O'tkir Hoshimov ijodini va asarlarini bir qator adabiyotshunos olimlar, yosh tatqiqotchilar va talabalar o'z ilmiy ishlarida mavzu sifatida yoritib berishga harakat qilishgan, quyida mana shu ishlari bilan tanishtirib o'tamiz.
Shulardan biri Olimjon Duysenbayev u O'tkir Hoshimov asarlarida ona obrazi mavzusida nomzodlik dessertatsiyasini himoya qiladi. Bu nomzodlik dessertatsiyasida asosiy maqsad O'tkir Hoshimov asarlarida ona obrazining yoratilishidagi o'ziga xosliklarni o'rganish shu masalalarga daxldor adibning adabiy-estetik va obraz yaratish masalasiga doir nazariy prinsiplarini tahlil etish, umumlashtirishdan iborat. Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» romanlari, «Dunyoning ishlari» qissasi, qator hikoyalar, publitsistik maqolalar va qisman «Inson sadoqati» dramasi tadqiqot obyekti vazifasini bajardi. Oʻtkir Hoshimov mahoratini namoyon etuvchi kontekst, uslub hamda badiiy-estetik prinsiplar dissertatsion ishning predmetini tashkil etdi.
Nomdozlik ishining himoyaga olib chiqilgan asosiy holatlar
Himoyaga olib chiqilayotgan asosiy holatlar:
1. Ona obrazi badiiy talqinidagi milliy oʻziga xosliklar;
2. Insonning goʻdaklikdan boshlab butun umr davomida Ona haqidagi taassuroti real tushunchagina boʻlib qolmay, maʼlum maʼnoda, badiiylashgan tasavvur ekanligi;
3. Adibning Ona obrazi ruhiyatini ochishdagi mahorati, xarakter yaratishdagi individualligi;
4. Ona siymosini yaratishdagi badiiy tadrij;
5. Ona timsoli talqinida lirik ifoda va epik koʻlam uygʻunligi;
6. Obraz va milliylikning badiiy makon va zamon jihatdan oʻzaro aloqadorligi;
7. Janr talablarining obraz miqyoslariga koʻrsatuvchi taʼsiri.Ishda quyidagi masalalar yoritiladi:
Olimjon Duysenbayev o'z himoyasida quyidagi holatlarni ochib berishga harakat qildi
– Ona obrazi Oʻtkir Hoshimov ijodida alohida bir «qatlam», alohida bir miqyos, alohida bir konseptual markaz ekanini koʻrsatish;
– asarda, baʼzan, koʻzga koʻrinmas muallif obrazi shakllanishida tasvirlanayotgan Ona siymosiga munosabatdagi badiiy-falsafiy-milliy uygʻunlikning muhim oʻrin tutishini aniqlash;
– Ona mohiyatiga koʻra ijobiygina emas, muqaddas ekanidan qatʼiy nazar, badiiy asarda u barcha qahramonlar kabi – individium, alohida shaxs sifatida badiiy tasvirlanishini va shu tasvirdagi oʻziga xoslik, uslub, mahoratni ochish. Shunga koʻra, Ona obrazi yaratilishida katta yutuqlar qatori jiddiy muvaffaqiyatsizlik ham boʻlishi mumkin;
– boshqa tipdagi qahramonlar qatori Ona obrazi tasvirida ham muayyan xronotopga aloqador ravishdagi evrilish, tadrij, takomilni belgilash;
– uzoq boʻlmagan oʻtmishda ayrim gʻarb «olim»lari tomonidan: sharqda ayollar oyoq osti qilingan, degan fikrlarning gʻirt uydirma, noxolis boʻlganini Oʻtkir Hoshimov asarlarida tasvirlangan Ona obrazining tahlili orqali tasdiqlash;
– inson fazilatlari borasida idealning real asoslari hayotdagi aniq Onalar qiyofasida tajassum topishini ochish
SAID AHMAD. IJOD VA JASORAT
O‘zingga yaqin va kadrdon odam haqida biron gap aytish shunchalar qiyin bo‘lishini bilmas ekanman. Har kuni ko‘rishadigan, necha martalab gaplashadigan do‘stingning fazilatlari senga juda oddiy bir narsa bo‘lib qolarkan. U saxiymi, baxilmi, bag‘ri kengmi, fe’li tormi, do‘stiga vafodormi, birovning qayg‘usiga qayg‘udoshmi, negadir e’tibor bermas ekansan. Bu hammaga xos odat-da, deb qo‘yaqolarkansan.
Iste’dodli, allaqachon xalq mehriga sazovor bo‘lgan yozuvchi O‘tkir Hoshimov to‘g‘risida bir nima yozay, deb shuncha urinaman, qani biron satr yozolsam.
Bir donishmand agar azamat chinorni bo‘y-basti bilan ko‘ra-man, desang sal naridan turib qara, agar yonidan qarasang, uning faqat bir bo‘lagini ko‘rasan, uzoqdan qarasang butun salobati bilan ko‘rasan, degan ekan. Bu juda dono gap. Rassom ham yaratayotgan asarini necha martalab, orqaga bir-ikki qadam chekinib kuzatadi.
Men ham O‘tkirni sal naridan turib ko‘rmoqchi bo‘ldim... Ana shundan keyin mo‘‘jizaga o‘xshagan bir holatni sezdim. Men unchalik pisand qilmagan, ba’zan nazarimga ilmagan yozuvchi bola ko‘z oldimda yuksalib, chinakam san’atkorga aylandi.
Endi men uni bor bo‘yi bilan, jami fazilatlari bilan, o‘zbek adabiyoti rivojiga, mustaqil jumhuriyatimizning kamoliga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan aniq ko‘ra boshladim.
O‘tkir qanday kitoblar yozgani to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqcha. Ular o‘zbek va qardosh xalqlar mulkiga aylanib ketgan. Shundoq bo‘lsa ham bu iste’dodli adibning asarlarini tilga olmaslik insofdan bo‘lmas. «Bahor qaytmaydi», «Qalbingga quloq sol», «Nur borki, soya bor», «Dunyoning ishlari», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar», «Ikki karra ikki — besh» kabi qissa va romanlari, yuzdan ortiq dilbar hikoyalari, komediya va fojialari xalq orasida juda mashhur bo‘lib ketgan.
Totalitar tuzumning oqovasi bijg‘ib, oqib turgan bir paytda «O‘zbek ishi», «Davlat siri», «Do‘stlik hurmatdan boshlanadi» kabi o‘nlab maqolalarni yozish uchun katta jasorat kerak edi. O‘tkir har qanday zarbadan, hujumlardan qo‘rqmay, ba’zan, hatto hayotini xavf ostida qoldirib, xalq dilida tug‘yon urib turgan gaplarni ochiq-oshkora ayta oldi.
Moskva matbuoti tarqatayotgan tuhmat va haqoratlardan sabr kosasi toshgan O‘tkir Hoshimov sobiq Kompartiyaning XXVIII s’ezdi minbaridan turib baralla ovoz bilan ularni fosh qildi.
«O‘zbek ishi» degan gapni kim o‘ylab topdi? Nima uchun «arman ishi», «moldavan ishi» emasda, aynan «o‘zbek ishi»? O‘zbek nima yomonlik qildi? Qo‘shib yozishlar boshqa joyda yo‘qmi? «O‘zbek ishi» tufayli armiyadagi qanchadan qancha yigitlarimiz nobud bo‘lyapti. Temir tobutlar faqat Afg‘onistoidan emas, Sovet Ittifoqining turli chekkalaridan ham kelib turipti. Bizning farzandlarimizga «bosmachi», «qo‘shib yozuvchi», «poraxo‘r» deb qarashyapti va ochiqdan-ochiq o‘ldirishyapti. «O‘zbek ishi» degan haqoratli gapni o‘ylab topganlar hali tarix oldida javob beradilar».
Qarshisida oltin pogonli generallar, marshallar shop-shalopi bilan tikilib turgan bir paytda, ularning ko‘ziga qarab turib, shu gaplarni aytish uchun hech yengib bo‘lmas iroda, jasorat kerak edi. O‘tkir bu obro‘li shaxslar oldida esankiramadi, cho‘chimadi, xalq dardini bor ovozi bilan ayta oldi.
Ona xalqining dardiga hamdard, quvonchiga sherik bo‘la oladigan, har qanday mushkul sharoitda ham uni himoya qila oladigan ijodkorgina mehrga, izzat-hurmatga sazovor bo‘ladi.
«Sharq yulduzi» jumhuriyatimizda nashr qilinadigan adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy jurnallar ichida eng mashhur — ommaviy jurnaldir. O‘tkir shu jurnalning bosh muharriri sifatida aktiv faoliyat ko‘rsatdi.
Ulug‘ bobomiz Amir Temur shaxsiga toshlar otilayotgan bir paytda O‘tkir u haqda qator maqolalar e’lon qila boshladi. Hujumlardan, do‘q-po‘pisalardan cho‘chimagan bosh muharrir buyuk sarkarda faoliyatini izchil yoritishda davom etdi. Bir vaqtlar badnom qilingan «Temur tuzuklari», «Zafarnoma» «Kecha va kunduz» asarlari shu jurnalda e’lon qilindi. Jurnalda Qur’oni karimning o‘zbekcha tarjimasi osonlikcha bosilgani yo‘q. Bu savobli ishga shaxsan Yurtboshimizning o‘zi rahnamolik qilgani va jurnal tahririyati sa’y-harakati bilan Alloh Kalomi ikki yildan ortiq vaqt ichida nashr etilgani jiddiy voqea bo‘ldi.
Undan oldinroq esa O‘zbekiston televideniesida tashkil etilgan «Bahs» ko‘rsatuvini O‘tkir Hoshimov qariyb o‘n yil boshqardi. «Bahs»da hayotimizdagi ijtimoiy mavzulardan tashqari, oila va muhabbat masalalari keng va qamrovli yoritildi. Hammani qiziqtirgan masalalar unda dadil va hozirjavoblik bilan aytildi. Bu yerda ham O‘tkir Hoshimov kimgadir yoqmasligi mumkin, degan andishaga bormay, millionlab teletomoshabinlar dilidan tiliga chiqolmay turgan, chirsillagan gaplarni dadil ayta oldi.
Bu ko‘rsatuvlar O‘tkir Hoshimovga katta obro‘ keltirdi. Teleekran oldida o‘tirgan millionlab kishi uni adolat uchun kurashuvchi, jasur ijodkor deb baholadilar.
Agar siz uning kitoblarini diqqat bilan o‘qisangiz, ijodi xalq hayoti bilan naqadar hamohang ekaniga, sahifalar qatidan nechalab insonlar taqdiri bosh ko‘tarib chiqishiga guvoh bo‘lasiz. Uning yozganlari afsona ham, ertak ham emas. Sof haqiqat. Kitobxon unda yo otasi, yo akasi va yoki yaqin bir kishisi bilan uchrashadi. Ularning kurash va mehnatda o‘tgan tarixlariga ro‘baro‘ keladi.
Olamdan nom-nishonasiz o‘tib ketgan, ammo shon-sharaf bilan yashagan kishilar ko‘z oldimizda paydo bo‘ladi. Ularning quvonchlaridan ko‘ksimiz qalqib-qalqib ketadi, g‘amu anduhlaridan ko‘zlarimizdan yosh to‘kiladi.
«Ikki eshik orasi» romani qayta-qayta nashr qilinganiga qaramay kitob do‘konlarida turib qolmadi. Talash bo‘lib ketdi.
Romanda urush va urushdan keyingi yillardagi qishloq hayoti, urushning jami og‘irliklarini, mahrumliklarini azamat yelkasida ko‘targan, o‘zi yemay topganini jangchilar og‘ziga tutgan, fidoyi dehqonlar jasorati madh qilingan. Nikoh kechasining ertasiga kuyovini jangga jo‘natib kelinlik libosini ish kiyimiga almashtirgan chillali kelinlarning og‘ir, mashaqqatli mehnatlari, ota o‘rniga ketmon ko‘tarib dalaga chiqqan norasida go‘daklar, o‘g‘li o‘rniga yer chopgan bukchaygan chol-kampirlar ko‘z oldingizda paydo bo‘ladi. Siz ularning ovozini eshitasiz, saraton jaziramasida terlagan serajin yuzlarini ko‘rasiz.
(Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovga maktub)
Yayra Saʼdullayeva "Qog'ozdagi zilol chashma"
Inson mehr uchun yaralgan. Sadoqat va vafo, goʻzallikdan bahramand boʻlmoq uchun yaralgan. Yoʻlda duch kelgan toʻfonlarni yengmoq, umrning oriyatli sahifalarini toʻldirmoq uchun yaralgan. Kim qanday yashaydiyu el-yurtga qanday xizmat qiladi? Bu gʻoyat murakkab, ayni vaqtda ulugʻvor masʼuliyat.
Ana shu murakkablikning yechimini sizning ijodingizda bir umr koʻrib keldim, kelmoqdaman. Bir umr deganimga sira ajablanmang. Chunki sizning gazetada eʼlon qilingan birinchi hikoyangizu uning dilkash muhokamasi, qoʻsha-qoʻsha qissalaringizu romanlaringizning parvozlari koʻzim oʻngida boʻldi. Ustozlarning sizga boʻlgan hurmatlari, ishonchlari va sizni ehtiyot qilishlari koʻz oʻngimda boʻldi. Bu eʼzozlar sizning katta baxtingiz, katta masʼuliyatingiz edi. Siz buni qadr qildingiz, oqladingiz. Ustozlarning iliq soʻzlari, gohi roʻyirost aytgan tanqidiy fikrlari sizga faqat qanot berdi, ilhom berdi. Xalq oʻrtasidagi obroʻyingizga obroʻ qoʻshildi…
Kitob javonimdagi asarlaringiz hamon mening qadrdon doʻstlarim. Yoshligimni sogʻinsam, joʻshqin Oʻtkan kunlarimni eslasam, ularni qoʻlga olaman. Ular yoshligimdagi kabi mening sirdoshim, maslakdoshim, koʻngil yupanchim. Men qahramonlaringiz bilan hamon gaplashaman. Hamon ulardan yoʻl-yoʻriq olaman…
Yaqinda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ingizni qayta nashr etganini eshitib, uni koʻrmoqqa shoshildim. Kitob ichidagi bir-biridan asil, sermazmun gaplar kishini oʻylatadi, mulohazaga chorlaydi. Ularning koʻpi aksioma, demak, isbot talab qilmaydigan gap. Oʻzingiz aytmish, ularning har biri alohida asar.
Bir qatrangiz meni allanechuk holatga soldi. Toʻgʻrirogʻi, yuragimni ezib yubordi. Ehtimol, bu eskishaharlik boʻlganim uchundir. U bagʻri bu bagʻriga yetmagan, bolam-chaqam deb, ularga halol taom yediray, deb oʻzi choʻgirga aylangan kishilarni bolalikdan koʻp uchratganim uchundir. Uni oʻqib, anchagacha xayolga choʻmib qolganim shundandir. Mana oʻsha qatrangiz: “U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. Toʻrt qiz, uch oʻgʻilni oyoqqa turgʻazdi. Oʻgʻillarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi. Koʻz yumayotganida “Hammalaringizdan mingdan-ming roziman” dedi…
Qarashsa, kafanligi yoʻq ekan…”.
Bir kun Doʻrmonga, Yozuvchilar bogʻiga taklif etib qolishdi. Ustoz Ibrohim Rahim bilan yosh ijodkorlarning iliqqina suhbati boʻldi. Lekin mening esimda qolgani va hozirgacha saqlanayotgani ikki muhim gap boʻldi: “Vaqtning qadriga yetinglar” va “Yon daftar tutinglar”. Vaqtning qadriga qay darajada yetdim, bilmaymanu oʻsha kundan boshlab kundalik daftar tuta boshladim. Hamon shu odatimni tark etmaganman. Hamon kitob, gazeta-jurnallar yo radio, televizor orqali kerakli yo oʻta maʼqul fikrlarni uchratsam, unga yozib qoʻyaman. Bilmadim, bu kitobingizdagi qancha gaplarning tagi chizilganu qanchasi daftarimga koʻchirilganiykin?! Farzandlaringizga aytgan soʻzlaringiz barcha ota-onalarning soʻzlaridek jaranglaydi. Urushlar haqidagi fikrlaringiz, bugungi tinchlik kunlarimiz uchun shukronalikka chorlaydi. Sovet davrining mudhish “xislatlari” tasviri-chi?
Kitobchangiz shoir yo yozuvchi boʻlishni orzu qilgan, uning azobli yoʻllarini bosib oʻtishga shay turgan yosh qalamkash uchun darslik oʻrnini oʻtaydi. Chunki undagi har bir lavha ijod jarayonining u yoki bu tomonini aniq tasvirlab beradi. Ana endi nafaqat ular, balki til va adabiyot olamida mutaxassis boʻlaman degan muallim, boʻlajak adabiyotshunos va jurnalistlar undagi har bir gapni yon daftarlariga koʻchirib olaversinlar, mutolaa qilsinlar.
Yoki oddiygina “Chegara” qatrangizning taʼsir kuchini aytaymi? U bir qancha boblik roman javob berishi mumkin boʻlgan katta bir savolga javob beradi.
Eh, Oʻtkirjon, Oʻtkirjon! Baribir ustoz Said Ahmad akaning shogirdlarisiz-da. Ularga sadoqatingizni tabassumli tasvirlaringizda izhor etgansiz-qoʻygansiz. Ularni qayta-qayta oʻqisa ham toʻymaydi kishi. Menda shu holat yuz berdi: aylandim – oʻqidim, oʻrguldim – oʻqidim. Miriqib-miriqib kuldim. O, qancha yengil tortdim. Bugina emas. Shunday ajib ustozlarni qanchalik sogʻinganimni, qoʻmsaganimni ham his eta oldim.
Darvoqe, hurmatli yozuvchim, kitobingizda shunday satrlaringiz ham bor (uni ataylab oxirrogʻiga qoldirdim, chogʻi): “Daraxtning meva tugishiga shay turgan qanchadan-qancha gullarini sovugʻu shamollar uchirib ketgani kabi umrimning qanchadan-qancha onlari hasadgoʻylar yetkazgan jarohatlardan ogʻrinishu munofiqlar boshlagan fitnalardan iztirob chekish bilan besamar oʻtganiga oʻkinaman”. Oʻtkirjon, sira-sira oʻkinmang, achinmang. Chunki bu – yoʻldagi janglar. Sizni yiqitishga uringan-u, lekin yiqitolmagan, ruhingizni sindirishga uringan-u, ammo sindirolmagan janglar… Ehtimol, ana shunday odamlar oʻzlari sezmaganlari holda “men”ingizning qaddi-qomatli boʻlishiga va oʻzini yaqqol koʻrsata bilishiga xizmat qilgandirlar.
Shunday qilib… “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ni varaqlar ekanman, qulogʻimda ajib bir qoʻshiq jaranglardi. Bu inson va ona tuproqqa baxshida mehr qoʻshigʻi edi. Uni siz kuylardingiz. Ha, Oʻtkirjon, faqat bu asaringizdagina emas, balki har bir asaringizda qoʻshiq kuylaysiz. Oʻz ohangi, oʻz soʻzi va avji bor qoʻshiq. Bu qoʻshiqlar yuragingizning oppoq qogʻozga tushgan zilol chashmasidir.
Sharafiddinova M. Tasvirdagi oʻziga xoslik nomli maqolasida “Ikki eshik orasi” romani bilan Folknerning “Oʻlar chogʻimda” romanining qiyosiy tahlil qilib beradu Bu ikki asarni o'xshash jihatlari va yaqinligi haqida ko'plab ma'lumotlar keltirib o'tadi Bundam tashqari O'tkir Hoshimovning asarlari va ijodi haqida bir qator olimlar Ilmiy ishlar olib borishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |