www.ziyouz.com
kutubxonasi
169
«— Mamlakatning tinchlig‘i qipchoqlarni kesish bilan hosil bo‘lsa, mayli, kessinlar!
Yurtning obodlig‘i gunohsiz qipchoqning qizil qonig‘a qolg‘an bo‘lsa mayli, o‘ldirsinlar!
Agarda najotimiz qipchoq tuxumini quritishda bo‘l-sa— meni ham ossinlar!
Bu palidlarning marhamatiga men ham muhtoj emasman!»
Hozir inodning o‘rni emasligini harchand uqdir-moqchi bo‘ldim, ko‘nmadi. Noiloj,
yolg‘iz o‘zim chiqib qo‘limdan kelgancha qipchoqlarni qochirishga harakat qildim,
tevarakka kishilar yo‘lladim. Ammo to‘rt yuz jallodning qarshisig‘a chiqg‘an bir kishining
uhdasi albatta bir kishicha edi. Muttahamlar ko‘b bechoraning yostig‘ini quritishg‘a
muvaffaq bo‘ldilar, — dedi hoji.— Mana, Otabek, haqiqat shul, kishi tushunmasdan turib
biravga tuhmat to‘qimaydir.
Otabek o‘zining o‘rinsiz gapidan uyalg‘annamo yerga qaradi va bir muncha vaqt fikrga
ketib o‘lturg‘andan so‘ng so‘radi:
— Yirtqichlarning bu qirg‘indan qanday muddaolari hosil bo‘larkin?
— Maqsadlari juda ochiq, — dedi hoji, — bittasi mingboshi bo‘lmoqchi, ikkinchisi
Normuhammad o‘rnig‘a minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni o‘ziga qaram qilmoqchi.
Xon ersa Musulmonqulg‘a bo‘lg‘an adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi. Menga
qolsa o‘rtada shundan boshqa hech gap yo‘q, o‘g‘lim. — dedi va bir oz to‘xtab davom
etdi: — Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchlig‘i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib,
o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim. Ittifoqni ne el ekanini
bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichkan man-sabparast,
dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib,
bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-
birimizning tegimizga suv quyadirg‘an bo‘lsaq yaqindirki, o‘rus istibdodi o‘zining iflos
oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar va biz bo‘lsaq o‘z qo‘limiz bilan kelgusi naslimizning
bo‘ynig‘a o‘rus bo‘yindirig‘ini kiydirgan bo‘larmiz. O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘lig‘a
tutqin qilib topshirquchi — biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a xudoning la’nati albatta tushar,
o‘g‘lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishig‘a
hozirlang‘an biz itlar yaratguchining qahriga albatta yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi
dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi
olimlarning o‘sib-ungan va nash’u namo qilg‘anlari bir o‘lkani halokat chuqurig‘a qarab
sudrag‘uchi albatta tangrining qahrig‘a sazovordir, o‘g‘lim! Gunohsiz bechoralarni
bo‘g‘izlab, bolalar yatimxonalarini vayron qilg‘uchi zolimlar — qurtlar va qushlar, yerdan
o‘sib chiqg‘an gi-yohlar qarg‘ishig‘a nishonadir, o‘g‘lim!..
Do'stlaringiz bilan baham: |