Abduqayum Yo’ldoshevning “Puankare” asariga taqriz.
Abduqayum Yo’ldoshev o’z intervyularining birida “Kasb odamni emas, odam kasbni bezaydi” degan aqidani aytib o’tganlar. Bu ijodkorning hayotida ham , asarlarida ham ushbu aqidaga amal qilinganini yaqqol sezish mumkin. Yozuvchi o’z kasbini sevadi va o’z ishidan zavq oladi. Bevosita “Puankare” hikoyasidan ham buni anglab olish mumkin. Ushbu asarda o’z kasbi, xususan, matematikaga muhabbati kuchli bo’lgan olimning hayoti, o’y-xayollari , orzu-umidlari, farazlari aks etgan. Qisqa hikoyada ko’plab muammolarni ochib berish har qanday yozuvchining qo’lidan kelavermaydi. Yozuvchi Abduqayum Yo’ldoshev bu maqsadiga erishdi deb bilaman.
“Puankare “ hikoyasi qahramoni butun dunyo matematiklarini o’ylantirayotgan, yechimi topilmayotgan gipotezani yechish uchun bir necha yillar mehnat qiladi, javobini topishga , isbotlashga urinadi va buni deyarli uddalaydi ham. Lekin ming afsuslar bo’lsinkim, biroz kech qoladi. Kech qolishiga sabab esa mayda ro’zg’or tashvishlari, atrofidagi insonlarning eskicha qarashlari-yu, bo’lmag’ur urf- odatlardir. Xuddi mana shu o’rinda asarda xalqimiz tomonidan o’ylab topilgan, foydasidan zarari ko’p bo’lgan urf- odatlarning qoralanishini ko’rishimiz mumkin. Bunday urf-odatlar sababli qahramonimiz ham moddiy zarar ko’radi, ham vaqtini yo’qotadi. Buni ziyrak kitobxon darrov payqaydi. Urf –odat deyilganda xalqimiz ma’naviyatini yuksaltiruvchi milliy qadriyatlarimiz tushunilmasa maqsadga muvofiq bo’lar edi.
Hikoyani o’qish davomida yurtimizning ta’lim sohasidagi ayrim kamchiliklar yoritilganini ham bilib olishimiz mumkin. O’tgan asrda fanning rivojiga o’z hissasini qo’shishni xohlovchi yosh olimlarni qo’llab – quvvatlash yetarli darajada bo’lmagani yoki ayrim o’rinlarda talabalarning ilmga ishtiyoqlari pastligi ifodalangan bo’lib ,bu insonni ranjitadi.
Asarda olimning matematika bo’lgan muhabbati juda ishonarli tarzda ifodalangan. Inson o’zi qiziqqan mashg’ulot bilan shug’ullanganda, mana shunday quvonadi ; zavq oladi; barcha narsa ko’ziga chiroyli bo’lib ko’rinadi. Kimga yoqar lola, kim atirgul shaydosi deganlaridek, asar qahramoni uchun ham matematika hayotining mazmunidir. Hikoyani o’qish mobaynida “Chol va dengiz” asari bilan o’xshashlikni sezdim. “Puankare” qahramonida ham “Chol va dengiz”dagi chol kabi qat’iyat, umidni yo’qotmaslik, g’olib bo’lishga ishonch kam bo’lsa-da taslim bo’lmaslik fazilatlari bor. Bundan o’rnak olsa arziydi , albatta.
Kitob shunday bo’lishi kerakki, kitobxonning qalbida iz qoldirsin, dunyoqarashida oz bo’lsa-da ozgarish kiritsin, eslaganda xuddi kino lavhalaridek shuurida jonlansin, ma’naviy ozuqa bersin. Yozuvchi va shoirlarning qobiliyatli va fidoiylarigina buni uddalay olishadi. Chunki ular kitoblari ko’p o’qilishi uchun emas , o’quvchiga foyda berishi uchun ham ter to’kishadi.
Iqtibos: Vaqt,vaqt,vaqt…U bunchalar tez o’tadi? Qayoqqa bunchalar shoshadi? Bu qattol shiddat inson umrini tushga, ro’yoga aylantirib qo’ymaydimi? Uxlading –u , uyg’onding. Qisqagina davom etgan tushingda esa butun umringni ko’rding.
Haqiqatdan ham vaqt tez o’tadi. Uni quvib yetib bo’lmaydi. Yoshlik , sergaklik vaqtingda ilm olish , izlanish kerak. Asardan shunday xulosa qildim. Har qanday holda ham o’zing qiziqqan soha bo’yicha intilish, millimetrma millimetr bo’lsa-da, oldinga intilish zarur. Zero natijadan ko’ra , unga tomon eltgan yo’ldagi qadamlar zavqliroqdir.
Yusupova Muhabbat . 2021yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |