III.Yangi mavzu bayoni: Fransiya aholisi uch toifaga bo’lingan. Ruhoniylar birinchi toifani; dvoryanlar (katta yer egalari) ikkinchi toifani; shahar boylari va kambag’allari, dehqonlar hamda hunarmanular uchinchi toifani tashkil etishgan. Ruhoniylarning vazifasi ibodat qilish, gunohkorlarni xudo oldida himoya qilishdan iborat bo’lgan. Dvoryanlarning vazifasi esa qirol va uning fuqarolarini dushmanlar hujumidan himoya qilish bo’lgan edi.
Fransiyani birlashtirish uchun og’ir kurash olib borilayotgan bir sharoitda qirol Filipp IV General shtatlar chaqirishga majbur bo’ldi. Bu hodisa 1302- yilda ro’y berdi. Filipp IV hokimiyatining bo’linishini xohlamas edi, albatta. Shu sababli uning o’ziga qolsa General shtatlarni chaqirmagan bo’lardi. Ichki va tashqi dushmanlarga qarshi kurash katta-katta mablag’lar talab etayotgan bir sharoitda Filipp IV ning bundan boshqa iloji yo’q edi. Zarur mablag’ga ega bo’lish uchun qirol harbiy xizmatni o’tamayotgan yirik dvoryanlarni o’zlariga berilgan imtiyozni to’lov evaziga sotib olishga majbur etgan. Bundan tashqari, cherkov yerlariga ham soliq solgan. Qirolning bu tadbirlari yirik feodallar va Rim Papasi qarshiligiga uchragan. Rim Papasi qiroldan cherkovga qarashli yerlardan soliq olish to’g’risidagi farmonini bekor qilishni talab etgan. Ana shunday sharoitda qirolning General shtatlarni chaqirishdan boshqa chorasi qolmagan. Qirolning asosiy tayanchlari o’rta va mayda dvoryanlar hamda shaharlarning erkin fuqarolari edi. O’rta va mayda dvoryanlar gersog va graflarning o’zboshimchaligidan jabr chekmoqda edi. Ko’plab shaharlar qirolning qo’llab quvvatlashi tufayligina o’z-o’zini boshqarish huquqini qo’lga kiritgan edi. Shuning uchun ham shaharliklar qirolning ishonchli tayanchiga aylangan edi. Filipp IV aynan o’rta va mayda dvoryanlar hamda shaharliklar madadiga tayanib, yirik dvoryanlar va cherkovning qarshiligini sindirishga qaror qilgan. General shtatlar 8- aprel kuni Parijning bosh ibodatxonasida ish boshladi. Unda yuqori tabaqa vakillari bilan bir qatorda, har shahardan ikki nafardan vakil ham qatnashdi. Shaharliklar vakillari qirolni to’la qo’llab-quvvatlashini ma’lum qilganlar. Bu madaddan foydalangan Filipp IV Rim Papasiga qarshi kurash olib borgan. Vafot etgan Papa o’rniga uning tazyiqi bilan fransiyalik ruhoniy saylangan. 1309- yilda Papa qarorgohi Rimdan Fransiyaga ko’chirilgan. Rim Papasining mavqei pasayib, qirol hokimiyatining obro’yi orta borgan. Qirol uchinchi toifaga tayanib, yirik dvoryanlarni yanada ko’proq cheklab qo’yishga erishgan. Shu tariqa Fransiyada toifaviy monarxiya qaror topgan.
Toifalar o’zaro murosaga erisha olmagan. Chunki dvoryanlar shaharliklar nufuzining o’sib borishidan qo’rqar edilar. Ularni tobora boyib borayotgan shaharliklarning bir kuni hokimiyatga da’vo qilishi tashvishga solar edi. Natijada dvoryanlar shaharliklarni o’z qatorlariga qo’shishni aslo istamaganlar. Shuning uchun ham shaharliklar qirol bilan kelishishni afzal ko’rgan. Dvoryanlar va shaharliklar o’rtasida ittifoq qaror topmaganligi General shtatlarning uch palatadan iborat bo’lganligida o’z ifodasini topdi. Yuqori palata ruhoniylar vakillaridan (arxiyepiskop, yepiskop va abbatlar), o’rta palata dvoryanlar vakillaridan, quyi palata esa shaharliklar vakillaridan iborat bo’lgan. Ular alohida-alohida majlis qilganlar. Palata vakillarining o’zaro kelisha olmaganligi General shtatlarning qirolga kuchli ta’sir ko’rsata oladigan hokimiyatga ega bo’lishiga imkon bermagan. General shtatlar muntazam chaqirilmagan. Buning ustiga u qonunlarni tasdiqlash huquqiga ega bo’lmagan. Uning vazifasi u yoki bu soliqni joriy etishga rozilik berish bilan cheklanib qolgan. Qirol Filipp IV General shtatlardan yangi soliq joriy etilishini do’stlarcha so’rash bilan birga, hukmdor sifatida ham talab qilardi. General shtatlar o’z huquqini oshirish uchun urinib ko’rgan, albatta. Chunonchi, 1357- yilda shunday qilingan. Bu paytda Angliya bilan urush davom etardi. Urushda Fransiya qo’shini mag’lubiyatga uchragan, qirol Ioann esa asir olingan edi. General shtatlar davlat amaldorlarini uquvsizlikda ayblagan va taxt vorisi oldiga 22 nafar amaldorni lavozimidan ozod etish talabini qo’ygan. Ayni paytda General shtatlar o’ziga soliq yig’ish va soliqdan tushgan mablag’lar xarajatini nazorat qilish huquqi berilishini ham talab etgan. Taxt vorisi General shtatlar talabini qabul qilishga majbur bo’lgan. Biroq o’rta va quyi palata vakillari o’rtasida birlikning yo’qligi tufayli bu g’alabani saqlab qolishning iloji bo’lmagan. Natijada qirol hokimiyati yana o’z mavqeini tiklab olishga muvaffaq bo’lgan.