NUQTA, VERGUL VA ULARNING QO‘LLANILISHI
Nuqtaning yozuv belgisi sifatida ishlatilishi qadimgi arab manbalariga borib taqaladi. U o‘zbek tilida tinish belgisi sifatida XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab ishlatila boshlangan.
Nuqta o‘zbek tilida, odatda, quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi:
1. His-hayajonsiz aytilgan darak, buyruq gaplardan so‘ng.
Milliy istiqlol sharofati bilan yangicha tafakkur va yangicha fikrlash shakllanmoqda. O‘zingga ravo ko‘rmagan narsani boshqalarga ham ravo ko‘rma. Farzandlarimiz doimo sog‘lom bo‘lsin.
2. Atov gaplardan keyin.
Ilk bahor. Daraxtlar endi kurtak yoza boshlagan palla.
3. Ismi, otasining ismi (ba’zan familiya ham) qisqartirilganda, ularning birinchi harfidan so‘ng.
M. Behbudiy, A. Fitrat, A. Cho‘lpon kabi ijodkorlarning nomi hamisha barhayotdir. A.S. Pushkin — rus poeziyasining quyoshi.
4. Nashriyot ishlarida, lug‘at va ma’lumotnomalarda shartli ravishda qisqartirilgan ayrim so‘zlarning birinchi harfi yoki bo‘g‘inidan so‘ng. va sh.k. (va shu kabilar); s.t. (so‘zlashuv tilida); G‘. G‘. (G‘afur G‘ulom); Nav. (Navoiy); Toshk. (Toshkent); «O‘qituvchi» nashr.; 1995-y.
5. Qo‘shma gapning birinchi qismidan so‘ng kuchli to‘xtam bo‘lsa, mantiqan biri ikkinchisiga bog‘lanmagan qo‘shma gaplar orasida ham nuqta ishlatiladi. Bunday hollarda ikkinchi gap ammo, lekin, biroq, chunki, shuning uchun bog‘lovchilari bilan boshlanishi mumkin.
Bobodehqon yerga baraka urug‘ini ekish bilan band. Chunki dalalarda ish qizg‘in.
6. Ba’zi bir hollarda yil, oy, kunni ifodalovchi raqamlardan so‘ng ham nuqta qo‘yilishi kuzatiladi: 21.03.2010.
7. Butunning qismlarini sanash uchun qo‘llanilgan arab raqamlaridan so‘ng ham nuqta ishlatilishi mumkin.
Tovushlar quyidagi turlarga bo‘linadi: 1. Unli tovushlar. 2. Undosh tovushlar.
8. Hisob-kitob ishlarida nuqta belgisidan ko‘paytiruv alomati sifatida ham foydalaniladi. 2 · 2 = 4 (ikki karra ikki to‘rt).
VERGUL VA UNING Qo‘LLANILISHI
Vergul tinish belgisi sifatida G‘arbiy Yevropada XV asrdan boshlab ishlatila boshlangan. O‘zbekcha matnlarda XX asr boshlaridan boshlab uchraydi. Undan quyidagi o‘rinlarda foydalaniladi.
1. Uyushiq bo‘laklar orasida.
Bolalarning xulqi, odobi, yurish-turishi, ko‘cha-ko‘yda, mahallada o‘zini tutishi, do‘stlari orasidagi mavqeyi, hurmati, oila yumushlariga qo‘shayotgan hissasi bilan doimo qiziqib turish lozim (M. Inomova).
2. Undalmalar vergul bilan ajratiladi.
Uka, o‘qishning erta-kechi bo‘lmaydi. Men Sizni, oyijon, juda yaxshi ko‘raman. Salom sizga, purviqor tog‘lar!
3. Kirish so‘z va kirish birikmalardan so‘ng.
Shubhasiz, Vatanimiz jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoridan o‘rin olajak. Forobiyning yozishicha, inson jamiyatda, o‘zaro munosabatlarda voyaga yetadi.
4. Tasdiq, ta’kid, inkor va shu kabi ma’nolarni bildiruvchi ha, yo‘q, rahmat, xo‘sh, qani, xayr, ofarin, salom kabi so‘z-gaplardan keyin kelgan bo‘laklarni ulardan ajratish uchun ham vergul qo‘yiladi.
Ha, hushyor bo‘lish har bir fuqaroning Vatan oldidagi muqaddas burchidir. Xayr, biz jo‘nab ketyapmiz. Xo‘sh, xalq uchun siz nima ish qildingiz? Bu haqda o‘ylab ko‘rdingizmi?
5. Ajratilgan bo‘laklar orasida.
Onaga, eng ulug‘ zotga, ehtirom chinakam insoniylik sanaladi. O‘zbekistonda, jahonga yuz tutgan obod va ozod mamlakatda, demokratiya kundan kunga barqarorlashib bormoqda.
6. Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarni tashkil qilgan sodda gaplar orasiga.
Do‘sting mingta bo‘lsa ham oz, dushmaning bitta bo‘lsa ham ko‘p. Yurgan — daryo, o‘tirgan — bo‘yra.
7. Bog‘langan qo‘shma gaplarda ham vergul ishlatiladi.
Bilimli va tadbirkor bo‘ling, lekin bu xislatlaringiz sizni xudbinlikka sira yetakmalasin. Yo biz boraylik, yo siz keling.
8. Undov so‘zlar his-hayajon bilan aytilmasa, ulardan so‘ng vergul ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |