O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
51
Homid ila birgalashib kirgan mirshabni qo‘rboshi tashqarig‘a chiqmoqg‘a buyurdi-da,
Homidni o‘lturishka imladi.
Qo‘rboshi nimanidir so‘zlamoqchi bo‘lsa ham, negadir uning tili osonlik bilan
harakatka kelmas va o‘zi ham bir turlik o‘ngg‘aysizliqda edi. Nihoyat qo‘rboshi o‘ziga bir
turlik jasorat berdi:
— Bobolar: «Dunyoniki miri kam ikki»
deganlar, — dedi, — to‘g‘risi ham shundog‘:
o‘zingni yuz yoqg‘a ursang ham tiriklikning yana bir boshqa yamog‘i chiqib turadir...
Tuyg‘un Homid qo‘rboshining nima maqsadi borlig‘ini payqadi:
— To‘g‘ri so‘zlaysiz, taqsir, — dedi, — dunyoniki hamisha mirikam ikki, shu
yetishmaslik balosidan to‘yib, ba’zi vaqtlarda kishining dunyodan chiqib ketkusi kelib
qoladir. Yaxshikim,
dunyoda oshna, og‘ayni degan kimsalar bor... Agar shular bo‘lmasa-
chi, kishi allaqachon dunyodan chiqib ketadir. Shuning uchun men og‘aynilarni ko‘zlarim
ustida tutaman, ularni muhtojliq chog‘larida ko‘rsam, o‘zimni garav qo‘yib bo‘lsa ham
ehtiyojdan chiqarishg‘a tirishaman.
Qo‘rboshi tizasi ustiga ko‘ndalang qo‘yg‘an qilichi-ning ikki tarafidan bosib, bir
qo‘zg‘alib qo‘ydi:
— Bali, bali, mulla Homid, munday og‘aynilarning sadaqasi ketsang ham arzir, — dedi
tomoqlarini qirib qo‘ydi. — Shu kunlarda o‘g‘ilchalarning
yoshi yetib, sunnati nabiyunani
bajo keltirish taqozo etadir... To‘y keraklaridan ko‘pini tadorik qilg‘an bo‘lsam ham,
yetishmagan yerlari ham ko‘b. Shuni sizning kelishingiz oldida o‘ylab o‘ltirar edim...
— Bek aka, — dedi Homid va tusiga yasama kulish chiqardi, — siz achchig‘lansangiz
ham aytay: beklar zoti kishiga sira ham oshna bo‘lmas ekanlar. Ayniqsa siz hamon
o‘zingizning beklig‘ingizga borib, istig‘nongizni eskicha olib borasiz... Boshingizda
shunchalik qayg‘ingiz bo‘lur
emish-da, bir og‘iz menga aytmas emishsiz?
Qo‘rboshi Homidning zakovatiga qoyil bo‘lib iljaydi:
— Yo‘q, yo‘q, mulla Homid, — dedi, — bu yoqda gap bor: hukumat xizmatida
turg‘aningdan keyin yuz yoqning mulohazasini qilar ekansan...
— Tuzik, bek aka, ammo manim oshnachilig‘im tamom boshqachadir, —
dedi Homid
va yonchig‘ini chiqarib bir qo‘lidan ikkinchi qo‘lig‘a oltinlarni sanab tushira berdi.
Qo‘rboshining ko‘zi oltinlar ustida o‘ynab bular barakasida qiladirg‘an sunnat to‘yisini,
Marg‘ilon beklari oldida ortdiradirg‘an obro‘sini o‘ylamoqda edi. Oltinlardan yigirmatasi
ajratilgach, sanoqqa ishonmay ko‘rib turg‘anim tushmi, deb uyqusiradi. Homid oltinlarni
uzatdi, — mana, bek aka, bu arzimagan oltin xolis oshnalig‘imizning bog‘lanishidir, yana
yetmagani bo‘lsa qarab turmasmiz.
Qo‘rboshi titrab, qaxshab oltinlarni joyladi. Homiddan nihoyatda xursand edi:
— Xo‘sh, mulla Homid, endi bu kungi hangamalardan so‘zlashayliq, — dedi bek. —
Pochchangiz ila jiyaningizning bu ishka oralashib qolg‘anlari yomon bo‘ldi-da.
Bu so‘zdan Homidning yuziga qayg‘irish alomati chiqdi va e’tibor bilan qo‘rboshining
og‘zig‘a qaradi.
Qo‘rboshi davom etdi:
— Bu ikki begunohning qamalishlarig‘a ham o‘sha yaramas sabab bo‘ldi. Yo‘qsa
ularni
qamoqqa olishg‘a qushbegi buyurmas edi. Ammo kechagi qushbegiga so‘zlag‘an
so‘zingiz Otabek ila qayin otasini o‘limga mahkum qilganidek, pochchangiz ila
jiyaningizni bir qadar oqlaydilar. Shuning uchun men borg‘an so‘ng bo‘ladirg‘an hukm
majlisida ehtimol qarindoshlaringizni qutqazishg‘a muvaffaq bo‘lurman. Har holda
qarindoshlaringizning qattig‘
jazo tortishlari shubhalikdir, siz payqadingizmi, yo‘qmi
kecha men jarchig‘a bu kungi osilg‘uchilarni Otabek ila Mirzakarim bo‘lg‘anlig‘ini
ta’yinlagan edim.