www.ziyouz.com
kutubxonasi
150
bilan tuproqqa qorishdirishg‘a muvaffaq bo‘ldim... Sizning shonli havlingiz yonida voqi’
bo‘lg‘an bu kurash albatta sizni va uy-ichingiz ham yor-do‘stlaringizni anchagina
tinchsizlikka qo‘yg‘an bo‘lsa kerak. Na choraki, yomonlarni sizning havlingiz orqasida
rafiqam qasdida bo‘lg‘anlari paytida uchratishg‘a to‘g‘ri keldi va men bu ishka majbur
qoldim. Buning uchun albatta meni kechirarsiz umididaman. Faqat sizning
tinchsizlanishingiz va mardumning yuqori-quyi so‘zi bo‘lmasa sizga boshqa zarar bo‘lur,
deb o‘ylay olmayman. Sizdan bu ulug‘ gunohim uchun afu so‘rab, haydalg‘an o‘g‘lingiz
Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li».
Ammo qutidor «haydalg‘an» so‘zini tashlab o‘qudi. Maktub o‘qulib bitkanda Oftob
oyim, ayniqsa, Kumush qutidorning boyag‘i holig‘a tushgan edilar. Kumushning bu
daqiqadag‘i holini qalam bilan chizib ko‘rsatish albatta mumkin emas edi. Ul titrar edi,
ko‘karar edi, to‘lg‘anar edi... Hozirgi eng kuchlik hissiyotini hissiyotning a’lo ifodachisi
bo‘lg‘an yosh bilan to‘kar edi.
Qutidor o‘z tomonidan ham izoh berib chiqdi:
— Men bilan Otabekni qamatib dor ostig‘a yubor-g‘uchi, Otabek tilidan soxta taloq
xati yozib bir-birimizdan judo etkuchi, Komilbekni o‘ldirguchi, uyimiz orqasini teshib
Kumush qasdida bo‘lg‘uchi — hammasi ham shu battol Homid ekan... Ammo badbaxtni
ikki kishisi bilan tuproqqa qorishdirib ketkuchi Otabek ekan!
Oftob oyim titrag‘an tovush bilan:
— Uyatsiz Homid, — dedi.
Kumushbibi:
— Bechora begim, — deb qo‘ydi.
Uchchavi ham yurakni to‘xtatib olish uchun anchagacha jim qoldilar.
— O‘zi esonmikin? — deb so‘radi oxirda Kumush.
— Xatig‘a qarag‘anda sog‘, — dedi qutidor.
Oftob oyim so‘radi:
— O‘zi qayerda emish, xatni sizga kim kelturdi?
Bu savoldan qutidorning esiga mehmonxonada o‘l-turgan usta Alim tushkan edi.
O‘rnidan irg‘ib turdi-da, xotinig‘a javob bermasdan tashqarisig‘a chiqdi. Ul usta Alimning
qarshisig‘a o‘lturganda, mehmonxonaning yuqori darichasi ostig‘a Oftob oyim bilan
Kumush xat keltirguchining so‘zini eshitish uchun kelib to‘xtag‘an edilar.
Qutidor uzr aytdi:
— Kelturgan xabaringiz ta’sirida sizni unutayozibman...
— Men buni payqadim, — dedi usta Alim kulib,— shu yo‘sinda makkor Homidning
iblisona dasisasi bir oilani tamom ishdan chiqarayozg‘ankim, bu to‘g‘rida ayniqsa sizga
so‘zlash ortiqchadir. Ammo arslon yuraklik Otabek ham badbaxtni shundog‘ yanchib
tashladikim, bu juda oz kishilar qo‘lidan kelaturgan ishdir.
— O‘g‘rilarni o‘ldirganda Otabekning yonida necha kishisi bo‘lgan? — deb so‘radi
qutidor.
Usta kuldi:
— Otabekning tanho o‘zi! — dedi.
— Uch kishiga tanho o‘zi? — qutidor ishonmag‘an edi.
— Azamatning yolg‘iz o‘zi! — deb usta Alim ilgarigi so‘zini qaytaladi.
— Astag‘firulloh... Nega menga bu to‘g‘rida xabar bermagan?
— Sizga xabar berib o‘lturishni yigitlik otig‘a eb bilmay, hatto menga ham bir narsa
sezdirmagan. Men hali bu nuqsoni uchun ayblasam: «Men o‘zimning ashaddiy
dushmanim bilan tanho kurashib yo jon bermakka va yo jon olmaqqa qaror bergan
edim. Shuning uchun hech kimga ham bildirmadim», deydir.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |