplanaylik jahlning uyin yiqqali,
El koʻzin olgʻon qorongʻu pardalarni yirtqali.
Fitratning “Sharq” sheʼrida Sharqni, yurtini talagan, oyoqosti qilgan, erkiyu boyligini oʻgʻirlagan bosqinchilarga cheksiz nafrati ochiq aytiladi.
Fitratning mashhur sheʼrlaridan biri “Mirrix yulduziga” deb nomlanadi. Bu sheʼr uning boshiga koʻp kulfatlar soldi, uni millatchi deb ayblashda yana bir qoʻshimcha dastak boʻlib xizmat qildi. Sheʼrda Fitrat yulduz bahonasida Allohga murojaat etib, bolsheviklarning, bosqinchi rus askarlarining vahshiyliklarini fosh etadi va yurtdoshlarini ularga qarshi ozoddik kurashiga daʼvat etadi:
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar,
Oʻrtoq qonin qonmay ichgan zuluklar;
Qardosh etin qoʻymay yegan qoplonlar?
Bormi senda oʻksuz yoʻqsulning qonin
Gurunglashib, chogʻir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
Oʻz qopchigʻin toʻldirgani buzganlar?
Bormi senda bir oʻlkani yondirib,
Oʻz qozonin qaynatgʻuvchi hoqonlar?
Bormi senda qorin, qursoq yoʻlida
Elni, yurtni, borin-yoʻgʻin sotqonlar?
Shu misollarning oʻziyoq Fitrat sheʼriyatining milliy uygʻonish va inqilobiy ruhdagi haqqoniy, mardona yoʻnalishda ekanligidan dalolat beradi. Fitratning “Sayyoh hindi” (“Hind sayyohining qissasi”) nasriy asari 1912 yilda bosildi. Asarda jahon xalqlari, ilgʻor mamlakatlar fuqarosi koʻzi bilan Buxoro, umuman Turkistonning davlat tuzumiga, tartib-qoidasiga, maorifiga nazar tashlab, ulardagi ibratli jihatlarni qoʻllab-quvvatlab, illatlarini esa beayov fosh etadi. Asarni Buxoroni, umuman Turkistonni erk yoʻliga olib chiqish dasturi deyish mumkin. “Umaro” bobida Fitrat amaldorlar “hukmronlik otiga minib, bechorayu badbaxt xalqning mol, jon, arz, nomus va sharafini shafqatsizlarcha poymol etdilar”, “Hammaga maʼlumki, har bir millatning taraqqiyoti uchun ilm asosiy sababdir” deydi.
Fitrat tijorat va boy boʻlishni targʻib etadi, ammo boylikka sajda qilish, iymon-eʼtiqodni, insofni yoʻqotishni qoralaydi. Asarda xalqni birlashishga, zavod-fabrikalar qurishga, tijoratni rivojlantirishga chaqiradi.
Bu koʻchirmani keltirishimizning boisi yana shundaki, Fitrat 1920 yilda “Chin sevish” va undan uch yil keyin “Hind ixtilolchilari” fojiasini yozadi. Bunda ingliz bosqinchilaridan Hindistonni ozod qilishga kirishgan yoshlarning jasorati koʻrsatiladi. Bu gʻoya “Chin sevish”da ham bor edi. “Chin sevish” Fitratning siyosiy-falsafiy yoʻnalishdagi kuchli asaridir. Fitrat tasavvuf, naqshbandlik, yassaviychilik toʻgʻrisida risola, maqolalar yozgan. “Chin sevish”da bularning taʼsiri seziladi. Fitrat Ovroʻponing davlat tuzumi, fan-texnika sohasidagi barcha yutuqlarini oʻrganish, oʻzlashtirish tarafdori. Ammo u yerda mehr-shafqatlilikni bir chekkaga surib, butun choralar bilan foyda ketidan quvishni, pul, oltinga sajda qilishni qattiq tanqid qiladi. Asardagi juda koʻp oʻrinlar qizil imperiyaga ham qarata aytilgan tigʻli soʻzlar edi: “Qurʼonni hayvon tepkisidan qutqarishdek buyuk”, “choʻchqani masjiddan haydash” kabi ezgu ish lozim, “ular talovidan qutulmoq uchun birlashmoq” kerak va “Masjidda namoz uchun yigʻilganlar – siyosiy yigʻin yasagʻon boʻlib, toʻpga bogʻlanar, er bilan xotin oʻzaro koʻproq gapirganda hukumatga qarshi boʻlib, dorga osilar. Bu kun, ustidangina shu oʻlkaga qaraganda yiqilgʻon shaharlar, yondirilgan qishloqlar, talangan uylar, kesilgʻon boshlar, osilgʻon gavdalar, toʻkilgan qonlardan boshqa bir narsa koʻrmaymiz…” Fitrat pyesasi hatto “Yirtqichlardan elimizni qutqaramiz!” degan nido bilan tugaydi. Fitratning “Abulfayzxon” (1924 y. ) tragediyasi garchand XVIII asrda yashagan Ashtarxoniylar sulolasining soʻnggi vakili Abulfayzxon hayoti haqida hikoya qilsa-da, aslida oʻsha “bosmachilik” davri – xalq ozodligi kurashi davriga hamohang edi. Fitrat zulm, adolatsizlik, zoʻrovonlik mamlakat va xalqni xarob qiladi, adolatsiz shohning qismati ham fojia bilan tugaydi, “podsholik qon bilan sugʻoriladigan bir yogʻochdir!” deydi.
Fitrat “Arslon” va yana bir nechta pyesalar yozgan, afsuski ularning koʻpchiligi oʻz vaqtida bosilmay yoʻqolib ketgan. U diniy mavzuda ilmiy risola, pyesalar, hikoyalar yozdi. “Qiyomat” (1924 y. ), “Shaytonning tangriga isyoni” (1924 y. ), “Roʻzalar”, “Meʼroj”, “Zaynabning iymoni”, “Oq mozor”, “Qiyshiq eshon”, “Zayd va Zaynab” kabi asarlari shular jumlasidandir.
Fitrat zoʻr adabiyotshunos, kuchli nazariyachi va oʻtkir tilshunos. Uning “Oʻzbek tili grammatikasi” (“Sarf”, “Nahv”, 1924–30 yillarda olti marotaba nashr etildi), “Tojik tili grammatikasi” (1930 y. ) va til haqidagi oʻnlab maqolalari ulkan olimligidan guvohdir. “Adabiyot qoidalari”, “Aruz haqida” kitoblari hozir ham ilmiy-nazariy qimmatini yoʻqotmagan. Fitratning “Eski oʻzbek adabiyoti namunalari”, “XVI asrdan soʻnggi oʻzbek adabiyotiga umumiy bir qarash”, “Chigʻatoy adabiyoti” kabi yirik tadqiqotlari va Umar Hayyom, Firdavsiy, Yassaviy, Navoiy, Muhammad Solih, Bedil, Mashrab, Turdi, Furqat, Muqimiy, Nodira toʻgʻrisidagi kitob va maqolalari shu davr oʻzbek adabiyotshunosligida bir voqea, bir davr boʻlib tarixga kirdi. Uning oʻzbek musiqasi tarixi, shaxmat toʻgʻrisidagi maqola, kitoblari qomusiy ilm egasi ekanligini tasdiqlaydi. “Tilimiz” maqolasida bitta “bil” oʻzagidan 98 ta soʻz yasash mumkinligini va turkiy tilning soʻz boyligi fors, arab tillariga nisbatan koʻproq ekanligini isbotlab, lekin hozir oʻz mavqeiga ega emasligini, “eng baxtsizligini” taʼkidlaydi.
Fitrat ulugʻ, betakror ijodkor edi.
“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |