www.ziyouz.com
kutubxonasi
170
— Sizga xabar berguvchi nima ishlar qilg‘animni ham aytkandir...
— Jo‘n odamlar qatorida odam o‘ldirib yurdim, degin? Otabekning yuzida kulimsirash
bilindi.
— Jo‘n odamlar qatorida emas, — dedi, — majburlar qatorida, zo‘rlanganlar
qatorida...
Hoji o‘g‘lining kinoyasiga tushunmadi:
— Odam o‘ldirish uchun seni kim zo‘rlab majbur qildi?
— Hali bilmaysizmi?
— Bilmayman, — dedi hoji, — aytishlariga qara-g‘anda seni hech kim majbur
qilmag‘an.
— Meni zo‘rlag‘an va majbur qilg‘an edilar, dada, — dedi zaharxanda bilan. — Yo‘qsa,
sizning o‘g‘lingiz bo‘lg‘an bir yigitning sha’niga albatta odam o‘ldirish uyat va nomusdir.
— Kim seni majbur qildi, axir?
— Siz, onam!
— Esing o‘zingdami, yigit?
— O‘zimda, — dedi o‘g‘ul, — siz o‘zingizning orzu-havasingiz yo‘lida meni majbur
qildingiz va dushmanlarimga yo‘lni katta qilib ochib berdingiz, men bu jonivorliqni xoh-
noxoh ishlashka majbur qoldim.
— Shundog‘mi, — dedi hoji o‘z gunohi o‘kuliga tushkan holda, — undog‘ bo‘lsa, bizni
kechir, o‘g‘lim.
— Sizni gunohkor qilishga va gunohingizni kechishka manim haqqim yo‘q, dada. Lekin
gunohsiz bo‘laturib, ham yana muvahaza ostig‘a tushkanim uchun o‘zimni mudofaa
qilishga majburman...
Hoji labini tishlab, boshini chayqadi.
— Xom sut emgan bandamiz, — dedi, — xayr, bu aybniku bizning bo‘ynimizg‘a
qo‘yasan, darhaqiqat qo‘-yishga haqqing ham bordir... Ammo oralaringg‘a yomonlar
oralag‘an ekan, shuncha muddatdan beri nega meni xabardor qilmading? Yoki bunda
ham birav seni indamaslikka majbur qildimi?
— Hech kim majbur qilmadi, — dedi, — ammo meni shu vartaga tashlag‘an
do‘stlarimdan... ko‘mak so‘rash ham ma’qul ko‘rinmadi...
Hoji boshini quyi soldi. O‘g‘lining keyingi so‘zi unga juda ta’sir qilg‘an edi... Nima
qilsinki, Otabek to‘g‘ri gapni aytar edi...— Biz seni Toshkanddan o‘ylantirsak-da, — dedi
nihoyat hoji, — katta xotiningdan ajratish fikrida emas edik. Agar sen shu xayol bilan
bizdan si-ringni yashirib kelgan bo‘lsang, katta ahmoqliq qilibsan, bolam.
Otabek dadasining bu keyingi so‘ziga qarshi hech narsa demadi, go‘yo hamma alamini
yuqoridag‘i ikki jumla bilan chiqarib yuborgandek jimgina somi’lik darajasiga tushdi.
Ammo natijani tezroq eshitib olish uchun uning yuragi qaynag‘an oshdek shopirilar edi.
Hoji davom etdi:
— Kishining boshig‘a bir ish tushkanda, darrov biravdan kengash va yordam
so‘raydir. Hatto ota-onasidan ham sir saqlag‘an bir yigitni o‘z o‘g‘lum bo‘lib chiqg‘ani
menga qiziq ko‘rinadir. Qayin otang menga bir xat yozibdir, o‘qub-o‘qub mazmuniga
tushunolmay hayron bo‘laman. Oy sayin Marg‘ilon borib turar edi-ku, deb o‘ylayman.
Xatni ikki-uch qayta o‘qib chiqg‘andan keyin, bilsam haqiqat shu emish...
Mirzakarimning yozg‘anig‘a qarag‘anda bir muncha yanglishiq undan ham o‘tkan
ko‘rinadir va lekin sening bolalig‘ing oldida uniki holvadir... Yaxshiki, bu aqlsizlig‘ing
boshqalarning boshiga ko‘ringan... O‘zing ayt, agar menga shu kasa-lingni bir og‘iz
bildirsang, men qayin otangg‘a xat yozmasmi edim, Hasanalini yuborib haqiqatni
ochmasmidim va bu taqdirda odam o‘ldirib yurishlarga qanday hojat qolar edi?
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |