www.ziyouz.com
kutubxonasi
187
— Marg‘ilong‘a...
— Bu kun kech bo‘lib qoldi, ertaga ketarsiz.
Kumush kulib Otabekning yuziga urdi:
— Bizning ovloqda ko‘rishkanimizni, — dedi, — oyim va Hasanali otamdan boshqa
hech kim bilmaydir, ayniqsa Zaynabingiz bilsa yaxshi emas.
— Bilsa nima qiladir?
— Hech narsa qilmaydir... Yaxshi emas-da,— dedi,— bir ozdan keyin chiqib oyim bilan
so‘rashing, kirmaganingiz uchun qayin onalaringiz so‘yinishib o‘layotiptilar.
Kumush yana bir kulib qarag‘andan keyin uydan chiqdi. Otabek endi tamom o‘zini
bosib olgan, endigi yurak urishi faqat haligi farishta tomong‘a oshiqibqina edi. O‘zi
yolg‘iz qolg‘andan so‘ng nimaga bo‘lsa iljaydi va Hasanaliga ilgarigidan ham quyuqroq
o‘zida muhabbat sezdi. Shu daqiqadan boshlab kechiradirgan mas’ud kunlarini
tasavvurdan ojiz va Zaynab to‘g‘risida o‘ylab ham qaramas, boshqa gap esiga-da kelmas
edi. Oradan Kumushning uyga kirib olishi fursat o‘tkandan keyin, uydan chiqdi va
parvosizcha mehmonlar o‘lturgan uyga bordi. Uning kelishini o‘z uyidan ko‘rgan Zaynab
yugirgancha Otabek orqasidan mehmonlar oldig‘a kirdi. Uydagilar Otabek-ni ko‘rish ila
o‘rinlaridan turganlar, faqat O‘zbek oyim «hap» etkancha o‘lturar edi. Otabek Oftob
oyim bilan ko‘rishdi... Oftob oyim uni quchoqlab yuzidan o‘pdi va ko‘ziga yosh oldi...
So‘ngra kichkina qayin onasi bilan, Zaynabning opasi va boshqalar bilan so‘rashib chiqdi
va kulimsiragan holda Kumushka «esonmisiz...» deb qo‘ydi. Kumush ham «shukur» deb
kulindi. So‘rashish tamom bo‘lg‘andan keyin o‘lturishdilar. Otabek onasining yonig‘a,
Zaynab uning yonig‘a o‘lturdilar. Kumush Zaynabning bu qilig‘ig‘a g‘ijinib bir-ikki qayta
yer ostidan unga ko‘z yubordi.
Fotiha o‘qulib kuyav qayin onag‘a uzr aytdi:
— Avvalo sizlar kelguncha qaytarman, deb ertalab bir gunoh qildim. Undan keyin
mehmonxonadan qo‘zg‘alolmay ikkinchi uyatka qoldim...
Oftob oyim:
— Bolamiznikini aybi yo‘q.
O‘zbek oyim:
— Qimiz kirguzib qayin onangning og‘zini ho‘l-lamag‘aningda nax balog‘a qolib eding,
bolam.
Kulishdilar. Karima otin:
— Kumushoy bo‘lsa, sen erimni yashirg‘ansan, deb Zaynabning engka-tengkasini
chiqardi.
Yana kulgu bir-biriga elashdi. Zaynabning boyag‘i ishiga Kumushning g‘ashi kelganini
aytilmasa, hozir ul ham juda ochilg‘an, kular va yer ostidan Otabekka ko‘z qirini tashlar,
Zaynab bo‘lsa Kumushni ta’qib etar edi. Majliska bir oz jimjitlik kirgandan so‘ng Otabek
ham o‘z tomonidan bir kulgu to‘qumoqchi bo‘lib, Zaynab bilan Kumushka qarab oldi:
— Men bir ishka hayronman, — dedi.
— Nimaga? — deb so‘radi Mohira oyim.
— Nega Zaynab semizu Kumush ozg‘in?!
O‘zbek oyim javoblandi:
— Buning hikmatini mendan so‘ra, bolam, — dedi,— Kumushing o‘zingga o‘xshash
serfikr ko‘rinadir, Zaynab bo‘lsa menga o‘xshash quvnoq.
Otabekni o‘ziga o‘xshatqani uchun Kumush qayin onasidan rozi bo‘ldi. Ammo Zaynab
o‘zini Otabekdan chetka qoqqani uchun O‘zbek oyimga g‘ijindi.
O‘zbek oyimning bu fikriga Karima otin qarshi tushdi:
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |