ABDULLA AVLONIY ASARLARI HAQIDA
Taniqli ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy pedagogik fikr taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan, o‘z asarlarida o‘zbek xalqining eng yaxshi an’analarini, ta’lim-tarbiyaga oid muhim hayotiy masalani aks ettirgan pedagog, olimdir.
O‘ta iqtidorli bo‘lgan Abdulla Avloniy 15 yoshida she’rlar yoza boshladi. U 1894-yildan boshlab she’rlar yozishga kirishgan bo‘lsa-da, biroq yoshlik davrida yozgan she’rlari bizgacha saqlanmagan. Dastlabki she’rlarida va “Hijron” degan maqolasida xalqni yangi usul maktablarida o‘qib-o‘rganishga targ‘ib qildi. Avbdulla Avloniy 1907-yilda “Shuhrat”, “Osiyo” nomli yangi gazetalar chiqara boshladi, lekin chor amaldorlari tez orada gazetalarni yoptirib qo‘yadi. Abdulla Avloniy keyinroq “Sadoyi Turkiston” (1914-1915), “Turon” (1917), “Ishtirokiyun” (1918) gazetalarida, “Kasabachilik harakati” (1921) jurnalida muharrir bo‘lib ishlaydi. Shundan so‘ng, u o‘zbek matbuotning zabardast vakili, o‘zbek matbuotning asoschilaridan biri sifatida taniladi.
Avloniy “Advokatlik osonmi?” (1914), “Pinak” (1915) komediyalari, 1914-1917-yillarda yozgan “Biz va siz”, “Portugaliya inqilobi”, “Ikki sevgi” kabi fojiaviy asarlari bilan o‘zbek dramaturgiyasining maydonga kelishi va teatrchilikning xalq orasida tomir otishiga muhim hissa qo‘shdi.
Abdulla Avloniyning jadidchilik harakatidagi eng qimmatli vazifasi zamonaviy ruhdagi diniy va dunyoviy fanlarni qamrab olgan “usuli jadid” maktablarini ochishi, ushbu maktablar uchun to‘rt qismdan iborat “Adabiyot yoxud Milliy she’rlar” hamda “Birinchi muallim”(1912), “Turkiy Guliston yoxud Axloq”(1913), “Ikkinchi muallim”(1915), “Maktab gulistoni”(1917) kabi darslik va o‘qish kitoblari yaratishi va bu asarlarida hamda publisistik maqolalarida dunyo xalqlari madaniyatini, ilm-fanni, maktab va maorifni ulug‘lab, o‘z xalqini ilmli, madaniyatli bo‘lishga chaqirig‘i bilan ahamiyatli sanaladi.
Olimning “Birinchi muallim” darsligi ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yomonlik jazosi, qanoat, zar qadrini zargar bilur, yaxshilik yerda qolmas, to‘g‘rilik ittifoq kabi mavzularni o‘z ichiga oladi.
Birinchi muallim” 1917-yilga qadar 4 marta nashr etilgan. U muallif ta’kidlaganidek, “avvalgi sinf shogirdlari uchun” yozilgan edi. Avloniy uni yozishda o‘ziga qadar bo‘lgan mavjud darsliklarga, birinchi navbatda “Adibi avval” va Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval”iga suyandi. Dars berishi jarayonida orttirgan tajribalaridan samarali foydalandi. Pirovard natijada zamon talablariga javob bera oladigan, ayni paytda Aziziy boshlab bergan yo‘lni takomillashtiruvchi original asar yozishga muvaffaq bo‘ldi.
“Ikkinchi muallim” yuqoridagi kitobning bevosita davomi, “Alifbodan so‘ng o‘qutmak uchun” yozilgan, “axloqiy hikoyalar, adabiy she’rlar ila ziynatlangan”. Binobarin, u – darslik-majmua. Kitob dastlab 1912-yilda Toshkentda G‘ulom Hasan Orifjonov litografiyasida bosilib chiqdi. So‘ngra 1915-1917-yillarda qayta nashr qilindi.
Abdulla Avloniyning pedagogikaga oid asarlari ichida “Turkiy Guliston yoxud Axloq” asari XX asr boshlaridagi pedagogik fikr taraqqiyotini o‘rganish sohasida katta ahamiyatga molikdir. Asarda insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytaruvchi bir ilm-axloq haqida fikr yuritiladi. Shu jihatdan qaraganda, bu asar Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Nosir Xisravning “Saodatnoma”, Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, Jomiyning “Bahoriston”, Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Ahmad Donishning “Farzandlarga vasiyat” asarlari shaklidagi o‘ziga xos tarbiyaviy asardir.
Abdulla Avloniy o‘zining “Adabiyot yohud Milliy she’rlar” asari orqali xalqning mavjud holatini ifodalashga harakat qiladi. Jumladan, Alloma “Biz, millat” she’ri orqali millatning boshiga tushgan xo‘rliklar, jaholatdan boshiga tushgan ko‘rguliklarga na iqror va na inkorini bildira oladigan, g‘aflatda kun kechirayotgan shuningdek, boshqalar ilm-hunarni egallashga tomon harakat qilayotganda bu millat chopon, chalma, riyo sotmoq bilan ovoraligini tasvirlaganligini ko‘rishimiz mumkin.
Avloniy ma’rifatparvar shoir sifatidagi “1894-yildan boshlab she’r yoza boshlagan ammo, u she’rlar bizgacha yetib kelmagan. Uning 1917-yilgacha bo‘lgan poetik merosi, asosan, “Adabiyot” nomli 6 qismdan iborat she’riy to‘plamlarida jamlangan. Ularning har biri 1909-1917-yillar oralig‘ida alohida-alohida bir necha marotaba nashr qilingan.
Abdulla Avloniyning “Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi Islom” asari ham mavjud. Ushbu asar boshlang‘ich maktablarning o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Bu asar birinchi marta 1910-yilda Munavvarqori tomonidan Toshkentda Il’in bosmaxonasida bosilgan. Mustaqillik yillarida esa Zokirxon Afzalov SHokirxon o‘g‘li tomonidan 1994-yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan. Risolada Odam alayhissalomdan Muhammad alayhissalomgacha o‘tgan payg‘ambarlarning qissalari va zuhuri islom zikr etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |