«AL-JOMI'» ASARIDA FIQH MASALALARI
Hadis ilmiga bag‘ishlangan asarlarda ahkom masalalarini o‘rganish hijriy ikkinchi asrning o‘rtalaridan, Imom Molik ibn Anas davridan boshlangan edi. Mana shu paytdan boshlab hadislarni tadvin etish (tartiblash) fiqhiy boblarga asoslanib amalga oshirilib, shu maqsadda muvattot tartibida asarlar paydo bo‘la boshladi. Masalan, al-Qoziy Iyod o‘zining «al-Mudorak» nomli asarida «birinchi bo‘lib «al-Muvatto» asarini yaratgan Abdullaziz ibn Abdulmalik ibn al-Majishun» deb yozgan edi.
Shundan so‘ng Imom Molik ibn Anas uning bu faoliyatini g‘oyatda ma'qullab o‘zi ham «al-Muvatto» asarini tasnif etdi. U o‘zi al-Madina al-munavvara va boshqa shaharlarda uchratgan ulamolardan yozib olgan hadislaridan tanlab olib bu asariga kiritdi. Muallif ushbu asariga kiritgan mazkur hadislarni sof manba deb hisoblab, hadis to‘plash maqsadida boshqa mamlakatlarga safar qilmadi. Yana shuni qayd etish kerakki, «al-Muvatto»ga nafaqat marfu' (ya'ni payg‘ambar allayhissalomga borib bog‘lanadigan) hadislar, balki madinalik sahobalar va tobe'iyn ulamolardan rivoyat qilingan hadislar ham kiritilgan. Shu bilan birga muallif fiqhiy masalalarda o‘z nuqtai-nazarini va mulohazalarini bildirgan edi. Yuqorida zikr qilganimiz al-Qoziy Iyod «al-Mudorak» asarida Molik ibn Anasning o‘z asari «al-Muvatto» haqida «Unda («al-Muvatto»da) Rasululloh hadislari, sahoba va tobe'iynlarning so‘zlari va o‘zimning fikr-mulohazalarim mujassam bo‘lgan», - degan so‘zlarini keltiradi.
Molik ibn Anas ushbu asarini yaratishga alohida e'tibor va o‘ta mas'uliyat bilan qaradi. Asarga tanlab kiritilgan hadislarning soni to‘rt ming hadisni tashkil etadi. Ko‘p olimlarning fikricha, bu asar islom dini ravnaqi uchun ham, musulmonlar uchun ham katta ahamiyatga molikdir. Muallifning turli masalalar bo‘yicha o‘z fikrini dadil bildirishi «Uyqudan namozga turilsa, albatta, tahorat olish zarur» degan fikrida namoyon bo‘ladi.
Hadislardagi fiqhiy masalalarni tadqiq etishda Molik ibn Anasga ergashgan ayrim mualliflar (masalan, Ibn Abu Shayba, Abdurrazoq ash-Shofi'y) ham shu yo‘sinda asarlar tasnif etdilar. Mana shu mualliflar asarlarini, shuningdek, ahl ar-rayning fiqhiy masalalardagi fikr-mulohazalarini har tomonlama chuqur o‘rgangan, tadqiq etgan Imom al-Buxoriy o‘zining «as-Saxiyh» asarida fiqhiy masalalarga alohida e'tibor berib uni batamom yuksak pog‘anaga ko‘tardi. Imom al-Buxoriydan keyin bu sohaga qo‘l urgan muhaddislardan biri uning shogirdi Imom at-Termiziy hisoblanadi. Bu paytga kelib hadislarda fiqhiy masalalarda qator asarlar yaratilgan va muayyan darajada taraqqiy etgan edi. Mana shunday holatda Imom at-Termiziy o‘zining shoh asari «al-Jomi'»da o‘ziga xos uslubni qo‘llaydi. Muallif fiqhiy masalalar va ahkomlarni o‘z abvoblari (boblari) mazmuni jumlasiga kiritadi. Fiqh ilmi olimlarining fikr-mulohazalarini keltirib turli-tuman mazhablardan ogoh qildi, ba'zi hollarda ulardan eng maqbuli va afzallarini ajratib ko‘rsatdi. O'z asarlarida ahl al-ilm nazdida qabul bo‘lgan hadislarga tayangan holda fikr yuritdi.
Fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy uslublarini umumlashtirgan holda quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:
- tarojumlarga e'timod qilish;
- bob mazmunida ulamo va roviylar fikrini hadislarda ifoda etish;
- g‘oyalar o‘rtasida afzallarini alohida ko‘rsatish;
- boblarni ulardan kelib chiqadigan ahkomlarga asosan turlarga bo‘lish.
Imom at-Termiziyning «al-Jomi'» asari bahsli masalalarni talqin qilishda yirik manba hisoblanadi. U ayniqsa qadimiy (qariyb unutilayozgan) ta'limotlarni o‘rganish masalasida tengi yo‘q asarlardan biri sifatida tan olingan. Masalan, Imom al-Avzo'iy, Iroqda yashagan mashhur imomlardan Sufyon as-Savriylarning mazhabiy ta'limotlari uzoq muddat amalda joriy bo‘lgan edi.
Ibn Rohvayh nomi bilan mashhur bo‘lgan xurosonlik olim Imom Ishoq Ibrohim al-Hanzaliy, movarounnahrlik alloma Abdulloh al-Muborak al-Marvaziy mazhablarini o‘rganishda ham Imom at-Termiziy asarining ahamiyati beqiyos edi. Bu asar nafaqat qator mazhabiy ta'limotlar, ayni vaqtda ulamolar o‘rtasidagi ixtilofiy masalalarni har tomonlama o‘rganishda ham alohida ahamiyatga molik edi. Shu bois bu asar haqida «Ixtilofli masalalar haqida bizgacha yetib kelgan eng qadimiy manba» deb alohida ta'kidlanadi. Imom at-Termiziy asarining o‘sha mazhab sohiblari va peshvolari yashagan davrga vaqt jihatdan yaqinligi asarga ishonchli manba sifatida qarashni taqozo etadi. Bu hol ayniqsa ilm ahllari va tadqiqotchilar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, asardagi naqllarda imkon boricha kamroq xatoga yo‘l qo‘yilib, keyin yozilgan asarlarga nisbatan unga afzallik beriladi.
Imom at-Termiziyning «al-Jomi'» asarida fiqhiy masalalar ham ifoda etilgan bo‘lib, ularni tadqiq etishda uchta muhim jihatga e'tibor berishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Birinchi masala - Imom at-Termiziyning fiqhiy yo‘nalishi.
Ikkinchi masala - u rivoyat qilgan hadislarda mazhabiy isnodlarning o‘rni.
Uchinchi masala - fiqhiy masalalar ifodasi.
Mana shu masalalarni batafsil ko‘rib chiqish at-Termiziyning fiqhiy masalalardagi qarashlarini to‘liq ifoda etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |