ISLOM KARIMOV – MILLIY G‘OYA VA MAFKURA KONSEPSIYASI ASOSCHISI
Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotining uzluksizligini ta’minlash uchun xalqni bir maqsad yo‘lida birlashtirish muhim ahamiyatga egadir. O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan sobiq sovetlar tuzumining mafkuraviy aqidalaridan voz kechish lozim edi. Sovet mafkurasi kommunis-tik partiyaning g‘oyalariga tayanuvchi va sovet totalitar rejimining g‘oyaviy tayanchi funksiyasini bajarar edi. Bu mafkura qadimiy va boy tarixiy ma’naviy qadriyatlarga ega xalqning manfaatlariga mos kelmaydigan mafkura edi. Chunki u, milliylikdan begonalashgan, milliy mansublikka qarshi – innatsional, har qanday diniy e’tiqodga qashi – ateistik mafkura edi. Shu sababli undan voz kechildi. Mustaqillik mafkurasining konseptual asoslari esa hali yaratilmagan edi. Buning ustiga xalqimizning milliy mentaliteti mustamlakachilik davrlarida jiddiy ta’qiblarga uchrab, deformatsiyalangandi. Ya’ni xalqimizning ayrim vakillari hatto o‘zining o‘zbekligini ham unitayozgandi.
Bunday sharoitda, ya’ni amaldagi mafkuradan voz kechilgan, yangi mafkuraning konseptual tamoyillari hali ishlab chiqilmagan bir sharoitda izchil oilaviy tarbiya ko‘rmagan, o‘zligini anglab olishga ulgurmagan ayrim yoshlarimiz ongida mafkuraviy bo‘shliq (vakuum) hukm surardi. Bunday yoshlarni begona mafkuralar ta’siridan himoyalash ham dolzarb vazifa bo‘lib qoldi. Chunki, mustaqillik arafasida (oshikoralik davrida) va mustaqillikning ilk davrlarida turli ekstremistik oqimlar, diniy aqidaparastlar, diniy-konfessional yo‘nalishdagi missionerlik tashkilotlari mafkuraviy qadriyatlari shakllanmagan soddadil yoshlarimizni, ularning fikru-zikrini o‘zlarining millatni deformatsiyalovchi g‘oyalariga xizmat qildirish maqsadida buzg‘unchi kuchlar safiga qo‘shib olishga shay turishardi.
Bu mamlakatimiz mafkuraviy mustaqilligini saqlashga, mamlakatda barqaror tinchlikni ta’minlashga qarshi qaratilgan katta xavf edi. Ayniqsa, ko‘p millatlar va elat vakillari yashaydigan, turli din va diniy konfessiyalarga e’tiqod qiladigan aholi yashaydigan bizning yurtimizda millatlararo, dinlararo mojarolar boshlanib ketish xavfi keskinlashishi mumkin edi. Buning ustiga xalqimiz 70 yillik kurashchan ateizm hukmronligi davrida musulmonchilik an’analaridan ham birmuncha begonalashib qolgan edi. Mustaqillik munosabati bilan mamlakatimizda diniy e’tiqod erkinligiga keng yo‘l ochildi. Bu masalada O‘zbekistonning birinchi Prezidenti I.A.Karimov 1992 yil 2 iyulda so‘zlagan nutqida shunday degan edi: “Dinga, diniy tashkilotlarga keng yo‘l ochib berildi. Buyuk hajga ilgari nari borsa besh-olti kishi borardi. Endi har yili minglab odamlar muqaddas joylarga emin-erkin ziyoratga borishyapti. Din odamzodni hech qachon yomon yo‘lga boshlamaydi. Din bu dunyoning o‘tkinchi ekanini, oxiratni eslatib turadi, odam bolasini hushyor bo‘lishga, harom yo‘llardan uzoq yurishga, yaxshi bo‘lishga, yaxshi iz qoldirishga undab turadi. Biz dinga bundan keyin ham barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Diniy rasm-rusumlarga, bayram-larga, diniy tarbiya va ta’limga doimo jiddiy e’tibor beriladi”. (O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti ilgari surgan bu g‘oyalar bugungi kunda uning sadoqatli shogirdi, Sh.M.Mirziyoyev tomonidan muvaffaqiyatli ravishda amaliyotga tadbiq etilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmonining beshinchi bandi bevosita shu masalaga qaratilgan).
Dinga bunday demokratik yondashuvni o‘sha davrda hamma ham to‘g‘ri qabul qilavermasdi. Yurtimizda e’tiqod erkinligi qaror topishi bilan xalqimiz emin-erkin ibodatlarini davom ettira boshlashdi, ammo, an’anaviy diniy ibodatlar bilan fundamentalistik g‘oyalarni ajrata olmaydigan ba’zi yoshlar va hatto ayrim soddadil kattalar ham dinni bir yoqlama tushuna boshladi. Bunday kishilar ongiga diniy qadriyatlar sifatida turli xil diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan mutaassiblashgan oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalar ham suqilib kira boshladi. Ayniqsa, arab mamlakatlarida faoliyat olib borayotgan fundamentalistik kuchlar vahobiylik g‘oyalarini, Turkiyadan diniy ma’rifatparvarlik shiori ostida nurchilarning siyosiy hokimiyatni egallashga chaqiruvchi g‘oyalari, dinni siyosiylashtirib talqin etuvchi xizbut-tahrirchilar harakati hamda ular bilan til biriktirgan mahalliy oppozitsion guruhlarning faoliyati ham kuchaya boshladi. Bunday vaziyatda milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasining konseptual asoslarini ishlab chiqish hayotiy zaruriyatga aylangandi.
O‘zbekistonning birinchi Prezidenti mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq bu masalaga alohida e’tiborni qaratdi. Islom Karimovning jamoatchilik oldidagi chiqishlarida milliy manfaatlar, milliy istiqlol, vatanparvarlik, milliy qadriyatlar va milliy mentalitet masalalariga asosiy e’tibor qaratilgan edi. Buni ayrim siyosatdonlar Islom Karimovning millatchilikka yo‘l ochishi deb talqin eta boshlashdi. Ammo o‘zbek xalqining asrlar davomidagi ezgu niyati mustaqil davlatchiligimizni rivojlantirish, milliy manfaatlarni himoya qilish yo‘li bilan amalga oshishi oddiy haqiqat edi.
Xalqni milliy manfaatlar himoyasi yo‘lida birlashtirish uchun xalqning mafkuraviy konsepsiyasini ishlab chiqishi lozim edi. Bu hayotiy zaruriyatni chuqur anglagan I.A.Karimov o‘zining asarlar to‘plamining 1-jildini “O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura” deb atadi. Bu kitobda O‘zbekistonning barcha sohalardagi milliy manfaatlari o‘z ifodasini topgan edi.
I.Karimov milliy mafkuraning konseptual asoslarini ishlab chiqish lozimligiga alohida e’tibor berib, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiya-si qabul qilingan kunning bir yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali majlisda shunday dedi: “Asosiy qonunimizda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivoj-lanadi, deyilgan. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi maqomiga ko‘tarilishi mumkin emas. Bu konstitutsiyaviy qoida bizning oldimizga milliy istiqlol mafkurasini yaratish vazifasini qo‘yadi.
Milliy istiqlol mafkurasi xalqimizning azaliy an’analariga, udumlariga, tiliga, diniga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg‘ularini ongimizga singdirishga xizmat qilishi lozimligini hech qachon unutmaylik“. Haqiqatdan ham bu masala nihoyatda dolzarb masala edi. I.Karimovning keyingi maqolalarida, ayniqsa, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A’zamov bilan suhbatda milliy mafkura masalasi bosh mavzu sifatida muhokama qilindi. Bu suhbatda mafkuraning mohiyati, uning asosiy vazifalari, totalitar mafkuraning oqibatlari. Jahondagi mafkuraviy jarayonlar, mafkuraviy poligonning har qanday harbiy poligonlardan xatarli ekanligi. Milliy mafkuraning xususiyatlari va uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, mafkuraviy bo‘shliqning vujudga kelish sabablari, mafkuraviy immunitet va uning jamiyat barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, milliy mafkurani yoshlar ongiga singdirish yo‘llari, mafkurasizlik, mafkuraviy nigilizm va boshqa masalalar bu suhbatda muhokama qilingan.
O‘zbek milliy va umuminsoniy ezgu qadriyatlarni e’zozlaydi. Oila qadriyatini olaylik. Aytingchi, o‘zbek milliy oilasidan ham mustahkam oila bormi dunyoda. O‘zbek oilani, ota-onasini, bola-chakasini, aka-ukasini, opa-singlisini, qarindosh-urug‘ini qadrlaydi. Zarur bo‘lganda ularga tayanadi, ulardan ko‘mak oladi, yoki ularga dalda berib qo‘llab-quvvatlaydi. Oila sha’nini, mahalla sha’nini, millat sha’nini ko‘z qorachig‘iday asraydi. Bu qadriyatlarga dog‘ tushirgan ko‘rnamaklardan esa nafratlanadi. Farzand tarbiyasini ham o‘zbek jamoaviy muqaddas burch deb biladi. Shu tufayli u “bir farzandga yetti mahalla ota-onadir” degan maqolga amal qiladi. Oilaning mustahkamligi o‘zbekning nikohni qadrlashi va farzandlari kelajagiga umidi kuchliligidan. O‘zbek umuman porloq kelajakka umid qilib yashaydi. Er va xotin o‘rtasidagi munosabat otaga va onaga hurmat qadriyatini ardoqlashidan kelib chiqadi. Bularning barchasi oilaning mustahkamligi uchun garovdir.
O‘zbek mahalla bo‘lib yashashni afzal deb biladi. Mahallachilik, mahalla odobi, mahalla sinovi, mahalladagi obro‘ faqat o‘zbekka xos. Dunyoning hech bir nuqtasida o‘zbekning mahallasiday oliyjanob tarbiya o‘chog‘i yo‘q. Mahalla jamoasi kimning xonadonida nima bo‘layotganligidan xabardor. Mahalla ahli to‘ylarni ham, marakalarni ham birgalikda, hamjihatlikda amalga oshirishadi. Bu jamoaviylikning tarbiyalanishiga, mustahkamlanishiga imkon beradi.
Milliy mafkuramiz milliy manfaatlarimizning umummillat miqyosidagi himoyachisi bo‘lishi lozim. Buni amalga oshirish uchun esa mahalla udumlari ildiziga tayanib ish yuritishga to‘g‘ri keladi. Ha, aytganday, o‘zbek milliy falsafasining kattalarga hurmat, kichiklarni izzat qilish tamoyili ham bor. Bu tamoyil zamirida keksalarda katta hayotiy tajriba borligini ta’kidlash, kichiklarni esa qo‘llab-quvvatlasak, kelajakda ular orasidan ulug‘ insonlar yetishib chiqishi mumkin, degan hikmat, ya’ni falsafa, mujassamdir.
O‘zbek falsafasida tiriklikning zamini bo‘lgan onani e’zozlash, onaning munis va mehribonligini ta’kidlash ezgu qadriyatlar hisoblanadi. Haqiqiy o‘zbek onaga hurmatsizlik bilan qaramaydi, chunki ota – onaning hurmatini, oiladagi muqaddas o‘rnini yaxshi bilganligi uchun ham onaning hurmatini joyiga qo‘yadi. Buni farzandlar ko‘rib turadi va mehribon onasiga nisbatan mehri yanada oshadi. Har bir ona farzandlari uchun o‘z jonini ham fido qilishga tayyordir. Bu tamoyil ham o‘zbek falsafiy tafakkurida markaziy o‘rin egallaydi. Onaga, umuman ayolga munosabat qadimgi yodgorliklarimiz “Avesto” asarida ham alohida qayd etilgan. Qur’oni Karimda esa, jannat onalarning oyog‘i ostidadir, deyilgan.
Ba’zi xalqlarda ayollar kamsitiladi, erkaklarga nisbatan ularga kam haq to‘lanadi, hatto ularning guvohligi ham inobatga olinmaydi. O‘zbek uchun ayol – ona, maslahatgo‘y, himoyachi, dono tadbirkor. Bizda ayollar erkaklardan yuqori qo‘yilsa – qo‘yiladi, aslo kamsitilmaydi. Qadimgi hikmatlarda To‘maris momodek, Roziya sultondek sarkardalar, Bibixonim va Barchinoydek sadoqatli ayollar haqida mehr bilan hikoya qilinadi. Xalqimizning azaliy udumlarida ayollarni himoyalash, ularning jismonan ojizaligi uchun og‘ir yumushlarida ularga yordamlashishga intilish qadrlangan. Oilasida erkak kishi bo‘lmagan xonadonga bostirib kirish odobsizlik hisoblangan. Shu sababli ayollar suv olish uchun bo‘sh idishlarini, o‘tin yorish uchun to‘nka va boltalarini hovlisidan tashqariga chiqarib qo‘yishar ekan. Ko‘chadan o‘tayotgan erkaklar, bu uyda ojizalar yashar ekan, deb ularga muruvvat ko‘rsatish maqsadida, idishlarini anhordan suvga to‘ldirib kelishgan, o‘tinlarini esa yorib berishgan. Bolta va idishlarini o‘g‘rilab ketishni katta gunoh, insongarchilikka zid ish deb bilishgan.
Xullas o‘zbek falsafasining xilma-xil qirralari borki, ularni faqat qalbida o‘zbeklik tuyg‘usi bo‘lgan olimgina tahlil qilishi mumkin. Mana, milliy mafkura zamirida tayanch bo‘lib ana shu o‘zbek falsafasi yotishi kerak deb o‘ylayman.
O‘zbekistonning yer osti va yer usti boyliklari ko‘p, kelajakda shularni ishlatib u buyuk bo‘ladi, yoki o‘z hududini kengaytirib buyuk bo‘ladi, degan ma’noda aytmadim. Men bu fikrni yurtimizda, o‘tmishda, butun dunyoga aql-idrok o‘rgatgan, buyuk allomalar o‘tganligi uchun, ularning kashfiyotlari bugungi kunda ham dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotganligi uchun, ularning irsiyati, genlari buyuk bobolarimizning bugungi avlodlari bo‘lmish, farzandlarimiz qonida, nevaralarimiz qonida jo‘sh urayotganligi uchun, bu buyuk irsiyat buyuk insonlarni yetishtirishi, ulug‘ bobokalonlarimizning genlari bugungi farzandlarimiz timsolida yana uyg‘onishi mumkinligi uchun ham, kelajakda zamonamizning Xorazmiylari, Farg‘oniylari, Forobiylari, Beruniy va Ibn Sinolari, Imom Buxoriylari, Termiziylari, Zamaxshariylari, Nasafiylari yetishib chiqishiga imonim komil bo‘lganligidan aytdim. Ular albatta O‘zbekistonning dovrug‘ini jahonga yoyishadi. Shuning uchun ham “O‘zbekistonning kelajagi buyuk” dedim. Men bunga qat’iy ishonaman! O‘zbekistonning kelajagi haqiqatdan ham buyukdir!
O‘zbekiston mustamlakachilik yillarida uzoq yillik majburiy uyquda edi, ne-ne ulug‘ bobolarimiz, vatandoshlarimiz quvg‘in qilingan, qatag‘onga uchragan edi. Bu zulm va daxshat ta’siri ostida ularning farzandlari tiz cho‘ktirilgan, kamsitilgan, savodsizlikda, boqimandalikda ayblangan, yurtimiz dunyo taraqqiyotidan, sivilizatsiya taraqqiyotidan ataylab uzib qo‘yilgan edi.
Bugungi kunda allohga ming bor shukurki, mustaqillikka erishdik, qo‘l va oyoqlarimizdagi kishanlar parchalandi. Endi uyg‘onishimiz, dunyo ahliga o‘zbekning kimligini, uning bunyodkor aql-idroki nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yishimiz lozim. Buning uchun milliy g‘oyamiz ostida bir tan, bir jon bo‘lib birlashishimiz, milliy g‘urur va oriyatimizni astoydil himoya qilishimiz zarurdir.
Yurtimiz azaldan ko‘p millat va elat vakillariga boshpana bergan joydir. Ota-bobolarimiz o‘zga millat va elat vakillarining doimo boshini silab kelgan, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatgan. O‘zga millat vakillari ham o‘z navbatida yurtimiz taraqqiyotiga, fan va madaniyatimiz taraqqiyotiga baholi-qudrat hissa qo‘shib kelishdi. Jamiyat ravnaqi – millatlarning o‘zaro hamjihatligida. Shunday ekan millatlararo hamjihatlilik milliy mafkuramizning yana bir muhim g‘oyasi hisoblanishi kerak.
O‘zbekiston hududida qadim zamonlardan buyon turli din va diniy konfessiya vakillari o‘zaro ahillikda turmush kechirib kelishgan. Nestorian xrestianlaridan tortib yahudiylargacha, buddistlardan tortib hindulargacha o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etib kelashgan. Musulmonlar ularga doimo boshpana bo‘lgan. Ularning ibodatxonalarining dahlsizligini asrashgan. Bu ham milliy qadriyatimiz. Ya’ni boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik qilish, ular bilan o‘zaro ahillikda yashash, qisqasi, diniy bag‘rikenglik milliy mafkuramizning yana bir salmoqli qadriyatidir.
Farzandlarni to‘g‘ri tarbiya qilsakgina bu genlar ro‘yobga chiqadi. Ota-bobolarimiz bekorga komil inson haqida orzu qilishmagan. Bizning kelajagimiz farzandlarimizning qanday tarbiya topishiga bog‘liq. Ularga e’tiborsiz qarasak, kelajagimizni boy beramiz. Oppozitsion kuchlar doimo otalar va bolalar o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirishga, bolani ota-onaga qarshi gij-gijlashga harakat qilishadi va shu usul bilan aziz farzandlarimizni o‘zlari tomonga ag‘darib olishga urinishadi. Bunga nihoyatda hushyor bo‘lishimiz, farzandlarni qo‘ldan boy bermaslik uchun ta’lim va tarbiyaning uzluksizligiga, har bir farzandimizning ilmli va hunarli bo‘lishiga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim. Tarbiyada har bir odamda bo‘ladigan boshqarish mexanizmini e’tiborga olishimiz, ularni ilhomlashtirish, ayniqsa xotirasini chiniqtirish, ruhiy tarbiya va jismoniy tarbiyani uzluksiz olib borish kerak bo‘ladi.
Nima uchun yurtimizdan Xorazmiydek, Imom Buxoriydek, Forobiydek, Beruniydek, Ibn Sinodek buyuk allomalar yetishib chiqqan? Negaki, ularning xotirasi kuchli bo‘lgan, “Qur’oni Karim”ni 7-8 yoshidanoq yod olishgan. Ular katta-katta dostonlarni boshdan oyoq yoddan ayta olishgan. Islom madaniyatida ilmparvarlik, ilmga intilish doimo rag‘batlantiril-gan. Ilm-ma’rifat ahlining mavqei jamiyatda yuqori bo‘lgan. “Beshikdan to qabrgacha ilm izlang” degan hadis musulmonlarning asosiy shiorlaridan biri edi. Hadislarda “Bir kunlik ilm bilan shug‘ullanish 70 yillik ibodatdan afzal”, “Chin mochinga borasang ham ilm izla”, “Ilmga intilish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” degan hikmatlar bejiz tarqalmagan.
Xalqimizning kundalik turmushida ham aqlni charxlovchi, xotirani kuchaytiruvchi, ziyraklikni, mantiqni tarbiyalovchi o‘yinlar, mushoiralar ko‘p bo‘lgan. Bolalarga topishmoqlar, tez aytishlar, mushoiralar, o‘ylaganimni top singari mashq-o‘yinlar bolalarning nutqini, xotirasini, aql-idrokini kuchaytirishga xizmat qilgan. Katta yoshdagilar ham vaqti-vaqti bilan xonadonlarda yig‘ilishib, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Rustamxon” singari dostonlarni zavq bilan o‘qishgan yoki bir-biriga yoddan aytib berishgan. “Navoiyxonlik”, “Mashrabxonlik”, “Bedilxonlik” singari milliy xalq to‘garaklari bo‘lgan. Bunday intellektual madaniyat tarixi kimda bor? Loaqal 18-19 asrda o‘tgan Jahon Otin Uvaysiy momomizning “Anor” deb atalgan chiltonini eslaylik. Xalqimiz bunday aqliy tarbiya bilan kuni kechagacha, ya’ni 19 asrgacha shug‘ullanishgan. Shunday ekan Komil insonlarni tarbiyalash g‘oyasi ham milliy mafkuraning markaziy g‘oyalaridan biri bo‘lishi lozim.
Ba’zan, komil inson turli darajada ijtimoiy tabaqalangan, boy va kambag‘allar keskin farq qiladigan jamiyatlarda ham shakllanadimi? – degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolga javob berishda, jamiyatda tengsizlikning vujudga kelishi, adolatsizlik bilan bog‘langanligini chuqur anglashimiz zarur. Biz aynan ana shunday illatning ro‘y berishining oldini olishimiz lozim. O‘zbekistonda haddan ziyod boyib ketganlar ham, haddan ziyod qashshoqlashib qolganlar ham bo‘lmasligi lozim. Shu sababli jamiyatda ijtimoiy adolat mezoni – ijtimoiy hamjihatlilik bo‘lishi lozim. Ijtimoiy hamjihatlik jamiyat a’zolarini turli tabaqalarga ajralib ketishidan asraydi. Boylar kambag‘allarga homiylik qiladi, kambag‘allar ham birlashib, boylarning yanada boyishiga o‘z hissalarini qo‘shishadi. Chunki, jamiyatda boylar qanchalik ko‘paysa, mamlakatning iqtisodiy salohiyati shunchalik ko‘tariladi. Bu o‘z navbatida xalq farovonligining oshishiga sabab bo‘ladi. Sobiq sovetlar tuzimi sharoitida hammani yo‘qsillashtirish, kambag‘allashtirish jamiyat boshqaruvida fuqarolarning davlatga qaram bo‘lishiga yo‘l ochgan. Xususiy mulkka nisbatan ijtimoiy darajadagi nafrat shakllantirilgandi. Bu bolalar tarbiyasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatardi. Biror kishi yangi mashina olsa, yoki yangi uy qursa, uni ko‘raolmaslik, unga g‘arazgo‘ylik qilish avj olgandi. Shunday oilada tarbiya topgan ba’zi bolalar ham qo‘shnisi olgan yangi mashinaga tosh otishga, yoki mix bilan tirnashga, badavlat qo‘shnisining uyni yondirib yuborishga intilishar, boylar ham kambag‘allarni kamsitishga, jazolashga harakat qilishardi. Bu xodisa ijtimoiy tabaqalar o‘rtasidagi antoganistik munosabatlarning avj olganligining oqibatida ro‘y beradi. Bizda esa turli tabaqa vakillari orasida o‘zaro hurmat, hamjihatlik o‘rnatishga intilishimiz lozim. Bu esa o‘z navbatida Milliy mafkuraning eng muhim g‘oyalaridan biri ijtimoiy hamjihatlikni shakllantirish ekanligini ko‘rsatadi. Bu g‘oya mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun asos bo‘ladi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda xalqimizning azaldan rioya qilib kelayotgan mahalla qadriyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallada fuqarolik jamiyati kurtaklari mujassamdir.
Shunday kunlar keladiki, O‘zbekistonlik bo‘lish dunyoda katta sharaf hisoblanadi. Mamlakatimizda olib borilayotgan bugungi islohotlar jamiyat taraqqiyotining barqarorligini ta’minlashga zamin bo‘ladi. Kelajakda yurtimizda biz odatlangan ijtimoiy qonuniyatlar zaruriy tarzda amal qiladigan shart-sharoitlar qaror topishi, mamlakat taraqqiyotining uzluksizligi prezidentlar almashganda ham, hukumat o‘zgarganda ham bir xil tarzda davom etishini ta’minlaydigan relsga (yo‘lga) tushadi. Dunyodagi barcha rivojlangan mamlakatlarda mana shunday taraqqiyot qonuniyati amal qiladi. O‘zbekiston taraqqiyoti ham kelajakda ana shunday darajaga o‘sib boradi.
Biz umid qilamizki, Milliy mafkuraning asosiy konseptual g‘oyalarini ishlab chiqishda Sizning bu qimmatbaho maslahatlaringizga og‘ishmay amal qilamiz. Demak Milliy mafkuraning Bosh g‘oyasi “Obod va Ozod Vatan, erkin va farovon hayotni bunyod qilish” Siz hozir ta’kidlab o‘tgan Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, Xalq farovonligi, millatlar aro hamjihatlik, ijtimoiy hamkorlik, dinlararo bag‘rikenglik va komil inson g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq ekan. Buni Milliy mafkura konsepsiyasini tayyorlashda albatta e’tiborga olamiz. Bundan tashqari, o‘zbek milliy falsafasining asosiy qonuniyatlari va tamoyillarini ishlab chiqishni ham o‘z zimmamizga olamiz. Bu vazifa haqiqatdan ham millatimiz taqdiri uchun o‘ta dolzarb vazifa.
Prezident milliy istiqlol mafkurasi konsepsiyani tayyorlashda o‘zi ham shaxsan ishtirok etishini ma’lum qilib, shunday dedi: “Milliy istiqlol mafkurasi konsepsiyasini tayyorlashda o‘zim ham shaxsan ishtirok etaman, lekin davlat rahbari sifatida emas, shu yaratilajak konsepsiyaning puxta yaratilishidan manfaatdor bo‘lgan, o‘z Vatanini sevuvchi bir vatanparvar O‘zbekiston fuqarosi sifatida ishtirok etaman. Chunki, bu mafkura xalqimizning buyuk kelajagini bunyod etishda asosiy yetakchi rolini o‘taydi.
Bugungi kunda Islom Karimovning sadoqatli shogirdi O‘zbekistonning hozirgi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z ustozining ilgari surgan rejalari, konsepsiyalari va g‘oyalarini chuqur anglagan izdosh sifatida, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda bu g‘oyalarni muvaffaqiyatli tarzda amaliyotga tadbiq etmoqda. Jumladan, ma’naviy tarbiyani yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan qarorlarida, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termizda Imom Termiziy xalqaro markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Qarshida Nasafiylar markazini bunyod qilish bo‘yicha olib borayotgan say’i harakatlari ham I.Karimovning milliy mafkura konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lidagi amaliy faoliyatining uzluksiz davomidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |