Тadqiqot vazifalari:
Asosiy qism
Abdurauf Fitrat adabiyotimiz tarixida shoir va olim, nosir va dramaturg, o'qituvchi va ma'rifatparvar sifatida muhim o'rin egallaydi. U 1886 yilda Buxoroda ziyoli oilasida tug'ilgan bo'lib, Buxoro, Isthambul madrasalari va dorilfununlarida o'qiydi. U arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o'zlashtiradi. Adibning otasi savdogarchilik bilan shug'ullangan bo'lib, 1918 yilgacha Qashqarda turib qoladi. U asosan onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo'lib, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi ulkan shoirlar g'azallariii birinchi tinglagan. Fitrat 1909 yilda Turkiyaga o'qishga borib, 1913 qilgacha Isthambul dorilfununida tahsil ko'rgan. Turkiyada tashkil bo'lgan «Buxoro ta'limi maorifi» uyushmasida faollik ko'rsatgan. Behbudiy asos solgan jadid usulidagi maktablar takomiliga xizmat etgan. Uning ilk to'plami 1911 yilda «Sayha» («Chorlov») nomi bilan chop etiladi. «Sayyohi hindi», «Munozara» kabi asarlari ham shu yillarda nashr etilgan. 1909-1913 yillarda Turkiya dorilfununida o'qiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-o'qituvchlarni hayratga soladi. Unga Fitrat - Donishmand taxallusini beradilar. Fitrat ijodi Turkistonda inqilobiy harakatlar kuchaygan, «Sharq uyg'ongan» davrlarga to'gri keladi. U ham o'z salaflari kabi avvalo ma'rifatparvarlik g'oyalarini ilgari suradi. Uning1913 yilda tojik tilida yaratilgan «Munozara» nomli asarida o'z xalqini zulm botqog'idan qutqarib, «najot yo'li»ni izlaganligi seziladi. Bu davrda rus tili va rus madaniyatini targ'ib qilish ham Fitrat ma'rifatparvarligi yo'nalishining muhim tarmogi bo'lgan.Bunday qarashlar uning o'zi tashkil etgan va muharrirlik qilgan «Hurriyat» ro'znomasida keng targ'ib etiladi. Xuddi shu yillar «Hayot yo'lida birinchi masala - maktab masalasidir» («Hurriyat», 1917 yil, 1-son) degan shior bilan chiqadi. Uning«Hurriyat» (1917, 31-son) ro'znomasida bosilgan «Yurt qayg'usi...» nomli lavhasida Turkiston uchun, uning ayollari ozodligi uchun kurashga bel boglaganligini aytadi. «Men sen uchun tug'ildim, sen uchun yasharman, sening uchun o'larman, ey turning muqaddas o'chog'i!» degan da'vat eshitiladi. «Ulug' Turkiston» (1917, 2-son) ro'znomasida «Yashasin turklik, yashasin Islom» shiori bilan chiqadi. Uning «Hind ixtilolchilari», «Temur sag'anasi», «O'g'izxon», «Abo Muslim», «Turk tili» kabi asarlarida ham hurfikrlar, qarashlar, ko'zga tashlanadi. Shular qatorida «Qon», «Begijon», «Chin sevish», «To'lqin», «Vose' qo'zg'oloni», «Ro'zalar» kabi dramalari yaratildi. Fitratning 1922 yilda nashr etilgan «O'zbek shoirlari» to'plamiga kirgan «Kecha», «Behbudiy mozorini izlab», «Sharq» kabi she'rlarida izlanish jarayoni uchraydi. «Shoir» she'rida «o'zim uchun ko'p umidlar to'qidim» degan xulosaga keladi. Uning 1920 yilda yozilgan «Kim deyay seni» kabi she'rida oshiqning ma'shuqqa katta umid bilan intilishi, kutishi, suyishi lirik bir ohangda kuylanadiki, shoir endi ijodning yangi pog'onasiga ko'tarilayotganligidan dalolat beradi. Shoir ijodida, dunyoqarashida siljish, yangilikka, go'zallikka intilish seziladi. Xuddi shu hol uning«Abulfayzxon», «Arslon» va «Vose'» (tojik tilida), kabi dramalari g'oyasida ham seziladi. Uning«Qiyomat», «Shaytonning tangriga isyoni» kabi nasriy asarlarida endi ijodkor falsafasining chuqurlashganligi, katta ijtimoiy-hayotiy muammolarni hal etishga intilishi ko'zga tashlanadi. Fitrat yirik olim, adabiyotshunos sifatida ham bir qancha asarlar yaratgan. Jumladan, «Adabiyot qoidalari», «Eski o'zbek adabiyoti namunalari», «Aruz haqida» kabi ilmiy kuzatuvlari adabiyotshunoslik fani tarixida muhim rol o'ynaydi. Shuningdek, uning Umar Xayyom, Firdavsiy, Navoiy, Bedil, M. Solih, Muqimiy, Furqat haqidagi tadqiqotlari ham adabiyotimiz tarixini o'rganishda muhim manba bo'lib xizmat etishi shubhasiz. Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg'oniy kabi o'ndan ortiq mumtoz adabiyot vakillari haqida maqolalar yozgan. Fitrat ayni chog'da olim, ulkan pedagog, xalq maorifi tashkilotchisi sifatida ham faol ishladi. 1921- 1923 yillarda u Respublika Maorif xalq noziri bo'lib xizmat qildi. 1923-1924 yillar orasida Moskvadagi Sharq tillari institutida, so'ng Peterburg dorilfununida ma'ruza o'qidi. «O'zbek tili» darsligi, «O'zbek tili sarfi» (grammatikasi) kitoblari esa 1925-1930 yillarda besh marta chop etildi. Uning«Tilimiz», «O'zbekcha til saboqlari», «Imlo konferensiyasi munosabati bilan» maqolalari ham yaratildi. U ana shu ishlari uchun o'zbek olimlari orasida birinchilardan bo'lib professor degan yuksak ilmiy unvonga sazovor bo'lgan. Fitrat 1938 yil 4 oktyabrda Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Otajon Hoshim, Qayum Rhamazon, G'ozi Olim kabi xalqimizning buyuk ziyolilari qatorida qatl etildi. Faqat 1956 yilga kelib u oqlandi. Oqlandiyu, qariyb yana o'ttiz besh yildan so'nggina, mustaqillik davri sharofati bilan u haqdagi haqiqatni aytish va yozish imkoniyati tug'ildi. Abdurauf Fitrat hayoti va adabiy faoliyati ziddiyatlarga o'ta boyligi bilan ajralib turadi. 1991 yil 25 sentyabrda Abdurauf Fitratga o'zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.
Fitrat XX asr oʻzbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakili. U qomusiy bilimga ega olim, adabiyot nazariyachisi, oʻtkir tilshunos, betakror dramaturg va shoir, jangovar publitsist, noshir va jurnalist, talantli davlat va jamoat arbobi edi.
Abdurauf Fitrat oʻz tarjimai holida yozishicha, 1884 yilda Buxoroda tugʻildi (S. Ayniy uni 1886 yilda dunyoga kelgan deydi, hozirgi darsliklar va ilmiy tadqiqotlarda ham shu sanani takrorlashadi). Fitrat – Abduraufning taxallusi boʻlib, “tugʻma isteʼdod” maʼnosini beradi. Otasi Abdurahimboy savdo bilan shugʻullangani bois chet ellarga chiqar, dunyo ahvolidan boxabar, oʻqimishli va taniqli odam edi. Onasi Bibijon, adabiyotshunos, Fitrat oilaning toʻngʻich farzandi edi. U boshlangʻich tarbiyani diniy maktabda, soʻng mashhur “Mirarab” madrasasida oldi. Fors va oʻzbek tillarining mukammal bilimdoni boʻlmish Fitrat arab tilini ham chuqur egallab, shaharda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga, ayniqsa, jadidchilik harakatlariga qiziqib qaradi. Oʻzining aytishicha, avval jadidlar harakatiga qarshilik qildi, keyin uning mohiyatini anglab yetgach, bu harakatga qoʻshildi, hatto ashaddiy targʻibotchilaridan biriga aylandi. Jadidlar maslahati va yordami bilan bir guruh yoshlar, jumladan Fitrat Istanbulga oʻqishga yuboriladi. U 1909–1913 yillarda Turkiyada tahsil oldi. 1909 yili Istanbulda “Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilgan munozarasi” kitobi bosilib chiqdi. “Munozara…” Buxoroda bosilishiga amir ruxsat bermagach, Istanbulda nashr etilgan edi. Forscha yozilgan ushbu asarni Hoji Muin oʻzbekchaga aylantirdi va “Turkiston viloyatining gazeti”da bostirdi (1911 y. ). 1913 yilda esa asar alohida kitob holida chiqdi, unga Behbudiy kirish soʻzi yozdi. “Hibs qilish, oʻldirish, sangsor qilish kundagi odatlardan edi, – deb yozadi Fitrat, – u zamonlarda kitob yozishning oʻzi “kofir”lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarni yozdim. Buxoroning idora usulini, taʼlim-tarbiya usulini, bir kuy rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari boʻlgʻon Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirga qaratib bir soʻzboshi yozdim va shuning bilan goʻyo, tanqidning unga emas, maʼmurlariga oid boʻlgʻonini koʻrsatdim”.
Kitob Buxoroda ijtimoiy ongning jonlanishiga katta turtki boʻldi, hatto hukumat tomonidan taʼqib qilinayotgan jadid maktablarining koʻplab ochilishiga, maktab-taʼlim ishlarining jonlanishiga yordam berdi. Axir undagi “Islom mamlakatlari nega vayrona va xarobazor qolishi kerak. Buning sababi nimada?”, “Bu bechoralarning nega yeyishga noni yoʻq?” kabi jiddiy savol va mulohazalar xalq ongiga taʼsir etmasdan iloji yoʻq edi.
Fitrat adabiyotning hamma janrlarida qalam tebratdi va oʻz orzu-armonlari, ezgu tilaklarini targʻib eta boshladi. U 1910 yilda “Sayha” (“Bong”) degan sheʼrlar toʻplami bosildi. U ham fors tilida edi. “Hind sayyohining qissasi”ni ham forschada yozdi va 1912 yilda nashr ettirdi.
Fitrat yurtiga qaytgach, Buxoro va Samarqanddagi qizgʻin adabiy jarayon, madaniy, maorif ishlariga va siyosiy harakatlarga faol aralashib ketdi. Jadidchilarning bir guruhi maorif-maʼrifat orqali xalq ahvolini yaxshilashga intilishsa, ikkinchi guruhi davlat tizimini isloh etish, qayta qurish orqaligina xalq va yurt ahvolini oʻnglash mumkin, degan siyosiy yoʻldan yurishga intildi. Shu maqsadda 1917 yil fevral inqilobidan keyin yosh buxoroliklarning inqilobiy partiyasi tuzildi. Markaziy Qoʻmita aʼzolari orasida Fitrat sarkotib sifatida va Fayzulla Xoʻjayev aʼzo sifatida ishtirok etishdi. Partiya Amirni islohga daʼvat etdi va u qogʻozda koʻp xayrli ishlar qilishga vaʼda berdi, amalda oʻz bilganidan qolmadi. Fitrat matbuot orqali ham oʻz gʻoyalarini targʻib etishga intildi. Samarqandda 1917 yil aprelidan “Hurriyat” gazetasi chiqa boshlagan edi, avval unga Mardonqul Shohmuhammadzoda, keyin 27–28-sonlariga Fitrat muharrirlik qildi. 1917 yil Oktyabr toʻntarishi munosabati bilan shu “Hurriyat” gazetasida Fitratning “Rusiyada yangi balo bosh koʻtardi – bolshevik balosi!” degan qaydi bosildi (oʻsha gazetaning 1917 yil 49-sonida).
Qoʻqon muxtoriyati tuzilganda (1917 y. noyabr) Fitrat Samarqandda edi. Shu yerdan unga vakil aʼzo qilib saylandi. Oʻzining “Hurriyat” gazetasida bu voqeani Fitrat yuraqdan quvvatlab maqola eʼlon qildi: “Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik. Qoʻlimiz bogʻlandi, tilimiz kesildi. Ogʻzimiz qoplandi. Yerimiz bosildi. Molimiz talandi, sharafimiz yemruldi. Nomusimiz gʻasb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. Toʻzimli turdik. Sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa boʻysundik. Butun borligʻimizni qoʻldan berdik. Yolgʻiz bir fikrni bermaduk, yoshuntirduk, imonlarimizga oʻrab saqladuk. Bu – Turkiston muxtoriyati.
Mahkama eshiklaridan yigʻlab qaytganda, yoruqsiz turmalarda yotganda, yirtqich jandarmaning tepkisi bilan yiqilgʻonda, yurtlarimiz yondurulgʻonda, dindoshlarimiz osulgʻonda ongimiz yoʻqoldi. Miyamiz buzuldi. Koʻzimiz yogʻdusiz qoldi. Biror narsani koʻrolmadik. Shul chogʻda tushkun ruhimizni koʻtarmak uchun, shul qop-qora dunyoning uzoq bir yeridin oydin bir yulduz yalqillab turar edi. Biror narsaga oʻtmagan koʻzimiz shuni koʻrar edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati!” (“Hurriyat”, 1917 yil 5 dekabr).
Fitrat 1921 yilda Buxoroga kelib davlat ishlarida faol ishtirok edi. Bir qancha masʼul vazifalarda ishlab, Buxoroning rivoji uchun qoʻlidan kelgan yordamini berdi. Ammo F.Xoʻjayev boshchiligidagi Buxoro hukumati rahbarlarining millatning taraqqiyoti uchun olib borayotgan keng koʻlamdagi yaxshi ishlari Maskovga yoqmadi. Maskov Buxoro hukumati tarkibi boy, savdogarlardan iborat boʻlib qolgan, degan aybni qoʻyib, hukumat aʼzoligidan besh kishini, jumladan Fitratni ham chiqaradi (1923 yil 12 iyun Plenumi). Fitrat Maskovga ketishga majbur boʻladi. U yerda Sharq tillari institutida ilmiy xodim boʻlib ishlaydi (1923–1924). Shu yillar unga professorlik unvoni berildi.
Fitrat Maskovdan qaytib kelgach, Buxoro, Samarqand, Toshkent universitetlarida dars berdi, Oʻzbekiston Davlat ilmiy-tadqiqot institutida til va adabiyot institutida, Oʻzbekiston Fanlar qoʻmitasida ishladi. Bu yillari u sheʼrlar, pyesalar bilan birga nihoyatda koʻp va teran ilmiy asarlar yozdi. Ammo Fitratning millatparvarligi bolsheviklar va Shoʻro hukumati rahbarlariga yoqmas edi. Uni A. Qodiriy, Choʻlpon, Botu, U. Nosirlar bilan birgaliqda millatchiliqda ayblash tobora avj oldi. Fitrat “Men oʻzbek millatchisi boʻlgan zamonlarda (millatparvari demoqchi. – S. M. ) har vaqt Shoʻro hukumatiga, kommunistik firqasiga xayrixoh boʻlib turdim”, deb yozgan edi. Afsuski, xalq ideali va baxt-saodati, haqiqat, adolat, maorif, fan, madaniyat va millat taqdiri uchun tunu kun mehnat qilgan bu ulugʻ zotni shu partiya, shu Shoʻrolar hukumati aksilinqilobchi, millatchi, “xalq dushmani” deb aybladi, 1937 yil aprelda hibsga oldi va 1938 yil 4 oktyabrda A. Qodiriy, Choʻlponlar bilan birga vahshiylarcha otib tashladi. Ularni otish haqidagi hukm bir kun keyin, yaʼni 1938 yil 5 oktyabrda chiqqan. 1957 yilda Sobiq Ittifoq Oliy sudining harbiy kollegiyasi 1938 yil 5 oktyabrdagi hukmni bekor qildi va Fitratni aybsiz deb topdi.
Fitrat koʻpqirrali va sermahsul ijodkordir. Bu – uning oz va soz lirikasi, koʻpqirrali dramaturgiyasi, jangovar publitsistikasi va katta hajmdagi chuqur ilmiy tadqiqotlaridir. Uning ijodiy ishlari va ijtimoiy faoliyati xalqni jaholat, turgʻunlik, gʻaflatdan uygʻotish, ilm-maʼrifatga chorlash, erkin, ozod, baxt-saodatli hayotga, birinchi navbatda milliy mustaqillikka chorlashga qaratilgan edi. U oʻzbekning oʻzligini tanishi, ota-bobolari kabi ulugʻvor kashfiyotlar qilishga, birlashgan, kuchli, qudratli davlat tuzishga va dunyoning ilgʻor madaniy mamlakatlariga yetib olishga chaqirdi. Butun ijodining mohiyati xalqning qalb qoʻzini ochishga va mehnat, yaratish, oʻqish, unish, kurashga daʼvatdan iboratdir. Uning ilk toʻplami “Sayha”ning kuchi Fayzulla Xoʻjayev taʼkidlaganidek, “Buxoro mustaqilligi gʻoyasi yorqin milliy shaklda birinchi bor ifodalab berilishida edi”. Vatanga muhabbat, xalqning gʻam-gʻussasiga achinish va zulmdan qutulishga undash tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |