Qorayganda uzoq tog‘larning qori,
Bog‘larga cho‘kkanda oqshomgi tuman,
Sovuq kuz yelidan junjikib, nari –
Ochiq ayvon ostin etganda maskan,
Do‘stginam, xayolan quchaman seni,
Xazon davrasida kutaman seni.
Dastlabki chog‘larda Abdulla Oripov o‘zining yashashdan kuzatgan maqsadlari va asosiy estetik prinsiplarini quyidagicha ifodalagan edi:
Men shoirman
Istasangiz shu.
O‘zimniki shu sozim.
Birovlardan olmadim tuyg‘u
O‘zgaga ham bermam ovozim.
Shoir Abdulla Oripov “Mitti yulduz” she’riy to‘plamidan keyin yana ko‘plab mazmundor kitoblar e’lon qildi. “Ko‘zlarim yo‘lingda” (1966), “Onajon” (1969), “Chashma”, “Ruhim” (1971), “O‘zbekiston” (1972), “Hayrat” (1974), “Yurtim shamoli” (1976), “Najot qal’asi” (1980), “Yillar armoni” (1984), “Ishonch ko‘priklari” (1989), “Munojot” (1992), “Dunyo” (1995), “Haj” daftari (1995), “Saylanma” (1996), to‘rt jildlik “To‘liq asarlar to‘plami” (2001) shular jumlasidandir. Ulardagi eng yaxshi she’rlar muallif lirikasining go‘zal fazilatlari, jozibasi, yuksak mazmundorligi va badiiyligi to‘g‘risida muayyan xulosalar chiqarishga imkon beradi. Jumladan, A.Oripovning “Onajon” she’rini o‘qir ekanmiz, qalbimizni qamragan tuyg‘ular, vujudimizni zabt etgan o‘zgacha holat bo‘g‘zimizga tiqilib, beixtiyor ko‘zimizda yosh qalqiydi:
Balki sening qabring uzra,
Ko‘karganda gul-chechak
Ostonamga qadam qo‘yar
Sen istagan kelinchak.
Balki uning yo‘llariga
Kimdir gul ham sochadir,
Balki munis opajonim
Kel, deb quchoq ochadir.
Balki do‘stlar davrasida
Kamim bo‘lmas hech qachon,
Lekin seni o‘sha damda
Qaydan topay,onajon...
Bu she’rning yozilish tarixini Abdulla Oripovning o‘zi yuqorida tilga olingan suhbatda quyidagicha xotirlaydi: “Men onamga bag‘ishlangan she’rimni, marsiya desam ham bo‘ladi, uzoq vaqt yozdim. O‘sha paytdagi ahvol-ruhiyatimdan so‘z ochmay qo‘yaqolay. Lekin men bu she’rni matbuot uchun yozgan emasman. Hech qachon g‘am odamning bayrog‘i bo‘lolmaydi. Ikki yil she’rni e’lon qilmadim. Sababi, mendan keyin uchta singlim bor edi. Bu she’rni o‘qishsa, ular uchun onam ikkinchi marta qazo qilgandek bo‘lardi-da... Keyinchalik e’lon qildim” (“Jahon adabiyoti”, 2011, №3, 128-bet).
Shoir ijodida faqat mazmun teranligi emas, balki qofiyalarning sodda, biroq ravon tartibda kelganligi ham o‘ziga xoslik kasb etadi:
Seni Chingiz g‘azabga to‘lib,
Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo‘lib,
Sakrab o‘tding Amudaryodan.
Sensan o‘shal samanim manim,
O‘zbekiston-vatanim manim.
A.Oripovning yuqoridagi misralari butun o‘zbekistonliklarning faxriyasiga aylanib qolgan. Shoirning o‘zi “O‘zbekiston” she’rining yozilish tarixini quyidagicha hikoya qiladi: “U davrlarda butun Sovet Ittifoqi ona-Vatan sifatida ulug‘lanardi va kuylanardi. Bu holatda mening ko‘nglimda: “Unda – O‘zbekiston-chi?!” – degan savol tug‘ilgan. Va bu savol butun she’r davomida “O‘zbekiston vatanim manim!” xitobi bo‘lib yangradi. Qiziq bir detal. She’rning buyuk sohibqironga bag‘ishlangan satrlarida “Deyman bu kun – u manim, manim” misrasi bor edi. Senzura tazyiqi bilan “Demam bu kun – u manim, manim” deb e’lon qilingan. Buyuk bobomizni meniki deyishga haqqimiz yo‘q edi o‘sha davrlarda!” (“Jahon adabiyoti”, 2011, №3, 128-bet).
Shunisi e’tiborliki, shoir og‘ir sharoitlarda ham istiqlol g‘oyalarini kuylashga harakat qilgan:
Shoir qalamida hasratlar qat-qat,
Shoirni chulg‘aydi o‘ylar daf’atan.
Yashab qolarmikan she’rim oqibat?
Ozod bo‘larmikan notavon Vatan?
Bu misralar 70-yillarning avvalida yozilgan. Shoir hasratlari qat-qat ekanligi haqida u vatqlarda yozish ancha qiyin edi. Vatanning notavon ekanini e’tirof etishu uning ozod bo‘lishini orzu qilish esa aqlga sig‘maydigan jasorat edi. A.Oripov bu fikrni “Nekrasov hasrati” nomli she’rida ustalik bilan ifodalagan edi:
Do'stlaringiz bilan baham: |