I bob bo'yicha xulosalar
Komil inson haqida yuqorida bayon etilgan fikrlarni o'zaro jamlasak,
quyidagi xulosalar kelib chiqadi:
- Komil inson – insonlarning eng mukammali, eng oqili va eng donosi.
- Komil inson Iloh bilan odamlar orasidagi vositachi, ilohiy amr, g'ayb asrorini oddiy odamlarga yetkazuvchi ulug' homiydir.
- Komil inson martabada Aqli kull (Aqli avval)ga teng. Alloh avval Aqli kullni, ya'ni Komil insonni yaratdi, keyin u tufayli boshqa maxluqotlar yaratildi.
- Komil inson ruhi azaldan ma'lum, u Tangri taolo yaratgan eng qudratli ruhdir.
- Komil inson shu sifatlari bilan mutloq ilohiy xislatlarni jamlagan kayhoniy mavjudlikdir, u agar oddiy inson suratida ko'rinsa ham, lekin ma'nan koinotni qamrab olgan hamisha bedor va hamma narsadan xabardor bir zotdir.
- Shu martabada u Allohning xalifasi bo'la oladi.
- Komil inson insonlar jamiyati ichidan yetishib chiqadigan mo''tabar zotdir. U azaldan martabasi aniq bo'lgan ruh emas, balki axloqiy-ma'naviy poklanish jarayonida kamolga erishgandir.
- Shuning uchun har bir pok axloqli, ilohsevar shaxs komillikka intilishi va bu yo'lda nasiba olishi mumkin.
- Komillikning oliy belgisi Haq yo'lidan borib xalqqa foyda keltirishdir. Kishi o'z so'zi, amaliy ishlari, niyati bilan qanchalik odamlarga naf keltirsa, yomonlarni to'g'ri yo'lga solsa, Haq yo'lida fido bo'lsa, u shuncha komildir. komil inson haqidagi g'oyalar katta ijtimoiy-axloqiy ahamiyatga ega bo'ldi, insonni sharafli, ezgulik va Buyuk Xayr ruhida tarbiyalash, mehru muhabbat, vafo va sadoqatni kuchaytirishga xizmat qildi. Har zamon, har lahza insonlarga ularning insonligini eslatib, yovuz, qabih ishlar, nojo'ya qiliqlardan saqlanishga ko'maklashadi, iymon va vijdon binosining poydor bo'lishini ta'minlaydi.26
II. BOB. SHARQ TASAVVUFSHUNOSLIGIDA TASAVVUF ANTROPOLOGIYASINING O’RGANILISHI.
2.1. Kaloboniy va Ibn al-Arabiyning tasavvuf va inson mohiyati haqida qarashlari.
Zamonasining “Toj-ul Islom” (تاج الإسلام) (“Islom toji”), “Shayx-ul Olam” (شيخ العالم) (“Olam Shayxi”), kabi yuksak unvonlarga sazovor bo'lgan buyuk mutasavvuf Shayx Abu Bakr Muhammad ibn Abu Ishoq Ibn Ibrohim ibn Ya'qub al-Kalobodiy al-Buxoriy insoniyat tafakkur taraqqiyotida boy ilmiy meros qoldirdi. Uning bizgacha yetib kelgan “At-ta'arruf li mazhabi ahli-t-tasavvuf” (التعرف لمذهب أهل التصوف) (“Tasavvuf ahli mazhabi bilan tanishish”), “Bahr-ul favoid fi ma'onil axbor” (بحر الفوائد فى معان الأخبار) (“Xabarlarning ma'nolaridagi foydalar ummoni”) kitoblari ko’plab olimlarimiz tomonidan tadbiq etilmoqda.
Abu Bakr Kalobodiy “At-ta'arruf li mazhabi ahli-t-tasavvuf” asarida tasavvuf tarixi, ta'limoti va uning tariqatlari, so'fiylarning siyratlari, sir-asrorlari, ishorat, muomalot ilmlari to'g'risidagi tushuncha, fikr va g'oyalarni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilgan.Ikkinchi asari “Bahrul favoid fi ma'onil axbor” kitobida esa inson odob-axloqiga doir hadislarni sharhlagan.Bugungi kunda “At-ta'arruf li mazhabi ahli-t-tasavvuf”27 kitobining qo'lyozma nusxalaridan biri O'zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 3154-V raqami ostida saqlanmoqda.
Abu Bakr Kalobodiy ushbu asarida tasavvuf ahli tariqatlarini ko'rsatib berish, kishilar uchun shubhali bo'lib tuyulgan qarashlarni izohlab berish, so'fiylik islomning insonparvarlik g'oyalariga tayanishini isbotlash, shuningdek tasavvufning sofligini saqlash va chin so'fiylar haqida haqiqatni bayon etish maqsadida yozishga majbur etganligini qayd etadi.
U inson mohiyatini ochib berishda tasavvuf ta'limotining insonparvar ta'limot ekanligini, inson tafakkuri, dunyoqarashini kengaytiradigan uni kamolotga erishtiradigan omil ekanligiga urg’u beradi.Insonni tasavvuf orqali hur fikrlilikka, beozorlikka chorlovchi kuch ekanligini ilmiy asoslagan. Uning e’tiroficha: “Qur'onning nozil bo'lishida haqiqatga guvoh bo'lgan kishida, borliqning boshlanishidan va yo'q bo'lishidan dalil; Alloh uchun, Allohdan, va Alloh bilan va Allohgadir va Haq o'z-o'zida mavjud. U hech narsaga muhtoj emas, uning ibtidosi ham intihosi ham yo'q, chunki U mutlaqdir”28. Ya'ni, Olamdagi barcha narsalar Allohning mulkidir, hatto inson ham.Va barcha mulklar Allohga qaytishi va barcha narsalarning vujudi Alloh bilan deb hisoblaydi. Asarda vujud haqida fikr yuritib: “ Ularning nafslari vujudga kelgandan so'ng ko'rindilar. Ya'ni, ular Alloh ilmida ma'lum edilar lekin hali yaratilgan emasdilar, shakllari ham yo'q edi. Ularni yaratgach vujudlari ko'rindi”29,-deb tushuntiradi.
Abu Bakr Kalobodiyning g'oyasi barcha ontologik (borliq to'g'risida) gnoseologik (bilish nazariyasi) muammolarini axloqiy g'oyaning shaxs komilligiga bo'ysungan bo’lib, insonning xorlik va yovuzlikdan ozod bo'lishiga yetaklagan. Inson dunyoda faqat mavjud bo'lib qolmasdan, balki u o'z-o'zini anglaydi, o'zi yashayotgan dunyoni biladi va unga ta'sir qiladi; dunyoni va o'zini o'zlashtirib, o'zgartirib boradi; ma'naviy ijodiyotda ishtirok etadi. Inson bunda, avvalo o'z borlig'ini bilish uchun, o'z borlig'i uchun qayg'uradi. U bir butun borliq tizimida o'zining ziddiyatli rolini anglab olishi, o'z borlig'i va dunyo borlig'i oldida o'z mas'uliyati, javobgarligini sezishi, his qilishi muhimdir30.
Abu Bakr Kalobodiy inson yaratilishida Alloh avval ruhni yaratib, keyin insonni barpo etilganligi va Allohning “bo'l” degan so'ziga binoan hayot yaraldi,ruh esa hayot berguvchining sifati bo’lib, hayot berishni Haqning o'zidan boshqa kishi bilmasligini ta'kidlaydi. Uning tushuntirishicha, Inson – ilohiy xilqat. U o'z xilqatiga yaqinlashgan sari undan “narsalarning yaxshi yoki yomon deb ajratish xususiyati” ketadi va O'zligidan foniy bo'lgan kishi nazdida Haqdan o'zganing surati bo'lmaydi. U “vahdatul vujud” ya'ni barcha narsa bir narsadan (ya'ni Xudodan) deb biladi va unda insonlarning, mazhablarning, dinlarning yaxshi yoki yomoni farqiga borish tushunchasi yo'qoladi.
Mutasavvifning qarashlarida inson o'zini qurshab olgan atrof muhit to'g'risida bilim va tasavvurga ega bo'lmay turib, faoliyatning biron-bir turi bilan shug'ullana olmaydi. Inson bilim orqali tajriba hosil qilib, uning jamiyatga ta'siri, tabiat hodisalarini o'zgartirishi, yangi narsalar, jamiyatning yashashi uchun zaruriy shart sharoitlar yaratishi mumkin.Tasavvuf ta'limotiga ko’ra, “irfon” bilish, bilib olish, qaytadan tanish, tushunish va bilim ma'nolarida qo'llaniladi. Irfon- diniy-falsafiy tushuncha bo'lib, so'fiyning zavqu shavq, shuhud vositasida “Oliy haqiqat” Xudo va uning mohiyatini his etishdir31.
Boshqa bir tasavvufchi olim E. Tabariyning fikricha, “Irfon inson o'z nafsini poklash, riyozat chekish, sig'inish, zikr qilish, xilvatda o'tirish va jazbaga berilish bilan sayru suluk bosqichlaridan o'tib, Haq va tabiat ortidagi kuchlar bilan aloqa o'rnatish va shu yo'sinda uning qalbi ilhom va ishroq manbaiga aylangandan keyin qat'iy va shubhasiz haqiqatga erishishidan iboratdir”32-deb ta'kidlaydi..
Abu Bakr Kalobodiy nazdida aql “maxluq”, ya'ni yaratilgan. Inson jamiyat orasida bo'lganligi sababli ham aqlga ega bo'ladi. Aql muayyan davr ichida tajribalar, ko'nikmalar va vositalar orqali shakllanadi. Agar unda ko'rish, eshitish, his qilish va boshqa sezgilar bo'lmaganda, aql ham mavjud bo'lmas edi. Abu Bakr Kalobodiy nazariyasida aql dunyoviy bilimlar, dalil bilan isbotlanishi mumkin bo'lgan bilimlarga yaraydi, g'ayb ilmini idrok etishga esa aql ojiz. “Aql” vositasida insonning dunyodagi o'z o'rni va rolini anglab borishi, o'zining atrof-muhit, tabiat va jamiyatga munosabatini belgilashi, o'z ongining tabiati va mohiyatini tushunishga urinib kelishiga erishish mumkin. Mutasavvif nazarida aql zaif yoki kuchli bo'lishi mumkin, biroq Xudoni tanishlikda nuqsonli bo'lgan narsa nuqsonsiz bo'lgan zotni bilishi mumkin emas33.
Abu Bakr Kalobodiy inson o'z yaratuvchisini bilishining quyidagi ikki yo'lini ko'rsatgan:
ta'arruf (tanishtirish) – ya'ni, Alloh bandalariga o'z nafsini tanitish yo'li bilan tanishtirishi.
ta'rif(tanishish) – ya'ni, Alloh bandalariga, dunyodagi o'z qudratining izlarini ko'rsatib, ularning yaratuvchisi bor degan dalolatini bilish.34
Abu Bakr Kalobodiyning ma'rifiy qarashlariga ko’ra “inson muomalot ilmi (ya'ni, shariat ahkomlari, ilmi namoz, ro'za, va boshqa farzlar, muomala ilmi, taloq, nikoh, oldi-sotdi, fiqh ilmi,hamda hayot tashvishlariga oid narsalar), meros ilmi (ya'ni, hol ilmi, pirlardan meros qolmaydi faqat ruhiy ma'naviy quvvat meros sifatida qolishi), farosat ilmi (sobitqadamlik, o'tkirfahmlik), iqtisob ilmi (kasbga ega bo'lish), kalom ilmi (falsafa Qur'on ilmi nazarda tutilgan), kabi diniy va dunyoviy bilimlarni egallashi lozim”35-deb ta'kidlaydi. U “Kimki o'zining bilgan ilmiga amal qilsa, Alloh unga bilmagan ilmini beradi”36 -degan hadisni misol qilib, kishilarda ilmga rag'bat uyg'otishdek g'oyani ilgari suradi. Zero, kishi ilm bilan o'z oldiga qo'ygan maqsadlariga erishadi. Bunda avvalo ilmga amal qilishlik, ilm o'rganishdan maqsad qandaydir moddiy manfaatlarni qondirish yoki shaxsiy g'arazlarga erishish emas, balki ma'naviy ehtiyojni qondirishdir. Inson o’z ko'ngil oyinasini har qanday g'uborlardan pok saqlasa haqiqatda Alloh o'zining jamol va jalol sifatlari bilan unda tajalli etadi deb hisoblaydi.
Abu Bakr Kalobodiy ilmlar borasidagi qarashlarida inson “nafs” ofatlari ilmi, uning mohiyati insonning moddiy o'zligi “men” ligi ekanligi, dushmanning hiylalarini biladigan, dunyo fitnasidan boxabar bo'lmog'ini va fisqu-fasoddan ozod bo'lish yo'lini biladigan bo'lishi kerakligini aytadi.37
Abu Bakr Kalobodiy tasavvuf ilmlarini tahlil qilib uni quyidagicha ta'riflaydi:
1.Insonga xos bo'lgan tabiiy yomon axloqlardan ajralish,
2.Insoniy sifatlarni so'ndirish.
3.Nafsoniy istaklardan voz kechish.
4.Ilohiy sifatlarga intilish va haqiqat ilmlarini egallash.
5.Oxirat uchun yaxshi amalar qilish.
6.Haqiqat yo'lida Allohga yaqin bo'lish va payg'ambar yo'lini tutib, unga ergashishlik.38
Abu Bakr Kalobodiy nazariyasi bo'yicha ma'naviy yuksalishning yana bir omili “Simo'” (eshitish) borasida ham o'z fikrlarini bildirgan. “Simo’ – vaqtning charchog’idan rohat beruvchi, hol arboblariga dam beruvchi va mashg’ul kishilarga ichki dunyolarini boyituvchi omildir. Uning ixtiyor qilinishining sababi, inson tabiati undan rohatlanadi”39- deb yozgan.
Abu Bakr Kalobodiy insonlarni quyidagi turlar bo’yicha ta'riflaydi:
1. Xoslangan inson –ya'ni o'z zohirida chiroyli amallar va chiroyli zikrlar bilan bezangan, qalb ko'zi ochiq kishilar.
2. Mardud inson- ya'ni qalb ko'zi ko'r, sirlardan to'sib qo'yilgan, xoslik alomati yo'q, iymon lazzatini tatib ko'rmagan odamlar.
Abu Bakr Kalobodiyni qiziqtirgan yirik mavzularni olib tahlil qilishda, uning hikmatli so’zlari tahsinga loyiq. “Agar kishi zarracha yaxshilik qilsa, uning qalbiga savob tushib, qalbi shodlanadi va Allohning jamolini, go'zalligini mushohada etadi”40-deydi. Mutasavvif, insonga xos bo'lgan xususiyatlardan biri- bu boshiga og'ir kun tushganda toqatsizlanishini va mazkur holatni insonning Xudoning qahriga uchrashi emas, balki Haqning muhabbatiga yo'liqishi deb tushuntiradi. Bunda inson o'zini Allohning nazarida va sinovida ekanini anglashi lozim.
Yuqoridagilardan tushuniladiki, inson bu foniy dunyoga do'stlik va muhabbat uchun kelgan. Buning ma'no mohiyatini anglamasa. Hech bir narsaning sir va haqiqatini to'g'ri tushuna olmaydi. O'zicha jahlga qul bo'lib, g'aflatga yon berib, muhabbat va do'stlikdan yuz burishi mumkin. Shuningdek, uning ilmiy merosida nafs tarbiyasi, insonning dunyo moliga hirs qo'ymasligi, nafs balosiga yo'liqmasligi, dunyoning foniyligini (yo'q bo'ladigan narsa) ekanligini anglash va faqat Haq (Mavjud) abadiy ekanligini bilish, oxirat uyini obod qilmoqlik esa insonlarning ikki dunyo saodatiga erishuvida mudom haq yo'lni tanlash kabi ma’naviy ozuqalar bilan boyitilgan. Mutasavvif “At-ta'arruf” asarida inson avvalo o'zini tanishi, odamlar orasida o'zining oddiy hayot tarzini shakllantirib, boshqalar bilan ahillikda yashashga intilishi lozim ekanligi uqtirilgan.
Tasavvuf ilmida "komil inson"tushunchasini birinchi marta Muhyiddin Ibn al-Arabiy41 (1165—1240) kiritilgan. Ibn al-Arabiy islom tarixida "falsafiy irfon tizimi" yoki "irfoniy falsafa" yoki "ilohiy irfoniy hikmat"ning eng buyuk asoschisi va u barcha davrlarda irfon sohasida eng buyuk mutafakkir deb hisoblanadi. Islom dunyosida bu kunga qadar uning tafakkuri ta'siri ostida bo'lmagan hech mutafakkir orif-mizoj faylasuf topilmaydi.42 Doktor Z.Safo aytishicha, "uning tafakkur uslubi boshqa so'fiylar bilan ko'p farq qilardi. U barcha so'fiylarga nisbatan ko‘proq tasavvufga ilmiy shakl berdi. U turli fanlar olimi edi. Shu sababli irfoniy so'zlarni falsafiy ta'birlar bilan qo'shib, irfon va ishroqiy hikmat (ilohiy hikmat)ni birlashtirdi va "vahdati vujud" masalasini aqliy qoidalar, ilmiy usul, istidlol bilan izohlab berdi. Shu yo'sinda o'sha zamongacha o'z sodda shakli bilan “vajd”, “hol”, “zavq”, she'r va amal bilan qo'shilib kelgan tasavvuf, nazariy uslubga ega bo'lib, ta'lim berishi mumkin bo'lgan ilmiy shaklga ega bo'ldi, ya'ni tavjihiy (izohlanuvchi) yo falsafiy tasavvuf deb atalishi mumkin bo'lgan “irfon” qiyofasini oldi. Shundan keyin tasavvuf “hol”dan bir miqdor “qol”ga o'tib boshqa fanlar qatorida dars berila boshladi.43
Ibnul-Arabiy hayot chog'ida va vafotidan keyin "bir kishi ruhining boshqa bir kishiga o'tishi haqidagi e'tiqod" va dinsizlik bilan ayblangan44. Ibn al-Arabiy fikricha, komil inson —bu aqli avval yoki nafsi avval, aqli kull tushunchalari bilan ma'nodoshdir. Chunki Tangri taolo ilohiy nurdan ilk marta Aqli avvalni yaratdi va uning suratu shaklini Komil Inson qiyofasida baxsh etdi. Xususan, komil insonning birinchi timsoli hazrat Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam sanaladi. U zot vujudlarida aqliy, ruhiy kamolot, dunyoviy va ilohiy bilimlar jamuljam edi.
Mutassavifning fikricha, Xudo haqida aql tili bilan gapirish mumkin, lekin aql kuchi bilan Uni bilish mumkin emas. Ma‘lumki, aql isbotni talab qiladi, dalil -tajriba bilan ish ko'radi. Xudoning borligi, zotu sifatlarini dalil orqali isbotlash mushkul. Ibn al-Arabiy aytadiki, "Ma'rifat Haq tomonidan yuboriladi. Bu mening fikrim emas, balki ilohiy ilhomdir". Alloh bilan xilvatda qolgan mard insonda shunday holat yuz beradiki, unda ilmlardan ilhom paydo bo'lib, Uning rahmati bilan yuksaladi. Bu — avliyolarga yuboriladigan laduniy bilimdir. Ibn al-Arabiy inson bilimlarini uchga bo'lgan: birinchisi-aqliy-hissiy bilimlar, ikkinchisi — hol ilmi (holat, mahol ilmi). Uchinchisi — sirru asror ilmi. Birinchi ilm zohiriy fanlar bilan shug'ullanadigan kishilar ilmi bo'lsa, ikkinchi ilm hol martabasiga ko'tarilgan so'fiylar ilmi hisoblanadi, ya'ni vajd holatida kashf etilgan ilm. Uchinchi ilm — avliyolar ilmi. Bu ilm muqaddas ruhlar orqali keladi, shu'la — nur ko'rinishida qalbga kiradi. Ibn al-Arabiy har bir fiqhiy va kalomiy masalani irfon falsafasi
mezonlari asosida o‘lchaydi, qaysi masalada bo‘lmasin, inson tafakkuri va ichki hissiy qobiliyatlarining yuksakligini namoyish etishga harakat qiladi.45
Sayyid Abdulkarim Geloniy fikriga ko'ra, har bir inson ikkinchisining o'rnini bosadigan nusxadir va bir-birining qarshisida turgan ko'zgu kabidir. Bitta odamdagi xislat va sifat ikkinchisida aks etib turadi. Ammo farqi shundaki, bu akslanish ba'zilarda fe'l-harakat bo'yicha bo'lsa, ba'zilarda quvva, ya'ni xislat-xususiyatlar bilan namoyon bo'ladi.46
Shuningdek, kamolotda o'zga odamlardan keskin farqlanib turuvchi anbiyo va avliyolarning o‘z darajalari bor: biri-komil, ikkinchisi- akmal, uchinchisi-fozil, to‘rtinchisi- afzal, oxirgisi esa afzal-u akmal kishilar hisoblanadi. Ibn al-Arabiy qarashlariga ko‘ra, Komil inson - bu kayhoniy vujud bo‘lib, uning sifatlari yerdagi foniy odamlar sifatiga, aniq shaxslar xislatiga o'xshamaydi. Komil inson olamlarni egallagan, olamlarga, barcha jonzotlar va insonlarga ta'sir eta oladigan, insoniyatni boshqaradigan bir Buyuk ruhdir, Ma'naviy — Aqliy qudratdir. Uning e‘tiroficha, barcha odamlarga nisbatan Qur'oni karimda insonga berilgan ta'riflar "Odam bolalarini mukarram qilib yaratdik" va "Insonni chiroyli qomatda yaratdik" oyatlarini qo'llab bo'lmaydi.
Aytib o'tganimizdek, Vahdati vujud nazariyasiga binoan borlik dunyosi, jonsiz va harakatsiz qattiq jismlar, o'simliklar, hayvonlar,hatto suyuqliklar ham, osmonlar va falakiyotgacha hammasi bir vujud hisoblanadi.Ularning eng yuksak, eng kuchli va eng shiddatli martabasida Tangrining vujudi turadi47. Boshqa mavjudot birinchi mabda (boshlang'ich nuqta)ga nisbatan yaqin va uzoq bo'lgani nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanib, ba'zilari kuchli va ba'zilari esa zaif va kuchsiz bo'ladi.Shunga ko‘ra, vujudning ikki tomoni bor: bir tomoni «vojib ul vujud» ya'ni o'z-o'zidan mavjud bo'lib, ikkinchi tomoni esa «hayulo» ya'ni shakllanmagan modda yoki undan kuchsizroq narsa bo'lmagan eng zaif mavjudot hisoblanadi. Ibn al-Arabiy ta’limotidagi “Vojib al-vujud” tushunchasi “Vujud” kategoriyasi kabi Sharq aristotelizmi namoyandalari – Forobiy, Ibn Sino va Xayyom falsafasidagi “Vojib ul-vujud” kategoriyasi bilan ma’nodosh, ammo ko‘proq diniy-irfoniy ma’no va mazmun kasb etgan.48
Ibn al-Arabiyning tasavvufiy asarlaridan biri “Fusus ul-hikam” asari muqaddima qismi bir necha fasllarga (qismlarga) bo’lingan. Birinchi fasl- “vujud” xususida bo’lib, uning tilimizdagi muqobili “borlik’ va lug’aviy ma’nosi “ mavjud bo’lmoq’ dir deb ta’kidlaydi. Kitobiy lug’atlarda “jism va tana” ma’nosida majoziy ma’noda ishlatiladi. Tasavvufiy istilohlarda esa “ zul-vujud borlik” dan iborat.49
Asarda e’tirof etilishicha, Inson hayoti davomida kulgu va yig’iga ko’p duch keladi. Insonlar kulmasa ham, yig’lamasa ham bu imkon unda potensial mavjud .Bu holatlar U Zotning ta’siri bilan sodir bo’lmaydi. Uning bu holatga tushishi insonning irodasi bilan belgilanadi. Chunki inson kulish yoki yig’lashga tayyorgarlik ko’rmaydi-ku. Shuningdek, insondagi bu emotsiyalar bir xil mazmun kasb etmaydi50.
Ibn al-Arabiy fikricha, insonning isti’dodi va qobilyati uning egalik qilishi mumkin bo’lgan g’ayri majburiyatdir. U tug’ilishi bilan buni birdan o’zlashtira olmaydi, chunki bunga uning tanasi hali mos emas. Ma’lum bir vaqtdan keyin, iste’dod va qobilyat shakllanishi mumkin. Bu o’z-o’zidan sodir bo’lib qolmay, balki evolyutsiya natijasida vujudga keladi. Boshqacha aytganda, ruhning ko’rinishi, kamoloti jismning kamoloti bilan aloqadordir. Aks holda ruhning kamoloti orqada qoladi. Masalan, asbob yoki qurolning kelib chiqishi insonning nechi asrlik iste’dodi va qobilyati namunasidir. Agar u toshligicha qolaversa, uni ishlatib bo’lmas edi. Chunki tosh jonsiz jismdir.51
Asarning o’n ikkinchi fasli-komil insonga bag’ishlanadi. Unda, insonning maqsadi, avvalo komil insoniylikka intilishidir. Uning kamoli faqat Uning ilmi bilan emas, balki U Zotning ilohiyning barcha ismlari va sifatlari uning hukmi bilan o’zida namoyon bo’lmoqligidir. Olamsiz va Odamsiz Allohni ko’rmoq mumkin emas. Bunda komil insonda “zot”, “sifat”, ”ism” va “fe’l” mavjuddir, bu tananing yettinchi darajasi bo'lib, tanazzuli va kamoli komil inson vujudida o’z yakuni topadi. Chunki Haq Taolo komil inson bilan ko’radi, eshitadi va biladi. Haqning g’azabi- komil insonning g’azabi, balki buning aksi komil insonning g’azabi Haq Taoloning g’azabi hamdir. Odam deyilganda komil insonni tushunishimiz kerak.52
Ibn al-Arabiyning panteizmi, ya’ni, vahdat ul-vujudi to‘rt
bosqichda talqin etiladi:
1. Haq taolo Yagona va Mutlaq Vujuddir.
2. Haq taolodan o‘zga narsalar aslida mavjud emas. Ya’ni,
olam, undagi mavjudotlar va ashyolar, insoniyat olami va hokazoni
mavjudlik deb bo‘lmaydi. Chunki ularning mavjudligi Mutlaq
Vujudning mavjudligiga bog‘liq.
3. Olamdagi barcha mavjudotlar, jumladan, insoniyat
olamining borlig‘i ham aslida Haq taoloning borlig‘idir.
4. Olam va undagi mavjudotlar aslida hech qanday borliq
bo‘lolmaydi, chunki ular Haq taoloning tajalliysi (emanatsiyasi)
natijasida yuzaga kelganlar.53
Do'stlaringiz bilan baham: |