Strategiyaning ko‘plab turlari mavjud: hujum (mudofaa), himoya, oraliq, singdiruvchan, imitatsion, qaroqchi strategiyalari.
Hujum innovatsion strategiyasi yuqori xavf darajasi va samaradorligi bilan xarakterlanadi. Hujum strategiyasida tadqiqotlarga yo‘nalganlik (ko‘p hollarda hatto fundamental tadqiqotlarga) eng yangi texnologiyalarni qo‘llash bilan birgalikda darkordir. Strategiyaning ushbu turi yangilik kiritishlarni ishlab chiqishda yuksak malakani, ularni tez amalga oshira olish va bozor ehtiyojlarini oldindan bilish qobiliyatini talab etadi. U yirik birlashma va kompaniyalar uchun, sohada zaif rahbarga ega bo‘lgan bir nechta kompaniyalarning ustunlik qilishida xarakterlidir. Ammo hujum strategiyasi uncha katta bo‘lmagan korxonalar (ayniqsa innovatsion tashkilotlar) tomonidan ham, ular kuchlarini bitta yoki ikkita innovatsion loyihada jamlagan taqdirda amalga oshiriladi.
Himoya (mudofaa) strategiyasi uncha yuqori bo‘lmagan xavf darajasi, yetarlicha yuqori darajadagi texnik (loyihaviy- konstruktorlik va texnologik) ishlanmalar va muayyan zabt etilgan bozor ulushi bilan xarakterlanadi. Himoya strategiyasida korxonalar ishlab chiqarishning yuqori darajali texnika va texnologiyasi, ishlab chiqiladigan mahsulot sifati, nisbatan kam ishlab chiqarish xarajatlari bilan ajralib, o‘zining bozordagi o‘rnini saqlashga urinadi. Bunday strategiyadan raqobatchilik sharoitida katta foyda oladigan korxona (firma)lar foydalanadi. Ushbu kompaniyalar marketing va ishlab chiqarish sohasida innovatsion ishlanmalar, ilmiy-tadqiqot va tajribaviy-konstruktorlik ishlar nisbatan ishonchliroq pozitsiyalarga ega.
Oraliq strategiya raqobatchilarning zaif tomonlarini va korxonaning kuchli tomonlarini qo‘llashi, hamda raqobatchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilik yo‘qligi bilan (dastlabki bosqichlarda) xarakterlanadi. Oraliq innovatsion strategiyada korxonalar (asosan katta bo‘lmagan) boshqa, shu jumladan, o‘z sohasida ustunlikka ega korxonalar ixtisoslashuvidagi bo‘shliqlarni to‘ldiradi. Strategiya tanlashda o‘tkazilgan iqtisodiy vaziyat va
tashqi muhit tahlili ishlab chiqariladigan yangiliklar to‘plamidagi ana shunday bo‘shliqlarni aniqlaydi. Bunday bo‘shliqlar mavjudligi boshqa korxonalar (shu jumladan, yetakchi korxonalar) ning kuchsizligi, ularning imkoniyatlari yo‘qligi yoki mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish istagi yo‘qligi (masalan, katta bo‘lmagan bozor tufayli) bilan tushuntiriladi. Bunday strategiya ko‘pincha yangiliklarning bazaviy modellari modifikatsiyalariga nisbatan qo‘llaniladi. Misol uchun, kompyuterlarni ilmiy tadqiqotlar, bort (samolyot va h.k.) va o‘yin tizimlari uchun ishlab chiqish, o‘zlashtirish va bozorda realizatsiya qilish. Yoki boshqa sohalarda (mudofaa sanoatida, sog‘liqni saqlash va h.k. sohalarda) qo‘llaniladigan asosiy modellar negizida yaratilgan maishiy texnika bozori.
Singdiruvchan strategiya (litsenziyalashtirish) boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilgan innovatsion ishlanmalarni qo‘llashni nazarda tutadi. Innovatsiyalar murakkabligi va yangiligi darajasiga ko‘ra shunchalik turli-tumanki, hatto innovatsion ishlanmalar bo‘yicha kuchli bo‘linmalarga ega bo‘lgan yirik birlashmalar (kompaniyalar) (Ilmiy-tadqiqot va eksperimental loyihalash ishlari xizmatlari) samarali yangilik kiritishlar butun spektri bo‘yicha ishlarni amalga oshira olmaydi. Shu bois ularning ko‘pchiligi innovatsion siyosatni nafaqat o‘z kuchi bilan qo‘lga kiritgan yangiliklarni qo‘llash asosida, balki boshqalar ishlab chiqqan innovatsiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘tkazadi. Bu ular singdiruvchan strategiyani boshqa (masalan, hujum) strategiya bilan bir qatorda tadbiq etishini anglatadi.
Imitatsion strategiya korxonalar boshqa tashkilotlarning bozorga chiqqan yangiligini (oziq-ovqat, texnologik, boshqaruv) takomillashtirib va modernizatsiya qilib tadbiq etishi bilan xarakterlanadi. Ushbu korxonalar ishlab chiqarishning yuksak madaniyati, tashkiliy-texnologik imkoniyatga ega bo‘lib, bozor talablarini yaxshi biladi, ba’zida esa kuchli bozor pozitsiyalarini egallaydi. Bunda yirik korxonalar (kompaniyalar) tomonidan ham, kichik innovatsion tashkilotlar tomonidan ham ishlangan va
o‘zlashtirilgan innovatsiyalar asos qilib olinishi mumkin. Ko‘pincha bunday imitator-korxonalar o‘z sohasida va tegishli bozorlarda, dastlabki yetakchi-novatorni orqada qoldirib, birinchilikni qo‘lga kiritishadi. Ma’lum sharoitlarda imitatsion strategiya juda yaxshi foyda keltiradigan bo‘lib qoladi.
Qaroqchi strategiya prinsipial yangiliklar oldin ishlab chiqarilgan buyumlarning texnik-ekspluatatsion parametrlariga (masalan, xizmat qilish muddati, mustahkamligi ortishi) ta’sir etganda qo‘llanilishi mumkin.
Prinsipial yangiliklarning ommalashuvi ularning bozori o‘lchamlarining kamayishiga olib keladi. Ushbu strategiyadan odatda boshqa soha innovatsion tashkilotlari foydalanadi, ammo ular allaqachon ishlab chiqiladigan mahsulotni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi texnologiya, umuman yangi texnik yechimlarga egadir. Bunday strategiyani shu paytgacha kuchsiz bozor pozitsiyalariga ega bo‘lgan shu soha korxonalari ham, agar ularda muayyan bosqichda yorib chiqish texnologiyalari paydo bo‘lsa, tanlashi mumkin. Qaroqchi strategiyasi yangiliklarni ommalashtirish va amalga oshirishning dastlabki bosqichlaridagina samarali bo‘lishi mumkin.
Strategiyaning mazkur turlaridan tashqari, korxonalarning innovatsion strategiyasi umuman yangi mahsulot (texnologiya)ning amalga oshirilishi uchun butkul yangi bozor yaratishga, raqobatchi korxonalar mutaxassislarini jalb etishga va yuksak ilmiy-texnik imkoniyatlar va innovatsion ruhga ega bo‘lgan boshqa tashkilotlar bilan birlashish (ba’zida o‘ziga olish, sotib olish)ga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Amaliy innovatsion faoliyatda mazkur strategiya turlarining birikmasi mavjuddir, shu sababli proporsiyalarni belgilash muhim bo‘lib, ularning asosida ushbu strategiyalar o‘rtasida resurslar taqsimlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |