1. Voha aholisi orasidagi ziyorat, ziyoratgohlar va qadamjolar to‘g‘risidagi tasavvurlar.
O‘zbek mentaliteti va muqaddas qadamjo, ziyoratgohlar aslida bir necha ming yillik tarixiy davr mobaynida jamoa - xalq - millat sifatida shakllangan o‘zbek millatining milliy - ma’naviy qadriyatlaridagi ikki ajralmas, tashkil etuvchi qismlardir. Milliy mentalitet bu erda bir vaqtning o‘zida ijtimoiy tafakkurning milliy, umumlashgan shakli sifatida, shu bilan birga bir necha ming yillik tarixiy dovonlar osha shakllanib, o‘zbeklarning millat darajasida birlasha olishiga vosita yaratgan tafakkur shakli sifatida qadriyat maqomiga egadir.
Ziyorat aslida arabcha so‘z bo‘lib, islom dinida muqaddaslashtirilgan mozorlar va qadamjolarga borib sig‘inish demakdir. U islom bilan qo‘shilgach, diniy tus olgan.
Ushbu jihatning muhimligi shundaki, islomga qadar jamoa - etnos sifatida shakllanib borgan o‘zbeklarning turmush tarzida mavjud bo‘lgan din shakllarining moddiy elementlarini muqaddas qadamjoy va ziyoratgohlarning tarkibiy jihatlarida mavjudligi, ma’naviy elementlari esa urf - odat va an’analarda mavjudligiga ming yillar davomida shakllangan ko‘nikmalarning ijtimoiy - psixologik ildizlarini ochib beradi. SHuningdek o‘zbeklar an’anaviy hayot tarzi ta’sirida etakchi o‘rin kasb etgan irratsional dunyoqarash shakllanishi tarixiy ildizlari ham ko‘proq ruhlarga, muqaddaslikka sig‘inish marosimlarining ming yillik tarixlari bilan bog‘liqdir. Jumladan, o‘n ikkinchi oyning yigirmanchi kuni xorazmliklarda Incha deb atalib, ... Beruniyning aytishicha, “Bu kunlari odamlar o‘liklarning nauslari (uchun zardushtiylikdagi dafn etilish joyi)ga eguliklar, uylarning tomiga esa ichimliklar qo‘yganlar. Ular ta’kidlaydiki, bu kunlari o‘lganlar ruhi jannat va do‘zaxdan chiqib kelib, eguliklarning quvvatini o‘ziga oladi, ta’midan bahramand bo‘ladi”, - degan ma’lumotlarni kuzatar ekanmiz, ziyoratgohlarning milliy tafakkurda alohida qadriyat sifatida e’tirof etilish maqomi o‘zbeklarning islomdan avvalgi – zardushtiylik diniga borib taqaladigan an’ana, urf - odatlari bilan bog‘langanligini anglash mumkin. SHuning uchun ham ko‘pgina adabiyotlarda ziyorat odobi islomga keyinchalik kirib kelgan odatlardan hisoblanadi. “Ziyara ( tashrif qilmoq) - payg‘ambarlar, avliyolar, shia imomlari qabrini, shimoliy Afrikada esa tirik sufiy shayxlarini ziyorat qilishdir.
Ziyorat amaliyoti islomda ancha keyin paydo bo‘lgan. U musulmonchilikda “ Muqaddaslik urf - odatlarining kelib chiqishi va rivojlanishi bilan bog‘langan. Ibtidoiy islomga qarama - qarshi bo‘lgan bu odat mahalliy diniy e’tiqod shakllari ta’sirida paydo bo‘lgan.”
Dastlab islom Makka ziyoratidan tashqari boshqa bir ziyoratlarni tan olmagan. Lekin keyinchalik mahalliy urf - odatlarni saqlagan holda Makka ziyorati elementlarini nusxalashtirgan mahalliy qadamjolar ziyorati rivojlanib ketdi. Ko‘rinib turibdiki, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarning o‘zbek milliy ma’naviyatida alohida qadriyatlar tizimiga aylanishi, o‘zbek xalqining islom dinidan avvalgi tarixiy shakllanish jarayoniga borib taqaladi. Ziyorat ayni paytda o‘z asl ma’nosida ham qo‘llanilib, biror mamlakat, shahar, ovul, qishloqqa safar, mehmon bo‘lib yo biror sabab bilan borib kelishga ham aytiladi. Odatda ziyorat (safar) dan qaytgan kishilarni biz o‘zbeklar: ”Ziyoratlar qabul bo‘lsin”, deb qarshi olamiz. O‘z navbatida ziyoratchilar ham: ”Murodingiz hosil bo‘lsin”, deya javob qilishadi. Bu ziyorat odatining taomili. ziyoratdan qaytganlar o‘sha joylardan esdalik sovg‘alar keltirganlar.
Ziyorat qilish odati nafaqat muqaddas joylarga nisbatan, balki barcha marhumlar mamlakati - turli mozorlar, qarindosh - urug‘larning, ota - onaning xilxonalariga borib, duoi fotiha o‘qishda ham ijro etilgan. Hatto oqil - fozil kishilarning xolidan xabar olish ham ziyorat qilish sanaladi. CHin ko‘ngil va ixlos ila qilingan ziyoratlar qabul bo‘ladi. Xususan Qashqadaryo vohasida joyolashgan ziyoratgohlar va qadamjolari ham o‘z ziyoratchilarining diqqat e’tiboridadir. Voha ziyoratgohlari turli tarixiy davrlarda shakllanib borgan. Jumladan YAkkabog‘dagi Darxon Momo ziyoratgohi temuriylar davrida vujudga kelganligi manbalardan bizga ma’lum. Ammo O‘zbekistonda Darxon nomi bilan ataladigan go‘shalar Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryoda ko‘p uchraydi. Darxon - tarxon degan so‘zdan o‘zlashgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” da “tarxon” so‘ziga izoh berilmagan. “Darxon” so‘zi esa: 1. O‘rta asrlarda soliqdan va har qanday majburiyatlardan ozod qilingan, imtiyozli, daxlsiz qabila, yoki mansabdor shaxs. 2. Soliq va to‘lovlardan yoki boshqa majburiyatlardan ozod etilgan, engillik berilgan kishi, deb izohlangan. SHahrisabz bilan YAkkabog‘ kenti oralig‘ida - qirlar bag‘rida ko‘hna Darxon qishlog‘i bor. Qishloq ahli Darxon atamasi ma’nosini shunday talqin qiladilar: Dar - eshik, xon - dasturxon so‘zining qisqartmasi. Darxon - mehmondo‘st xalq, ko‘ngil darvozasi ochiq xalq! Boshqa bir rivoyatda (“Darxon” - dar - bosh, xon - ozod). boshi ozod, degan ma’noni bildiradi, deyiladi...”G‘iyosul lug‘at” da esa Darxon atamasi haqida ma’lumot berilmaydi.
Darxon atamasi haqidagi bu talqinlarning hammasida oz - ozgina haqiqat zarralari bor. Zero, CHingizxon va avlodlari, Amir Temur va temuriyzodalar davrida Tarxon (darxon)lar maxsus yorliqqa, imtiyozga ega bo‘lgan kishilar (din peshvolari, nufuzli amaldorlar) bo‘lib, ular turli soliqlar va boshqa to‘lovlardan ozod etilgan edilar.
YAkkabog‘ning Darxon qishlog‘ida istiqomat qiluvchi aholi o‘zlarining qishloqlari nomini sohibqiron davrida yashagan, unga oqil maslahatlar bergan Darxon momo yohud Turg‘ul momo nomi bilan bog‘laydilar. Darxon momo yoki Turg‘ul momo tarixiy shaxsmi yoki xalq og‘zida asrlardan beri yashab kelayotgan rivoyatmi? Bu hali aniqlanmagan. Ammo shunisi aniqki, Sohibqiron yigitlik davrlarida va keyinchalik ham bu qishloqda bir oqila, dono momo yashagan. Darxon, Dodqush qishloqlari atrofidagi CHinor ota qabristonida arab alifbosida naqshli qilib yozuvlar bitilgan bir go‘zal qabr tosh borki, shahrisabzlik arabshunos muallim Sulton Soyipov bu yozuvdagi birgina “binti” so‘zini o‘qiy oldilar. Bundan ko‘rinadiki, qabrtosh ayol kishiniki. Ehtimol, Darxon yoki Turg‘ul momo deb yuritilayotgan ayol o‘z davrining avliyozot ayollaridan bo‘lganligi aniqlanar.
Axir tarixda payg‘ambarimiz Muhammad (SAV) ning zavjalari Oyisha onamiz, Zangi buvamiz (Toshxo‘ja ibn Oyxo‘ja) zavjalari Anbar onamiz, Sohibqiron Amir Temurning zavjalari Saroymulkxonim (Bibixonim) kabi zakiy ayollar ko‘p o‘tganlarku!... Xullas, shu qabrtoshdagi ko‘hna bitiklar o‘qilsa, Darxon momo yohud Turg‘ul momoning kimligi ayon bo‘ladi, albatta.
YAkkabog‘ning Darxon qishlog‘i aholisi og‘zida naqlga aylanib ketgan rivoyatni keltiraylik: Sohibqiron jangovar faoliyatining ilk davrida navkar to‘plash va Qarshi, SHahrisabzni qo‘lga kiritish istagida yurt kezib yurib, bir kuni Darxon qishlog‘idagi Turg‘ul momo (Darxon momo) uyiga tushadi. Bu voqea keyinchalik Sohibqiron tilidan shunday hikoya qilinadi... “Qarshi qal’asini zabt etolmay dilga qadar tugib qaytmoqda edim. Qizildaryodan kechib, bir qishloqqa qo‘ndik. Unda ushoqqina kampir yashar, tirikchiligi yolg‘iz echkidan ekan. Men momodan biror ovqat bermoqni o‘tindim. Ko‘p o‘tmay yog‘och tovoqqa suzilgan atala (boshqa rivoyatda: shavla) dasturxonda paydo bo‘ldi. Och edim. YOg‘och qoshiqni tovoqdagi atalaga to‘ldirib, yutoqib egan edim, og‘zi - tilim kuygandan - kuydi.
SHunda momo dedi:
Sen - da AmirTemurga o‘xshash shoshqaloqlardan ekansan.
Temurbekning shoshqaloqligini qaydin bildingiz, momo, - so‘radim.
Eshitishimcha, Amir Temur Qarshi qal’asiga tik borib, uni ololmabdi. Magarki, avval qal’a atrofidagi kichik - kichik qishloqlarni va mahallalarni egallab, kuch to‘plab so‘ng qal’aga hujum qilmoq lozim edi. U esa bir yo‘la beklikni olmoqchi bo‘ldiyu, shashti sindi... SHunga o‘xshash sen ham shoshding va og‘zingni kuydirding. Atalani avval tovoqning girdidan olib, sekin - sekin yalab ko‘radi, sovuganini bilgach, so‘ngra qoshiqni to‘ldirib eydi - da...
SHunda xatoyimni anglaganday bo‘ldim. Va dedim:
Darxon momo, o‘shal shoshgich Amir Temur mendirman. Tanbehingizni bosh ustiga oldim. Tilang - tilagingizni...
Darxon momo mendan ariq qazib, suv chiqarib berishni so‘radi. Oradan ko‘p o‘tmay Tanxos daryosidan ariq qazib, suv chiqarib berdim”...
Bundan tashqari Darxon momo to‘g‘risida quydagi rivoyat ham keltiriladi.
Bu rivoyatda Darxonariqning qazilishi emas, uning xirmoni momoga niyoz - baxshida qilingani aytiladi. Darxonariqning qazilishi haqidagi rivoyatda uning tarixi qadim zamonlarga borib taqalishi, uning Qizildaryodan olinishi, qirlar, o‘nqir - cho‘nqirlardan o‘tgan bu ariq o‘n to‘rt qishloqqa suv bergani, uning darxon qishloqqa kelgan tarmog‘i Azlarariq deyilishi hikoya qilinadi. Bu talqin haqiqatga yaqinroq, shekilli. CHunki hozir ham Qizildaryodan olingan bu ariqdan o‘n to‘rt qishloq suv ichadi.
Ayonki, “azlar” so‘zi azizlar, ulug‘ zotlar ma’nosini ham beradi. Bu manzilda mashhur Makka Sayyid ota qabristoni, kichik maqbara va eski masjid o‘rni saqlanib qolgan. Qishloq ahli og‘zidagi “azlar” so‘zi shu ulug‘ zotga nisbatan beriladi. Xo‘sh, Makka Sayyid ota kim bo‘lganlar? Bu zoti sharifning asl ismi - shariflari haqida ma’lumot topolmadik. Rivoyatga ko‘ra, Makka Sayyid ota asli Makka shahridan bo‘lib, bu erga islom nurini yoyish uchun kelganlar. Ular besh aka - uka bo‘lib, kattalari Makka Sayyid, Er Sayyid, Emin Sayyid bo‘lganlar. Makka Sayyidning ukalari Samarqand tomonlarga o‘tib, o‘sha erlarda islomni tarqatganlar, nash’u namo topganlar. U zoti muborakning barakotlari tufayli erlik xalq islomga kirgan, hidoyat topgan. U zot muborak hassalarini - asolarini sudrab o‘tgan joydan suv yo‘li ochilib, Qizildaryodan bu erlarga obi hayot kelgan ekan. Makka Sayyid ota hassalari bilan chizib keltirilgan suv yo‘li “Azlarariq” deb yuritilgan.
SHahrisabz, YAkkabog‘, CHiroqchi, G‘uzor tumanlarida yuzlab avliyolarning mozorlari bor. Bu avliyolar nomi bilan bog‘liq rivoyatlarda o‘sha azizlar yashagan joylarga ularning sharofati bilan suv - obi hayot kelgani haqida hikoya qilinadi. YAkkabog‘ning Darxon qishlog‘iga Makka Sayyid ota suv keltirgan bo‘lsa, tumanning hozirgi Navoiy fermer xo‘jaligi joylashgan Qorabog‘ dashtiga Sayyid Valixo‘ja hassalari bilan chizib Qizildaryodan suv olib kelgani rivoyat qilinadi. Qorabog‘ dashti bir vaqtlar suv chiqmagan bo‘z erlar bo‘lgan. Qorabog‘ dashtida Qo‘shilish, Kalta, Uzun qishloqlari barpo bo‘lgach, bu erlarda dehqonchilik qilish uchun qishloq ahli pirlpri Sayyid Vali xo‘jadan suv keltirishni iltimos qilishadi. Ul zot Qizildaryodan suv olib keladi. Bu zot Ko‘ltepa ota qabristonida abadiy qo‘nim topgan.Bu joy mahalliy xalqning ziyoratgohi.
Kitob tumanidagi qirlar bag‘ridagi Xo‘jailmkana (Xoja ilm konige - ilmlar koni) qishlog‘iga suv kelishi ham shu zot nomlari bilan bog‘liq ekan. Rivoyat qilinishicha, bu zotning karomatlari bilan qir ustidan koriz orqali suv keltirilgan. Hazrat koriz o‘rnini hassalari bilan belgilab berganlar...
Davrlar o‘tgan sari haqiqatlar rivoyatlarga aylanib borgan. Darxon qishlog‘idagi katta tepalik ustida Makka Sayyid ota xonaqosi uzoq - uzoqlardan ko‘rinib turadi. Hazratning qabrlaridagi tuynukka qo‘l suqilsa, kimga soch, kimgadir don ilashib chiqadi deyishadi. Rivoyatda aytilishicha, Makka Sayyid ota vafot etmaganlar, balki Tirikliklarida g‘oyib bo‘lganlar. Bu holat Isoyi Masiq, Qusam ibn Abbos - SHohizinda, Xo‘ja Ahmad YAssaviy tarixlariga o‘xshaydi. SHu bois Makka Sayyid otaning hamon tirik ekanligi, ya’ni u kishining tahorat olib xonaqohga kirib ketayotganlari holda har zamon qishloq odamlariga ko‘rinib turishlarini hikoya qilishadi. Qadimda karomatgo‘y Makka Sayyid ota va shu qabristonda yotgan ota - bobolarning arvohlari hurmatlari uchun xonaqoh yonidan o‘tayotgan yo‘lovchi yoki ziyoratchi otdan tushib, to bu erdan o‘tib ketguncha piyoda yurgan...
Bu rivoyatlarning haqiqati shuki, Sohibqironga nisbatan berilgan Darxonariqning qazilishi ilgari zamonlarga taalluqli bo‘lsa kerak. CHunki Darxonariqning eski nomi Makka Sayyid ota nomi bilan “Azlarariq” deb yuritilgan. Ammo Sohibqiron eski Azlarariqni kengaytirib tuzattirgan, bu qishloqlarni obod qilgan. CHunki Darxon qishlog‘i bilan Qizildaryo (YAkkabog‘daryo) o‘rtasida baland - baland qirlar bo‘lib, suv bu adirlar qoq o‘rtasidan oqib o‘tgan. Jarlik hosil qilgan ba’zi joylarning chuqurligi 80 - 100 metr keladi. Jarlikning eng chuqur joyiga ko‘prik qurilgan. Jarko‘prik deb atalgan bu ko‘prik hozirgacha saqlangan bo‘lib, ariqning xuddi shu joylari inson qo‘li bilan qazilganiga odamning ishongisi kelmaydi.
O‘quvchi tasavvur hosil qilishi uchun shuni aytmoqchimizki, Darxon qishlog‘iga tutash yana o‘n to‘rtta qishloq atrofidagi qirlar er sathidan ming metrcha baland bo‘lib, bu joylar Hisor tog‘ oldi qir - adirliklaridan iborat ...
Demak shu narsa ma’lum bo‘ladiki, aholi orasida ziyorat, ziyoratgohlar va qadamjolar to‘g‘risidagi tassavvurlarning paydo bo‘lishi ana shu rivoyatlarda keltirilgan ziyoratgohlarning vujudga kelishi bilan bog‘liq.
YAna shunday tarixiy ziyoratgohlardan biri Xo‘ja Ilim Kon xonaqohidir. SHu nom bilan ataladigan qishloqdagi bu joy Navoiy nomli fermer xo‘jaligi hududida bo‘lib, u Kitob tumanining Sevaz qishlog‘iga qarashlidir. Xo‘ja ilm Koni qishlog‘i boshqa yon atrofdagi qishloqlarga nisbatan biroz balandroqda joylashgan. Havosi juda toza. Rang - barang tabiat dunyosi insonda ajib hislarni uyg‘otadi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, qishloq tepaligidagi qabriston o‘rtasida baland qad ko‘tarib turgan yirik diniy majmua xonaqohga qo‘shilib ketgan ekan. Tepalik etagida esa masjid, madrasa va karvonsaroy bo‘lib, ular ikki keng qo‘shsaroyni tashkil etgan. Qatnov yo‘lni kesib o‘tgan, ravoqqacha g‘isht yotqizilgan zinasimon yo‘lka xonaqohga tomon olib boradi. 1965 - 1967 yillarda anamblning quyi qismi tartibga solindi. Mahalliy xalq orasida yurgan rivoyatlarga ko‘ra ansambl qurilishi XVI asrning ikkinchi yarmiga taaluqli deb biladilar. SHu qishloqda yashovchi G‘.Solievning ta’kidlashicha ushbu xonaqohning vujudga kelishi, Xo‘ja Ilim Kon deb taxallus olgan olim shayx Mavlono Abdulboqi Xojagi Imkanagiy nomi bilan bog‘liq ekan.
Agar bu me’moriy yodgorlikni va shunga o‘xshash majmualarning vujudga kelishi va tarixiy qurilish holatini tushuntirib berilmas ekan, ularning arxitekturasi noaniq bo‘lib qoladi- deydi. Amir Temur nomli maktabning tarix fani o‘qituvchisi M.Xotamova.
Umuman olganda, XVI - XVII asrlardagi bunday komplekslarning kompozitsiyasida quyidagi usul qo‘llanardi: alohida maqbara yoki maqbaralar o‘rnatilib, ular ustiga marosimlar xonasi bo‘lgan yodgorlik kompleksi qurilardi. SHunga o‘xshash eng yirik yodgorliklar XVI - XVIII asrlarda tashkil topgan, Buxoro poytaxti bo‘lgan davlatning viloyatlarida bunyod etilgan.
Bular orasida Xo‘ja Ilim Kon kompleksi eng yirik yodgorlikdir.
Xo‘ja Ilim Konidagi ushbu xonaqoh to‘g‘ri burchakli planda (24X20,2 m) tushgan, burchaklarida silindrik kichik minorachalar - guldastalari bo‘lgan ravoq gumbazli binodir. Uning old tomonida uchli baland qubbador peshtoq yon tomonga tushgan qanoslari bor. Bino ichi katta xonadan iborat (11,8 X 11,8), hamma devorlari tokchali, bir - biri bilan kesishgan to‘rt ravoq va qalqonsimon bag‘allar gumbaz bilan yopilgan. Gumbazning diametri xonaning yon tomonlariga qaraganda ikki baravar kichik (6,4 m). Tashqi tomondan u zinasimon shaklda ko‘rinadi, bu - aftidan, manzarali gumbaz o‘rnatish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa ajab emas, lekin u o‘rnatilmagan. Xonaning yon tokchalari o‘yib ishlangan, ularga gumbazli arklar bilan bezatilgan old tomonidan kiriladi. Binoning hashamatli burchaklarida tomga olib chiqadigan to‘rtta g‘ishtin zinapoya bor. Bino bezaklari sodda: old tomonlari siliqlangan g‘ishtlar bilan qoplangan va faqat derazalariga jim - jimador ganchkor panjaralar o‘rnatilgan. Birgina mehrob peshtoqida zebi ziynat elementlari aks ettirilgan, bu ham bo‘lsa, yassi muqarnasli “iroqi” va “chaspak” texnikasida ishlatiladigan panolardir. Bular esa XIV asr oxiri va XVII asr me’morchiligining Buxoro maktabi uchun xarakterlidir. Oddiy va monumental bu bino o‘zining me’moriy shakli, tepalik cho‘qqisiga mohirona va o‘rinli o‘rnatilganligi bilan o‘z ko‘rinishini sharaflaydi.
Qishloq aholisining ta’kidlashicha tepalikdagi bu hashamatli binodan tashqari, mehrobiy sag‘analar orasida kul rang ikkita dahma ham mavjud ekan.
Uning kattasi (12 X12 m) sharq tomonda xonaqohning bosh fasadidan 20 metr nariroqda, kichigi undan janubroqda joylashgan. Daxmalar kvadrat poydevorga o‘rnatilgan bo‘lib, katta prizma ko‘rinishi kasb etgan. Ularning ikkalasi ham marmar bilan qoplangan, yon tomonlari o‘lchovli bo‘lib, ular to‘g‘ri burchak va kvadratlarga ajratilgan, maydon sathiga o‘ymakor geometrik naqshli marmar plitalar yotqizilgan. Katta daxma kishida alohida taassurot qoldiradi.
Uning tepasida o‘tlar orasida o‘ymakor naqshli oq marmar qabr toshlari juda ko‘p.
Bugungi kunda ushbu ziyoratgoh Xo‘ja Ilm Konliklarning faxri va g‘ururi hisoblanadi. Endi yuqorida aytib o‘tganimiz Mavlono Abdulboqi Xojagi Imkanagiy hayotlari to‘g‘risida, hamda ular yashagan qishloq to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Mavlononing shaxsi, kelib chiqishi, tariqatdagi va ijtimoiy hayotdagi faoliyati deyarli hech bir ilmiy tadqiqotda yoritilmagandi. Holbuki, ul muhtaram zotning nomi kurrai zaminning Hindiston, Avstraliya, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Arab mamlakatlari, Ifriqiya qit’asining shimoliy o‘lkalari, Ovrupo, Qofqoz, Tatariston va Russiyaning boshqa o‘lkalarida bugunga qadar hurmat bilan yod etiladi, haqqiga duolar o‘qiladi. Biroq Mavlononing o‘z vatani - Qashqadaryoda ul zotni ko‘pchilik yaxshi bilmaydi, tanimaydi. U kishining muborak ostonasi hanuz etarli e’tiborda emas. SHo‘rolar saltanatining uzoqni ko‘zlab amalga oshirgan qabixona siyosati o‘z mevalarini berib bo‘lgan. Aks holda, Imkana qishlog‘idagi g‘aroyib tarixiy obidalar bunchalik vayron qilinmasdi.
Keshning maftunkor shon - shuhrati azaliydir. O‘tmishda adiblar odatda Buxoroga nisbatan “Foxirai Buxoro” iborasini qo‘llab, Samarqandni “Firdavsmonand” deya madh qilishgan. Keshni esa hamisha “Dilkash Kesh” deb tarannum etganlar. Bu muborak zamindan Abu Muhammad al Keshiy, Jaloliddin Keshiy, shamsiddin Kulol, Ali Qushchi kabi ko‘plab allomalar, Sohibqiron Amir Temurdek jahonga mashhur sarkarda va davlat arboblari etishib chiqqani barchaga ma’lum.
Imkana qishlog‘i ham shu qadim diyorning muborak go‘shalaridan biri hisoblanadi. Bu joy ashtarxoniy hukmdorlarning muqaddas ziyoratgohi bo‘lgan, bu zaminda So‘fi Olloyor yashagan, bu tuproqni Boborahim Mashrab tavob qilgan, Amir Mas’um undan ruhiy quvvat, ma’naviy kuch olgan, Amir Husayn uni maroq bilan kuylaydi.
Hozirgi kunda bu qishloqni “Xo‘ja imkana” yoki “Xo‘ja ilm koni” deb atashadi. Biz uni oddiygina “Imkana” deb ataganimiz qishloq ahlining diliga og‘ir botmasin. CHunki to XIX asrga qadar bo‘lgan tarixiy manbalarda u shunday atalgan. Tilshunoslik nuqtai nazaridan ham “Imkana” deb atalsa, to‘g‘riroqdir. Imkana joy nomi sifatida ilk bor Malona Darvesh Muhammad nisbasida uchraydi. Har holda bizga ma’lum bo‘lgan tarixiy manbalarda shunday. Demak, u XVI asrda odamlar istiqomat qiladigan qishloqlardan biri bo‘lgan. Biroq ba’zi bir holatlar mavjudki, ularga ko‘ra Imkana qishlog‘ining yoshi 1000 yoki undan ham keksaroq bo‘lishi mumkin.
Ba’zi manbalarda Mavlononing hijriy 918 (1512) yilda Imkana qishlog‘ida tavallud topgani qayd etiladi. Ammo yoshlik yillari qaerda va qanday kechgani to‘g‘risida deyarli ma’lumot yo‘q.
SHamonli: qoramag‘iz (bug‘doyrang), yuzi nurli, siyrak soqolli, dengizdek fayzga to‘la edi. Otasi Darvesh Muhammad hazratlarining bosh xalifasi bo‘lib, obid, zohid va karomatlari ko‘p edi. Sirini yashirardi. Zohiriy va botiniy ilmlardan ta’limni Samarqand va Buxoroda oldi, tasavvufiy tarbiyani otasi Darvesh Muhammad hazratlaridan o‘rgandi. Otasining vafotidan keyin uning xalifasi sifatida xalqni irshod qila boshladi. O‘sha davr hukmdorlaridan Abdullaxon bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Rivoyat qilinishicha, Abdullaxon bir tush ko‘radi. Emishki, u hazrati payg‘ambar alayhissalomning huzuriga boradi, ostonada bir muhtaram zot ichkariga kirib chiqar, tashqaridagilarning ahvolini payg‘ambarga etkazar, u kishidan xabar keltirar edi. Bir muddat o‘tgach, bu zot hazrat payg‘ambar berib yuborgan bir qilichni olib chiqib Abdullaxonning beliga bog‘laydi. Xon uyg‘ongach, bu zotni izlashga tushadi va nihoyat qidirib topadi. U zot - Xojagiy Imkanagiy edi.
Rivoyat qilinishicha, Xojagiy Imkanagiyning odilona maslahatiga kirmagan so‘nggi shayboniy hukmdori Pirmuhammad Samarqand taxti uchun bo‘lgan bir urushda engiladi va o‘ldiriladi. Bu rivoyatlardan ma’lum bo‘lishicha, Xojagiy Imkanagiy o‘sha davrda boshqa mahalliy hukmdorlar bilan ham munosabatda bo‘lgan, ularni to‘g‘ri yo‘lga solib turgan. Imkana qishlog‘ida yashovchi Olim Hidoyatovning so‘zlariga quloq tutaylik. “Rivoyat qilinishicha, uch nafar madrasa toliblari xojagiy Emkanagiyni ziyorat qilish uchun yo‘lga otlanadilar. SHayxning karomatini sinamoq uchun uchalasi uch xil narsani shayx tomonidan ro‘yobga chiqarilishini niyat qiladilar. Xojagiy Imkanagiyning huzuriga kelganlarida, ulardan ikkitasining shar’iy istaklari amalga oshganini, lekin uchinchisi orzu qilgan noshar’iy talabning ro‘yobga chiqmaganini ko‘rishadi. SHunda Xojagiy Imkanagiy: “Darvishlar ma’naviy hol va karomatlarga diniy qonun - qoidalarga amal qilganliklari uchun erishganlar. Ulardan noshar’iy narsani talab qilmaslik kerak. SHariatga muvofiq bo‘lsa ham imtihon qilish maqsadida ularning huzuriga borish aslo to‘g‘ri emas”, - deydi va bu bilan shariat qoidalariga qattiq rioya qilishini isbotlaydi.
Maxdumi A’zam Ahmad Kosoniyning suhbatlarida ham qatnashganligi naql etilgan Xojagiy Imkanagiy o‘z ilmiy majlislarini masjidda o‘tkazardi. Ayniqsa, hadis darslariga alohida e’tibor berardi. Mehmondo‘st, taqvodor zot edi. Insonlardan holini yashirar, haqni, haqiqatni sog‘inar, doimiy ravishda nafsini nazorat qilar, ma’rifatulloh sirlarini kashf etishga harakat qilardi. Ishi va hayotni juda tartibli, onadan tug‘ma darvesh edi. YOnidagilar uning soyasida fayzga g‘arq bo‘lishardi. Hijriy 1008 yili Imkanakda vafot etgan. Qabri shu qishloqda ulug‘ ziyoratgohga aylantirilgan. Bu haqda yuqorida to‘xtalib o‘tdik.
YAna bir ana shunday tarixiy ziyoratgohlardan biri Xo‘jaisparoz qishlog‘ida joylashgan.
Kitob tumani markazidan kunchiqar tomonga o‘n chaqirimcha yursangiz, Xo‘jaisparoz qishlog‘iga kirib kelasiz, Oqsuv daryosi bo‘yida joylashgan bu qadimiy va so‘lim qishloq ko‘plab tarixiy voqealarning shohidi bo‘lgan. Qishloqning qabristonida buyuk alloma Xoja Mahmud (Mavlono Darvesh Muhammad) va etti pirlarning biri Amir Kulolning eng etuk xalifalaridan hisoblangan Xoja shayx SHamsiddin Kulol abadiy qo‘nim topganlar. Xoja shayx SHamsiddin Kulol so‘fiylik tariqatining o‘ziga xos targ‘ibotchisi, aqomatlari g‘oyat oliy, karomatlari bisyor, haqiqiy alloma bo‘lganlar. Ul zotni shayx SHamsiddin Parranda deb ham atashgan. Mavlono Muhammad Darvesh musulmonlar olamida silsilai sharifning 21 - o‘rnidalar. Bu zoti sharif o‘z zamonasining etishgan valiylaridan, avliyo, qutblar qutbi, silsilai sharifning yigirma ikkinchisi hisoblangan Abdulboqi Xojagi Imkanagiyning otalaridir. Bu ikki alloma haqida xalq orasida turli rivoyatlar ham yuradi. Hazrati SHayx SHamsiddin haqidagi rivoyatlar ham o‘ziga xos, qiziqarli. SHayx Sari degan qishloqqa ko‘chib borgandan keyin dehqonchilik va ko‘hando‘zlik bilan shug‘ullanganlar. Oradan 10 - 12 yil o‘tgandan keyin bir kuni onasi: “O‘g‘lim, otangizga ovqat olib boring”, deb taom solingan idishni beradilar. YOsh SHamsiddin otalariga ovqat olib borsalar, otalari endi ho‘kizlarni qo‘shdan chiqarib, o‘tlatishga qo‘yib yuborgan edilar. “O‘g‘lim, ovqat olib keldingizmi?”, deb so‘rabdilar. “Ha, padari buzrukvor, sizga ovqat olib keldim”, debdilar yosh SHamsiddin. Otalari ho‘kizlarni o‘tloqqa qo‘yib, o‘g‘illariga:”Siz shu erda o‘tirib, ho‘kizlarga qarab turing, men peshin namoziga tahorat olib kelay, deb dala yonidagi pastqamlikka qarab ketibdilar. YOsh SHamsiddin biroz zerikib, ho‘kizlarni haydab kelib, qo‘shga qo‘shadilar va er hayday boshlabdilar. SHu payt daradan ikkita ajdarho chiqib kelibdi. Bularni ko‘rgan shayx SHamsiddin o‘zlarini yo‘qotmabdilar. Darhol Allohga iltijo qilib, duo o‘qibdilar. Duolarning xosiyati bilan ajdarholar ularga bo‘ysunib, hamla qilolmabdi.
Sohibi tezda ajdarholarni bo‘yniga omoch - bo‘yinturug‘lar ilib, erni haydashga tushibdilar. Otalari toat ibodatni tugatib, ovqatlanib bo‘lgach, er haydash uchun o‘g‘illari tomonga keladilar. Qarasalarki, ho‘kizlar o‘tlab yuribdi, dalaning hammasi haydab bo‘linibdi. Bu hodisani ko‘rgan otalari chang ichida nahotki o‘g‘lim ajdarholarga em bo‘lgan bo‘lsa deb hayron bo‘ladilar. Ota SHamsiddinga yaqinlashib: “Ey o‘g‘lim, Siz ne ish qilib qo‘ydingiz, bu jonivorlarga ko‘p azob berib qo‘yibsiz - ku, bay - bay”, deb, omoch - bo‘yunturug‘larni ajdarholarning bo‘ynidan bo‘shatib, ularni qo‘yib yuboribdi. Keyin o‘g‘illariga: “O‘g‘lim, Alloh sizga karomat beribdur, endi siz bu erdan ketib, boshqa bir joydan makon topishingiz lozim”, debdilar. O‘g‘li: “Qayga boray, hazrati buzrukvor? ” - deb so‘rabdilar. SHunda ota: “Otingiz qaerga to‘xtasa va daryodan o‘tmasa, o‘shal joy sizning makoningiz bo‘ladi”, debdilar. SHayx SHamsiddin hazratlari otga minib yo‘lga tushibdilar. Yo‘l yurib, yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, bir qishloqning ustidan chiqibdilar. Yo‘l ustidagi bir maydonda keksa bir kishi piyoz o‘tayotgan ekan.
“Assalomu alaykum, ey bobo, nima qilyapsiz?”, deb so‘rabdilar. Haligi kishi yosh shayxga qaramasdan: “Piyoz o‘tayapman”, deb javob beribdi. Bu kishining shayxga qaramasdan javob berishi ul zotga malol kelibdi - da, bir duo o‘qibdi. SHunda piyozning ichida bir dona ham o‘t qolmabdi. “Ey bolam, ne ish qilib qo‘ydingiz? Meni Allohning zikridan qo‘ydingiz - ku!” debdi bobo. SHunda SHayx hazratlari yana duo o‘qibdi va yana maydonda o‘tlar paydo bo‘lib qolibdi.
“Alloh sizning hamrohingiz bo‘lsin”, debdilar - u, yo‘lda davom etibdilar. Hazrat yana yo‘l yurib Semakka, undan keyin bir qishloqqa etib kelganda, SHayx SHamsiddinning (hozirgi Xo‘jaisparoz) oti to‘xtaydi. Oting (hozirgi Oqsuv) kichik daryodan haydasa, u yurmabdi.
SHunda otasi aytgan gaplari yodiga tushibdi va hazrati buzrukvorim aytgan makon shu er deb, otlaridan tushibdilar. Kunlar o‘tib, daryo bo‘yidagi yaqin bir yassi tepalik tagidan g‘or qazib, makon qilibdilar va otalarining kasbi, ya’ni ko‘hando‘zlik bilan shug‘ullana boshlabdilar. Keyinchalik bu qishloqni Xo‘ja Anfaroz deb atay boshlabdilar.
“Xo‘ja - is” (iste’dod - forscha) “Xojamiz to‘xtadilar” ma’nosini anglatadi. “Paroz - Parvoz qiladilar” degan ma’noni bildiradi. Xoja SHayx SHamsiddin atrofidagi barcha qishloqlarning ilm istovchi ahliga, katta - kichikka ustozlik qiladilar. Hazrati SHayx SHamsiddin o‘z bilimlarini yanada oshirish maqsadida Buxoroi sharifga boradilar. Bu erda etti pirlprning biri Said Amir Kulolga shogird bo‘ladilar va tahsil oladilar.
Xo‘jaisparoz qishlog‘idan Oqsuv daryosi oqib o‘tadi. SHayx SHamsiddin hazrat bomdod namozini ado etib, Alohga zikr qilib turganlarida, g‘or oldiga qo‘llarida suv solingan idishlar bilan odamlar duo olish uchun keladilar. Har kuni shu ahvol takrorlanar edi. Hazrati buzrukvor nihoyatda toliqib, charchab qolaverganlaridan keyin hazrati Xizr alayhissalom hozir bo‘ladilar. Suhbatlari juda qiziqarli bo‘lib oldilaridagi daryoga “g‘ar - g‘ara” qilish va dam urishni maslahatlashadilar va shu “g‘ar - g‘ara” ko‘pigi o‘chguncha (200 - 250 m) masofa oralig‘idagi suv har qanday dardga shifo bo‘lishini Allohdan iltijo qiladilar.
Xo‘jaisparoz qishlog‘ida Oqsuv ziyorati yilning saraton kirishi bilan (22 iyundan keyin) besh chorshanba kunlari, ya’ni besh hafta davom etadi. Ixlos bilan suvda yuvinish, ayniqsa, asab, bo‘g‘in og‘rig‘i, terining buzilishi kabi kasalliklarga shifo bo‘lib kelmoqda. Hozirgi kunda qo‘shni respublikalardan ham kelgan turli millat vakillari shifo topmoqda. Turkiston, Armaniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Ukraina va Arabiston kabi chet mamlakatlardan kelgan millat vakillari qo‘tir, asab kasalliklariga shifo topganlari haqida ma’lumotlar bisyordir.
SHu jumladan men ham ana shu Oqsuv ziyoratini amalga oshirganimda, qishloq ahlining Oqsuv daryosi hamda uning qanday shifobaxsh xususiyatlarga ega ekanligi haqidagi aytgan so‘zlari, qanchalik darajada rost ekanligiga amin bo‘ldim. CHunki ushbu daryo suvida yuvingan kishi har qanday darddan forig‘ bo‘lishi tabiiy.
O‘rta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olingandan keyin odatda podsho yoki ulug‘ kishilar qo‘yilgan qadamjolarni u joylarda katta- katta boyliklar ko‘milgan, degan bahonada tintuv qilishgan. Xo‘jaisparozda ham birinchi tintuv 1935 yili amalga oshirilgan. Qabrlar xonaqohlar tekshirib ko‘riladi. 1959 yili ikkinchi bor tintuv o‘tkaziladi. Qadimshunos olima G.Pugachenkova SHayx SHamsiddin qabri atrofidagi marmar toshlar ostini kavlab, tadqiqot ishlari olib borgan. SHu yillari maqbara atrofidagi qabr toshlarning katta qismi o‘rganish bahonasida tashib ketiladi. Toshlarda Qur’oni karim oyatlari, shu erda dafn etilgan kishilarning nomlari bitilgan edi. Uchinchi tintuv 1966 yilda o‘tkaziladi. Bu erda ko‘k yo‘tal bo‘lganda, toshni qirib, kukuni ichilsa, shifo topsa bo‘ladigan tosh haqida qishloq odamlari gapirib yurishadi.
1943 yili Kitob tuman ijroya qo‘mitasi raisi muovini bo‘lib ishlagan Mavrov degan kishi qishloqdan 83 ta katta - kichik tutlarni kesib, undan parovozga o‘tin qildiradi. SHunda aso tutni (SHayx xazratlari hassalarini erga suqib qo‘yganlarida, u unib chiqadi va shuning uchun bu “aso tut” deyiladi) kesayotganlarida, arraning o‘rnidan qon otilib chiqqani haqida rivoyat ham bor. Bundan qo‘rqib ketgan tutni qirqayotgan odam o‘sha joyda o‘ladi. Arra tortishga yana bir kishini olib kelishadi, u ham qo‘rqib ketib o‘ladi. SHundan keyin tutni kesmasdan tashlab ketadilar. Hozirgacha ana shu tutning qoldig‘i saqlanib qolgan. Tutlardan 5 -6 tasigina kesilmay qolgan. Bir tutga to‘qqizta odamning qulochi arang etadi. Bunday tutlar Osiyoning boshqa mamlakatlarida deyarli uchramaydi. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, tut daraxti o‘ziga namlikni tortib, ko‘hna yodgorliklarning emirilishiga yo‘l qo‘ymas ekan.
Mavrovning zolimliklaridan yana biri - madrasa va hujralarning g‘ishtlarini vinzavod va konserva zavodi quramiz deb buzdirib olib ketgan ekan. Hozir shu madrasa va hujralarning o‘rni saqlanib turibdi. Taqdirni qarangki, Mavrov Qarshida bo‘lib o‘tgan bir majlisdan qaytayotganda, avtomobil halokatiga uchrab, o‘sha joyning o‘zida o‘ladi.
Hozirgi vaqt Xo‘jaisparozda 200 xo‘jalik bo‘lib, 1100 aholi istiqomat qiladi. Aholisi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Qishloq ziyolilari ham xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida unumli mehnat qilyaptilar. Aholisi ko‘ngli ochiqligi, mehmondo‘stligi bilan alohida ajralib turadi. Hazrati SHayxning avlodlari hozir ham shu qishloqda istiqomat qilishadi. Bu erda olimlar, yozuvchilar, tarixchilar, jurnalistlar kelib, SHayx SHamsiddinning qabrlarini ziyorat qiladilar. Oqsuv daryosining toza, tiniq suvidan bahramand bo‘ladilar. Istardikki, Hazrati Bashir, Hazrati Sulton kabi ulkan ziyoratgohlar qatorida shayx SHamsiddin hazratlarining marqadi ham so‘lim ziyoratgohlarga aylantirilsa, bu savob ishdan ko‘plab ziyoratchilar bahramand bo‘lardilar. Buning hech bo‘lmaganda, tuman miqyosidagi xo‘jalik, jamoat tashkilotlari ozmi - ko‘pmi, himmat ko‘rsatishsa, bu ziyoratgoh ancha obod bo‘lib, diyorimizdagi yana bir tarixiy obidaning umri uzayardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |