III.Yangi mavzu bayoni: Yuz yillik urushning sabablari. Fransiyani yagona davlatga birlashtirishni tugallash oson vazifa emas edi. Chunki birlashtirish siyosati nafaqat ichki, ayni paytda, tashqi to’siqlarga ham uchragan. Eng katta tashqi to’siq - Angliya edi. Fransiyaning Akvitaniya viloyati Angliya qo’l ostida edi. U bu viloyatni Fransiyaga qaytarib berishni istamagan. Buning ustiga, markaziy hokimiyatga bo’ysunmaslik uchun kurashayotgan Flandriya viloyati Angliya tomonidan qo’llab-quvvatlangan. Angliya qiroli Eduard III Fransiya qiroli Filipp VI (1328-1350) (qizining o’g’li)ning nabirasi bo’la turib, Fransiyaga qarshi siyosat yurita boshladi. Bu omillar Fransiya - Angliya munosabatlarini tobora keskinlashtirgan. Endi bu ikki davlat o’rtasida urush chiqishi muqarrar edi. Urushning boshlanishi uchun bir bahona kerak edi, xolos. Filipp VI vafotidan so’ng Eduard III Fransiya taxtiga da’vogarlik qilib chiqdi. Biroq Fransiya qonunshunoslari ayol tomonidan bo’lgan avlod qirollik taxtiga o’tira olmaydi, degan xulosani berdi. Bu esa urush boshlashga bahona bo’ldi.
Urushning boshlanishi. Urush 1337- yilda Angliyaning hujumi bilan boshlandi. Flandriya urushda Angliyaning yaqin ittifoqchisiga aylandi. 1340- yilda Angliya floti katta g’alabaga erishdi. Bu g’alaba ingliz flotini dengizda hukmron flotga aylantirdi. 1346- yilda inglizlar quruqlikda ham g’alaba qozondilar. Fransiya qo’shinining umumiy safda turib jang qila olmasligi, inglizlarning esa 200 metr masofadan turib ham og’ir kamonlarda mo’ljalni aniq urishga qodir qo’shinga egaligi inglizlar g’alabasining asosiy sababi bo’ldi. Eng yirik jang 1356- yilgi Puate jangi edi. Bu jangda ham inglizlar g’alabaga erishdilar. Hatto Fransiya qiroli Ioann asir olindi. Shu tariqa Angliya G’arbiy va Shimoliy Fransiyaning katta qismini bosib oldi.
Mamlakatdagi og’ir ichki vaziyat. Fransiya qiroli Lyudovik X 1315-yilda qirollik yer-mulklaridagi dehqonlarga haq to’lash sharti bilan ozodlik berish to’g’risida farmon chiqargan edi. Bu farmon kechagi qaram dehqonni erkin mayda tovar ishlab chiqaruvchiga aylantirishi kerak edi. Biroq erkinlikni sotib olish haqi juda baland bo’lgan. Bu esa dehqonlarni amalda sudxo’rlar sirtmog’iga ilintirib qo’ygan. Angliya - Fransiya urushi busiz ham ahvoli og’ir bo’lgan dehqonlarni xonavayron qilgan. Bu esa Fransiya tarixiga ,,Jakeriyaqo’zg’oloni" nomi bilan kirgan dehqonlar qo’zg’olonining yuz berishiga sabab bo’lgan.