Yozma nutq.
Yozma nutqning xususiyati shuki, bu nutq bevosita aloqa bog‘lash vositasi bo‘lmasdan, balki, ko‘pincha, boshqa vaziyatda, boshqa bir joyda turgan yoki turishi mumkin bo‘lgan odamlar bilan aloqa bog‘lash vositasidir. Masalan, biz o‘z do‘stimizga yoki qarindoshimizga xatimizda yozib yuborgan habarimizni u ehtimolki bir kundan keyin, ikki kundan keyin, bir haftadan keyin, boshqa shaharda yoki boshqa qishloqda o‘qib bilishi mumkin. Biz bundan yarim yil, bir yil, hatto bir necha o‘n va yuz yil muqaddam yozib qoldirilgan kitoblarni o‘qib, shu kitoblardagi bilimlarni bilib olamiz. Yozma nutq ham monolog shaklida va dialog shaklida bo‘ladi. Masalan, ilmiy asarlar hamisha deyarli monolog shaklida yoziladi. Badiiy-adabiy asarlar dialog shaklida ham, monolog shaklida ham yoziladi. Ba’zan-oddiy maktublar ham dialog shaklida yoziladi, shu maktubni yozayotgan kishi uni o‘qiydigan kishini tasavvur qilib, unga maktubda o‘zi savollar beradi va shu savollarga o‘zi javob qaytaradi. Sintaksis jihatidan qaraganda yozma nutq eng to‘liq va mukammal nutqdir. Har bir kishi oddiy maktubni yoki ilmiy maqolani yozayotganida grammatika qoidalariga, og‘zaki nutqdagiga qaraganda, ko‘proq rioya qiladi. Yozma nutqda gap-bo‘laklaridan biri tushib qolsa, bu yozma nutqini o‘qigan kishilar uni qiynalib tushunadilar yoki butunlay tushunolmaydilar. Yozma nutqning sintaksis jihatdan to‘liq bo‘lishi shuning uchun ham zarurki, og‘zaki nutq uchun xarakterli bo‘lgan mimika, imo-ishoralar, intonatsiyalar va boshqa shu kabi qo‘shimcha elementlarni yozma nutqda ishlatib bo‘lmaydi. Yozma nutq, asosan, ixtiyoriy nutq, bo‘ladi. Maktub, doklad, maruzalar va boshqa shu kabilarni yozayotgan kishi so‘zlarni ongli ravishda tanlaydi, gaplarni yaxshiroq, qilib tuzishga intiladi. Ko‘pincha o‘z fikrlarimizni o‘qiydigan kishilarga so‘zlar vositasi bilan g‘oyat ravshan va tushunarli qilib ifodalamoq uchun ancha-muncha kuch sarflashimiz lozim bo‘ladi. Yozma nutq fikrlarimizni ifodalab berishning eng yaxshi vositasidir. Yozma nutqda fikrning mazmuni va formasidagi ayrim kamchiliklar ochiq ko‘rinib qoladi va fikrning o‘zi mazmun va forma jihatidan eng ravshan, aniq, qilinib ifodalanadi. Shuning uchun ham biz aqliy ish bilan shug‘ullanayotganimizda, biror masalani hal qilganimizda yoki tayyor bilimlarni o‘zlashtirayotganimizda ish natijasini yoki olgan bilimimizni ko‘pincha, xatga yozib qo‘yamiz, ba’zan esa bir necha marta ko‘chirib yozamiz. Shu sababli, har xil yozma ishlar – hikoya qilib yozib berish, insho yozish, konspekt olish – tafakkurning o‘sishi uchun katta ahamiyatga egadir. Shu bilan birgalikda, yozma nutqni egallash kishining og‘zaki nutqini takomillashtirishga ham yordam beradi, natijada og‘zaki nutq, o‘zining lug‘at sostavi jihatidan boyroq bo‘lib qoladi, grammatika jihatidan to‘g‘riroq ifodalanadigan bo‘ladi, ancha muntazam va sistemaga tushgan nutqqa aylanadi. Mana shuning o‘zi og‘zaki nutq bilan yozma nutq hamisha bir-biri bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi. Og‘zaki nutq bilan yozma nutq o‘rtasida o‘rtacha joy oladigan nutqlar borki, bu nutqlar monologning alohida turlaridir. Og‘zaki dokladlar; leksiyalar, nutqlar, o‘qituvchining darsni tushuntirib berishi va boshqa shu kabilar monolog nutqning mana shunday alohida turlaridir. Bu nutqlar o‘zining sintaksis tuzilishi jihatidan yozma nutqka yaqinroqdir: odatda, leksiya, doklad qilmoqchi, nutq so‘zlamoqchi, dars bermoqchi bo‘lgan kishi-buning uchun tayyorgarlik ko‘radi.
Mana shu tayyorgarlikning o‘zi, ko‘pincha, qilinadigan dokladlarni, leksiyalarni va boshqa shu kabilarni oldin yozma bayon qilishdan iborat bo‘ladi. Ammo bu nutqlar amalga oshirilish texnikasi jihatidan, ko‘pincha (agar yozilgan materialni o‘qib berilmasa), og‘zaki nutqqa yaqinlashadi. Bunday hollarda bu xildagi nutqlar o‘zining sintaksis tuzilishi jihatidan ham og‘zaki nutqda yaqinlashadi. Odatdagi og‘zaki gaplashuv nutqida bo‘lganidek, monolog nutqning bu turlarida ham mimika, imo-ishoralar, intonatsiya va boshqa shu kabilardan foydalaniladi. Shu sababli, bu xil nutq o‘zining «jonli» bo‘lishi jihatidan ham og‘zaki gaplashuv nutqiga yaqinlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |