Aynan fuqaroviy faollikning o’zi bir necha jihatlar bilan ajralib turadi:
faol fuqaro guruhiga mansub kishilar asosan siyosiy va iqtisodiy tizim to’g’risida bilim olishga tayyor bo’lgan kishilardan iborat;
faol fuqarolarda o’z haq-huquqlarini faol amalga oshirish uchun bilim va qobiliyat mavjud;
faol fuqarolarda ana shu bilimlarni joriy qilish uchun ko’nikmalar mavjud bo’ladi.
Fuqarolik faolligi bugungi kunda davlat uchun misli ko’rilmagan ko’makchiga aylanmoqda. Turli ijtimoiy loyihalarga birlashgan fuqarolar ro’y berayotgan, tug’ilayotgan va mavjud muammolarni muhokama qilish, ularning yechimini topish va hukumatga taklif etish imkoniyatiga ega. Turli nodavlat tuzilmalaridagi yetuk mutaxassislar bozor munosabatlari sharoitida kutilmaganda ro’y beradigan muammolar, bozorning betartartib jarayonlarida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishga hukumatga ko’makchilik qilmoqdalar.
Ma`lumki bozor munosabatlari sharoitida rang-barang ijtimoiy muammolar yuzaga kelaveradi, ammo ularning yechimini hukumat hamisha ham o’z vaqtida hal etavermaydi. Boshqacha aytganda bunday muammolarni hukumat o’z vaqtida payqash imkoniyatiga ega emas. Shunday muammolar mavjudki, ularning oqibati jamiyat uchun qanchalik mudhish bo’lmasin, ularning mavjudligini tan olish yoki ularni bartaraf etish uchun aniq belgilangan institutlar mavjud bo’lmaydi. Agar hukumat fuqaroviy faollikni yuzaga chiqishiga imkoniyat yaratmas ekan, yoki turli nodavlat va jamoat birlashmalariga ana shunday muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo’yicha faol bo’lishga shart-sharoitlar yaratmas ekan fuqarolik jamiyatini barpo etish muammoligicha qolib ketaveradi.
Fuqarolik jamiyati rivoj topgan mamlakatlarda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yurituvchi jamoat birlashmalari mavjud bo’lib, ular serqirra faoliyat yuritadilar. Masalan, jamiyatdagi mahlumotlilik darajasini oshirish yoki zamonaviy ta`lim texnologiyalarini joriy etish bo’yicha mahlum tadqiqotlar olib borishadi va natijada parlamentga tegishli qonun o’zgartirishlari taklif etishlari mumkin.
Tabiatni asrash yoki ekologik muammolarni bartaraf etish bo’yicha, yuqumli kasalliklarni oldini olish, shahar havosining ifloslanishi, chiqindilardan tozalash bo’yicha jamoat birlashmalari hukumatga qimmatli fikrlar bilan bir qatorda amaliy loyihalarni taklif etadilar.
Bir so’z bilan aytganda, fuqarolik jamiyati uchun fuqaroviylik, fuqaroviy ong va fuqaroviy faollik juda muhim ahamiyatga egadir. Taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday jamiyat uchun inson salohiyatidan foydalanish, insonning o’zligida, uning qalbida mavjud bo’lgan birdamlik, saxiylik, bag’rikenglik kabi fazilatlarga murojaat etishning o’zi kifoyadir.
Nazorat savollari:
Fuqaroviylikning mazmun-mohiyati nimalardan iborat?
Fuqaroviylikning asosiy xususiyatlari haqida nimalar deya olasiz?
Fuqaroviy ong nima?
Fuqaroviy ongning namoyon bo’lish omillari
Fuqaroviy faollik va uning fuqarolik jamiyatidagi o’rni
Do'stlaringiz bilan baham: |