Nutq - ifodalash vositasi.
Nutqda bizning fikrlarimiz bilan birlikda tuyg‘u-hislarimiz ham ifodalanadi. Og‘zaki nutqda hissiyotlarimiz (emotsanal kechinmalarimiz) so‘z yordami bilan qilingan tasvirlarda, ohangda, qofiyada, xitob va savollarda, gaplashish vaqtidagi pauzalarda va ayniqsa intonatsiyalarda namoyon bo‘ladi. Chunonchi, biz biron kishining ismini ataganimizda, shu kishiga bo‘lgan turli hislarimizni va munosabatlarimizni o‘zimizdagi mehrni, g‘azabni, g‘ururni, muhabbatni, hurmatni, nafratni, mensimaslikni va boshqa shu kabilarni atayin yoki beixtiyor namoyon qilishimiz mumkin. Shu bilan birga, gapiruvchining intonatsiyasida uning holati ham, charchaganligi, umuman hayajoni, o‘ziga bo‘lgan ishonchi yoki ishonchsizligi va shu kabilar ham ifodalanadi. Lirik she’rlar, ashulalar, romanlar, ariyalar singari nutq formalarida odamlarning asosan xilma-xil xis va tuyg‘ulari ifodalanadi. Turli hissiyotlar bizning og‘zaki nutqimiz bilan birgalikda, odatda yuz harakatlarimizda va imo-ishoralarimizda ham yorqin namoyon bo‘ladi. Nutqda bizning irodamiz maqsad muddaomiz, istagimiz, niyatimiz, qarorimiz ham, shuningdek, iroda jarayonlarining ayrim sifatlari – qat’iyat va qat’iyatsizlik, dadillik, kishining o‘zini tuta bilishi, kishidagi qunt va boshqa shu kabilar ham namoyon bo‘ladi. Nutq–biror nimani bildiruvchi vosita. Odamning nutqida uning fikrlari va xilma-xil ichki holati– emotsional kechinmalari va irodasigina ifodalanib qolmasdan, shu bilan birga hamisha biror ob’ektiv narsa ham bildiriladi. Sayrash va qichqirish tarzidagi xilma-xil tovush birikmalari hayvonlarda ham bo‘ladi, lekin bu tovush birikmalari faqat tug‘ma reaksiyalardir – tashqi yoki ichki ta’sir sababli tug‘iladigan shartsiz reflekslardir. Qushlarning sayrashi va hayvonlarning qichqirishi, shuningdek ularning xilma-xil harakatlari (masalan, itning dumini likillatib turishi) ulardagi instinktlarning va shu instinktlar bilan bog‘langan hislarning ifodasi va tarkibiy elementidir xolos. Bu tovush birikmalari va harakatlar ifodasi boshqa hayvonlar uchun signal vazifasini ham bajaradi. Masalan, hayvon biror hatarni sezganida alohida tovush bilan qichqiradi, bu qichqiriq uning bolalarida instinkt ravishda mudofaa harakatini (yashirinish yoki onasining oldiga yugurib kelish harakatini) vujudga keltiradi. Xuddi shu hayvonning qulay vaziyatdagi qichqiriqlari boshqacha xarakterga ega bo‘lib, bu qichqiriqlar farog‘atga, havfsizlikni, ovqat topilganligini va shu kabilarni bildiruvchi signallar bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Hayvonlarga xos bo‘lgan xilma-xil tovush birikmalari va harakatlar aslo nutq emas. Hayvonlarda nutq, bo‘lmaydi. Odamning nutqida namoyon bo‘ladigan xilma-xil tovush birikmalari uning ichki holatini ifodalabgina qolmasdan, shu bilan birga ob’ektiv ravishda mavjud bo‘lgan narsalar va hodisalarning nimaligini bildiruvchi vosita bo‘lib ham xizmat qiladi. Har qanday so‘z biron narsaning ma’nosini bildiradi. Masalan, stol degan so‘z birikmasi shuning uchun ham nutq bo‘lagi bo‘lib qoladiki, shu tovush birikmasi yordami bilan muayyan buyumning ma’nosi bildiriladi. So‘zlar bizning ongimizdan tashqarida mavjud bo‘lgan buyumlar va hodisalarning hamda ularning xislatlari, holatlari, bog‘lanishlari, munosabatlari va shu kabilarning ongimizdagi bamisoli bir vakillaridir. Yakka bir narsani, masalan, Moskva Volga, Toshkent va shu kabilarni bildiradigan so‘zlar bor. Lekin so‘zlarning ko‘pchiligi bir-biri bilan biror munosabatda bog‘langan buyumlar va hodisalarning butun bir turkumini bildiradi. Bizning ongimizda voqelik in’ikos etganida so‘z shu in’ikosni umumlashtiruvchi vositadir. so‘z bilan hamisha umumiylikni ifodalaymiz. Shu sababli stol degan so‘zni aytganimizda, bu so‘z bilan biz xuddi shu onning o‘zida bizning ko‘z o‘ngimizda turgan bitta stolnigina ifodalab qolmasdan, balki umuman «stol» tushunchasii ifodalaymiz. O‘zimiz idrok qilayotgan yoki tasavvur qilayotgan bitta stolning nomini aytganimizda, biz mana shu bitta stol degan so‘zda umuman «stol» to‘g‘risidagi o‘zimizda bo‘lgan umumiy tushunchani nazarda tutamiz. Shu sababli umumlashtirilgan ma’noga ega bo‘lgan so‘z faqat yakka narsalarga mansub bo‘lmasdan, shu bilan birga narsalarning butun bir turkumiga ham mansubdir. Nutq va ayrim so‘zlar narsalarning faqat belgilari – «yorliqlari» gina emas. Narsalarni ifodalovchi nomlar nutqning xususiy funksiyalaridan biridir, xolos. Har bir so‘zning bundan tashqari yana ichki mazmuni ham bor, har bir so‘z ma’lum tushunchani ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |