9.2. Renta va renta turlari
Agrar munosabatlarning asosini renta munosabatlari tashkil qiladi. Renta nazariyasi hozirgacha to`liq yoritib berilmagan nazariyalardan hisoblanadi. Iqtisodchilar o`rtasida uning mohiyatini tushuntirish bo`yicha turlicha yondashuv va qarashlar mavjud bo`lib, ularning ayrimlari noaniqligicha qolmoqda. Shu sababga ko`ra rentani miqdoriy aniqlash va uning mohiyatini tushuntirish bo`yicha asosiy va ko`pincha bir-biriga qarama-qarshi bo`lgan nazariyalarga duch kelamiz.
Renta nazariyasi dastlab, fiziokratlar maktabining asoschilari F.Kene va A.Tyurgolarning ilmiy asarlarida ko`rib chiqilgan. Ular rentaning vujudga kelish sababini tabiat, yerning qandaydir sirli kuchi, tabiat ehsoni, yerning qo`shimcha mahsulot yarata olish qobiliyati natijasi orqali izohlaganlar. Ular qishloq xo`jalik mahsulotlarini yaratishda, jumladan, sof va qo`shimcha mahsulot yaratishda tabiat rolini ko`rsatishga harakat qilganlar. Keyinchalik renta nazariyasining asoslari klassik iqtisodchilar U.Petti, J.Anderson, A.Smit va D.Rikardolar tadqiqotlarida turli darajada takomillashtirilgan. Jumladan, Anderson differentsial renta to`g’risidagi qarashlarni ilgari surgan, biroq rentaning tovar qiymatining bir qismi ekanligini tushuntirib berolmagan. Rikardo esa, fiziokratlardan farqli o`laroq, rentaga mahsulot ijtimoiy va individual qiymatlari o`rtasidagi farq sifatida qarab, renta nazariyasini qiymatning mehnat nazariyasi, qiymat qonuni bilan bog’lagan.
Renta nazariyasini rivojlantirishda rus iqtisodchilaridan N.G.Chernishevskiy va N.I.Ziberlar salmoqli hissa qo`shganlar.
Hozirgi vaqtda Rossiyada «Iqtisodiyot nazariyasi» bo`yicha chop etilgan qator o`quv qo`llanma va darsliklarda ham yer rentasi munosabatlari keng bayon etilmoqda. D.D.Moskvin tahriri ostida tayyorlangan darslikda yozilishicha, resurslarning turli-tumanligi natijasida ulardan foydalanish chog’ida renta daromadlarining turli ko`rinishlari paydo bo`ladi, jumladan: qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda vujudga keluvchi yer rentasi; foydali qazilmalarni qazib olish chog’ida vujudga keluvchi renta; o`rmon resurslaridan foydalanishda hosil bo`luvchi renta; qurilish uchastkalaridan olinuvchi renta va h.k. Barcha turdagi tabiiy resurslar yer bilan uzviy bog’liq bo`lganligi sababli ulardan foydalanishda rentaning vujudga kelishi uchun bir-biriga o`xshash shart-sharoitlar mavjud bo`ladi. Qishloq xo`jalik ekinlaridan foydalanishning iqtisodiy shart-sharoitlariga nisbatan ishlab chiqilgan renta munosabatlarini tahlil qilish uslubiyoti rentaning barcha turlariga tegishli bo`ladi, shunga ko`ra ularni yer rentasiga kiritish to`g’ri bo`ladi. Haydaladigan yer, qurilish uchastkasi, ruda koni, baliq ovi, o`rmon va boshqalardan to`lanishidan qat`iy nazar, renta ko`rinishidagi mazkur pul summasi yer rentasi deb ataladi1.
Do'stlaringiz bilan baham: |