Min sulolasi hukmronligining o’rnatilishi. 1351-yilda Xitoyda mo’g’ullar zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’tarilgan. Qo’zg’olonchilarning asosiy qismini dehqonlar tashkil etgan. Bu qo’zg’olon tarixga "qizil peshanabog’liklar" nomi bilan kirgan. Qo’zg’olonga rohib Chju Yuan Chjan rahbarlik qilgan. Qo’zg’olonchilar 1368- yilda Pekin shahrini ishg’ol qilganlar. Qo’zg’olon natijasida mo’g’ullar sulolasi hukmronligi barham topgan. Chju Yuan-Chjan imperator deb e’lon qilingan. U Xitoy tarixida min sulolasi deb atalgan sulola hukmronligiga asos solgan. Minlar 1644-yilgacha hukmronlik qilganlar.
Min sulolasining ichki siyosati. Chju Yuan-Chjan ichki siyosatda mamlakat iqtisodiyotini ko’tarishga katta e’tibor bergan. Avvalo, soliq tizimi tartibga solingan. Soliqlar miqdori kamaytirilgan. Mo’g’ullar egallab olgan yerlar musodara qilingan. Yerlar yana davlat yerlariga aylantirilib, dehqonlarga chek yer sifatida bo’lib berilgan. Bu esa davlat dehqonlari sonining ko’payishiga olib kelgan. Dehqonlarning qarzlari kechib yuborilgan. Qullar ozod etilgan. Dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida sug’orish tizimlari barpo etish sohasida katta ishlar amalga oshirilgan. Ipak yetishtirish keskin sur’atda ko’paydi. Ayni paytda hunarmandchilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor berilgan. Shoyi va ip gazlamalarga pardoz berish, qog’oz, shisha, chinni, bo’yoq tayyorlash kabi sohalar yanada rivojlangan. Ipakdan kiyim-kechak tikilgan, yelkanlar yasalgan, shuningdek, musiqa asboblari uchun torlar tayyorlangan. Hunarmandlarning metall, fil suyagi va qimmatbaho yog’ochdan yasagan buyumlari nodir san’at asarlari edi. Dehqonchilik va hunarmandchilikning taraqqiy etishi tashqi savdoning rivojlanishiga sabab bo’lgan. Buyuk Ipak yo’li orqali Xitoydan O’rta Osiyo, Eron va Vizantiyaga savdo karvonlari qatnagan. Mamlakat mudofaasi qurollarni takomillashtirishni ham taqozo etgan. Chunonchi, XIII asrda miltiq, XIV asrda esa tosh va o’q solib otadigan metall zambaraklar ixtiro qilingan.
Tashqi siyosat. Min sulolasi mamlakat ichki ahvolini mustahkamlab olgach, istilochilik urushlari olib borgan. Chju Yuan-Chjan davridayoq Koreya va Tibet Xitoy hukmronligi ostida edi. Indoneziya va Hindi-Xitoy davlatlari Xitoyning vassallariga aylantirilgan. U yerlarga ko’plab xitoylar ko’chib borganlar. XV asr boshlarida imperiyaning Amir Temur imperiyasi bilan munosabati keskinlashdi. Natijada ikki imperiya o’rtasida urush kelib chiqishi muqarrar bo’lib qoldi. Biroq Amir Temurning vafoti bunga imkon bermadi. 1407- yilda Min qo’shini Vyetnamni ishg’ol etgan. Vyetnam Xitoyning bir viloyatiga aylantirilgan. Keyinchalik hozirgi Mo’g’uliston ham bosib olingan. XV asrning o’rtalaridan boshlab Min imperiyasi taraqqiyoti sekinlasha boshlagan. Bunga mamlakatda yuz bergan moliyaviy inqiroz sabab bo’lgan. Natijada vaqt o’tishi bilan Min imperiyasi o’zga yurtlarga hujum qilish qobiliyatini yo’qotgan. Endi u o’z chegaralarini tashqi hujum xavfidan mudofaa qilishga majbur bo’la boshlagan.