Drujina (slav.drug)– Qadimgi Rusda knyazlik qoʻshini. Qabila yoʻlboshchilarining harbiy safdoshlari.
Dyakon, diakon (yunon.xizmatchi) – ruhoniylikning quyi darajasidagi birinchi darajali cherkov xizmatchisi boʻlib, undan keyingi darajadagi mansab ipodiakon boʻlgan. Ibodat vaqtida D. yepiskop va ruhonyilarga yordam bergan, lekin xristianlik yigʻilishlarida mustaqil ishtirok etish va tanistvani bajarishni amalga oshira bilmagan. Rohiblikdagi D.lar iyerodiakon deb atalgan. Yepiskopga xizmat qiluvchi birinchi D. Protodiakon (agar u roxiblikka mansub boʻlsa arxidiakon) deb atalgan.
Dvoryanlik – feodal tuzum davrining ikkinchi yirik tabaqasi yoki qatlami. Yirik yer aristokratiya vakillarini birlashtirib, uning tarkibiga mayda va oʻrta feodallar kirgan. Shu bilan birga cherkov yerlariga egalik qiluvchilar ham dvoryanlar sifatida koʻrsatilgan.
~ E ~
Edikt (lot. e’lon)– dastlab qadimgi Rimda magistratlarining oʻz mansablariga kirishishdan oldin e’lon qiladigan faoliyat dasturi E. deb atalgan va u vakolat muddati davomida majburiy kuchga ega boʻlgan. Prinsipat va dominat bosqichiga kelganda imperator qonunlari koʻrinishini oldi. Oʻrta asrlarda va Yangi zamonda davrida Gʻarbiy Yevropada E. qonun koʻrinishlaridan biri boʻlib, oliy organlar (monarx yoki papa) chiqargan farmonlarga nisbatan qoʻllanilgan.
Edilinglar – german qabilalarida xalqlarning buyuk koʻchishlari arafasida va jarayonlarida zodagonlar toifasi. Sakslardagi urugʻ zodogonlari ham shu nom bilan atalgan.
Efes (nem.) – tutqich. qilichsimon qirollarning qoʻl bilan ushlab turiladigan qismi. Raqib zarbasidan himoyalanish uchun E. qoʻshimcha himoyalovchi qism bilan yasalgan.
Ekyu (frans. lot. qalqon) – oʻrta asrlarda Fransiyada oltin va kumush tangalar. Oʻz nomini tangada aks ettirilgan qalqon nomidan olgan. Lyudovik IX davridan, 1266-yildan zarb qilina boshlangan. Keyinroq taxt, toj kabi tasvirli E. tangalari ham zarb qilingan. Qalqon tasvirli tangalar Ispaniya va Portugaliyada eskudo deb nomlangan. Lyudovik XIII davrida, 1640-1641-yillardan boshlab yangi oltin tanga – lyudor zarb qilina boshlagach, E. tangalari kumushdan zarb qilinadigan boʻldi.
Ekzarxat (yunon. exarchos – bosh, boshliq) – Italiya hududidagi (Romaniya, Venetsiya, Istriya, Oʻrta va Janubiy Italiyani oʻz ichiga olgan) harbiy–ma’muriy birlik, noiblik. VIII asrga qadar imperatorning Ravennada yashagan noiblari (ekzarxlar) tomonidan boshqarilgan. E.larning imperiyaga qaramligi kuchsiz boʻlgan. Langobardlar bilan urush tufayli uning hududi doimiy qisqarib borgan. Lekin uni toʻliq egallab ololmagan. Keyinroq frank qiroli Pipin Pakana tomonidan tortib olingan va papaga tuhfa qilingan. E. yerlarida 756-yilda Papa davlati tuzilgan.