ADABIY JANRLAR
Adabiy janr (fr. Genre –tur, jins) –adabiyot rivoji jarayonida yuzaga kelgan asarlarning tasvirlash yo’llari, kompozision qurilishi, bayon usullari, badiiy vositalar, hayotiy hodisalarni qamrash ko’lami va miqyosiga ko’ra ko’rinishlaridir. Adabiy janr muammosi shunchalik dolzarbki. “janr masalasini hisobga olmaslik, san’at nazariyasining haqiqiy falsafiy va sosiologik munosabatdan mahrum qilib, stilistik mayda-chuydalar bilan ovora bo’lishga olib keladi” (M.Baxtin. Voprosы literaturы i estetik. M., “Xudojestvennaya literatura”, 1975, str. 409).
Janrlar adabiy jarayon taraqqiyoti davomida turli –tuman o’zgarishlarga (jumladan, qadimgi epos ko’lamini ummonga qiyoslasak, hozirgi zamon eposi-minatyuradagi olamdir) uchragan, ixchamlashgan, boyib borgan. Ijtimoiy, ma’naviy taraqqiyotga mos holda ba’zi (masalan, mumtoz adabiyotimiz tarixida g’azal) yetakchilik qilgan, ba’zisi iste’moldan (masalan, XX asr o’zbek adabiyotida muammo) chiqib ketgan, ba’zilari (masalan, XX asr adabiyotimizda sonet, roman, tragediya kabi) paydo bo’lgan. Ayniqsa, epik turda ixchamlashish hamon davom etmoqda. Bu xususiyat epopeya, doston, roman, qissa janrlarida yaqqol ko’zga tashlanadi. “Janrlarning hajmi jihatidan bu tarzda ixchamlashishning muhim asoslari bor. Avvalo bu hodisa kishilarning turmush tarzidagi o’zgarishlar bilan bog’liqdir. Kishilarning vaqti yillar o’tgani sayin tig’izlashib boraveradi. Chunki ular o’z yashash sharoitlarini yaxshilash, qulaylashtirish uchun muttasil izlanishadi. Ularning ishi ko’payganidan ko’payib boraveradi. Kishilarning ehtiyoji ortgan sayin ularning vaqti qadrli bo’laveradi. Vaqt tanqis bo’lib borayotgan davrlarda esa odamlarga besh yuz, ming sahifali romanni o’qish malol keladi. Bunday hajmli asarni mutoala qilishga odamlar ulgura olmaydilar. Kishining tabiati esa shundayki, u agar biror-bir ishga ulgurishiga ko’zi yetsagina, o’shanga qo’l uradi. Bo’lmasa hafsala qilmaydi. Umuman, romanning hajmi jihatidan ixchamlashishiga kishilar hayotida vaqt qadrining oshgani sabab bo’ldi. Mashhur adib Onore de Balzak (1799-1850) o’z romanlarida qahramonlarining kiyim-kechaklari-yu uni qaysi tikuvchi tikkani , uning uyiga qanday borilishi, u joyning ko’rinishi manzarasini batafsil tasvirlagan bo’lsa XX asrning ikkinchi yarmida yaratilgan e’tiborli asarlarda bunday mayda-chuyda detallar, sahifa-sahifa tabiat manzaralari tasviri yo’q. Endilikda Stendal (1783-1842), Zolya (1840-1902) kabi adiblarning romanlari ham xuddi Balzak asarlari singari o’zining ko’pso’zligi bilan eskirdi. Roman janri o’zining ananaviy ko’pso’zligidan voz kechish evaziga ixchamlashdi. Bu o’zgarishi bilan u zamona kishilarining hayot tarzi ehtiyojiga moslashdi” (Abdulla Ulug’ov, 64-bet).
Lekin bari-bir bu o’zgarishlarga qaramay, janrlarning o’zgarmas qonunlari ham (masalan, g’azal aruzda yozilgan, a-a, b-a, v-a... tarzida qofiyalangan) saqlanib qolagan va ular hamon amaliyotda qo’llaniladi. Ammo janrlarning o’zgarmas qoidalarini birgina janr misolida o’rganish kutilgan natijani bermaydi, uni muayyan janrlar birligida o’rganish ma’quldir, ana shundagina badiiy tafakkurning tarixiy va aniq davriy xususiyatlari ham hisobga olingan bo’ladi. Darvoqye, yuqorida ta’kid qilganimizdek, sof adabiy tur bo’lmaganidek, sof adabiy janr ham bo’lmaydi. Bir janrning xususiyati ikkinchisida ham yashashi mumkin, faqat u yetakchilik, belgilovchilik xususiyatiga da’vogar bo’lmaydi.
Shu asoslarga ko’ra janrlarning o’xshash va farqli tomonlarini hisobga olgan holda, ularni turlarga ajratish va tur ichida o’ziga xos o’zgarmas qonuniyatlarini ochish asosliroqdir, zaruratdir.
Voqealarni hikoya qilishdek ustivorlik asosiga qurilgan barcha asarlarning jami- epik turni vujudga keltirgan. Shu sabab epos, doston, ballada, masal, ertak, hikoya, qissa, povest, roman, novella, poema, ocherk, felyeton, pamflet, esse, mif, rivoyat, afsona, sayohatnoma, muhabbatnoma, safarnoma, “xamsa”, hikmatli so’z, cho’pchak, marsiya, madhiya, matal, aforizm kabi janrlar eposning mulki sanaladi. Ularni bir necha guruhlarga ajratish mumkin:
Epos (yunoncha epos –co’z, nutq, hikoya)ning eng yirik janri epopeya(yunoncha epopoiia-rivoyatlar, qo’shiqlar majmuidir). “Epopeya xalqning faqat go’daklik davrlarida, uning hayoti hali ikki qarshi tomonga – poeziya va prozaga ajratilmagan chog’da, xalqning tarixi faqat afsona bo’lgan zamonda, dunyo haqida uning tushunchalari faqat diniy tasavvurlardan iborat bo’lganda, uning kuch-qudrati va toza faoliyati faqat qahramonlik g’alabalarida ko’ringan zamonlardagina paydo bo’lishi mumkin” (V.Belinskiy, 167-bet).
Eposda xalq, millat, qabila taqdirini hal qiladigan buyuk tarixiy voqyelar tasvirini topgani sabab, uning bosh qahramoni tarix sanaladi. Eposda voqea hukmron bo’ladi va u “tabiatning o’zginasi”tarzida, “taqdirning irodasi” bo’lib namoyon bo’ladi. Uni inson o’zgartira olmaydi, balki u insonni o’zining irodasiga bo’ysindiradi. Homerning “Iliada” va “Odessiya”si, hindlarning “Mahobhorat” va “Ramayana”si, qirg’izlarning “Manas”i, o’zbeklarning “Alpomish”i yuqoridagi mulohazalarning isbotidir.
Folklorshunos Bahodir Sarimsoqov ta’kid etganidek, tarixiy shaxsning bahodirliklari bilan bog’liq voqealar haqida yaratilgan turkum liro-epik qo’shiqlar asoslik vazifasini o’taydi. Keyinchalik shu qo’shiqlar o’zaro birikib, epik jihatdan to’lishib yagona epopeya shakliga ega bo’ladi, ya’ni qo’shiqdagi memorat(xotira) xiralashib, fabulat(epika)ga aylanadi.1
Biz bilgan “Alpomish” klassik epos shaklidadir. U bu shaklga kirguncha tarixiy qo’shiq – arxaik epos—xalqaro ideal(syujet)—klassik epos jarayoni bosqichlarini o’tishi lozim bo’lganligini B.Sarimsoqov isbotlaydi: “Birinchi bosqich-syujetning qadimgi shaklidan iborat bo’lib, biz uni shartli ravishda arxaik (eski) epos deb yuritamiz. Bu bosqichda qahramon urug’ yoki qabila boshlig’i bo’lib, o’z xatti-harakatida urug’ yoki qabila manfaatlarini himoya qiladi, uni dushmanlardan muhofazalaydi. Parchalanib ketshdan saqlaydi. U o’zga yurtlarda bahodirliklar ko’rsatib, o’z yorini olib keladi va oila qurish orqali ijtimoiy tuzumni izchillashtirishga intiladi. Shu bois, arxaik epos syujeti ixcham-bir qismdan iborat bo’ladi. Bunday syujetning esa xalqaro epik normalar miqyosiga ko’tarilishi qiyin. Chunki har bir urug’ yoki qabila o’zining mahalliy tarixiga, qismatiga ega va bu tarix yoki qismat o’zga etnoslar uchun qadrli bo’lmaydi”(135-bet).
Bu bosqichdagi syujetni ming yil bilan o’lchashdan ko’ra, yana shuncha yillar qo’shganda ham kamlik qilishini alohida ta’kidlash o’rinlidir.
Ikkinchi bosqichda urug’ va qabilaga xos bahodirlik ideallari-el-elat yoki xalq ideali darajasiga ko’tariladi, buni voqye qiladigan yangi syujet qo’shiladi: “Erning o’z xotinining to’yiga notanish qiyofada kelishi va jasoratlar ko’rsatib, oxir oqibatda o’z yoriga, qo’lidan ketgan hokimiyatiga erishishdan iborat syujet esa xalqaro miqyosda tarqalgan syujet hisoblanadi. Masalan, bu syujet Homerga nisbat beriladigan yunon eposlari “Iliada” va “Odessiya”da, o’zbek “Alpomish”ida, rus bilinasi “Dobrinya va Alyosha”da ham uchraydi” (138-bet).
Arxaik syujetga xalqaro miqyosdagi syujetning qo’shilishi va uning yaxlitlashuvi-parchalanib ketgan urug’ (el-elat)ni birlashtirish va xalq idealidagi adolatni qaytadan tiklash g’oyasini yuzaga chiqaradi; uning ta’sirchan ifodasi eposning umumbashariyligini ta’minlaydi; “Alpomish” klassik epos namunasiga aylanadi (mana shu holatga kelganiga ming yil bo’lganini ta’kidlash asoslidir); uning jahoniy mazmunidagi o’zbek milliy ruhining jozibasini barcha anglaydi, uning ulug’vorligi-yu go’zalligidan hamma xalqlar bahra topadi, saboq chiqaradi.
QASIDA
QASIDA (arab. - ko`zlamoq, niyat qilmoq) - Sharq mumtoz adabiyotidagi she`riy janrlardan biri. Q. biror shaxsning (ko`pincha hukmdorning) madhiga bag`ishlangan. Q. uchun ko`tarinki, tantanavor ohang xos. Hajmi 20 baytdan 200 baytgacha bo`lishi mumkin. G`azalga o`xshab qofiyalanadi (aa, ba, va, ...). Kompozitsiyasi g`azalga nisbatan murakkab bo`lib, nasib (yoki tashbib) deb ataluvchi lirik muqaddima, gurezgoh (qochish joyi; nasibdan asosiy qism - madhga o`tish vazifasini bajaruvchi bayt yoki baytlar), madh (maqtov) va mamduh (maqtalayotgan shaxs) haqidagi duo va matlabni o`z ichiga oluvchi xulosa qismlardan iborat. Q. mazmuniga ko`ra, Q.i. bahoriya, Q.i ishqiya, Q.i holiya (o`z ahvolidan shikoyat tarzida), Q.i hamriya (may b-n bog`liq tasvir), Q.i hazoniya (kuz tasviri), Q.i faxriya (shoirning o`z iste`dodidan faxrlanishi), Q.i hajviya tipida bo`lishi mumkin. 11- 12-asrlardan uning mazmun va mavzu doirasi kengayib, falsafiy, axloqiy, ijtimoiy Q.lar ham yozilgan. O`zbek mumtoz Q.lari arab va fors qasidachiligi zaminida yuzaga kelgan, uning ilk namunalari Devonu lug`otit turkda uchraydi. 15-a.da Sakkokiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Gadoiy, Amiriylar ijodida Q. o`zining yuqori bosqichiga ko`tarilgan. Keyingi davrda o`zbek adabiyotida Munis va b. shoirlar ham bu janrga murojaat qilganlar. Hozirgi o`zbek adabiyotida ham Q. janrida bir qancha asarlar yaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |