www.ziyouz.com
kutubxonasi
76
— Qoshliq, ko‘zlik bir andi!
— Andi deganingiz nima o‘zi?
Yusufbek hoji o‘g‘lini bosish o‘rniga javob ber, degandek qilib iljaygan holda xotiniga
qaradi. O‘zbek oyim «andi» ma’nosini bildirib, andilarning sihrini rad qilish uchun bir oz
tutiliqib qiynaldi:
— Andi... andi... o‘zi xitoymi, nima balo... o‘zi qalmoqdan tarqag‘an bo‘ladir...
Tushunmagan bo‘lsang, lo‘lilarning bir toyifasi...
Bu javobga Yusufbek hoji o‘zini xaxolab kulishdan to‘xtata olmag‘anidek, Otabek ham
kulib yubordi. Xotinining tirnoq ostidan kir izlab va da’vosining isboti uchun
g‘o‘ldirashidan ortiqcha kulib kayflangan Yusufbek hoji ko‘ziga chiqg‘an yoshlarni artar
ekan, jiddiyat bilan o‘g‘lig‘a dedi:
— O‘g‘lim, san onangning gapiga achchig‘lanma. Ul har narsa desa faqat Marg‘ilondan
uylanganingga qarshilig‘idan aytadir. Ammo mendan so‘rasang, Marg‘ilondag‘i na
qudamiz va na kelinimizni hech bir vajh bilan kamsita olmayman, balki bizga quda
bo‘lmoq-qa eng muvofiq kishilar edi, balli o‘g‘lim, deyman. Saning tinib-tinchishing,
o‘sib-unishing uchun quvonmag‘an ota-ona sog‘qa hisoblanmaydir. San bunga yaxshi
ishon. Ammo bizning hozirgi ba’zi bir ra’ylari-miz sanga yotishib kelmas ekan, bunga
haqqing ham bor, lekin ikkinchi tarafdan bizni ham haqsiz tashlab qo‘yma. O‘g‘lim,
bizning sandan boshqa umid nishonimiz, hayot quvonchimiz yo‘q. Dunyoda ko‘rib
o‘taturg‘an barcha orzumiz, havasimiz faqat sangagina qarab qolg‘an. Biz xudoi taolog‘a
minglab shukur aytamizkim, san boshqalarning farzandidek eslik-hushlik bo‘lding;
kishilardek sen bilan iftixor qilolmasaq-da, san orqalik xijolat chekmasimizga ishondik.
Ayniqsa onangning saning tufayli kechiraturgan umidlari tobora ortib bordi. Bu kun
onang saning oldingg‘a tiz cho‘kib va onang ko‘ngli uchun men ham orag‘a tushib
sandan so‘raymiz: san o‘z xohishing yo‘lida uylangan ekansan, rafiqang sanga muborak
bo‘lsin. Eslilik da’vosida yurgan ota-onang tilagi albatta shundan boshqa bo‘lmas. Shu
bilan birga sa-ning sababi vujuding bo‘lg‘an bir kishi o‘z hayoti ichida bolasi orqaliq bir
orzu-havas kechirmakchi... Uning bu orzusig‘a haq berasanmi, yo‘qmi yana ixtiyor
o‘zingda...
Hojining bu so‘zi O‘zbek oyimg‘a nechog‘liq yoqqan bo‘lsa, Otabekni shu qadar yerga
qaratqan edi. Hoji o‘zidan oshirib so‘zlag‘an bu so‘zlarini shu gap bilan tamomladi:
— Bilgan topib so‘zlar, bilmagan qopib, deganla-ridek, onangning aytmakchi bo‘lg‘an
so‘zi faqat shu edi. Boyag‘i gaplari bo‘lsa o‘z haqqini himoya yo‘lida uning popisalarigina
bo‘lib, mendan ham ko‘ra onangning fe’lini o‘zing yaxshi bilasan...
Otabek hamon sukutda, O‘zbek oyim bo‘lsa boshi bilan «shundog‘» ishorasini berar
edi. Yusufbek hoji yuqorida o‘tkan gaplarni quruq va asossiz so‘zlamag‘an, balki shu
turmushning rukn va asosini bir daraja aytib o‘tkan, Otabek esa buni shu muhitning bir
o‘g‘li bo‘lib eshitkan edi. To‘g‘risi ham ul dadasi tomonidan so‘zlangan haligi qonung‘a
qarshi chiqish uchun lozim bo‘lg‘an kuchka molik emas; bas, kuchsizlikning natijasi esa
sukut edi. Ul bir tomondan shunday orzu-havas uchun bola o‘sdirg‘an ota-onani
mukofotlandirmakchi va otasi aytkan xijolat chekdirmayturg‘an o‘g‘ullardan bo‘lmoq-chi
edi ersa ham, ikkinchi yoqdan o‘zini asir etkan shahlo ko‘zlar unga nafratlanib
qarag‘andek bo‘lurlar, go‘yoki vafosiz, va’dasiz, deb qichqirarlar edi. To‘g‘risi ham uni
ota-ona mukofotiga qarshi oyoqlandirmoqchi bo‘lg‘an narsa haligi ko‘zlargina, ammo
uning bu isyonnamo harakatidan boshqa unsurlar qidirish va chiqarish o‘rinsiz tushar
edi. Ota-ona orzusini ifo etishdan bir soniya ham o‘zining ko‘z o‘ngidan xayoli ketmagan
anuv ilohiy muhabbat uchun hech bir turlik kamchilik kelmasiga ishonsa ham hozir uning
yuragini boshqa bir haqiqat tirnay boshlag‘an va vijdonini faqat shu masala-gina o‘rab
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |