www.ziyouz.com
kutubxonasi
63
kuni karnay-surnay bilan yetib keldi. Olomon yonig‘a qipchoq sipohlari kelib
qo‘shilg‘andan keyin o‘rdaga bosib kirdilarda, Azizbekni ushlab ham oldilar.
Yetmish kun bir muddat ovora qilib, minglab kishi qonini to‘kishka sabab bo‘lg‘an
Azizbekni Qo‘qong‘a olib borib topshirish Normuhammad qushbegi uchun qiymatli edi. Ul
o‘rdada o‘lturar ekan, bunday ulug‘ dushmanni qo‘lg‘a tushirishning bosh omili bo‘lg‘an
Yusufbek hojiga o‘z minnatdorchilig‘ini aytib tugata olmas, uning bu xizmatini xon bilan
Musulmonqulg‘a so‘zlab, unga katta bir martaba olib berishka va’dalar berar edi. Albatta
Yusufbek hojiga bu va’dalarning hech ahamiyati yo‘q, faqat ul o‘g‘lining sog‘lig‘ini bilsa
va Marg‘ilon zindonidan uning qutqarilishig‘a va’da olsa, uning uchun dunyolarcha
martaba va hurmat edi. Qushbegining va’dasiga iltifotsiz quloq berib turdi-da:
— Iltifotingiz uchun rahmat, qushbegi, — dedi. — Men endi dunyodan o‘tayotgan bir
kishi; endigi man-sab-larg‘a uncha qiziqa olmayman. Agar manim qilg‘an xizmatim
shunday iltifotlarga loyiq ko‘riladigan bo‘lsa, jon janobidan so‘raydirg‘an bir necha
tilaklarim bor.
— So‘rangiz hoji, xon bermaganda ham olib berishka men kafil.
— Manim birinchi xolis tilagim, albatta mazlum xalq tilidan bo‘ladir: mundan so‘ng
Toshkand hokimlig‘iga har qanday bo‘lmag‘ir odam qo‘yilmasin.
— Jon janobining hamma maqsadi ham shunda. Chunki, biz Azizbek kabilardan
xalqnig‘ina emas, balki, o‘zimizni ham qiynatdirmoqdamiz.
Toshkand bekligi to‘g‘risida ko‘b muzokara va mu-solahadan keyin Yusufbek hoji o‘z
yarasi ustida to‘xtaldi. Ul birinchi martaba o‘laroq o‘zining ichki kasalini hoziq deb
Normuhammad qushbegiga ochdi. So‘zlar ekan, yuragi mash’um bir ehtimolning
dahshatidan titrar, tili ham osonliq bilan harakatlanmas edi. Zero o‘zining bu o‘tinchini
qush uchkan so‘ng otilmoqchi bo‘lg‘an sopqon qabilidan hisoblar va foydasiz bir iltimos
deb cho‘chir edi.
— Agar manim bu xizmatim jon janobining marhamatiga loyiq ko‘rilur ekan, — dedi
hoji, — menga eng manzur bo‘lg‘an mukofot — o‘g‘limning ozod qili-nishidir. Dunyo
mojarosidan qo‘l yuvmoqchi bo‘lg‘an bir otag‘a keksaygan kunlarida farzand dog‘ini
ko‘rmas-likning o‘zi ham ulug‘ mukofotdir, — dedi va ko‘ziga yosh oldi. Bundan qushbegi
ham nasibasiz qolmay mu-taassir Yusufbek hojiga tasallo berdi:
— Qo‘rqmangiz hoji, — dedi, — Marg‘ilon hokimi o‘rinsiz qon to‘kuvchi kishi emasdir.
Qo‘qonga borg‘ach, birinchi ishim o‘g‘lingizni qutqarish bo‘lsin, joysiz qayg‘ulanmangiz,
hoji.
— Qulluq, qushbegi, agar bu xizmatni o‘z zimman-gizga olur ekansiz, ustimga katta
minnat qo‘yg‘an bo‘lasiz... Biroq men qo‘rqamankim, siz Qo‘qong‘a borib yetkuncha ish
vaqtidan o‘tsin...
Qushbegi ham bu to‘g‘rida o‘ylab qoldi va hojining ehtimolidan cho‘chib, shu soatda
bir maktub bilan Qo‘qong‘a chopar yubormoqchi bo‘ldilar, bu ishning muvofiq kishisi
albatta Hasanali bo‘lg‘anliqdan chopar bo‘lib belgulandi. O‘n besh kunlardan beriga
shunday xizmatni kutib yotqan Hasanali otning boshini Qo‘qon tomong‘a qarab qo‘ydi-
da, daqiqa ichida ko‘zlarga ko‘rinmas bo‘lib ketdi.
Bir kun keyin Normuhammad qushbegi ham bir muncha sipohni Toshkandda qoldirib,
Qo‘qong‘a jo‘nash harakatiga tushdi. Toshkand olomonining ta-lablari bilan Azizbekning
ikki oyog‘idan arqon bilan bog‘lab otning chovig‘a sudratma qildilar.
Sipohlar Qo‘qong‘a qarab harakat qilar ekan, Qo‘qon darbozasiga to‘lg‘an xalq
Azizbekning ot oyoqlari ostida sudralib ketishiga huzurlanib tomosha qilar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |