So'z yasalishi tilshunoslikning mustaqil sohalaridan biri bo'lib, u yangi so'z yasalishi va, umuman, so'z yasalishi bilan bog'liq bo'lgan hodisalarni o'rganadi.
umuman, so'z yasalishi, so'z hosil qilish hodisasini;
tilshunoslikning so'z yasalishi bilan bog'liq hodisalarni o'rganuvchi bo'limini bildiradi.
So'z yasash, qanday usul bilan bo'lsa-da, yangi so'z hosil, qilish dekmakdir: gul]chi - gulchi, bodom]qovoq - bodomqovoq.
Til taraqqiyoti jarayonida uning leksikasi, grammatik qurilishi va boshqa sohalarda bo'lgani kabi, so'z yasalishi sohasida ham turli o'zgarishlar yuz beradi. Masalan, so'z yasalishi tiplarining faol va nofaolligi turli davrlarda turlicha bo'lishi yoki tarixan yasama bo'lgan so'z hozirgi yasalish nuqtai nazaridan yasama hisoblanmasligi mumkin.
So'z yasalishi tahlilida yasama so'zning yasovchi komponentlari belgilanadi, ya'ni so'z qismlarga ajratiladi. Shuningdek, so'z morfologik strukturasi jihatdan ham tahlil etiladi. Bundan tashqari, so'z morfema nuqtai nazardan ham tahlil etiladi. Lekin so'zning yasalish strukturasi morfema strukturasidan ham morfologik strukturasidan ham farqlanadi.
So'zning so'z yasalish strukturasi shu so'zning yasovchi komponentlaridan iborat bo'ladi. So'z yasalishi tahlilida yasama so'zning qanday yasovchi komponentlardan tashkil topgan va shu komponentlar asosida yasama so'z ma'nolarining ifodalanish usuli o'rganiladi. Masalan, terim: ter - yasovchi asos, -im -yasovchi affiks; terimchi: terim - yasovchi asos, -chi – yasovchi affiks.
Demak, so'z yasalishi tahlilida, birinchidan, faqat so'z yasovchi vositalar o'rganiladi. Bunda shakl yasovchi vositalar e'tibordan chetda qoladi.
Ikkinchidan, bu tahlilda yasama so'z tarkibida nechta o'zak va yasovchi affiks borligi o'rganilmaydi, balki yasama so'zni yuzaga keltirgan komponentlar belgilanadi. Masalan, terimchi so'zi morfema tarkibiga ko'ra uch qismga bo'linsa, (ter-im-chi) shu so'zning yasovchi komponentlari nuqtai nazardan u (terimchi so'zi) ikkiga bo'linadi (terim-chi). Chunki, terimchi so'zi ter o'zagidan yasalayotgani yo'q, balki terim va -chi yasovchi komponentlari yordamida yasalgan.
Yasama so'zning asosi (so'z yasalish asosi) qo'shma so'z yoki so'z birikmasiga teng kelishi ham mumkin: belbog'li (belbog']li), besh yillik (besh yil-lik).
So'zning morfema tahlilida uning tarkibidagi har bir morfema tekshiriladi va aniqlanadi. Masalan, ter-im-chi-lar-imiz-niki-da.
So'z yasash qanday usul bilan bo'lsa ham, yangi so'z hosil qilish ekanini bilamiz. O'zbek tilida so'z yasalishining bir necha usuli bor: 1) semantik usul; 2) fonetik usul; 3) sintaktik usul; 4) affiksatsiya usuli; 5) kompozitsiya usuli.
Semantik usul bilan so'z yasalishida tilda bor bo'lgan so'zning ma'nosi o'zgarishi natijasida yangi so'z hosil bo'ladi: kun (sutkaning yorug' qismi) – kun (quyosh).
Sintaktik-leksik usul bilan so'z yasalishi deganda so'z birikmasining so'zga aylanishi tushuniladi. Masalan, tokqaychi, qashqargul, yengiltabiat, kaltafahm.
So'zga affiks qo'shish bilan yangi so'z hosil qilish affiksatsiya usuli bilan so'z yasash deyiladi. Masalan, ish]chi, sport]chi, paxta]kor, och]iq, yop]iq, o'y]la kabi.
O'zbek tilida affiks qo'shib so'z yasashdan tashqari, birdan ortiq o'zakni qo'shish orqali ham yangi so'z yasaladi. So'z yasashning bu usuli kompozitsiya usuli deyiladi. Kompozitsiya usuli bilan qo'shma so'zlar yasaladi. Masalan, oybolta, atirgul, havo rang, sotib olmoq. Qo'shma so'zlar ikki usulda: sintaktik-leksik va kompozitsiya usuli bilan yuzaga keladi.
Hozirgi o'zbek tilida so'z yasalishining eng faol usuli affiksatsiya usulidir. So'z yasovchi affikslar bir qator xususiyatlarga ega. Ba'zi affikslar bir xil ma'nodagi so'zlar yasaydi. Masalan, -soz, affiksi bir xil ma'nodagi, -chi affiksi bir necha xil ma'nodagi otlarni yasaydi.
Masalan, gulchi, ishchi, traktorchi, jinoyatchi, tuhmatchi.
Ba'zi affikslar bir turkumga oid so'z yasasa, ayrim affikslar har xil turkumga oid so'z yasaydi. Masalan, aravakash (ot) - pastkash (sifat), bedavo (sifat) — betinim (ravish).
Hozirgi (sinxron) so'z yasalishida yasama so'z komponentlari o'rtasidagi munosabat jonli bo'ladi, uning ma'nosini komponentlarning ma'no munosabati bilan asoslash mumkin.
Tarixiy (diaxran) yasalishda yasama so'zning ma'nosi va shu ma'noning ifodalanish usulini yuqoridagidek asoslab berolmaydi. Bu ma'no maxsus tekshirishlar, tarixiy kuzatishlar orqali aniqlanadi. Masalan, ko'rpacha: ko'rpa so'zi yotganda ustga yopiladigan, ichiga paxta solingan narsani, -cha affiksi esa kichraytirish ma'nosini bildiradi. Lekin ko'rpacha so'zi «kichik ko'rpa» degan ma'noni emas, balki ichiga paxta solib tayyorlangan o'tirish joyiga to'shaladigan narsani tushuniladi. Demak, ko'rpacha so'zining ma'nosini uning ko'rpa va —cha qismlari ma'nosi bilan asoslab bo'lmay. Shuning uchun ham ko'rpacha so'zining yasalishi tarixiy yasalish hisoblanadi. Bunda hozirgi ko'rpacha so'zini ko'rpa va —cha komponentlari ajratib emas, balki uning qanday qilib shunday ma'noni ifodalovchi so'zga aylanganligini aniqlash, tekshirish zarur.
Hozirgi (sinxron) so'z yasalishida kamida ikkita yasovchi qatnashadi. Bulardan hech bo'lmaganda bittasi mustaqil ma'noli bo'ladi. Yasama so'zni yuzaga keltiruvchi bu komponentlar yasovchilar, ularning o'zaro munosabatidan hosil bo'lgan birlik yasama so'z
deyiladi. Yasalmaning yuzaga kelishida qatnashuvchi mustaqil ma'noli qism yasovchi asos hisoblanadi. Bunday asos sodda yasama so'zda bitta, qo'shma so'zda birdan ortiq bo'ladi.
So'z yasalishi hodisasini mustaqil so'z turkumlariga xos bo'lib, lekin so'z yasalishining biror usuli bilan yangi so'z hosil qilish so'z turkumlarining barchasi uchun birdek emas. Masalan, hozirgi o'zbek tilida eng mahsuldor usul affiksatsiya va kompozitsiya usuli bilan so'z yasash ot, sifat, fe'l, ravish turkumlari uchun harakterlidir. Son turkumida esa affiksatsiya usuli bilan ham, kompozitsiya usuli bilan ham miqdor bildiruvchi yangi so'z ya'ni yangi son yasalmaydi. Sonlarga qo'shiluvchi -inchi (uchinchi), -ta (ikkita) kabi affikslar yangi miqdor bildiruvchi son hosil qilmaydi, balki son (miqdor) tushunchasini o'zgartirmagan holda, unga tartib, dona kabi ma'nolar qo'shadi, xolos.
Olmoshlar boshqa turkumga oid so'zlar o'rnida qo'llaniluvchi, umumiylik xususiyatiga ega so'zlar bo'lganidan yangi so'z yasalishi hodisasini bu turkumda deyarli yuk, darajadadir.
Do'stlaringiz bilan baham: