ISLOM MOLIYASI: MUHOKAMADA UNI O‘ZBEKISTONDA RIVOJLANTIRISH MASALASI
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi tashabbusi bilan, 2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida «O‘zbekiston Respublikasida Islom moliyasini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir BMT Taraqqiyot Dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Islom taraqqiyot banki va O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorini rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil qilindi.
Unda tegishli vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro moliya institutlari, O‘zbekistonning tijorat banklari, xalqaro ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, kirish qismida BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xusan Xasanovlar ham so‘zga chiqdilar.
Bugungi kunga kelib, dunyo moliya bozorida Islomiy moliyalashtirish g‘oyatda dolzarb manbaga aylanib bormoqda. Buni islomiy moliyalash har yili 15-20% o‘sishga erishayotgani ham tasdiqlaydi. Islomiy banking jahon bo‘yicha 400 dan ortiq moliya institutlari tomonidan amaliyotda qo‘llanib kelinmoqda, uning yillik aylanmasi 800 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi.
Shu boisdan, Harakatlar strategiyasi asosida yirik islohotlarga yuz burgan mamlakatimiz milliy moliya sektorini rivojlantirishda islomiy moliyalashtirish muhim o‘rin tutadi. Xususan, O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirishning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini joriy etish, davlatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, bank mahsulotlari, islomiy qimmatli qog‘ozlar va h.k.lar kabi moliya bozorining muqobil vositalarini yaratishda islomiy moliyalashtirish muhim o‘rin tutadi.
Ammo uni tezlik bilan joriy qilish imkonsiz. Zero, shariat qonunlariga muvofiq amalga oshirilmagan milliy Qonunchilik va dunyoviy davlatning institutsional jihatdan rivojlangan mentaliteti kabi omillarni izchil o‘rganish zarur. Bu masalalar esa, tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni bir joyga jamlab, davlat uchun eng qulay va samarali yondashuvni shakllantirish orqali o‘z yechimini topishi mumkin. Shu bois, muhokama jarayonida mazkur masala yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |