1.Ajdodlarimizning qarashlarida ta’lim-tarbiya masalalari.
Farzandlar tarbiyasi barcha zamonlarda jamiyat uchun eng muhim vazifalardan bo‘lib kelgan. Tarixga murojaat qilsak, ko‘hna va mo‘‘tabar qo‘lyozmamiz, milliy ma’naviyatimizning olis yog‘dusi bo‘lmish “Avesto”da “er yuzining eng shodu xurram makoni bu iymon va farzandlar bor makondir”, deyiladi.
“Avesto”da oila, sog‘lom avlodning paydo bo‘lishi, benuqson naslning tug‘ilishi uchun zarur bo‘lgan sog‘lom turmush tarzi, naslning sog‘lomligi, zurriyotning pokizaligi, uning aqliy, axloqiy, ruhiy, jismoniy, ma’naviy-huquqiy tarbiyasi xususida qayg‘urish birinchi o‘ringa qo‘yilgan.
“Avesto”da “Menga xonadonim, qishlog‘im, shaharu-mamlakatim shuhratini dunyoga ko‘z-ko‘z qiladigan o‘qimishli, ishbilarmon, sog‘lom o‘g‘lon ber” deyilgan. Muhimi shundaki, erkak kishi uylanishi va zurriyotli bo‘lishi uchun avvalo moddiy va ma’naviy tomondan to‘q, jismonan baquvvat, ruhan va jisman benuqson bo‘lishi kerak. Insoniyat o‘z hayot yo‘lini tanlar ekan, zimmasiga olgan majburiyat va oilaviy burchni bajarishga mas’uldir. “Avseto”da ta’kidlanishicha, o‘smirlar 15 yoshga to‘lganda balog‘atga etgan va turmush qurish huquqiga ega hisoblanganlar. Oila qurish jamoa, ota-ona izmida bo‘lgan. SHu sababli jamoa va ota-onalar bo‘lajak kelin-kuyovlarni tanlashda obdon o‘ylab ish ko‘rishgan.
Zardushtiylikda nuqsonli farzand tug‘ilishini oldini olish maqsadida amaliy mohiyatga molik mulohazalar yuritilgan. Jumladan, farzandning sog‘lom tug‘ilishi uchun homilador ayol ortiqcha hayajonlanmasligi, iztirobga tushmasligi, faqat halol luqma eyishi lozim, - deb hisoblangan va ularga muttasil xurmo, anor, uzum, anjir iste’mol qilib yurish buyurilgan.
YAna “Avesto”da yoshlarni ta’lim olishlari kerakligi haqida ham bir qancha ibratli so‘zlar keltirilgan. “Tarbiya hayotning eng muhim tirgagi bo‘lib hisoblanishi lozim. Har bir yoshni shunday tarbiyalash zarurki, u avvalo yaxshi o‘qishni va so‘ngra esa yozishni o‘rganish bilan eng yuksak pog‘onaga ko‘tarilsin”.
Ko‘rinib turibdiki, Zardushtiylik ta’limotida farzandni har tomonlama etuk bo‘lib voyaga etishida jamiyat a’zolarining o‘rni, ota-onalarning halol kasb qilishlari va ayollarni e’zozlash yuqori o‘rinda turgan.
Jamiyatning birligi, kishilarning bir-birlariga mehr-muhabbatli bo‘lishi, sog‘lom turmush-tarzi, oilaning tinchligi, farzandlarni kamolini o‘ylash har bir dinning jumladan, Islom dinining ham bosh g‘oyasidir. Islom ta’limotida farzandlarini bilimli, sog‘lom, aql-idrokli, diniy va dunyoviy bilimlarni mukammal egallashlari uchun har bir ota-ona mas’ul hisoblanadi.
Islom ta’limotida farzandini jinsidan qat’iy nazar unga diniy va dunyoviy ta’lim berish kerakligi xususida juda ko‘plab hadislar bor. “Kimki uchta qiz farzandni o‘stirib, tarbiyalab, voyaga etkazib munosib joylarga uzatsa, uning mukofati jannatdir”. SHundan ham ko‘rish mumkinki, bizning ota-bobolarimiz asrlar davomida islomiy ma’naviyatlariga sodiq bo‘lgan holda farzandlariga o‘ziga xos ta’lim-tarbiya ulashib kelganlar.
Ajdodlarimiz oilaga, undagi ahloqiy muhit, tarbiyaga doimo e’tibor qaratib kelganlar va bu borada o‘nlab nasihatnomalar, pandnomalar, axloq-odob mavzusiga bag‘ishlangan asarlar yaratganlar.
Abu Nasr Farobiy yozishicha “Ta’lim-tarbiyaning birdan-bir vazifasi – kishi yashab turgan jamiyatning talablariga to‘la-to‘kis javob bera oladigan va jamiyatni bir butunlikda, tinchlik va farovonlikda saqlab turish uchun xizmat qiladigan mukammal insonni etishtirishdir”. Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (782(3)-850) ilm, fan, koinot, axloq, odob to‘g‘risida 20 dan ziyod asar yaratgan, jahon madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan allomadir. U o‘zining axloq, odob, adolat haqidagi fikrlarini «Vasiyatlar kitobi», «Tarix kitobi» kabi asarlarida bayon etgan. Allomaning fikrlariga ko‘ra, kishilar jamiyatda o‘rnatilgan tartiblarga ongli munosabatda bo‘lish, birovning haqqiga xiyonat qilmasligi, ajdodlarini qadrlab, ular merosini e’zozlab, o‘rganib borishi darkor.
Imom al-Buxoriy (809-869) ning madaniy merosi jahon sivilizatsiyasiga, ma’naviy olamiga ulkan hissa qo‘shib keladi. Uning qirqdan ziyod kitoblar ta’lif (bitmoq) etgani ma’lum. Ularda allomaning islom madaniyati va dini bilan bog‘liq ma’naviy-axloqiy qarashlari o‘z aksini topgan. Al-Buxoriyning «al-Jome’ as-Sahih», «at-Tarix al-Kabir», «at-Tarix as-Sag‘ir», «al-qiroatu xalfa-l-imom», «Raf’u-l-yadayn fis-s-saloti», «al-Adab al-Mufrad», «al-Musnad al-kabir», «Birr-ul-volidayn» kabi asarlari mashhur bo‘lib, ularda e’tiqod, iymon, axloq va yaratgan qudrati haqida fikrlar yuritiladi.
«Kimki farovon hayot kechiray va dunyoda yaxshi nom qoldiray desa, qarindosh-urug‘lariga mehribon bo‘lsin, ularning ahvolidan doimo xabar olib tursin». «Zolim birodaringga ham, mazlum birodaringga ham yordam qil». «Axloq nafratiga eng loyiq kishi odamlar bilan o‘ta xusumat va adovatda bo‘lguvchi kishidir».
«O‘zi yaxshi ko‘radigan narsasini o‘zgalarga ham ravo ko‘rmaguncha, kishi mo‘‘min komil bo‘la olmaydi». «Quyidagi to‘rt sifat kimda mujassamlashgan bo‘lsa, u beshak munofiqdir_ Ular: omonatga xiyonat, yolg‘on gapirmoqlik, ahdga bevafolik va birovlarga haddan tashqari xusumat qilmoqlik».
Al-Buxoriy to‘plagan hadislar va u yaratgan asarlarda, U.Uvatov ta’kidlaganidek, «nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish, nimadan o‘zini tiyish kerak kabi hozirgi jamiyatimiz ahli, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyati uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yo‘l-yo‘riqlar, pandu nasihatlar, o‘gitlar o‘z ifodasini topgan».
Imom at-Termiziy al-Bug‘iy (824-892) ham islom madaniyatining buyuk namoyondalaridan biri sifatida axloqiy-ma’naviy qadriyatlardan insoniylik, ahillik, mehr-shafqat, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy fazilatlarni targ‘ib etdi.
«Alloh nazdida eng yaxshi do‘st odamlarga doimo xayrli ishlarni qilib yuruvchi kishiga aytiladi». «Odamlarga shukr aytmaydigan kishi Allohga ham shukr qilmaydi». «Barcha musulmonlar birodardurlar. Ular hech qachon bir-biriga yomonlikni ravo ko‘rmasliklari kerak».
Ushbu hadis namunalaridan ma’lum bo‘ladiki, islom madaniyati insonlar o‘rtasidagi hamkorlikni, ahillikni, yaratganga hamdu sanolar aytib, yon-atrof, dunyo bilan murosada yashash kerak degan hozirda umuminsoniy qadriyatlarga aylangan g‘oyalarni targ‘ib etadi. Islom inson ma’naviyatiga urg‘u beradi, mavjud tartibotlar, normalar kishi ongi, ruhi, qalbi orqali shakllanadi. Unda inson «eng aziz, eng mukarram, buyuk zot sifatida e’zozlanadi, uning ma’naviy kamolotiga, hayotiy manfaatlariga xizmat qiladi.
Abu Nasr Forobiy (873-930) qadimgi yunon ilmi va falsafasining SHarqdagi eng yirik targ‘ibotchisi sifatida hanuzgacha o‘z ilmiy qimmatini yo‘qotmagan «fozil odamlar mamlakati» g‘oyasini ilgari surdi. U «Baxt-saodatga erishuv», «Aql to‘g‘risida», «Logikaga kirish» kabi asarlarida inson aqlu zakovatiga ishonishni, ijtimoiy hayot va davlatni boshqarish shaxslarning tafakkuri, ma’naviy olami bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidlaydi. SHuning uchun u, «xalqlar va shahar ahllarida axloq, odob, rasm-rusum, kasb-hunar, odat va irodani hosil qilish uchun insondan zo‘r kuch va qudrat talab qilinadi. Bu ikki yo‘l bilan: ya’ni ta’lim va tarbiya yo‘li bilan hosil qilinadi. Ta’lim degan so‘zlar xalqlar va shaharliklar o‘rtasida nazariy fazilatni birlashtirish, tarbiya esa shu xalqlar o‘rtasidagi tug‘ma fazilat va amaliy kasb-hunar fazilatlarini birlashtirish degan so‘zdir», – deb yozadi. Ushbu fikrlardan ma’lum bo‘ladiki, Forobiy xalqlarni birlashtirish yo‘llarini izlagan, ularni ta’lim va tarbiyada deb bilgan. Demak, ta’lim va tarbiya madaniy taraqqiyotga, insoniy fazilatlarning uyg‘unlashuviga xizmat qiluvchi umuminsoniy tajriba, qadriyatdir.
YUqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, Markaziy Osiyo mutafakkirlari shaxs ma’naviy olamini shakllantirish YAratgan in’om etgan imkoniyatning, hayotning, yashashning asosiy maqsadi, ma’naviy komillik orqaligina shaxs komil insonga aylanadi, haqu haqiqatni topadi, ruhidagi ilohiy kuchga xos umr ko‘radi, sa’y-harakatlarni amalga oshiradi, deb bilganlar. Ijtimoiy hayot, davlat va jamiyatni boshqarish ma’naviy yuksak, pok, fozil shaxslar orqaligina barpo etiladi. Ilmga, ma’rifatga, Vatanni sevib yashashga da’vat ular ilgari surgan axloqiy-ma’naviy ta’limotlarning mag‘zini tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |