Taqrizchilar:
X.A. Meliyev – Jizzax DPI, pedagogika fanlari nomzodi, professor
J.A.Xamidov – Jizzax Politexnika instituti, pedagogika fanlari doktori, professor
A.Abduraxmonov – Jizzax DPI, “Ta’limning kredit tizimini boshqarish sektori” bosh mutaxassisi
KIRISH
“Taʼlim – mamlakat taraqqiyotini taʼminlaydigan, uni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim tizimdir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar Strategiyasi”1da milliy kadrlarning raqobatbardoshligi va umumjahon amaliyotiga asoslangan oliy taʼlim milliy tizimining sifati oshishiga, Bolonya jarayoni ishtirokchi-mamlakatlari diplomlarini oʻzaro tan olishga, oʻqituvchi va talabalar bilan almashuv dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi 1999-yil 19-iyundagi Bolonya deklaratsiyasiga qoʻshilish masalasini koʻrib chiqish belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi
PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”2da oliy taʼlim jarayonlariga raqamli texnologiyalar va zamonaviy oʻqitish usullarni joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, muhandislik-texnik taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar ulushini oshirish, kredit-modul tizimini joriy etish, oʻquv rejalarida amaliy koʻnikmalarni oshirishga qaratilgan mutaxassislik fanlari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida 2020-yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”3 deb nom berishning taklif etilishi, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlarni qayta koʻrib chiqish, mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar sonini 2 barobar qisqartirish, oliy taʼlimda oʻquv jarayoni kredit-modul tizimiga oʻtkazish, qator oliy taʼlim muassasalarini oʻzini oʻzi moliyaviy taʼminlashga oʻtkazish, taʼlim sohasini toʻliq raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini taʼlim sohasiga ham keng tatbiq etish masalalari shu kunning dolzarb masalalari ekanligi taʼkidlab oʻtilgan.
Ushbu murojaatnomada birinchi oʻringa xalqning bilim darajasini oshirish masalasi qoʻyilgan, bu esa millatning raqobatbardoshligini belgilovchi omil hisoblanadi. Shu sababli, tabiiyki, ushbu hujjatda zamonaviy talablar va jahon standartlariga javob beradigan milliy taʼlim tizimini yaratish muammosining elementlari ham oʻz aksini topgan.
1999-yilda 29 ta davlat tomonidan Bolonyada yagona taʼlim muhitini yaratish jarayonida ishtirok etish haqidagi Deklaratsiya imzolandi. Uning maqsadi taqqoslanadigan darajalar tizimini qabul qilish, akademik va kasbiy tan olishni yengillashtirish va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini taʼminlashga qaratildi. Bolonya jarayoni barcha davlatlar uchun ochiq boʻlib, bugungi kunga kelib ishtirokchi davlatlar soni 50 ga yaqinlashib qoldi.
Bolonya deklaratsiyasini imzolagan barcha davlatlar oliy taʼlimning ikki bosqichli (bakalavriat – 3-4 yil, magistratura – 1-2 yil) tizimiga oʻtishgan. Oliy taʼlimdan keyin doktor (3-4 yil) darajasini olishga imkon yaratiladi.
Xorijda ECTS (European Credit Transfer System4) tizimi taʼlim tizimining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Har bir oʻquv faniga yuklama hajmidan, kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun muhimligidan kelib chiqib kredit bali belgilanadi. Talaba har bir fanni muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan taqdirda belgilangan kreditlarni oladi va bu kreditlar yigʻindisi unga mos boʻlgan bakalavr yoki magistrlik darajasini olishga imkon beradi.
Xoʻsh, kredit-modul tizimi nimani nazarda tutadi? Bugungi kunda taʼlim dasturlarini amalga oshirish uchun dunyo tajribasida kredit tizimi deb nomlangan amaliyotdan keng foydalaniladi. Kredit tizimi oʻz ichiga taʼlim va uning uchun sarflanadigan umumiy mehnat xarajatlari miqdorini qamrab oladi. Jahon amaliyotida Amerika Qoʻshma Shtatlari kredit tizimi (USCS), Kreditlarning toʻplash va oʻtkazishning Britaniya tizim (CATS), Yevropa kredit tizimi (ECTS), Universitet kreditlarini oʻtkazishning Osiyo — tinch okeani tizimi (UCTS) eng keng tarqalgan tizimlar hisoblanadi. Shu boisdan biz tahlil qilayotgan “Kredit-modul tizimida modulli taʼlim masalalarini oʻrganish” mavzusi bugungi kunda dolzarb masalalardan biri boʻlib kelmoqda.
Taʼlimning kredit tizimi talabaga yoʻnaltirilgan oʻqitish, taʼlim berish va baholashning oshkoraligi tamoyiliga asoslangan boʻlib, sinov birliklarini yigʻish va koʻchirib oʻtkazishdan iboratdir. Mazkur tizim sinov birliklarining jamgʻarib boriladigan taʼlimning barcha bosqichlari boʻyicha ilgari yigʻilgan oʻsib boruvchi sinov birliklari hisobini bildiradi.
Kredit tizimi asosida taʼlim jarayonlarini tashkil etish va uning sifatini taʼminlashning innovatsion metodlarini, kredit-modul tizimida oʻquv jarayonining uslubiy taʼminotini tayyorlash tamoyillarini, kredit tizimi asosida taʼlim natijalarini baholash usullari bugungi kun ta’lim jarayonida muhim hisoblanadi.
Oliy taʼlim jarayonlariga raqamli texnologiyalar va zamonaviy oʻqitish usullarni joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, muhandislik-texnik taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar ulushini oshirish, kredit-modul tizimini joriy etish, oʻquv rejalarida amaliy koʻnikmalarni oshirishga qaratilgan.
Umuman olganda,
kredit-modul tizimi asosida taʼlim jarayonlarini tashkil etish va uning sifatini taʼminlashning innovatsion metodlarini tahlil qilish;
kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ishini rejalashtirish;
kredit-modul tizimida pedagoglar faoliyatini hamda oʻquv jarayonining uslubiy taʼminotini tahlil qilish;
modulli taʼlim texnologiyasi, modulli oʻqitishning mohiyati yoritish;
kredit-modul tizimining afzallik va muammoli jihatlarini oʻrganish;
kredit-modul tizimi asosida taʼlim jarayonlarini rejalashtirish, tashkil etish va uning sifatini taʼminlashning innovatsion metodlarini ochib berish mazkur oʻquv qoʻllanmamizning muhim vazifalari sanaladi.
Oʻquv qoʻllanmani tayyorlashda quyidagi manbalardan foydalanildi. Jumladan, B.Sh.Usmonov, R.A. Xabibullayevning “Oliy oʻquv yurtlarida oʻquv jarayonini kredit-modul tizimida tashkil qilish” nomli oʻquv qoʻllanmasi, V.Oʻrinovning Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida ECTS kredit-modul tizimi: asosiy tushunchalar va qoidalar nomli oʻquv qoʻllanmasi, Oliy taʼlimning meʼyoriy — huquqiy hujjatlari toʻplami. Shuningdek, xorijiy adabiyotlar “Распространение Болонского протсесса: о декларации к внедрению на практике. В 3-х частях. Част 2. Тенденсии развития Болонского протсесса, его инструменты и опыт внедрения” / Р.Р. Агишев, И.В. Анисимова, Ш.М. Валитов, Д.А. Гопкало, В.Г. Крюков, А.Е. Пушкина, Л.А. Симонова, А.П. Снегуренко. Под ред. проф. Р.Р. Агишева.
Shu bilan birga normativ-huquqiy hujjatlar kredit-modul tizimining afzalliklarini ochib berishda asos boʻlib xizmat qildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi OʻRQ-637-sonli Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevral “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi 4947-son, 2018-yil 21-sentabr “2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5544-son, 2019-yil 27-may “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-son, 2019-yil 27-avgust “Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF-5789-son, 2019-yil 8-oktabr “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5847-sonli Farmonlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 25-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-avgustdagi “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 343-sonli, 2015-yil 10-yanvardagi “Oliy taʼlimning Davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2001-yil 16-avgustdagi “343-sonli qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 3-sonli qarorlari.
Kredit –modul tizimining uzluksiz takomillashuviga taʼsir koʻrsatuvchi ijobiy va salbiy omillar izohlab berilgan. Modulli oʻqitish texnologiyasi uning mohiyati, kredit modul tizimiga oʻtishda xorijiy tajribalardan foydalanish, kredit-modul tizimidan foydalanish koʻnikmalarini mustahkamlash, rivojlantirish, mazkur jarayonni jadallashtirish imkoniyatlari koʻrsatib berilgan.
Mazkur oʻquv qoʻllanma bakalavr taʼlim yoʻnalishi va magistr mutaxassisligi talabalari uchun moʻljallangan boʻlib, har bir talaba kredit-modul tizimida ishlashda mustaqil ravishda kurs ishlari, referatlar hamda mustaqil ishlarini tayyorlashda foydalanishlari mumkin.
Muallif
Do'stlaringiz bilan baham: |