37. Дастлабки халқаро конгресслар. Халқаро ҳуқуқ фанининг юзага келиши. Salib yurishlari xalqaro munosabatlar va diplomatiya tarixining eng muhim bosqichlaridan birini tashkil etdi. Yurishlar davomida G‘arb xalqlari Sharqning musulmon mamlakatlari va Vizantiya bilan to‘qnashuvga kelishdi. Shu bilan birgalikda salib yurishlari G‘arbiy Evropa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlariga kuchli ta’sir etdi. Vizantiya, Venetsiya, normannlarning janubi - italyan davlati (Sitsiliya qirolligi), Fransiya, Angliya, Muqaddas Rim imperiyasi o‘rtasida O‘rta er dengizida ustunlik qilish uchun uzoq muddatli kurash avj oldi. G‘arb va Sharq davlatlari turli ittifoqlar va koalitsiyalarga tortildi. Bundan tashqari, Sharqda salibchilar davlatlarining tashkil topishi diplomatik munosabatlarining yangi shakllarini, masalan konsullik xizmatini, keltirib chiqardi, chunki yangi davlatlarda alohida mamalakatlar vakillarining savdo manfaatlarini himoya qilish zaruriyati paydo bo‘lgandi. Italiya diplomatiya va xalqaro munosabatlarning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Italiyada shaharlar qolgan Evropaga nisbatan ertaroq rivoj topgan bo‘lishiga qaramasdan, ushbu mamlakat tarqoq bo‘lib qolaverdi.
Xalqaro huquq masalalariga cherkov qonun - qoidalariga asoslangan huquq ham to‘xtalib o‘tardiki, uning eng muhim yodgorligi sifatida XII asrning o‘rtalarida tuzilgan va “Gratsian dekreti” nomini olgan to‘plamni aytib o‘tish mumkin. Shu bilan birga cherkov huquqi ta’limoti ustida ishlagan huquqshunoslar -“dekretchilar” glossatorlarga nisbatan “tabiiy huquq” va “xalqaro huquqi”dan anchagina kengroq foydalanishgan. Ular ushbu tushunchalarni “Muqaddas kitob”da mavjud bo‘lgan iloxiy huquqga o‘xshatishardi. Huquqshunos - nazariyachilar bir paytning o‘zida amaliy faoliyat olib boradigan arboblar bo‘lganligi xalqaro huquq fanining rivojlanishiga yordam berdi. XIII asrning oxiridan Evropaning siyosiy hayotida legistrlarniing roli tobora kengayib bordi. Huquqshunoslarning xalqaro huquq sohasidagi amaliy faoliyati nazariy umumlashtirishlar uchun zamin yaratib berdi. Xalqaro huquq ilk bor huquqshunoslikning alohida tarmog‘i sifatida “postglossatorlar”- ning yoki “sharhlovchilar”ning ta’limotlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. “Postglossatorlar”, Rim huquqi asoslariga tayanib uning nazariyalarini glossatorlarga nisbatan erkinroq rivojlantirishdi. Shunday qilib, XIII asr oxiridan postglossatrlar ta’limotlarida xalqaro huquq fanining kurtaklari paydo bo‘la boshladi. Ushbu fanning batartib rivojlanishi XVII asrga to‘g‘ri keladi.
Yirik davlatlarning paydo bo‘lishi va ular o‘rtasida diplomatik munosabatlarning rivojlanishi ushbu holatga mos keladigan nazariyani keltirib chiqardi. Diplomatik huquq rivoj topdi. 1582 yilda niderlandiyalik Baltazar Ayala “Urush va harbiy muassasalar huquqi to‘g‘risida” deb nomlangan asarini nashr etdi. Italiyalik Alberiko Djentilining “Elchiliklar haqida” (1585y.) deb nomlangan asari ham keng tarqaldi. Xalqaro huquq fanini ishlab chiqish va kamolatga etkazishda birinchilik Gugo Grotsiyga (1583 – 1645) tegishlidir. Gollandiyalik mashhur huquqshunosning tarixiy ahamiyati shundaki, u absolyut monarxiyalar o‘rtasida talonchilik va vayronagarchiliklar keltirib chiqargan to‘xtovsiz urushlar davrida, mulk himoyasini nazariy asoslashga va shu bilan birga urushni huquqiy me’yorlar doirasiga solishga urinib ko‘rdi. G.Grotsiyning “Urush va tinchlik huquqi to‘g‘risida” (1625y.) deb nomlangan asari muallifga katta shuhrat keltirdi. Grotsiy o‘z asarida elchilik huquqlariga ham alohida bob bag‘ishlagan. Ushbu bob shunisi bilan qiziqarliki, unda XVII asr boshiga kelib elchilik huquqi sohasida shakllangan urf - odatlar tasvirlangan. Urush o‘sha davr davlatlari tashqi siyosatining asosiy ko‘rinishlaridan biri edi. Xalqaro to‘qnashuvlarni keltirib chiqargan sabablar qatoriga chegara janjallari, sulolaviy da’volar, savdo monopoliyasi uchun kurash va boshqalarni kiritish mumkin.