www.ziyouz.com
kutubxonasi
160
— Sirrimiz ochildi, albatta hoji tinch yotmaydir.
— Sirrimiz hali ochilg‘an emas, — dedi ishonch bilan qushbegi, — agar biz shu
o‘lturgan og‘aynilar boyag‘i gapda sobit qolsaq, sirrimizni yana yashirib ketish mumkin.
— Masalan? — deb so‘radi Qambar sharbatdor.
— O‘sha so‘zimiz — so‘z, ittifoqimiz — ittifoqmi?
Majlis tasdiq ishorasini berib:
— Albatta-albatta! — deyishdi.
— So‘z bitta bo‘ladirgan bo‘lsa, — dedi qushbegi, — hojining ishi juda oson, biz hozir
so‘zni bir joyga yetkuzamiz-da, birimiz hojining oldig‘a borib, masla-hatingizni muvofiq
ko‘rdik, biz yanglishqan ekanmiz, deymiz. Albatta, hoji ishonadir-da, hech kimga
so‘zlamay qo‘yadir. Biz bo‘lsak, yeng ichida hozirlik ko‘ra beramiz, ana xolos.
— Ma’qul gap, to‘g‘ri maslahat!
— Ma’qullikka ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo gap bu yerdaki, biz aniq ishka bel
bog‘laymizmi?
— Bog‘laymiz, bog‘laymiz!
— Barakalla, — dedi qushbegi, — ma’lum bo‘la-dirki, hammamiz ham yakdil ekanmiz,
endi boshqa gapka o‘tsaq ham bo‘ladir.
— Xonni ko‘ndirib bo‘larmikin? — deb so‘radi Qosim mingboshi.
Qushbegi kuldi:
— Xon ko‘ngan hisob, — dedi.
Bu gap majliska uncha onglashilmadi shekillik, ajablanib bir-birlariga qarashdilar.
— Izoh, qushbegi, izoh!
Qushbegi izoh berdi:
— Men xonni Toshkanddan jo‘natish oldida uning xoli vaqtini topib, bu fikrimni bir
daraja arz qilib o‘tkan edim, — dedi, — bu fikrim xonga juda ma’qul tushkan bo‘lsa
kerak, so‘zimni e’tibor bilan tinglab turdi va javobida: «Yaxshi. O‘ylashib, tadbirlari bilan
menga fikringizni yozing, men ham o‘ylab ko‘rarman», dedi. Menga qolsa bu to‘g‘rida
bizdan xabar kutib xonning uyqusi ham kelmay yotqandir: bizga faqat ishning o‘naqayini
topib xondan tasdiq etdirishgina qolgan.
— Xon tayyor ekan bo‘lmasa, — dedi kulimsirab Qambar sharbatdor.
— Tayyor ekan, tayyor ekan!
Shundan keyin ishning o‘naqayi to‘g‘risida muzokara va mubohasa boshlandi. Har kim
bir turlik fikr bayon qilib, uzoq bosh og‘ritdilar va natijada xonga quyidagi noma yozildi:
«Tojdori musulmonon, xoqon ibni xoqon shahan-shohi navjuvon, toji sari xushbaxton
huzuri humoyun oliylariga arzi ubudiyat adosidan so‘ngra biz faqirul-haqir sadoqatpeshai
benazir qullaridin arzi bandalik shuldurkim, navkarlari doimulavqot ul janobga qipchoq
xaloyiqi beparxezidin birar osibi yetarmu deb harosidadirmiz. Va yana ul haromzoda
sahroyilarning ro‘yi zamindin taroshlamay turib, ul janobi oliyning ta’mini amniyatlari
ham biz qullaricha ko‘b xavfu xatar ostida bo‘lg‘andek taxmin qilinadir. Shul mulohaza
va andishalar ba’dida biz Toshkand qullaridin bir nechalarimiz bir yerga jam’ bo‘lishib,
duru-daroz tafakkur va tahayyurlar so‘ngg‘ida azbaroyi ul shahanshohning ko‘b
zamonlar boshimiz soyabon bo‘lmoqlari umidida bar taqdir ul tojdorning xotiri otir daryo
muqotirlariga pisand tushib ijobat og‘oz qilsalar, bir ma’nini xo‘b va sadoqat maqosidig‘a
mahbub deb bildik. Andog‘ki, ul xaloyiqi g‘assoblarni o‘n besh sinni solidin bolig‘ va
yetmish yoshidin quyi har bir erkak zotini bilotarahhum qatli om qullaricha sazovordir va
illo ul murtaddin badtar jobir
0
va bexiradlardin janobi tojdorg‘a xarro‘z balki har soat
xavf bordir. Ammo bul taqrirni o‘shal muayyan qatli om soati yetmag‘uncha har bir
bexirat va bog‘iy bo‘lmog‘i yaqin majhul odamlardin po‘shida tutilmog‘i marjudir. Va
lekin ul tojdor bir soati sa’idi muzaffarni muayyan aylab qalamravlaridagi barcha shahar
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |