www.ziyouz.com
kutubxonasi
95
ikkinchi bechoraga ham shunday uyatsizlik qilinmasa edi. Bu tilagim uchun
ajablanmangiz, chunki, «pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa o‘zgaga sol», deydirlar.
Sizga yangi yor, menga uyatsizlikning qurboni bo‘lish muborak. Kumush emas,
Tuproqbibi yozdim. 17-javzo, 1265-inchi yil Marg‘ilon».
5. XIYONAT
Qutidorning Toshkanddan yolg‘iz qaytib kelishi Kumushni ancha entikdirgan edi.
Ammo Otabekka voqi’ bo‘lg‘an uzr masalasi bir qadar uni tinchitdi. Ishonar-ishonmas
shubha va vasvasalardan bir oz aridi: «Ul meni unutmagan, va’dalari chin, so‘zlari
to‘g‘ri... Ul ham meni suyar ekan...» deb burung‘i odati bilan gohi eri-ning yo‘lig‘a chiqib
kutmakka ham boshladi.
Otasining kelishining sakkizinchi kuni edi. Ul bu kechasi ko‘rgan ba’zi bir tushlarini
uning bu kun ke-lishiga yo‘ydi-da, ertalabdan turib sochlarini yeshdi. Sochlari orasidag‘i
chigillarini diqqat bilan tarab, jom yonig‘a o‘lturdi. Uning nafis qora sochlari orqa-o‘ngiga
to‘zg‘ib ajib bir manzara berdilar. Sochini qatiqlab va sovunlab yuvgach, onasidan ikkita
qilib o‘rdirdi. Oftob oyimning: «Nega qirq kokil qilmaysan?» deb so‘rashig‘a: «Qizingiz
endi qizlik davridan o‘tib, kelinlik davriga kirdi. Qizingizning mundan so‘ng
kuyavingizdan boshqa sovchilari ham yo‘q», deb kuldi. Ammo bu ikki o‘rim soch qirq
kokiliga qarag‘anda juda ham o‘ziga kelishib tushib, unga yana bir qayta ulug‘vorliq va
oliyliq bag‘ishladilar. Sochini o‘rdirg‘andan keyin uyiga kirdi-da, ki-yimlar taxlangan
toqcha yonig‘a to‘xtadi. Ravoqliq toqchada uning o‘n besh chamaliq asl ko‘ynaklari
uyulgan edi. Sariq rupoh atlasini kiyishka chog‘lab ko‘rgan bo‘lsada, biroq ko‘ynakni
olg‘an yerida bu fikridan qaytdi. Qizilni... ko‘kni... olma gullini... qisqasi qaysi birisini
kiyishka taraddudlandi. Ko‘ynaklar ichida o‘ziga yarashmaydirg‘ani yo‘q: oq olma uchun
bargi ham, guli ham bir... Uning o‘ziga sariq atlas xush kelsada, biroq hozir o‘z xohishini
bir yoqqa qo‘yaturib Otabek ko‘nglicha kiyinishka qaror berdi. Chunki Otabek ko‘pincha
qora ko‘ynak kiyishka qistar edi. Sovsar guli qora atlas ko‘ynagini kiyib, boshig‘a zangor
shohi ro‘ymolini soldi va marvarid ko‘zlik kichkina oltun halqani qutidan olib qulog‘ig‘a
taqdi. Shu soddagina yasanishdan so‘ng, ikkinchi toqchada tirog‘liq turg‘an ko‘zgi
yonig‘a bordi. Ko‘zgi ichidan to‘zg‘ib, chuvalib ko‘ringan soch tolala-rini to‘g‘rilab o‘zini
kuzatdi. Ko‘zgi ichidan ko‘ringan malak o‘z egasini ham kayflandirib sekingina iljayib
qo‘ygan edi, narigi yoqdag‘i fitnai davron ham sadafdek oq tishlarini yoqut kabi irinlari
orasidan ko‘rsatkandek bo‘ldi. Bu husnga otaliq vazifasini o‘tag‘andek ko‘ringan latif
burni yonidag‘i qora xolini tabiiylig‘ig‘a ishonmag‘andek qashib ko‘rdi va ko‘zgi yonidan
jo‘nadi. Jo‘nar ekan, «...chiroylik bo‘lsa ham menikidek xoli yo‘qdir», deb ko‘nglidan
kechirdi.
Kechki olov vaqtida tashqari hovlisida u-buga ovora bo‘lib yurar edi. Bu kungi ko‘rgan
tushi uni ortiq ishontirgan, shuning uchun To‘ybekaning tashqari havli-da qiladirg‘an
yumishini ham o‘zi bajarmoqda, To‘ybekadan suv sepdirib o‘zi yer supurar ekan, quloq-
lari yo‘lak tomondan eshitiladirgan oyoq tovushlarida edi.
Havlidagi ikir-chikir ishlarni tamomlag‘ach, ayvonning oldig‘a o‘lturib tuzatindi,
tuzatinar ekan yo‘lakdan yurib kelmakda bo‘lg‘an bir oyoq tovshini eshitib yuragi nima
uchundir oshiqinib-shopirinib ketdi. Oyoq tovshi ichkariga yaqinlag‘an sayin ul o‘zida
titroq aralash bir hol sezar edi. Nihoyat, yo‘lakdagi oyoq tovshi tugalib, Kumush
kutmagan joyda paranjilik bir xotin kelib chiqdi. Kumush uzoq bir entikib qo‘ydi.
Xotin Kumushka qarab kelar edi. Ul yerdan bichib olg‘andek pak-pakana, burni yuzi
bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek chup-chuqur, og‘zi qulog‘i
bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og‘riqlarnikidek sap-sariq, qirq
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |