1. Sovet Ittifoqining parchalanish sabablari. O’sib borayotgan salbiy holatlar oqimini bartaraf etish yo’llarini izlashni faollashtirish maqsadida Siyosiy Byuro 1985- yilning mart oyida Bosh kotib lavozimiga o’z a’zolari ichida eng layoqatli bo’lgan M. Gorbachevni olib chiqdi. Albatta, bu «sodiq leninchilar» taraqqiyot yo’lini hech qachon o’zgartirmaslikni hoxlardilar va agar ular tanlagan bosh kotibning kelajakda nimalarga qo’l urishini bilganlarida uni tanlash to’g’risida hech qanday gap so’z bo’lishi mumkin emas edi. Gorbachevning o’zi ham Siyosiy Byuroda: “Biz siyosatni o’zgartirishimiz shart emas. U to’g’ri, haq va haqqoniy siyosatdir”- deb bayon qilgan edi1.
Oligarxiyadagi buzilmas tartib tufayli oliy hokimiyat “oqillik” va javobgarlikka ega bo’lgan Gorbachev hamkasblarini aldamayotgan edi. U paytda qiyinchiliklarni bartaraf etishga ishtiyoq totalitar tuzumining barham topishi va keyinchalik oliy maqsaddan voz kechishga olib kelishi uning xayoliga ham kelmagan edi. U “real sotsializm” krizisga uchraganini tan olmasdan, maslakdoshlari va mamlakatni sinov va xatolar yo’liga boshladi. Sovet-partiyaviy an’analariga ko’ra u avtoritar faoliyat ko’rsatdi.
Avvaliga u ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish shiorini o’rtaga tashladi. Ammo tezda eskirgan asbob-uskuna va texnologiyalarni eng yangilariga almashtirishga ko’proq e’tibor berilishi boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish qisqarishiga olib keldi. Buni amalga oshirish uchun vositalar ham yetarli emas edi. Ayniqsa, ichkilikbozlikka qarshi olib borilgan ayovsiz kurash bir tomondan alkagolizmni kamaytirgan bo’lsada, ikkinchi tomondan odamlar sog’ligi va ishlab chiqarishga zarar yetkazdi, budjetni bir necha yil spirtli ichimliklarni sotishdan keladigan foyda, ya’ni 200 milliard so’mdan (rubldan) mahrum qildiki, bu mamlakat byudjntiga qattiq zarba bo’ldi.
Rivojlanishni jadallashtirish maqsadida intizom qat’iylashtirildi. Sanoatda ishlab chiqarish sifatini yaxshilash maqsadida uni davlat qabul qilib olish tartibini joriy qildi. Ishchilarning tashabbuskorligi va javobgarligini oshirish uchun mehnat jamoalari to’g’risidagi qonun, ularga hattoki rahbarlarni saylashgacha bo’lgan keng huquqlarni berdi. Ammo ishlab chiqarilgan mahsulotning davlat tomonidan qabul qilinishi mahsulotning ilmiy-texnik darajasini ko’tardi, ishchilardagi “xo’jayinlik tuyg’usi” esa “jamoaviy xudbinlik”da, ya’ni “qulay” rahbarlarni tanlash, narxlar va oylikni ixtiyoriy ko’tarishda namoyon bo’lib, u xo’jalik va jamiyatga katta zarar yetkazdi.
Sanoatda odamlar xavfsizligi ta’minotini inobatga olmaslik oqibatida 1986- yilda Chernobilda yadro reaktori portlashi yuz berdi, u ko’pgina mamlakatlarga zarar yetkazdi va keng mintaqa aholisi uchun fojiaga aylandi.
Iqtisodiyotning ko’p tarmoqlarini o’zgartirish zarurligiga ishonch hosil qilgan Gorbachev ilgari Xrushev tomonidan qo’llangan qayta qurish ishlarini o’rtaga tashladi. KPSSning 1986- yil boshidagi s’yezdi uni qo’llab-quvvatladi va mehnatkashlarni “sotsialistik o’zaro yordam va talabchanlikni” oshirishga chaqirdi va qisqa muddatda ishlab chiqarishni keskin oshirish, mehnat unumdorligini oshirish, mamlakatni uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlanish muammolarini hal qilishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi.
1987- yilga kelib aholi ehtiyoji uchun zarur mollar va budjet tanqisligini bartaraf qilishga urinib, oliy hokimiyat organlari Gorbachev tashabbusi bilan iqtisodiyot boshqaruvini tubdan qayta qurishga kirishdilar, davlat korxonalari, vazirliklar, respublika idoralari, ta’minot tizimlari, banklar mavqeini o’zgartiruvchi qaror va qonunlar hamda keng ijtimoiy dasturlar qabul qilishdi. Bu choralar xo’jalikni ma’muriy ko’rsatmalar orqali boshqarishni shartnomaviy boshqaruvga almashtirdi, ammo ular har doim ham bir-biri bilan mos tushmas va rejalarning bajarilishini kafolatlay olmasdi. Dasturlarni amalga oshirish uchun esa vositalar yo’q edi.
Ko’rilgan choralar natijasida hokimiyat tomonidan aholi iste’moli uchun yo’naltirilgan mahsulotlar ulushi biroz ko’tarildi. Ishchilarning o’z-o’zini moliyalash, pudrat va ijara asosida ishni tashkil qilish joriy qilindi, rahbarlar ishlab chiqarishni aholi ehtiyojlariga yo’naltirish, mehnatga haq to’lashni esa uning natijasi bilan bog’liq tarzda amalga oshirishga harakat qilishardi. Keyin kooperativ, mohiyatan ishbilarmonlikka asoslangan, individual mehnat faoliyatiga ruxsat etildi va qonunlashtirildi. Hokimiyat ruxsati bilan qo’shma korxonalar, hatto chet elliklar ishtirokida tuzila boshlandi. Bu choralar aholini davlat tomonidan ekspluatatsiya qilinishining markazlashishini susaytirib, ekspluatatsiya vazifalarining bir qismi tarmoqlar va korxonalar rahbarlari qo’liga o’tdi.
Ammo boshlangan iqtisodiy tashabbuskorlik (ishbilarmonlik), sovet sanoatining asosi – harbiy-strategik sanoati u yoqda tursin, hattoki iste’mol mollari ishlab chiqarishni va xizmat ko’rsatishni ham qamrab olmagan edi.
1985–1989- yillarda budjet tanqisligi 5 marta oshdi, ammo uni bartaraf etish uchun amalga oshirilgan emissiya SSSR ichki qarzlarini 2,5 martaga oshirdi. Iqtisodiyot va jamiyatdagi salbiy holatlar ko’payishni davom ettirdi. Bu yo’nalishda islohotlar ish bermayotgan edi.
Ammo iqtisodiyotni qayta qurish davom etardi. 1988- yil yozdagi KPSSning Butunittifoq konferensiyasi iqtisodiy o’zgarishlarni chuqurlashtirishga qaror qildi: davlat buyurmalari va ko’rsatmalari asosidagi ma’muriy boshqaruvni cheklash, to’la xo’jalik hisobini va uning shaklini mehnat kollektivlari tomonidan tanlanishini joriy etish, hamda iqtisodiy o’z-o’zini boshqarish vazifalari qo’yildi. Iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan bu qadam ko’pgina xo’jalik rahbarlarini esankiratib qo’ydi va harbiy sanoat qo’rg’onlariga duch keldi. Ishlab chiqarish o’sishi sekinlashdi va 1990- yilga kelib dunyo yalpi mahsulotida SSSRning hissasi 8%gacha pasaydi va eng asosiysi oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar tanqisligi oshdi. Oziq-ovqat va eng oddiy sanoat mahsulotlarini izlab topish tobora qiyinlashib borar, narxlar ko’tarilib borar, navbatlar cho’zilar, olibsotarlik avjiga chiqayotgan edi. Hukumat tomonidan ko’tarib chiqilgan “Kuchli ijtimoiy siyosat” shiorini amalga oshirish uchun zaxiralar yo’q edi.
1986- yildayoq Gorbachev va uning izdoshlari faqatgina iqtisodiyotni qayta qurish ahamiyati va jozibaliligini ta’kidlab uni inqilob deb atadi. Uning to’g’ridan-to’g’ri xalqqa qayta qurish haqidagi da’vatlari bilan murojaat qilishlari unga Siyosiy Byuroda tan olingan daxlsizlikka erishishiga yordam berdi. Ikki yil ichida u Siyosiy Byuro a’zolarining 70%ini “qayta qurish ish boshqaruvchilari” B. Yel’sin, A. Yakovlev, E. Shvardnadze va boshqalar bilan almashtirishga ulgurdi. MK (Markaziy Qo’mita) tarkibi 40%ga yangilandi.
Ko’pgina partiya va davlat arboblarining mutaassibligi va rasmiyatchiligiga duch kelgan Gorbachev Stalincha “deformatsiya” va “tormozlash mexanizmi”ni bartaraf etishga «sotsialistik demokratiya» va «xalqning o’z-o’zini boshqarishi»ni rivojlantirishga da’vat etdi. Uning tashabbusi bilan Siyosiy Byuro va MK oshkoralikni - ancha ilgari yo’q qilingan so’z erkinligini sotsializm doirasida e’lon qildi. Kamchiliklarning va ko’pgina rahbarlar faoliyatining quyidan turib tanqid qilinishi, fuqarolar tomonidan o’z takliflarining o’rtaga tashlanishi va tarqoq holdagi ommaviy chiqishlar qayta qurishning kengayishi va chuqurlashuviga olib keldi. Natijada viloyat partiya tashkilotlarida 60% kotiblar, hamda ko’pchilik Sovet va xo’jalik rahbarlari almashtirildi.
Mo’ljalni aniq belgilash va qayta qurish konsepsiyasini ishlab chiqish qiyin edi. 1987- yil kuzda Gorbachevning “Qayta qurish va yangicha fikrlash mamlakatimiz va butun dunyo uchun” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Unda umuminsoniy qadriyatlar ustunligi va barcha mamlakatlar xalqlari ularning atrofida birlashishi zarurligi haqidagi ma’lumotlar yozilgan edi. Bu M. Gorbachevga SSSR oliy rahbariyat organlari qo’shma yig’ilishida o’z so’zlariga ishontirishiga xalaqit bermadi: “Biz yangi olam sari kommunizm olami sari bormoqdamiz”, “Bu yo’ldan biz hech qachon chekinmaymiz!”. Kitobida esa u gap “umumxalq sotsialistik davlat”, “jamoaviy mulk” boshqaruvdagi partiyani o’zgartirish haqida emas, balki ularni rivojlantirish va chuqurlashtirish, SSSRning ichki va tashqi o’tkir muammolarini ochishga noan’anaviy yondoshishni o’zgartirish, markscha-lenincha yondoshuv va jamiyatni yaxshi bilmaslik natijasida konsepsiyasini ishlab chiqish qiyinlashayotgan yangicha siyosat yuritish zarurligini tan olishdan iborat edi.
M. Gorbachevning “yangilanish mafkurasi” bilan chiqishi konservatorlar (prinsiplaridan voz kecha olmaydigan), mo’tadil “yangilanganlar” (sotsializmni insonparvar, demokratik qilish uchun), radikallar (ko’p partiyaviylik, respublikalar va fuqarolar huquqlarini kengaytirish uchun) o’rtasidagi qizg’in bahs-munozaralarga sabab bo’ldi. 1988- yildagi KPSSning Butunittifoq konferensiyasi biroz ikkilanib siyosiy tizimni qayta qurish, ichki partiyaviylik demokratiyasini tiklash va qatag’on qurbonlarini oqlashni davom ettirishga qaror qildi.
M. Gorbachev KPSS rolini mustahkamlashga da’vat etar va shu bilan birgalikda shaxs huquq va erkinliklarini kengaytirish orqali odamlarning qayta qurishda ishtirokini ta’minlashga harakat qildi. Konferensiya delegatlarining deyarli yarmi bunday o’zgarishlarga qarshi bo’lib, uni asosiy yo’nalishdan chekinish deb hisoblashardi.
Konferensiya kommunistik partiyaning mafkuraviy-siyosiy monopoliyasini saqlagan holda kengashlar, kasaba uyushmalari va boshqa tashkilotlarni an’anaviy ma’muriy buyruqbozlik bilan boshqarishdan voz kechish va ularning, ayniqsa kengashlarning rolini oshirishga qaror qildi.
Unutilgan “Butun hokimiyat sovetlarga!” shiorini o’rtaga tashlab “xalq hokimiyati”ni tiklash va “Sotsialistik huquqiy davlat”ni shakllantirish maqsadida markaziy, respublikaviy va mahalliy sovetlar va ular bilan birga sudlarga mustaqillik berishga intilar, ularning tuzilishi va shakllanish usullarini o’zgartirishardi. Partiya va davlat organlari funksiya (vazifa)larining ajralishi boshlandi. Bu ilgarigi hokimiyatni susaytirdi va parchaladi. Siyosiy va iqtisodiy plyuralizm (xilma-xillik) siz yangi hukumatni barpo qila olmasdi.
Mamlakatda va Partiya ichida ham sotsializm va demokratiyaning talqini to’g’risida keskin bahs-muzokaralar boshlanib ketdi. 1988- yilning oxiriga kelib liberalizm individual erkinlik va huquqlar ustunligi va natsionalizm o’z millat (elat)ining manfaatlari ustunligi tarafdorlari paydo bo’ldi. O’z ixtiyori bilan faoliyat yuritayotgan ko’pchilik kommunistlar ishtirokida ijtimoiy uyg’onish boshlandiki, u ko’pgina turli qiyofadagi “norasmiy”, noqonuniy, ta’qiqlanmagan tashkilotlarning va ommaviy harakatlarning, hattoki xalq frontlarining paydo bo’lishiga olib keldi. KPSS nafaqat mamlakat muammolarini hal qilish yo’llarini muhokama qilish bo’yicha monopoliyadan mahrum bo’ldi, balki shu bilan birga xalq ommasi kayfiyati va хatti-harakatini boshqarish imkoniyatidan ham mahrum bo’ldi, sovet jamiyatining parchalanishi boshlandi.
1989- yildagi o’zgarishlar natijasida totalitar tuzum tugatildi. Partiya, davlat va xo’jalik organlariga “yangicha fikrlash”ni o’zlashtirish qanchalik qiyin bo’lsa, konsepsiyasi endigina ishlab chiqilayotgan yangicha siyosat yuritish undan-da qiyinroq edi. Bu o’z navbatida hokimiyat ta’sirchanligini susaytirardi. Ijtimoiy uyg’onish qayta qurishni nafaqat oldinga surar balki, undan oshib o’tayotgan edi. Jamiyat tarkibiy qismlaridagi parchalanishining boshlanishi “boshqariladigan demokratiya”ni shakllantirishni qiyinlashtirdi.
Taraqqiyot va qayta qurishni jadallashtirishga harakat qilayotgan М. Gorbachev va uning tarafdorlari mamlakatda bu o’zgarishlarni amalga oshirish uchun, dunyoning eng yirik mamlakatlari – AQSh va uning ittifoqchilaridan va XXRdan qurollanish sohasida orqada qolib ketmaslik uchun sarflanayotgan xarajatlarni kamaytirmay erisha olmasligiga qattiq amin bo’ldilar. M. Gorbachevning tan olishicha, “mudofaa xarajatlari xalq xo’jaligining deyarli barcha tarmoqlaridan hayot sharbatini sipqirayotgan edi”. Shuning uchun yangilangan sovet rahbariyati xalqaro keskinlikni va qurollanish poygasini to’xtatishga chaqiriqlarni faollashtirdi. Bu yo’ldagi asosiy narsalar Gorbachevning 1986- yil boshidagi qurollarni qisqartirish to’g’risidagi keng miqyosdagi takliflari, uning KPSS s’yezdidagi urushda ham, qurollanish poygasida ham g’oliblar bo’lmasligi haqidagi nutqlari, uning AQSh va boshqa yirik mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashuvlari bo’ldi. SSSRdagi yirik harbiy xarajatlar zarurligi haqidagi shubhalarni Havo Hujumiga qarshi Mudofaa tizimi tomonidan xorijiy samolyotning qizil maydongacha uchib borganini payqalmagani hamda Afg’onistondagi urushning be’mani va kelajagi yo’qligi kuchaytirdi. Shu narsa ayon bo’ldiki, SSSRning yuksak texnologiyalar sohasida qoloqligi o’sib borayotgan bir paytda AQSh tomonidan boshlangan yangi qurollanish poygasiga qo’shilish o’z joniga qasd qilish bilan barobar edi. Siyosiy byuro mamlakatning tinkasini quritgan konfrantatsiya – qarama-qarshilikni to’xtatishning radikal (keskin) choralarini izlashga majbur bo’ldi.
Mamlakat rahbariyati sovet qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarishga rozi bo’ldi, dunyo mamlakatlarini harbiy sohalarda aql-idrok bilan ish yuritishga da’vat etdi, «nol-variant», ya’ni Yevropada Buyuk Britaniya va Fransiya raketalari saqlanib qolgani holda SSSR va AQShning o’rta va qisqa masofaga uchiriladigan raketalarining yo’q qilinishiga rozilik bildirdi.
1988- yilning oxirida esa M. Gorbachev BMTda “umuminsoniy manfaat” va “umuminsoniy konsensusni izlash” (o’zaro kelishuv yo’llarini izlash) ustunligini ma’qullab barcha mamlakatlar tomonidan yashash tarzining o’z siyosiy va ijtimoiy tartibini tanlash erkinligi” haqida bayonot berdi. Bu, mohiyatan, nafaqat sotsializm manfaatlarining milliy manfaatlardan ham ustunligi to’g’risidagi “Brejnev doktrinasi”dan, balki “proletarcha baynalmilalchilik” va SSSRning lenincha-stalincha dunyoviy maqsadidan ham butunlay voz kechishni bildirar edi. 1989- yil 15- fevralda Sovet qo’shinlarining Afg’onistondan chiqarilishi, keyinchalik SSSRning Yevropaning ko’pgina mamlakatlarida “real sotsializm”ni qulatgan voqealarga aralashmaganligi hamda 1988- yil oxirida AQSh bilan sovuq munosabatlar urushini tugatish haqida kelishib olishi bu bayonotlarning naqadar jiddiyligidan dalolat berardi. Kommunistlarning bir butun bo’lgan buyuk maqsadining bir qismidan (Bu maqsad yo’lida SSSR yaratildi va rivojlantirildi) uning rahbariyati tomonidan voz kechildi: ideokratiya (mafkura ustunligi) kemtik bo’lib qoldi.
Endi o’tkirlashgan inqiroz tufayli zaiflashgan SSSR, Yevropa va boshqa qit’alarda sovuq urush tufayli o’z ahamiyatini yo’qotgan pozitsiyalarini saqlay olmas edi. Bu ma’lum xarajatni ham talab qilardi. Sovuq urush tufayli ittifoqchilarni qo’llab-quvvatlash be’maniligini anglagan sovet rahbariyati ularga yordam berishni to’xtatdi va ittifoqchilardan mahrum bo’ldi. O’zaro Iqtisodiy Yordam Kengashi (O’IYOK) va Varshava Shartnomasi Tashkiloti (VSHT) o’z mavqeini yo’qotdi va a’zolarining qaroriga ko’ra tarqatib yuborildi. Sovet qurolli kuchlari qisqara boshladi. Strategik hujumga mo’ljallangan qurollarni qisqartirish to’g’risidagi yangi kelishuvlar tuzildi.
Mamlakatning zaiflashgani va qayta qurish uchun vaqtdan yutishga intilish muzokaralarda ikir-chikirlarni muhokama qilishga imkon bermas edi. Shuning uchun Gorbachev ko’pincha SSSRda hali ko’pchilik tomonidan tanilmagan va tan olinmaganlar bilan kurashda ko’pincha ularga yon berardi? Yevropa va umuman, butun sayyora aholisi esa, o’n yillar davomida boshidan kechirayotgan dunyo yadro urushidan qo’rquv va vahimadan xolos bo’ldi. Mamlakat ichkarisida tinchlikparvarlik obro’sining tushib ketishiga qaramay, Gorbachevning xalqaro maydonda obro’si oshib ketdiki, u 1990- yilda Nobel mukofotiga sazovor bo’ldi. Bu SSSR dunyoning eng boy mamlakatlaridan qayta qurishni amalga oshirish uchun bir necha milliard dollarni qarzga olish imkonini berdi.
Shu bilan bir paytda 1989- yil kuzidan 1990- yilning yozigacha mamlakatda, ayniqsa Moskva va boshqa yirik shaharlarda turli liberal-demokratik guruhlarning fuqarolarning huquq va erkinliklarini talab qiluvchi va KPSSning mafkuraviy-siyosiy monopoliyasiga e’tiroz bildiruvchi miting va namoyishlari soni oshib boraverdi. Ularda konservatorlar tanqid ostiga olinar va Gorbachevni esa qayta qurish samaradorligi pastligida ayblashar edi. Birinchi may namoyishlarida qizil maydonda ko’pchilik “Yo’qolsin, KPSS!” “Gorbachev, iste’foga!” kabi shiorlar bilan chikdi. Bir qator mintaqalarda aholi turmushi yomonlashishiga qarshi yirik stachka (ish tashlash)lar bo’lib o’tdi. Hamma joyda kooperativ va xususiy korxonalar paydo bo’la boshladi. Ba’zi norasmiy tashkilotlar partiya va siyosiy harakatlarga aylantirildi. Radikallarni qo’llab-quvvatlovchi ommaviy axborot vositalari ta’siri oshib bordi.
Iqtisodiy va siyosiy xilma-xillikning fuqarolar tomonidan amalga oshirilishi “real sotsializm” doirasidan chiqib ketar, ijtimoiy taraqqiyot yo’nalishi liberal-demokratik tus olar va qayta qurish tashabbuskorlarini yanada ilg’orroq bo’lishga majbur etardi. May oyida SSSR xalq deputatlari s’yezdi Konstitutsiyadagi KPSSning rahbarlik roli to’g’risidagi moddani bekor qilishga majbur bo’ldi. Bunga javoban, Siyosiy Byurodagi mo’tadil “yangilanganlar”, Markaziy Qo’mitadagi, partiya va davlat apparatidagi, generallar orasidagi g’azablangan konservatorlar faollashdi. Turli partiyalarning, xususiy mulk va bozor munosabatlarining paydo bo’lishi, Konstitutsiyadan KPSS ustunligi to’g’risidagi moddaning olib tashlanishi konservatorlar tomonidan SSSR asosiy maqsadning ikkinchi qismidan ham voz kechishdek qaror qabul qilindi. Siyosiy Byuro va MKdagi 1990- yildagi kelishmovchiliklar bosh kotibni daxlsizlikdan mahrum qilib, ayni paytda oligarxiyani falajlab, uning parchalanishini boshlab berdi. KPSSda tarqoqlik yuzaga keldi: ba’zilar «prinsiplardan voz kechish»ni xohlamas, ikkinchilar esa turlicha talqin qilinuvchi partiya va mamlakatning yangilanish tarafdorlari edilar. Uchinchilar, nima qilishlarini bilmasdan hafsalasi pir bo’lar, ko’pchilik esa partiyani tark etdi. KPSS o’zining obro’sini va ishga layoqatini yo’qotdi. “Real sotsializm” mafkurasi, siyosiy tizim va iqtisodiyoti parchalanib ketadi. Susaygan hokimiyatni mustahkamlash uchun uzoq va keskin bahs-munozaralardan keyin 1990- yilda xalq deputatlari s’yezdi SSSR prezidenti lavozimini ta’sis etdi va may oyida 60% ovoz bilan bu lavozimga М. Gorbachev saylandi. Prezidentga aylangan bosh kotib radikal raqiblarni do’stona yashashga chorlar, ammo ular o’rtasidagi kurash tobora keskinlasha bordi. Birovlarning tashvishi, boshqalarning quvonchi, inqiloblar, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida “real sotsializm”ning qulashi va liberallashtirish bilan mustahkamlanib bordi.
M. Gorbachev 1988- yildan boshlangan respublikalarning ketma-ket mustaqilliklarini e’lon qilishlarini kinoya bilan “suverenitetlar marshi” deb atagan edi. 1988- yil noyabrda Estoniya oliy soveti mustaqillik deklaratsiyasini ma’qulladi va respublika konstitutsiyasiga ham mos o’zgartishlar kiritdi. Kelasi yil may oyida esa SSSRdan chiqish to’g’risida qaror qabul qilindi. 1989- yil kuzda Gruziya aholisining ko’pchiligi uning mustaqilligini tiklash uchun ovoz berdi va 1991- yil apreldagi referendumdan so’ng mamlakat mustaqil deb e’lon qilindi, Moldaviya respublikasi 1989- yilda o’zining suverenitetini, 1990- yilda mustaqilligini e’lon qildi. 1990- yil bahoria Litva va Latviya o’z mustaqallik va suverenitetlarini tiklab olishdi. 1990- yil yozida Rossiya, Ukraina, Belorussiya, O’zbekiston va Turkmanistonning suverenitetlari e’lon qilindi. 1990- yil oktyabrda Qozog’iston, dekabrida Qirg’iziston o’z suverenitetlarini e’lon qildilar. 1990- yilda ittifoqdosh respublikalardan tashqari Tog’li Qorabog’, Abxaziya, Janubiy Osetiya, Gagauzlar respublikasi o’z suverenitetini e’lon qildi.
Bo’lib o’tgan yangilanishlarning tashqi tomonidan ko’ra ichki pritsial o’zgarishlari muhimroq edi. Ko’pchilik respublikalarning suvereniteti va mustaqillik e’lon qilishlari ularda hokimiyat tepasiga milliy-liberal, milliy demokratik yoki liberal-demokratik kuchlarning kelishi bilan bog’liq edi. Ular yoki ular tomoniga o’tgan ilgarigi rahbarlar sodiq kommunistlarni hokimiyatdan chetlashtirar yoki o’zlariga bo’ysundirar, sotsialistik yo’ldan voz kechar, milliy, liberal yoki demokratik qadriyatlarni qo’llab-quvvatlar edilar. Respublikalardagi ijtimoiy-siyosiy tizim shunga mos ravishda o’zgarib borardi. Ularning ba’zilarida mustaqillikka va yangi yo’lga faol qarshilik ko’rsatgan kommunistik tashkilotlar ta’qiqlanib, ularning mulki milliylashtirilgan edi.