Mavzu: Fransiyada Uchinchi Respublika va 1871-yil 18-mart davlat to‘ntarishi.
4-sentabr inqilobi. Xalq talabi bilan 4-sentabr kuni Fransiyaning Qonun chiqaruvchi Korpusi imperator ag’darilganligini e’lon qilishga majbur bo’ldi. Ayni paytda, Fransiya Respublika deb e’lon qilindi. Bu mamlakat tarixidagi Uchinchi respublika edi. Bu hodisa-tom ma’nodagi inqilob edi. Inqilob katta qiyinchiliklar bilan bo’lsa-da, Fransiyada demokratiya qaror topa borishiga asos soldi.
Qonun chiqaruvchi Korpus general Trosyu boshchiligida Muvaqqat milliy-mudofaa hukumatini tuzdi. Og’ir kunlarda Prussiya hukmron doiralari Fransiyani iloji boricha ko’proq holdan toydirishni xohlar edilar. Ular Fransiyadan katta tovon undirishga hamda uning foydali qazilmalarga boy viloyatlari bo’lmish Elzas va Lotaringiyani tortib olishga intildilar. Endi urush Prussiya uchun bosqinchilik urushiga aylandi. 19-sentabr kuni Parij 320 ming kishilik Pruss armiyasi tomonidan qurshab olindi. 173 mingdan ortiq qo’shinga ega bo’lgan Muvaqqat hukumat noiloj taslim bo’ldi. Urushdagi g’alaba Prussiyaga o’z qo’l ostida butun Germaniyani yagona davlatga birlashtirish imkonini berdi. 1871-yil 18-yanvar kuni Fransiyaning Versal saroyida Germaniya imperiya, Prussiya qiroli Vilgelm I esa Germaniya imperatori deb e’lon qilindi. Otto fon Bismark imperiya kansleri lavozimini egalladi. 1871-yil 8-fevralda Fransiyada Milliy majlisga shoshilinch saylov o’tkazildi. 73 yoshli Tyer boshchiligida yangi hukumat tuzildi. 26-fevralda Fransiya Germaniya bilan tinchlik shartnomasiga imzo chekdi. 1871-yil 18-mart Prussiyaga qarshi urushdagi mag’lubiyat va ayanchli voqealari shartlar asosida vaqtincha tinchlik shartnomasining imzolanishi parijliklarni hukumatga qarshi qahr-g’azabini kuchaytirib yubordi. Buning ustiga Parijda muhtojlik, ishsizlik, oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishi yuz berdi. Hatto o’rta tabaqa vakillari ham xonavayron bo’la boshladi. Parijliklarda hukumatga nisbatan ishonchsizlik paydo bo’ldi. Bunga qamaldan so’ng aholining qarzlari bo’yicha to’lovlarni to’lashga majbur bo’la boshlaganligi hamda hukumat qarorgohi etib Versal shahri tanlanganligi sabab bo’ldi. Buning ustiga Bosh vazir Tyer Milliy gvardiyani qurolsizlantirishni buyurdi. 18-mart kuni kechasi hukumat armiyasi Milliy gvardiyaga hujum qildi. Bu hodisa Parij aholisini oyoqqa turg’azdi. Ular hukumat armiyasini chekinishga majbur etdilar. Tyer butun hukumatni Versaldan ko’chirish haqida ko’rsatma berdi. Bunga javoban Parij mehnatkashlari qo’zg’olon ko’tardilar. Ular Milliy gvardiya bilan birgalikda harakat qilib, shaharning muhim ahamiyatga ega bo’lgan joylarini qo’lga kiritdilar. Ko’p o’tmay hukumat binosi ham, harbiy kazarmalar ham egallandi. Qo’zg’olonchilar shahardagi barcha davlat muassasalarini qo’lga oldilar. Parijda hokimiyat Milliy gvardiya Markaziy qo’mitasi qo’liga o’tdi. Bu qo’mita muvaqqat hukumat vazifasini bajardi. Davlat organlariga ishchilar, ziyolilar va qo’zg’olonning boshqa qatnashchilari vakillari boshchilik qila boshladi. 26-mart kuni Parij Kommunasiga saylov o’tkazildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |