CHINOR (Romandan parcha)
...Mehmonxona tez topildi: chiroqlar ko‘proq tomonga yurishgan edi, katta chorrahadan chiqishdi, undan sal narida ikki qavatli jo‘ngina mehmonxonaning viveskasi ko‘rinib turardi.
Navbatchi, xushmuomalagina, uyqusiragan bir kampir, ularni yo‘lakning narigi boshidagi katta xonaga joylashtirib, choy damlash uchun objo‘shni qayerdan olishni ham ko‘rsatib qo‘ydi. Yaxshi uyqubop joy ekan. Bir qavatli derazadan uzoqdagi tog‘ daryosi Shodasoyning bir me’yorda shovullashi eshitilib turibdi.
Mana, – dedi o‘z ko‘nglini o‘zi ko‘tarib Ochil buva, – shukur, yetib keldik. Bemalol dam olaylik. Akbaralini bo‘lsa ertaga topib olamiz, hech qayoqqa ketmaydi. – U etigini yechib, odaticha karavotga chiqib chordana qurdi. Shunday bir o‘tirib soqolini tutamlab chapga buramasa nafas rostlaganday bo‘lmas edi. – Lekin muzey eshigini qoqqanimiz qiziq bo‘ldi, – dedi u yana, – shahar juda ham o‘zgarib ketibdi-da, a?..
Charchagan Azimjon yelkasini qisdi. U qo‘l yuvgach, qiyig‘ini stolga yozib, non sindirdi, xurjunni yoniga tortib kavlashtira boshladi. Ochil buva nafas rostlagach, tunuka choynakni olib, choy damlagani chiqdi.
“Kubovaya” deb yozilgan xonani ochsa, hammomdagidek issiq hovur gup etib yuziga urdi, burchakda katta bak sharaqlab qaynab yotar edi. Ochil buva choyni achchiqqina qilib damlab, orqasiga qarasa, bir odam qaynoq suv olmoqchi bo‘lib piyola tutib turibdi.
Choy quyib bera qolay, – dedi.
Suv ham bo‘ladi, dori ichmoqchi edim, – dedi haligi odam.
Ochil buva uning yuziga qaramadi, bug‘ ichida ko‘rib ham bo‘lmasdi.
Choy yaxshi, tuting piyolangizni, savobtalab odammiz, – to‘latib quyib berdi, choyning xushbo‘y hidi dimoqqa urildi.
Rahmat, – dedi notanish odam.
Ochil buva choynagini ko‘tarib yo‘lakka chiqqanda, haligi odamning tovushi qulog‘iga tanishdek tuyulib, to‘xtab qoldi. Qaytib kirmoqchi edi, u odamning o‘zi chiqib, lim-lim to‘la piyolasiga tikilgancha yonidan o‘tib ketdi. O‘tib ketdi-yu, nariroqqa borib u ham to‘xtadi. Lekin orqasiga qayrilib qaramadi, cholning to‘xtab turganini sezgan edi.
Menga qarang, bolam, – dedi Ochil buva u tomon yurib, u odam ham o‘girildi. Ochil buva shundoqqina ro‘parasiga borib to‘xtadi.
Ular bir-birlarining yuzlariga tikilib qolishdi.
Sen... – dedi Ochil buva sekin, undan ko‘z uzmagan holda egilib, issiq choynakni yoniga, poyandozga qo‘ydi. Yana tikilib qolishdi.
Yo‘lakning u boshidagi chiroq ularning yuzlarini xira yoritar edi.
Buva! – deb xunuk qichqirib yubordi haligi kishi, piyola qo‘lidan tushib sindi. Ular quchoqlashib ketishdi.
Bu – Akbarali edi. Ochil buva uni zo‘rg‘a tanidi. Vaqt ko‘p o‘tganidan emas, yetti yilda odam bunchalik o‘zgarmaydi. O‘ttiz yoshida bunchalik qarimaydi. Akbaralining hayotida, shubhasiz, bir musibat yuz bergan edi. Uning suyagi qolibdi, xolos. Yonoqlari turtib chiqqan, oq oralagan soch-soqoli o‘siq, ko‘zlarida nur yo‘q. U gapirolmay qoldi, ko‘z tagidagi ko‘k xaltachalari titrab, yig‘lab yubordi.
Akbarali yengi bilan yuzini to‘sib, bosh silkidi: “Yo‘q”.
Qamoqdan chiqdingmi? – dedi Ochil buva tikka qarab.
Akbarali bosh qimirlatdi: “Yo‘q”.
Nega bu yerda yuribsan? Mehmonxonada...
Akbarali chuqur botgan ko‘zlari bilan bobosiga iztirobli tikildi: “Hali hech narsadan xabaringiz yo‘q ekan...” – Hammasini aytib beraman. Sizga aytib beraman, buva...
Uzoq gapmi?
Uzoq gap.
Biz seni qidirib yuribmiz... Azimjon ham shu yerda.Akbarali tushunmadi: “Nega qidiradi? Azimjon kim?”
Azimjon-chi, senga ammavachcha bo‘ladi. Chet eldan... Seni ko‘rgani keldi.
Akbarali tushunmadi. Uning chalkash, zaif o‘ylari boshqa yoqda ekani yuz-ko‘zidan bilinib turardi.
Buva, sizga aytib beraman... faqat sizga. – U Ochil bu-vani o‘z xonasiga yetakladi. Xona g‘ira-shira, sovuq, bir stol, bir karavot; allaqanday qo‘lansa hid anqir edi. Ochil buva derazani ochib xonani shamollatgach, Azimjonni chaqirib keldi. Azimjon patnisda non-choy ko‘tarib kirdi. Tanishgan bo‘ldilar, Akbarali unga tikilib turdi-yu, indamadi, kimligini bilolmadi chog‘i. Azimjon ham qarindoshini boshqacha tasavvur etgani uchun hozir uni ko‘rib birdan gap topolmadi.
Gapir, – dedi Ochil buva. Uning charchog‘i ham, uyqusi ham qochgan, ko‘ngli bir shumlikni sezganday, keksa, horg‘in yuzini betoqatlik ko‘lankasi qoplagan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |