“Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir” Buyuk alloma Ibn Sino o‘z umrini insonlar hayotini asrashga, kasalliklarni davolashga bag‘ishlar ekan, quyidagi jihatni alohida qayd etgandi: “Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir”.
Bugun mamlakatimizda ushbu kasallik bilan bog‘liq turli mish-mish va yolg‘on xabarlar tarqatish holatlari ham kuzatilmoqda. Bunday xabarlarda keltirilgan ma’lumotlarning aksariyati asossiz bo‘lib, aholi o‘rtasida o‘rinsiz tashvishga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabarida qayd etiladi.
“Bugungi kunga kelib ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar tarqatish orqali vahima uyg‘otayotgan 33 ta akkaunt aniqlangan. Ulardan 25 tasi xorijiy mamlakatlar foydalanuvchilari, 8 tasi esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli. Ayni paytda ular shaxsini aniqlash maqsadida tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi vazirlik manbasida.
Afsuski, bunday noxush holatlar xorijdagi vatandoshlarimiz orasida ham tarqatilmoqda. Jumladan, ayrim ommaviy axborot vositalarida 16 mart kuni Rossiya oliy ta’lim muassasalarida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida o‘zbekistonlik yoshlarning talabalar turar joylaridan chiqarib yuborilayotgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur ma’lumotlar bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi quyidagilarni ma’lum qildi:
“Rossiya Federatsiyasi rasmiy organlari tomonidan mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga nisbatan ularning yashashi yoki mamlakat hududida bo‘lishini cheklash bo‘yicha qaror qabul qilinmagan. Ta’lim muassasalari rektorlariga Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligidan ushbu mazmundagi tavsiyalar yoki ko‘rsatmalar ham berilmagan”.
Yana bir shunday xabar Janubiy Koreyada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshimiz hayoti bilan bog‘liq. Internet tarmoqlarida tarqatilgan xabarlarda O‘zbekiston fuqarosining Koreya Respublikasida koronavirusga chalingani haqida so‘z boradi.
– Mamlakatimiz fuqarosining Janubiy Koreyada koronavirusga chalingani bo‘yicha xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida Tegu shahridagi tegishli tibbiyot muassasasi ko‘magida vatandoshimiz bilan bog‘landik, – deydi mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen. – Vatandoshimiz “Xanshin Tuksu Kagun” fabrikasining ikki nafar xodimi koronavirusga chalingani tufayli ehtiyot chorasi sifatida boshqa ishchilar qatorida shifoxonaga yotqizilgan ekan. Ayni paytda uning salomatligi bilan bog‘liq muammo yo‘q. Takroriy tibbiy ko‘rikdan so‘ng uyga ruxsat beriladi.
Bu kabi sarosima uyg‘otuvchi ma’lumotlarga chek qo‘yish maqsadida chet eldagi vakolatxonalarimiz rahbarlarining xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat yo‘llash amaliyoti joriy qilindi.
Shuningdek, xorijiy mamlakatlar ham O‘zbekiston fuqarolari hayotini himoya qilishda mamlakatimiz bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Masalan, Koreya Respublikasi o‘z hududida bo‘lib turgan chet el davlatlari fuqarolari qatorida o‘zbekistonliklar uchun ham zarur holatlarda bepul asosda tibbiy yordam olish imkonini taqdim etmoqda.
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi va Immigratsiya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ushbu mamlakatda bo‘lib turgan fuqarolarimizning amal qilish muddati tugayotgan vizalari muddatini 30 kunga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Rossiya rasmiy idoralari bilan muzokaralar natijasida ushbu davlatda qonunan bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar uchun qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston fuqarolari qanday maqsadda kelganidan qat’i nazar ushbu mamlakatda bo‘lish muddatini 90 kunga cho‘zishi mumkin bo‘ladi.
Bunday kelishuvlarga boshqa mamlakatlar bilan ham erishilmoqda.
Ammo shunday sharoitda ham xorijdagi ayrim yurtdoshlarimiz orasida sarosima va vahimaga tushish holatlari kuzatilib, vatanga qaytish taraddudida bo‘lganlar soni yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa chin ma’noda birinchi yordamga muhtoj, vatanga shoshilinch qaytishga zarurat sezayotganlarni qiyin ahvolga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu ma’noda chet elda vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarimiz yurtga qaytish haqida qaror qabul qilayotganda, barcha shart-sharoitlari, imkoniyatlari va ehtiyoji darajasini hisobga olgan holda yondashsa, maqsadga muvofiqdir.