3. Oʻquv dasturlarida fanlarning saralanishi
Hozirda oliy ta’lim oʻquv dasturlarida talabaning mutaxassisligiga toʻg‘ridan toʻg‘ri aloqasi boʻlmagan fanlar yetarlicha. Masalan, aksariyat universitetlarda 1-kursda, ayrim hollarda yuqori kurslarda ham jismoniy tarbiya, dinshunoslik, etika, estetika va shunga oʻxshash boshqa fanlar oʻtiladi. Bu fanlarni odatda talabalarning mutaxassisligiga toʻg‘ridan toʻg‘ri aloqasi yoʻq boʻlsada, OTM oʻquv dasturlarida anchagina joy va vaqtni egallaydi. Qolaversa, talaba jismoniy tarbiya fanini OTMda faqat 1-semestr yoki bir yil oʻrganishi – g‘alati hol. Bir mutaxassis ta’kidlaganidek, «goʻyoki jismoniy salomatlik va sport talabaga faqat bir semestr yoki bir yil kerak boʻladi».
Nazarimizda, bu kabi fanlarning aksariyati maktabning yuqori sinf dasturlariga xos boʻlishi kerak. Agar talaba ushbu fanlar boʻyicha maktabda bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan boʻlsa, ularni universitet darajasida yana takrorlashga qanday ehtiyoj bor? Undan koʻra, talaba shu vaqtni oʻz sohasini chuqurroq oʻrganishga sarf qilgani yaxshimasmi? Toʻg‘ri, dinshunoslik, etika va estetika kabi umumiy fanlar yoshlarni shaxs sifatida shakllanishida katta rol oʻynashi mumkin, lekin hozirda maktab bitiruvchilarining bor yoʻg‘i 10-20 foizigina OTMga kirmoqda. Bu degani, agar bu fanlar maktab yuqori sinflarida oʻrgatilmasa, maktab bitiruvchilarining aksariyati bunday bilimga ega boʻlmaydi. Bu kabi fanlar yoshlarni shaxs sifatida shakllanishi uchun muhim deb hisoblansa, unda ular maktabning yuqori sinflarida oʻrgatilishi maqsadga muvofiq boʻladi.
OTM oʻqish dasturlarini umumiy, mutaxassislikka toʻg‘ridan toʻg‘ri aloqasi boʻlmagan, oʻzini takrorlovchi fanlar bilan toʻldirilishi talaba universitetdagi qisqa va eng qimmatli vaqtidan samarali foydalana olmasligiga olib kelmoqda. Natijada bitiruvchilar orasida amaliyotga borgandan soʻng bizga bunday narsalarni universitetda oʻrgatishmagan degan holatlar juda koʻp uchramoqda.
ECTS kredit-modul tizimida esa OTMlar oʻzining har bir bakalavr va magistratura oʻquv dasturi maqsadlarini oldindan aniq belgilab olishi talab etiladi. Ya’ni, ular muayyan mutaxassislik boʻyicha oʻqish dasturini yaratishdan avval oʻz oldilariga quyidagi savollarni qoʻyishlari talab etiladi:
Biz qanday mutaxassis tayyorlamoqchimiz?
Bizning bitiruvchilar aynan qanday bilimga ega boʻlishi, nimalarni tushunishi va uni tamomlagandan soʻng nimalarni qila olishi kerak?
Har bir OTM bakalavriat va magistratura dasturi turlicha boʻlgani sababli, maqsadlari ham turlicha boʻlishi tabiiy.
Ya’ni, OTMlar oʻzlarining har bir bakalavr va magistratura oʻquv dasturining maqsadlarini bitiruvchi dastur davomida qoʻlga kiritishi zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va mahoratlar shaklida oldindan aniq belgilab olishlari zarur. Bu kredit-modul tizimi tili bilan «Program Learning Outcomes» deb ataladi. Oʻquv dasturi maqsadlari belgilab olingandan soʻng, endilikda dasturda faqat shu maqsadlarga xizmat qiluvchi fanlargina saqlab qolinadi yoki dasturga kiritiladi, qolgan fanlar esa dasturni tark etishi zarur.
OTMlar oʻz oʻquv dasturlarini iqtisodiyot, mehnat bozori va talabalar ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda erkin shakllantirish imkoniyatiga ega boʻlishlari uchun 2001-yil 16-avgustda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan «Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash toʻg‘risida»gi qarorga oʻzgartirish kiritilishi va OTMlarga oʻquv dasturlarini oʻzlari erkin shakllantirishga imkoniyat berilishi kerak. 19 yil avval ishlab chiqarilgan standart bugungi zamon talablariga javob bermasligi ehtimoli yuqori. Zero, iqtisodiyot va mehnat bozori talablari oʻzgargan sari OTMlar ham oʻz oʻquv dasturlarini muntazam ravishda baholab borishga, zarur boʻlsa oʻzgartirishga imkoniyati boʻlishi kerak.
4. Bakalavr va magistratura dasturlariga shaffoflik kirishi
Kredit-modul tizimi joriy boʻlsa OTM lar nafaqat har bir oʻqish dasturlari maqsadlarini oldindan belgilab olishlari zarur boʻladi, balki bu maqsadlarni oʻzlarining boʻlg‘usi va hozirdagi talabalariga oldindan, shaffof tarzda yetkazishi kerak boʻladi. Hozirda mahalliy OTMlarga hujjat topshirayotgan talabalar oʻzlari hujjat topshirayotgan bakalavr yoki magistratura dasturlarida aynan nimalarni oʻrganishlari mumkinligi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas. Aksariyat hollarda abiturientlarga faqat universitet, fakultet va dastur nomigina ma’lum. Hatto universitetda oʻqiyotgan talabalar keyingi semestrda qaysi fanlarni oʻqishlarini faqat oʻsha semestr boshidagina biladilar. Ya’ni, abiturientlar va talabalarga bakalavr yoki magistratura dasturlarining maqsadlari, unda oʻrganiladigan fanlar, dastur davomida qanday bilim, koʻnikma va mahoratga ega boʻlishlari haqida yetarlicha ma’lumot berilmaydi.
Abiturient yoki talabaga bu ma’lumotlar nima uchun oldindan taqdim etilishi zarur?
Bunga juda koʻp sabablarni keltirish mumkin. Masalan, hozirda talabalarga bir paytning oʻzida bir necha universitetga hujjat topshirish imkoniyati berilmoqda. Shunday ekan, ular bir paytni oʻzida bir nechta OTMga qabul qilinishi mumkin. Boʻlg‘usi talabalar qaysi OTMning qaysi dasturiga hujjat topshirish va ularga qabul qilingandan soʻng tanlovni amalga oshirishi uchun OTM va ularning dasturlari haqida yetarlicha ma’lumotga ega boʻlishga haqlidirlar. Tanlov uchun OTM yoki undagi dasturlarning nomini bilishning oʻzigina yetarli emas. OTMlar soni koʻpaygan sari endilikda talabalar undagi dasturlarning nomiga qarab emas, balki sifatiga qarab tanlay boshlaydi. Ya’ni, abiturientlar hayotlarini 4 yoki 2 yilini va qiynalib topilgan pullarini nimaga sarmoya qilayotganliklarini oldindan bilishlari kerak. Qolaversa, har bir talaba OTMga ancha miqdorda kontrakt puli toʻlayotgan mijoz sifatida muayyan oʻqish dasturi haqida batafsil bilishni istaydi.
Kredit-modul tizimiga oʻtgandan soʻng universitetlar oʻzlarining har bir bakalavr va magistratura dasturlari boʻyicha dastur katalogini, ya’ni kitobchasini ishlab chiqishiga toʻg‘ri keladi. Unda har bir bakalavr va magistratura oʻquv dasturning maqsadlari, qabul qoidalari, OTMdagi oʻqish sharoitlari, akademik taqvim, talabalar 4 yillik yoki 2 yillik dastur davomida aynan qaysi fanlarni oʻqishlari mumkinligi, ushbu fanlarning qisqacha tavsifi, qaysi fan aynan qaysi kursda oʻrganilishi, ularni aynan kimlar oʻqitishi, OTMda talabalar uchun yotoqxona imkoniyatlari, talabalarning bir oylik oʻrtacha yashash xarajatlari, OTMda qoʻllanadigan baholash usul va mezonlari haqida abiturient va talabalarga oldindan, shaffof tarzda ma’lumot berilishi zarur boʻladi. Bu ma’lumotlar har yangi oʻquv yili boshida kitobcha tarzida talabalarga tarqatiladi yoki universitet veb-sahifasida yuklab olish mumkin boʻlgan formatda joylashtiriladi.
5. Oʻquv mashg‘ulotlarini shaffof tarzda tashkil etish
Hozirda mamlakatimizdagi aksariyat OTMlarda talabalar semestr boshida darslar boshlanishi arafasida faqat oʻsha semestrda oʻtiladigan fanlarning nomi, ularni oʻqitadigan oʻqituvchilar ismlari, darslar qaysi payt qaysi xonalarda oʻtishi haqida ma’lumotga ega boʻladilar, xolos. Talabalarga ushbu fanlarning maqsadlari, ularni talaba mutaxassis boʻlib yetishishida tutgan oʻrni, talaba ushbu fanlar orqali qanday bilim, koʻnikma va mahoratlarga ega boʻlishi kutilayotgani haqida ma’lumot deyarli berilmaydi. Chunki amaliyotda universitet fanlari haqidagi bunday ma’lumotlar talabalarga tizimli, yaxlit va shaffof tarzda taqdim etilmaydi.
Kredit-modul tizimida esa OTMning har bir oʻqituvchisi oʻzining har bir fani boʻyicha 4-5 varaqli fan dasturiga ya’ni «sillabus»ga ega boʻlishi va uni semestr boshida talabalarga taqdim etishi kerak boʻladi. Fan dasturi oʻz ichida ushbu fanning maqsadlari, uning oʻquv dasturida tutgan oʻrni, talabaning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun ahamiyati, talabalar ushbu fanni oʻrganish natijasida nimalar qila olishi, ushbu fan boʻyicha semestr davomida oʻrganiladigan mavzular roʻyxati, talabalar foydalanishi zarur va mumkin boʻlgan adabiyotlar roʻyxati, baholash mezonlari haqidagi ma’lumotlarni qamrab oladi. Agar fan tanlanadigan fan boʻlsa, talaba uchun bunday ma’lumotlarning ahamiyati yanada ortadi. Talaba, yuqorida aytilganidek, fanni tanlash yoki tanlamaslik boʻyicha qarorga kelishi uchun fanning nomini yoki uni oʻqitadigan oʻqituvchining ismini bilishining oʻzigina kifoya qilmaydi. Talaba bunday qarorga kelishi uchun fan boʻyicha yetarli ma’lumotga ega boʻlishi kerak.
Fan dasturidan koʻzlangan maqsad juda oddiy – OTMlarda dars jarayonlarini shaffof, maqsadli va reja asosida tashkil etishga erishish. Bu amaliyot avvalambor oʻqituvchini oʻzi oʻqitmoqchi boʻlgan fan maqsadlari va ahamiyatini oʻzi tushunib olishiga undaydi. Zero, afsuski, amaliyotda oʻzi oʻrgatayotgan fanining maqsadlarini bilmaydigan oʻqituvchilar ham yetarlicha.
Agar oʻqituvchi oʻz fani maqsadlarini oldindan aniq belgilab olsa, u semestr davomida barcha ta’lim harakatlarini mana shu maqsadlarga erishishga qaratadi. Imtihonlar ham talabalarning shu koʻzlangan maqsadlarga erishgan-erishmaganini tekshirishga qaratiladi. Agar fanning maqsadlari belgilanmasa yoki u talabaning mutaxassis sifatida shakllanishiga hizmat qilmasa, ushbu fan oʻquv dasturida qolishi toʻg‘ri emas. Lekin ushbu amaliyot OTM tomonidan oʻqituvchilar ustidan nazoratni haddan tashqari kuchaytirib yuborishiga, oʻqituvchilarni shu bahona jazolashga va qog‘ozbozlikka ham olib kelmasligi kerak.
Agar kredit-modul tizimi toʻg‘ri va toʻliq joriy etilsa, u mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga juda katta ijobiy xususiyatlarni olib kirishini kutish mumkin. Jumladan, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga ta’limning jahon tan olgan mukammal oʻlchov birligining olib kirilishiga, OTMlar oʻquv dasturlarida muvozanat va me’yor paydo boʻlishiga, OTMlarda oʻqish jarayonining shaffoflashishiga, oʻquv dasturlari iqtisodiyot, mehnat bozori va talabalar ehtiyojlari asosida shakllanishiga, darslarning sifati yaxshilanishiga va nihoyat har bir talaba ma’lum ma’noda oʻzining mustaqil oʻquv dasturiga ega boʻlishiga xizmat qiladi.
Agar mahalliy OTMlar kredit-modul tizimiga oʻtsalar-u, yuqoridagi maqsadlarga erisha olmasalar yoki erishishga harakat qilmasalar, unda OTMlarimiz kredit-modul tizimiga tom ma’noda oʻtgan hisoblanmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |