8.2. Korxonaning mehnat resurslari bilan
ta’minlanganligi tahlili
Korxonaning xodimlar bilan ta’minlanganligi va undan foydalanish samaradorligiga mahsulot ishlab chiqarish hajmi, uning tannarxi, foyda va boshqa ko‘rsatkichlar bog‘liq bo‘ladi. Faoliyat yuritayotgan korxonalarda ishlab chiqarish o‘sishiga ayni paytda mavjud yoki undan kamroq ishchilar sonida mehnat unumdorligini oshirish hisobiga erishish lozim.
Korxonaning jami xodimlari ikki guruhga ajratiladi:
Ishlab chiqarish xodimlari.
Noishlab chiqarish xodimlari.
Ishlab chiqarish xodimlariga – asosiy faoliyatda band bo‘lgan xodimlar – korxonaning asosiy faoliyati (mahsulotlar tayyorlash va sanoat xarakteridagi ishlarni bajarish, ishlab chiqarishni tashkil qilish va korxonani boshqarish va hokazo) bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar kiritiladi. Ushbu guruh xodimlari quyidagi toifalarga ajratiladi: ishchilar, xizmatchilar, mutaxassislar va boshqaruv xodimlari.
Barcha turdagi transport, bolalar bog‘chasi va yaslilar, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va sport-sog‘lomlashtirish sohasidagi xodimlar noishlab chiqarish xodimlari toifasiga kiritiladi.
Korxonaning mehnat resurslari bilan ta’minlanganligi uning toifalar va kasblar bo‘yicha haqiqatda mavjud ko‘rsatkichini rejadagi ehtiyoji bilan taqqoslash asosida aniqlanadi.
Ishchilar soni o‘zgarishini tahlil qilishda mazkur korxona zaruriy mehnat resurslari bilan qay darajada ta’minlanganligini aniqlash zarur. Ishchilarning haqiqatdagi sonini reja bilan shunchaki taqqoslash yo‘li bilan ushbu savolga to‘g‘ri javob olishning iloji yo‘q. Hisobot bo‘yicha ishchilar miqdori rejaga nisbatan kam bo‘lib chiqishi mumkin. Lekin bu ishlab chiqarish mehnat resurslari bilan ta’minlanmaganligini anglatmaydi, chunki korxonaning rejalashtirilgan ishchilar soniga ehtiyoji yangi texnikalarni joriy qilish, qo‘shimcha ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va ishchilarning muayyan miqdorini ozod qilishga imkon beruvchi qator boshqa tashkiliy-texnik tadbirlar o‘tkazish yo‘li bilan qisqartirilgan bo‘lishi mumkin.
Boshqa tomondan, ishchilarning haqiqatdagi umumiy miqdorining rejaga muvofiqligi ham korxonaning zaruriy mehnat resurslari bilan ta’minlanganligini anglatmaydi, chunki bir kasb bo‘yicha mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan bir vaqtda boshqa kasblar bo‘yicha yetishmaslik kuzatilishi mumkin. Bundan korxonaning mehnat bo‘limi va kadrlar bo‘yicha materiallari ma’lumotlari bo‘yicha ishchilar tarkibini o‘rganish zarurati yuzaga keladi.
Mehnat resurslari ta’minlanganligi va samarali foydalanish tahlili uchun 1- mehnat shakli – “Mehnat bo‘yicha hisobot” statistik shakl qo‘llaniladi.
Korxonaning mehnat resurslari bilan ta’minlanganligi analitik jadvalda keltirilgan ma’lumotlar bilan tavsiflanadi.
1-jadvaldan ko‘rinadiki, asosiy faoliyat xodimlarining soni hisobot yilida rejaga nisbatan pasayib, 96,8% ni tashkil qilgan, o‘tgan davrga nisbatan esa – 86,8%. Ishchilar soni rejaga nisbatan oshgan, o‘tgan yilga nisbatan esa kamayib, mos ravishda 114,7% va 92,6% ni tashkil qilgan. Rahbarlar va mutaxassislar soni hisobot bo‘yicha reja darajasida 100% bo‘lgan, o‘tgan yilga nisbatan 75,4%.
Tahlil jarayonida ishlab chiqarish xodimlari tarkibidagi o‘zgarishlarni o‘rganish zarur. Xodimlar tarkibi tarmoq xususiyatlari, mahsulotlar nomenklaturasi, ishlab chiqarish ixtisoslashuvi va ko‘lamiga bog‘liq bo‘ladi. Xodimlarning har bir toifasi salmog‘i texnika va ishlab chiqarishni tashkil etish taraqqiy etishi bilan o‘zgaradi.
Avtomatlashtirilmagan korxonalarda ishchilarning salmog‘i o‘sishi ishlab chiqarish xodimlari tarkibi yaxshilanganligidan darak beradi.
1 jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |