Nospetsifik yuqori qarshilik ko‘rsatish holati (NYUQK)
Bir qator hollarda zaharlarga o‘rganishda organizmning umuman boshqacha fizik tabiatga ega bo‘lgan omillarga ham qarshiligi oshadi. Bunday holat – bir ayegntlarning takror ta’siridan keyin boshqa agentlarga rezistentlikning oshishi – ilgari chiniqtirishda, mushaklarni mashq qildirishda, vitaminlar qabul qilishda ma’lum edi. Organizmning NYUQK, odatda kompensator – himoya mexanizmlarini zo‘raytirish zarur bo‘lgan hollarda aniqlanadi. U ikkiyoqlama tarzda ifodalanadi:
a) qo‘shimcha zo‘riqishga yuqori barqarorlik ko‘rinishida;
b) rivojlangan siljishlarning tezroq normallashuvi ko‘rinishida.
Zaharlarga o‘rganishda NYUQK kuchsiz qo‘zg‘atuvchilarga ham, nihoyatda kuchli qo‘zg‘atuvchilarga ham nisbatan tizim, organ, to‘qima, hujayra darajalarida namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan, atsetonga o‘rganishda qon – tomir tizimining zo‘riqishi quyonlarda yurak urish va nafas olish chastotasining o‘zgarishini meyorga qaraganda kamroq keltirib chiqaradi. Zaharlarga o‘rgangan kalamushlarda stress tusiga ega bo‘lgan ta’sirlarga nisbatan zaharga o‘rganmagan kalamushlarga qaraganda asab tizimi kamroq o‘zgaradi. Zaharlarga o‘rganishda NYUQK rivojlanganda organizmning termik barqarorligi, uning mushaklari ishchanligi, imminologik barqarorligi va infeksiyalarga barqarorligi oshadi. Sanoat toksikologiyasi uchun alohida ahamiyatga ega NYUQK ko‘rinishi shakllaridan biri – chatishma o‘rganish, ya’ni bir kimyoviy moddalarga o‘rganishda boshqalari ta’siriga barqarorlikning oshishi. Chatishma o‘rganish ham organik, ham anorganik moddalarga nisbatan, ham past (ostonaviy), ham yuqori (o‘limga olib keladigan) toksiklik darajasida ham kuzatilishi mumkin. Surunkali ta’sirga o‘rganish natijasida o‘tkir ta’sirlarga barqarorlik oshishi mumkin (chatishma o‘rganish). Masalan, toluol yoki benzinga kalamushlarni o‘rgatish bo‘yicha surunkali tajribalarda hayvonlarda etanolning narkotik samarasiga rezistentligi oshadi va uning o‘limga olib keladigan konsentratsiyasidan o‘lish holatlari kamayadi. Simob birikmalarning past dozalarida qayta – qayta ineksiya yuborish kadmiy va indiyning o‘limga olib keladigan yuqori dozalarini yuborganda ularga barqarorlikni oshiradi va o‘lim holatlarini kamaytiradi. Avval indiyni yuborish kadmiy va qo‘rg‘oshin bilan zaharlanganda o‘lim holatlari %ni kamaytiradi, dastlab margimush yuborilganda esa kadmiy, mis, indiyning o‘limga olib keladigan dozalaridan o‘lish hollarini kamaytiradi. Biroq teskari samara ham mavjud. Dastlab organizmga yuborilgan kadmiy, simob va margimush ruh ta’siriga ta’sirchanlikni oshiradi. NYUQKda umumiy himoya mexanizmlari organizmni turli ta’sirotlarga tayyorlaydi. Qandaydir ta’sirlarning yo‘qligi (“shisha qalpoq ostidagi hayot”) organizm qarshilik ko‘rsatish qobiliyatining yo‘qolishiga olib keladi va uni o‘limga mahkum etadi. Biroq NYUQKning borligi organizmning butunlay hamma zaharlardan himoyalanganligini bildirmaydi. Zaharlarga o‘rganishda zararlovchi omillarga barqarorlikning oshishi bilan birga patologiya belgilarini ham kuzatish mumkin. Chunonchi, sichqonlar markaziy asab tizimini xlorlangan uglevodorodlar ta’siriga o‘rgatishda NYUQK rivojlangani qayd etildi, biroq yorib ko‘rilganda jigarning yog‘li distrofiyasi aniqlangan. Shunday qilib, NYUQK ko‘pincha o‘rganishga hamroh bo‘ladi. Kimyoviy omil bilan uzoq vaqt yoki takroran aloqada bo‘lganda NYUQK kuzatilishi organizmda ushbu omilga o‘rganish paydo bo‘lishini ko‘rsatadi. Biroq agar o‘rganish paytida organizm haddan tashqari zo‘riqsa, NYUQK kuzatilmasligi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |