O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI
5210200 – PSIXOLOGIYA (UMUMIY PSIXOLOGIYA)
TA’LIM YO’NALISHI UCHUN
«SOTSIAL PSIXOLOGIYA: MENEJMENT VA MARKETING PSIXOLOGIYASI» FANIDAN
9-MAVZU. REKLAMA PSIXOLOGIYASI
Samarqand – 2021 yil
REJA:
1. Reklamaning vujudga kelishi tarixi
2. Reklamaning mohiyati
3. Iste’molchilarni jalb etishda reklama vositasini tanlash
4. Reklamaning inson psixologiyasiga ta’siri
1. REKLAMANING VUJUDGA KELISHI TARIXI
Reklamaning ildizi juda qadimga borib taqaladi. Tarixiy yozma manbalarda reklama amaliyoti haqida ma’lumotlar berilgan.
Eng qadimgi davrda rimliklar gladiatorlar janglari haqidagi e’lonlar bilan devorlarni bezaganlar. Qadimgi Gresiyadagi «Oltin asr» Afina ko’chalari bo’ylab yurgan qullar, qoramollar va boshqa tovarlarning sotilishi haqida jar solishgan. O’sha davrlarda reklamaning yana bir boshqa ko’rinish tamg’a bo’lgan, sotuvchilar ularni o’z tovarlariga bosganlar. Masalan, sotuvchi va savdogarlar tovar sifatini tekshirib, tamg’a qo’yganlar.
1450 yil Gutenburg tomonidan bosma dastgohning ixtiro qilinishi reklama tarixida burilishi bo’ldi.
Birinchi bosma e’lon 1478 yilda ingliz tilida paydo bo’lgan. 1622 yilda esa reklama kuchli taraqqiyotga ega bo’ldi. Bu ingliz tilidagi ro’znoma-gazetaning chiqishi bilan bog’liq bo’ldi. Masalan «Tetler» firmasining sartaroshlik uchun asbob-anjomlari, dorilar va boshqa tovarlarni sotish uchun reklama e’lonlari nashr etildi.
Reklama AQShda eng katta ravnaqqa erishdi. Benjamin Franklin Amerika reklamasining asoschisi hisoblanadi. Uning 1728 yilda vujudga kelgan «Gazett»i Mustamlaka Amerika gazetalari orasida eng katta nusxada va eng ko’p hajmdagi reklama e’lonlariga erishdi.
Reklama rivojlanishiga bir necha omillar ta’sir etdi. Birinchidan, Amerika sanoati ishlab chiqarish jarayoniga qo’l mehnatini tadbiq etishni tugatdi, buning natijasida tovarlar mo’l-ko’lligi yaratildi.
Ikkinchidan, suv yo’llari, shosse va oddiy yo’llar, chorrahalarning yaratilishi tovarlar va reklama vositalarini qishloq joylarga yetkazishni qulaylashtirdi.
Uchinchidan 1813 yilda kiritilgan majburiy ta’limda boshlang’ich savodxonlik darajasini oshirdi, bu esa gazeta, jurnallar chiqarishning sezilarli o’sishga yordam berdi. Radioning, keyingi paytda televideniyaning kashf etilishi reklama faoliyatida kuchli turtki bo’ldi.
Televideniye orqali berilgan reklamalarning boshqalariga nisbatan ta’sir kuchi yuqori bo’ldi va ko’proq samara keltirib, muvaffaqiyat qozondi.
Bizning mamlakatimiz bozor iqtisodiyotiga o’tganiga uncha ko’p bo’lgani yo’q. Sobiq Ittifoq davrida mahsulotlar rejali asosda ishlab chiqilgani bois, ularni sotish murakkablik tug’dirmasdi, ishlab chiqarish ham talab va taklif ham rejali bo’lgani sababli reklamadan voz kechilgan edi.
O’rta Osiyoda sho’rolar hukumat boshiga kelguncha bozor, savdo sotiq juda yaxshi rivojlangan edi.
Bunga sabab Buyuk Ipak yo’lida joylashganimiz va aholining ko’p sonli ekanligidir.
Savdoda har doim reklama bo’lgan, faqat uning sodda turlaridan ko’proq mahalliy xalq foydalangan. Bozorlarda mahsulotlarni maqtab xaridor chaqirganlar ularni o’zlariga jalb etganlar, uyma-uy yurib, o’z tovarlarini namoyish qilganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |